KALLAKESAR… (6-qism)

0

 

 

To'qnashuv

 

* * *

 

Hash-pash deguncha yana tun cho'kdi. Yosh kelin-kuyov uchun tun degani xuddi jannat mevasi kabi juda totli tuyuladi. Kelin ham, kuyov ham kun bo'yi tunning tezroq kelishini intiq kutadi, ko'z tikadi. Mehmonali ham bundan istisno emasdi. Ertalabki arazlar unutilib, ikkovlari kechki ovqatni apil-tapil tanovul qilgan bo'lishdi-yu, o'zlarini divanga tashlashdi. Yana ehtiroslar quliga aylanishdi…

Lekin bugun Mo''tabarning o'zini tutishida, bo'sa, erkalashlarga javob qilishida bilinar-bilinmas qandaydir mayda o'zgarish sezilib qolayotgandi. U erini ilgarigidan-da qattiqroq quchardi, qattiqroq suykalardi. Xuddi oxirgi marta birga bo'layotgan kabi xo'rsinib, quchib, o'pib to'ymasdi.

Qora ko'zlaridan esa tez-tez yosh tomchilardi.

Oldiniga Mehmonali e'tibor qilmadi. Ammo bu holat bir necha marta takrorlangach, Mo''tabarni avaylabgina o'tqazib ko'zlariga boqdi.

— Nega yig'layapsan? — so'radi u shivirlab. — Yig'latgan men emasmi? Yo ertalab ishingni surishtirganimga xafa bo'ldingmi?

Mo''tabar kipriklari pirpiragan ko'yi Mehmonaliga birpas tikilib turdi-da, norozi bosh chayqadi.

— Ertalabki gap-so'zlarni allaqachon esdan chiqarganman, Mehmon aka, — dedi u ma'yuslanib. — O'zi… Shunchaki ko'nglim bo'shab ketdi… E'tibor qilmang! Men shunaqaman. Ba'zida yig'lab turaman…

Mo''tabar ertasi kuni ishga ketgach, Mehmonali istamaygina hovliga chiqdi. Ishkom, chetdagi so'ri, tomorqa chetidagi o'rik daraxtiga hissiz boqarkan, yana ko'ngliga bezovtalik, shubha o'rlay boshladi. Shu tobda xotinining qaerda ishlashi, Muslim kimligini aniqlagisi kelaverdi. Bir necha marotaba shaylanib ko'rdi. Tez uyga kirib kiyimlarini almashtirish, tavakkal yo'lga chiqish payida bo'ldi. Biroq… Qaerga borishni bilmasligi yo'ldan qaytaraverdi. Shahar katta bo'lsa, qay manzilga borib, qaerdan Mo''tabarni qidirishni bilmasligi pand beraverdi…

Shu payt tashqariga mashina kelib to'xtagani qulog'iga chalindi-yu, sergak tortdi.

Bu Soli otaning mashinasi edi.

Qariya zum o'tmay qo'lida mayda-chuydalar to'latilgan xaltachani ko'targancha hovliga kirdi.

Mehmonali hurmat yuzasidan salom berib, uning qo'lidan xaltachani oldi.

— Mo''tabar ishga ketdimi? — so'radi Soli ota Mehmonaliga zimdan tikilib. — Qachon ketdi?

— Soat to'qqizlarda ketuvdi, — dedi Mehmonali hanuz qo'l qovushtirib. — Yuring, ota, ichkariga kiraylik!

— Ha, kiramiz, — dedi Soli ota asabiy lab tishlab. — Sen xaltachadagilarni olib xontaxta tuza! Qaynoq kabob opkelganman, ota-bola bir qittay-qittay qilaylik!

Mehmonali darhol ortga qaytdi-yu, qariya uqtirganidek xaltachadagilarni xontaxta ustiga qo'ydi. Shu orada Soli ota ham ichkariga kirib to'rdagi baxmal ko'rpachaga cho'kdi.

«Ha, bugun yana meni ichkilik bilan siylamoqchiga o'xshaydi, — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali bildirmaygina qariyaga yer ostidan qarab olarkan. — Shu bahonada uning o'zidan so'rayman qizi qaerda ishlashini. Aytar! Men baribir Mo''tabar haqida hamma narsani bilishim kerak. Bilmasam, nima qilib yuribman odam bo'lib!?.»

— Ota, — dedi bir qadahdan ichkilik ichib, bug'i chiqib turgan kabobni gazak o'rnida tishlarkan. — Maylimi bir savol bersam?

Yoshi o'tganligi sababmi, birinchi qadahdan keyinoq Soli otaning ko'zlaridan tortib yuzlarigacha qizarib ketgandi. U bir muddat qovoq uyib Mehmonaliga qarab turdi-da, boshini sarak-sarak qildi.

