Isyon qarshisida tug'ilgan muhabbat

0

— O'zi omadim yo'q ekan. Bu yil ham o'qishga kira olmadim. Hamma orzularim chilparchin bo'ldi! E, Xudoyim, nimaga o'zi qiz bola bo'lib dunyoga keldim ekan?!

Rayhon: «Nima bo'lsa, bo'ldi. Peshonamga oliy ma'lumotli bo'lish yozilmagan ekan, endi ota-onamga bergan va'damning ustidan chiqishga majburman», desa ham, atrofida qandaydir bir mo''jiza yuz beradigandek, otasimi, onasimi: «Rayhon, qizim, o'qishga ixlosing juda baland. Mayli, bu yil ham tayyorgarlik ko'rib, o'qishga kira qol. Uchinchi urinish doim muvaffaqiyatli bo'ladi», deydigandek edi. Yo'q, hech qanday mo''jiza yuz bermadi. Oilasidagilar ziyoli odamlar, qalbimni tushunadi, deb ishonib yurgani — ota-onasi ham Rayhon ikkinchi bor imtihondan o'tolmagach, «eski qo'shiq»ni boshlashdi.

— Qiz bolaning bozori bir qiziydi. Sovchilar kelib turganida seni o'rab-chirmab uzatib yubora qolaylik. Hozir odamlar oq-qorani tanib qolishgan. «O'qiyman», deb ahd qilgan kelinini o'qitayotganlar ham bor, peshonangda bo'lsa, o'qirsan, — deyishdi.

Rayhonning tili qisiq, ota-onasiga sapchiy olmaydi. Chunki u avvalgi yili ham repetitorga qatnagan, o'tgan yiliyam. Baribir, omadi chopmadi.

— Rayhon, adang: «Qorong'i uyga qamalib, motam tutib o'tirmasin, harakatini qilsin. Axir so'zim so'z, «Bu yil ham o'qishga kira olmasam, uzatavering, «g'ing» degan nomard», degan. Mening qizim shu paytgacha bergan va'dalarining ustidan chiqqan», deyapti. Adang shunaqa degan sayin men qo'rqib ketyapman. Uzatishim kerak, deymanu, sochingni paxmaytirib ko'cha changitib yurganingni o'ylasam, yuragim orqamga tortib ketadi, — dedi Rayhonning onasi Mahfuza aya.

Rayhon esa «Adam shu «lafz» degan so'zga yopishib oldi-da! O'zi ikki yilga ruxsat berdi, bir yil ham hech gap emasdi», deb, yana boshidan oila qurish savdosini irg'itib tashlamoqchi bo'ldi-yu, lekin dadasi Ibrohim akaga: «Yana o'qishga harakat qilib ko'ray», deya olmayapti. Mahfuza aya bo'lsa: «Rayhon, hozir har ikki qadamda qizlarni oilaga tayyorlaydigan markazlar bor, qatnab, u-bu pishiriqlarni o'rganib olsang bo'lardi», derdi.

* * *

— Ayajon, nega hadeb meni koyiyverasiz? «O'zing osmondagi oymiding? Bir paxmoqsoch qiz bo'lsang, tuppa-tuzuk yigitlarni «bo'lmaydi», deb o'tiribsan, deb jig'ibiyroningiz chiqadi. Mana, bugungi «shahzodalardek» deb maqtagan yigitingiz uchrashuvga pushti futbolka bilan pushti makasino kiyib kelibdi…

— Shu narsa «yo'q», deyishga bahona bo'ladimi, qizim, borini kiygandir-da?

— Mayli, did masalasining haminqadar ekanligini qo'ya turaylik. Birinchi savoli: «Ismingiz nima?» bo'ldi. Axir u kishini uchrashuvga yuborishayotganda: «Ismi mana bunday qiz bilan ko'rishasan», deyishmaganmikin?

— Esidan chiqqandir, hayajonlangandir…

— To'xtang, aya, ikkinchi savolini eshiting. O'shanda uning mutlaqo hayajonlanmayotganini bilasiz. «Ishlaysizmi? Qancha oylik olasiz?» deb so'rasa bo'ladimi?

… Ota-onasi shoshilgani sayin Rayhon uchrashuvlardan ta'bi xira bo'lib qaytadi.

— Harbiy yigit ekan. Ular o'zini tutib olgan, irodali insonlar bo'lishadi, dedingiz. Xo'p, dedim. Lekin o'sha yigitning onasi: «Men sizga o'qigan, kasb-kori, ishi bor o'g'limni beryapman. Adangiz hech bo'lmasa o'g'limga «Spark»ning kalitini beradimi?» deydi. Men: «Nima balo, tovar almashtirish qilyapsizmi, men o'g'il uylayapsiz, deb o'ylabman», desam, «Hozirgi zamonda buning aybi yo'q, hamma narsa ikki tomonlama manfaatga asoslangan», deydi.

Mahfuza aya qanotli tuya ko'rgandek, ko'zlarini katta-katta ochib, qiziga qararkan, ba'zan: «Bichib-to'qima-ey», deb qo'yadi. Lekin atrofidagi qo'ni-qo'shnilarining qiz uzatish bilan bog'liq har xil gaplarini eshitib yurgani uchun «Rayhon rost aytyapti, shekilli, bu zamonning yigitlariga nima bo'lgan o'zi?» deb ichida yanib qo'yadi. Chunki bir ko'cha narida turadigan, ko'pdan bordi-keldisi bor qo'shnilaridan biri: «Opam qizini chiqarayotgan edi, kuyov: «Mebel olishda birga yuraman», debdi. Mebelga moslab qandil tanlashayotgan ekan, kuyov: «Olsalaring, mana shu ikki yarim millionlik qandilni olasizlar, bo'lmasa, ovora bo'lib yurmanglar», debdi. Nikoh bazmiga kiyadigan kostyumini uch marta almashtirishga majbur qilibdi. Men kamida san'atkorlar kiyadigan kostyum kiyishim kerak, deganmish», tarzidagi gaplarni gapirib berganida Mahfuza aya yoqasini ushlagandi. «Agar ketma-ket shunday yigitlar uchrayversa, qizim o'la qolsa turmushga chiqmaydi», deb siqilardi onaizor.

… Rayhonni esa yigitlarning bunaqaligidan ko'ra ham pishiriqlarmi-ey, yana nimalardir o'rgatayotgan kurslardagi manzaralar ham siqardi.

— «Labbay, oyijon», deb bir egilasiz, «Xo'p bo'ladi, oyijon», deb yana bir egilasiz, deya bag'baqalari osilgan xo'ppa semiz ayol ko'zlariga qarab turgan yosh qizlarni o'zicha oilaga tayyorlar ekan, xayollari ichra yashagan Rayhon kulishni ham, kuyishni ham bilmasdi.

* * *

— Xo'p, Muhabbat, menga birorta yigit ma'qul bo'ldi, ham deylik. Lekin men undan qanaqa qilib ruxsat so'rayman? Masalan, onamnikiga bormoqchi bo'lsam: «Siz ruxsat bersangiz, oyimnikiga borib kelsam», deb aytamanmi? Ya'ni o'z uyimga borish uchun birovning onasidan ruxsat olamanmi? Bu umuman aqlga to'g'ri kelmaydigan ish.

Mahfuza aya Rayhonning sinfdosh dugonasi Muhabbatni elchi qilgan, vahimaga tushayotgan dugonasini vaziyatga tayyorlash uchun kelgan edi.

— Qiziqsan-a, Rayhon? Xuddi oydan tushganga o'xshaysan. Nima, sen boshqa qizlardan boshqacharoqmisan? Hamma qizning boshida bor savdo bu. Aslida, barcha yigitlar bir-biridan salgina farq qiladi, xolos. Erkak zoti ko'proq o'zini yaxshi ko'radi, xudbinroq bo'ladi, yosh bolaga o'xshaydi. Uni boricha qabul qilish kerak. Ayolning oilaviy qoidalarga bo'ysunishi ham oddiy tabiatning qonuni. Kerak bo'lsa, faqat qaynonang emas, ering, uning dadasidan ham ruxsat so'raysan, — deya Muhabbat tovushiga odatiy tus berar, bu bilan Rayhonga qiyin tuyilayotgan holatlarni osonlashtirmoqchidek bo'lardi.