— Nimani so'ramoqchisan? Gapiraver!

— Mo''tabar masalasida so'ramoqchiydim, — dedi Mehmonali barmog'ini bilinar-bilinmas xontaxtaga asabiy urib. — Qaerda ishlashini bilmoqchiydim.

Bu gapni eshitdi-yu, Soli ota beixtiyor gezardi. Lekin gapirishga shoshilmadi. Aksincha, Mehmonaliga yanada sovuqroq boqdi.

Mehmonali ham atayin ortiq so'z demadi. Buning o'rniga qadahlarni ichkilikka to'ldirib, birini qariyaga uzatdi. Soli ota bir ko'tarishda ichkilikni sipqordi-yu, qadahni zarda aralash xontaxtaga qo'ydi.

— Tag'in haddingdan osha boshladingmi sen bola? — dedi u oppoq soqoli bezovta uchib. — Boshida nima degandim? Mo''tabarni tergamaysan, surishtirmaysan, rashk qilmaysan demaganmidim?

— T-to'g'ri… Shunday degansiz. Lekin…

— Lekin-pekiningni qo'y, bola, — dedi qariya. — Indamasdan yashashingni bil! Shunda tinch bo'lasan.

Mehmonali ortiq so'z qaytarishni o'ziga ep ko'rmadi. Bu qariya osonlikcha jon beradiganlardan emasligini ilg'adi.

«Shoshilmaymin, — ko'nglidan o'tkazdi u qadahlarni yana ichkilikka to'latarkan. — Kayfi oshsin, o'zi to'tiday sayray boshlaydi. Ana shunda hammasi ravshan bo'ladi. Men xotinimning qaerda ishlashini bilib olaman. Agar aldagan bo'lsa…»

Mehmonali beixtiyor mushtlarini tugib yer ostidan Soli otaga yeb qo'ygudek boqdi.

Qariyaning parvoyi falak, berilib go'sht chaynardi.

 

* * *

 

Oradan taxminan besh daqiqacha vaqt o'tdi. Shisha idishdagi ichkilik yarimlab ulgurgandi. Soli ota navbatdagi qadahni sipqorgach, bir muddat boshini eggan ko'yi tek o'tirib qoldi. Mehmonali esa hamon kutardi. Ko'nglining bir chetda umid uchqunlar, qariya albatta «yorilish»iga ishonardi.

«Ana, — deya xitob qildi daf'atan qalbi. — Soli otang hozir yoriladi. Kayfi taranglashdi. Endi buyog'iga pishiq-puxta bo'l. Yolg'onlarga uchishdan tiyil. Bardam bo'l!..»

Haqiqatan, Soli ota ilkis boshini ko'tardi-da, kayfdan qizarib ketgan ko'zlarini lo'q qilgancha qarshisida indamay o'tirgan Mehmonaliga javdiradi. Kayfi shu qadar oshgandiki, hatto, oppoq soqoliga yopishgan go'sht parchalarini ham payqamas, og'zidan qur-qur so'lagi oqib tomog'igacha dumalab tushardi.

— Bolam, — dedi beixtiyor yig'lamsirab qariya. — M-menga o'g'limday bo'p qolding. M-mana… Mo''tabarimni baxtli qilding. Iltimos, menga yordam ber! Faqat yo'q dema! Yordam be-er!!!

Umrida keksa erkakning yig'laganini ko'rmagan Mehmonali biroz o'zini yo'qotgandek, dovdirab qolgandek edi. Ammo tezda o'zini qo'lga olib, ichki quvvatga suyandi-da, dadillashdi.

— Nega yig'layapsiz, ota? — so'radi qariyaga tik boqib. — Tinchlikmi? Yig'lamang-e, uyat bo'ladi!

— Menga yordam ber, bolam, — takrorladi yig'i aralash Soli ota. — Gapir, yordam berasanmi?

— Qanday yordam? Nima gap o'zi?

— Anavi Samat… Juda yomon odam u! — dedi qariya. — Qizimni baxtsiz qip qo'ydi… U… Undan qo'rqaman, ha, qo'rqaman! Samat mafiyachi! Kallamni opketadi g'ing desam! Sen… Uni bir yoqli qil, bolam! O'ldir uni! Qizimning o'chini ol Samatdan!

— O'zingiz-chi? O'zingiz tinchitolmaysizmi?

— Y-yo'-o'q, — dedi Soli ota ko'z yoshlarini yengiga artib. — Qo'rqaman… Yomon u bola, juda yomon!

— Oldin menga qizingiz qaerda ishlashini aytasiz, — dedi Mehmonali. — Ana undan keyin yordam so'rasangiz yarashadi.

— Qizim… Birovning uyida ishlaydi. Uni… Samat majburlaydi. Har kuni pulini olib qo'yadi. Begona erkaklarminan yotishga majburlaydi. Qizim… Mahallamda bosh ko'tarib yurolmas bo'lganman.

— Hayf-e sizga, — dedi Mehmonali jahdini tiya olmay. — Kap-katta odam, oppoq soqolingiz bilan uyalmaysizmi shunaqa ishlarni qilishga? Nega menga unda qizingizni berdingiz? Men fohishaga mosmanmi? Mening tengimmidi fohisha-a? Gapiring!..

— Q-qizimni haqorat qilma, — dedi qariya daf'atan yig'lashdan tiyilib. — Mening qizim fohisha emas, yovuzlik qurboni xolos. Men o'sha yovuzlikka nuqta qo'ymoqchiman.

— Unda qo'yavering edi nuqtangizni! Mening nima aloqam bor… Xullas, tilxatni qaytarib bering! Jonga tegdi hammasi…

Soli ota kayfdan qizarib ketgan ko'zlarini qisgancha Mehmonaliga qarab sovuq tirjaydi. Keyin esa unga yaqinroq surilib o'tirdi.

— Tilxatni hech kim topa olmaydigan joyga berkitib tashlaganman, — dedi u hamon Mehmonalining ko'ziga tik boqib. — Sen haliyam mening qulimligingcha qolyapsan. Qachon o'sha Samat xunasani tinchitib, o'ligini yonimga opkelasan, tilxatingni yirtib tashlaymiz. Aksi bo'lsa, tilxat joyidan jilmaydi. Xo'sh, shartim tushunarlimi, boyvachcha?

— Kesatmang, — dedi Mehmonali asabiy lab tishlab. — Undan ko'ra oxiratingizni o'ylang. Yoshingizam haligiday… Bir joyga borib qoldi.

— Nega kesatmay? Qizimni, yakka-yu yolg'iz gulimni qo'yningga solib qo'ygan bo'lsam. Ishga boray, oila boqay degan tashvishing bo'lmasa. Qizim uyoqdan pul opkelib turgan bo'lsa, men buyoqdan yordam beryapman. Xo'sh, boyvachcha demay nima dey?

— Bas, yetar! — beixtiyor baqirib yubordi Mehmonali. — Qanaqa erkaksiz o'zi? Nuqul kesatasiz, minnat qilasiz, yerga urasiz! Nima, o'sha qizingizga men orzumanda bo'lganmidim? O'zingiz emasmidingiz meni mardikorlar orasidan tanlab olib, boshimga mag'zava ag'dargan? Siz…

— Bo'ldi, bolam, bo'ldi, — deya Mehmonalining yelkasiga qo'lini qo'ydi Soli ota. — Munday olib qaralsa, hozirgi vaziyatda ikkovimizam farishta emasmiz. Mayli, agar seni ranjitgan, yerga urgan bo'lsam, kechir! Kel, undan ko'ra, ikkovlashib Samatni qanday tinchitish yo'llarini qidiraylik! Ha-ya, to'xta…

Soli ota endi astoydil tizzalab o'tirib oldi-da, qo'yin cho'ntagidan oppoq chit ro'molcha chiqardi. Ro'molchani kaftiga o'ragan bo'ldi-da, boshqa bir cho'ntagidan to'pponcha chiqardi.

To'pponchani ko'rgach, Mehmonali ado bo'layozgandi. Ayniqsa, qariya chit ro'mol yordamida to'pponchani chiqarib olishi uni hayratga solgandi. Bilardi, armiyada bu taxlit qurollarni ko'p marotaba qo'liga olgan, otgan, mashq qilgan. Mato yordamida qurolni qo'lda tutish amali barmoq izlari tushib qolmasligi uchun sodir etilishini ham yodlab yuborgandi.

«Vey, qariya, ayyor, dog'uli-ey, — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali hanuz ko'zlari chaqchaygancha Soli otaga yer ostidan boqarkan. — Mast desam, ayyor ekan-ku tozza! Barmoq izlarini qoldirmaslik uchun ehtiyotini qilibdi! Ne niyatda qurol chiqardi? Meni otib o'ldirmoqchimi? O'ldirib bo'pti!..»

Hali xayollarini bir nuqtaga joylab ulgurmay, o'rtadagi sukutni qariyaning o'zi buzdi.

— Ushla bolam buni, — dedi Soli ota to'pponchani Mehmonaliga uzatib. — Bu senga Samatni yo'q qilishda asqotadi. Hamma o'qi joyida. Manavi trubacha to'pponchaning uchiga qotiriladi. Bilasanmi nega?