— Yo'q, o'rtoqjon, oila degani men uchun emasligini aniq sezib turibman. O'lay agar, agar yigit ikkovimiz bir-birimizga ma'qul bo'lib, to'y qilsak ham murosai madoramiz ko'pga bormasa kerak.

— Hali qurilmagan oila haqida bunday deyishga uyal! Unutma, xom xayollaring avval o'zingni xarob qiladi. Sen o'zingni yagona nusxada yaratilgan jonzot, deb emas, hamma qatori qizman, deb tasavvur et. Shunda barchasi yaxshi bo'ladi…

— Aslida, shunday bo'lmagach, men tasavvur qila olmayman.

— Rayhon, chindan shunaqa ahmoqona o'ylarni o'ylayapsanmi yo ota-onangni, meni, yana kimlarnidir yalintirmoqchimisan? Xato qilasan, hech kim sening oyog'ingga yotib olmaydi. Oila birinchi navbatda o'zingga kerak!

— Nimaga kerak? O'zimni, o'zligimni yo'qotish uchunmi?

— E, bor-e! Sen bilan bahslashgan odamning o'zi nodon!

* * *

— Rayhon, uyingga ketyapsanmi, olib ketaymi?

Goh o'zi, goh o'rtog'ining ovozida unsiz bahslashib ketayotgan Rayhon yigit kishining baqirganidan cho'chib tushdi. Ro'para qo'shnisi — Komron. Bog'chadosh, maktabdoshi. Taksi haydaydi.

— Buncha opera artistiga o'xshab chinqirasiz? Qulog'im kar emas-ku, sekinroq gapirsangiz ham eshitaman, — dedi Rayhon Komronning xayollariga xalaqit bergani malol kelgandek.

— Rayhon, Rayhon deb ikki marta chaqirdim, qaramading. Buning ustiga, mast odamday yo'lning o'rtasida tebranib ketyapsan, o'tir…

— Piyoda ham yetib olaman. Taksiga beradigan ortiqcha pulim yo'q.

— Ishda emasman, uyga ketyapman. Ja, pulsiz o'tirgani xijolat bo'layotgan bo'lsang, ish-pishga kirganingda tashlab qo'yarsan. Darvoqe, yana qulabsan-ku, ishlarsan endi…

Komron Rayhonning javobini ham eshitmay, mashinasini yurgizdi.

— Ha, ishlash kerak, o'zingizda nima harakat? To'y-po'y bo'lyaptimi, deyman, — dedi Rayhon o'rindiqdagi o'rov-o'rov gulqog'ozlarga ko'zi tushgach.

— Uyimni ta'mirlayapman. Asta-sekin, bo'sh paytimda… Ko'proq kechasi ishlayman, — dedi Komron.

— O'zingiz ta'mirlayapsizmi? Usta solmadingizmi?

— Ustaning qilgan ishini o'zim ham qila olaman. Kollejda o'qiganimda bir zo'r ustaga shogird tushganman, ja ustozimchalik bo'lmasa-da, uncha-muncha ish qo'limdan keladi, — dedi Komron.

— Uyni ta'mirlab, u yog'iga bosh qotirmasangiz ham bo'ladi. Chunki u yog'iga qizning ota-onasi yuguradi, — Rayhon bugungi rasm-rusumlarda qabul qilolmayotgan yana bir jihatini aytib, yigitning jig'iga tegmoqchi bo'ldi.

— Men qizning ota-onasini yugurtirmayman. Bu narsani yigit kishi uchun nomus deb bilaman. Uyimni ta'mirlab bo'lgach, hamma jihozlarni bitta-bitta sotib olib, uyimni ko'ngildagidek yasatgach, oyim sovchilikka yuradi. Men oyim kirgan uyda: «O'g'limning hamma narsasi badastir. Uyi tayyor, kasb-kori bor, birovga qaramlik joyi yo'q. Ikki yosh bir-biriga yoqsa, to'yni qilsak, bas!» deb baland gapirishini xohlayman.

Rayhon Komronga qarab qoldi. Chindan bu yigit boshqacharoq xayoldami? Yo «Mana, bizday yigitlar ham bor», demoqchimi?

— Ha, nimaga tikilib qolding, ishonmayapsanmi? — Komron kulimsiradi.

Rayhon uni ming yillardan buyon bilardi. Goh mashinasi ostida qoramoyga botib yotar, goh Rayhon sahar ko'cha supurib yursa, yengil sport formasida yo'lakdan qizarib-terlab chopib o'tarkan:

— Ozgina suv sepib yuborsang bo'lmaydimi? — deb qizga tanbeh ham berib qo'yardi.

Rayhon ham jim turmay:

— Yulduzlarning sepgan suvi yetadi, — deb ko'cha chetidagi rayhonlardagi shabnamga ishora qilardi.

Rayhonning kelinoyisi — akasining xotini bir-ikki marta: «Bitta o'g'ilman, demaydi shu qo'shnimiz Maqsuda ayaning bolasi. Itda, qushda tinim bor, bu yigitda tinim yo'q. Hey-vey, zargarchilikdan ham xabari bor ekan, zargargayam shogird tushgan edi, ustozi ishi ko'paysa, chaqirib turarkan. Maqsuda opa: «Harna-da, bolamning yetti muchasi sog' bo'lsa, hech qachon hech narsaga zoriqmaymiz», deydi», tarzidagi gaplarni gapirgani «o'qiyman», deb repetitorga qatnab yurgan Rayhonning u qulog'idan kirib, bunisidan chiqib ketgandi. Hozir Rayhon kulimsirayotgan Komronga tikilib qararkan, u haqdagi barcha bilganlari lahzada xayolidan o'tdi. Yigit undan savoliga javob kutayotganini his qilib:

— To'g'risi, ishonish-ishonmaslikka ham hayronman. Shu kunlarda shunaqa yigitlarni ro'para qilishdiki, bittasi: «To'yim bo'lmasidan falokatim aridi. Bitta tuppa-tuzuk qizning dadasi: «Charlar»da kuyovimga zapravkaning hujjatini taqdim etaman», degan ekan. Qizining oyog'i qiyshiqligiga qaramay, uylanishga ko'ngan edim, fotihadan so'ng bu odamning va'dasi puch emasmikan, ishqilib, deb surishtirsam, o'sha oilani yaxshi biladigan bir odam: «Zapravka tugul, eshigini ham sotib ololmaydi, hemiri yo'q», dedi. Bahona topib, fotihani buzib yubordim. Sizning dadangizning niyatlari qanday?» desa bo'ladimi? Ochiqdan-ochiq surbetlik-ku bu…

Komron Rayhonning gapini bo'ldi:

— Menga bo'lajak rafiqamning gugurt cho'piyam kerakmas. Dadasining in'omi-ku umuman…

Komronning ovozi keskin, qat'iy edi. Rayhon bu ovozni endi eshitayotganga o'xshardi…

* * *

— Sizni bilmagan ekanman…

— Xo'sh, qanaqa ekanman, bildingmi?

— Boshqalardan boshqacha ekansiz…

— Yo'g'-e, darvoqe, Rayhon, repetitorga boraver, yanagi yil yana institutga topshirib ko'rasan.

— Rostdan-a, oyingiz nima derkin?

— Oyim: «Rayhon o'qiydigan qiz», deyapti…

Bu suhbat yigirma, yigirma ikki yildan buyon ro'parama-ro'para yashagan, lekin oltin rang avgustning so'nggi kunlarida bir-birini tanib qolgan ikki qo'shni — Rayhon va Komron o'rtasida borayotgandi.

Darvoqe, shu kunlarda ota-onalari ularni unashtirib qo'yishgan, Rayhonning adasi, ayasi, dugonasi qilolmagan ishni bexos taqdirdan in'om bo'lgan muhabbat qilgan, Rayhon bir yoqqa borishi uchun taqdirini bog'lagan yigitdan izn so'raydigan bo'lgan, shunga bo'yni yor bera boshlagan edi. Axir guldek noziklik, zaiflik qudrat qarshisida tug'iladi-da…

Qutlibeka RAHIMBOYEVA

(«Hordiq plyus» gazetasi xazinasidan)

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here