— Ahmoqmasman, — deya to'pponchani qo'liga oldi-da, boshqa qo'li bilan trubani to'pponchaning uch qismiga qotirib mahkamladi. — Bu truba ortiqcha shovqin chiqishiga yo'l qo'ymaydi.

— Barakalla, — dedi Soli ota mamnun jilmayib idishdagi ichkilikdan o'z qadahiga to'ldirib quyarkan. — Endi qo'rqmasangam bo'ladi. Borasan, uchrashasan, otasan, tamom! Indamay ortingga qaytaverasan!

— Nega menga bu qurolni tutqazib qo'ydingiz? — ehtiyotkorlik bilan so'radi Mehmonali. — Hozir o'zingizni o'ldirib ketishimdan qo'rqmaysizmi?

Unga javoban qariya og'zidan oqa boshlagan so'lakni yengiga artdi-da, silkinib kuldi.

— Jinnimisan, bolam? Meni o'ldirib nima baraka toparding. Harqalay, yuz-ko'zlaring nomard emasligingni aytib turibdi. Qolaversa… Men o'limdan qo'rqmayman. Yoshim bir joyga yetib bo'lgan. Gapni ko'paytirmagin-da, yo'lga tush, o'g'lim! Shu kecha yo'q qilmasang bo'lmaydi uni.

 

* * *

 

Qurol qo'liga tekkach, avvaliga boshi qotgan, bunday matohlarni qariya qay go'rdan topishi mumkinligini o'ylab ich-etini yeya boshlagan bo'lsa, endi xayoli butkul buzilgandi.

«Mana, endi intiqom payti yetdi, — derdi ko'ngliga astoydil o'tirib olgan iblis. — Hozir bitta o'q bilan cholni tinchit. Undan keyin qizi buzuqilik qilayotgan uyni topib borgin-da, uniyam yo'q qil! Keyin hech narsa bo'lmagandek chiqib ketaverasan. Ha, pullarini ham tiyin-tiyinigacha olvol. Tovon puli, ma'naviy zarar degan gaplar bor. Hazilakam qiynaldingmi shu ifloslarni deb! Tuhmat qilishdi, go'r kovlashga, murg'ak go'dakning jasadini ko'mishga majburlashdi, sha'ningni bulg'ashdi. Shuncha ishlardan keyin ularni tirik qoldirishga haqing yo'q. Olg'a bos! Urug'ini o'ynat bu xonasalotlarning!..»

Boshqasi bo'lsa, iblisning chaqiriqlariga labbay deb javob berardi-yu, ishini bitirib imi-jimida juftakni rostlardi. Biroq Mehmonali unday yo'l tuta olmadi. Avval bir kor-hol sodir qilib qo'ymaslik uchun to'pponchani kissaga berkitdi. Keyin esa dast o'rnidan turib kayfda o'zicha nimalardir deya g'udrana boshlagan Soli otaning tepasiga keldi.

Shu tobda tashqarida darvozaning taraqlashi quloqqa chalinib, o'n-o'n besh karra kiprik qoqgulik vaqt o'tgach, ichkariga Mo'ydin kirib keldi. Mehmonali oyoq tovushlarini eshitgandayoq to'pponchani qaytadan qo'liga olgandi.

Kirdi-yu, Mehmonali qo'lida to'pponcha ushlab turganini, Soli ota o'tirgan yerida unga nuqul javdirayotganini ko'rib beixtiyor rangi bo'zardi. Ehtiyot shart ikki qadam ortga tislanib olishni-da unutmadi.

Mehmonali dilgir. Mo'ydinning nega rangi bo'zarganini ko'rdi deguncha shosha-pisha to'pponchani qo'yinga urdi-yu, Mo'ydinga savol nazari bilan boqdi.

— Ha, Mo'ydin bolam, keldingmi? — dedi qariya birdan jonlanib. — Sen… Mehmonali o'g'limdan qo'rqma! U senga yomonlik qilmaydi. O'tir buyoqqa, o'tir!..

Mo'ydin sal o'ziga kelgan ko'yi hamon bir ko'zini Mehmonalidan uza olmay qariya ko'rsatgan yerga cho'kdi.

— Men… Hech narsani tushunmayapman, — deya ikkovlariga navbatma-navbat olazarak boqdi Mo'ydin. — Nimalar bo'lyapti o'zi bu yerda?.. Ota, kim sizga muncha ko'p ichkilik ichirdi? Manavi kelgindimi?

— Sen… Mehmon bolamni kelgindi dema-a, — dedi Soli ota Mo'ydinning ko'zlariga g'azabnok boqarkan. — U kuyovim. Qizim Mo''tabarning eri. U hammasini biladi. Hammasidan boxabar. Shuning uchun men bilan ishing bo'lmasin-da, Mehmon bolamni Mo''tabarning yoniga obor. Samat o'sha yerda bo'lishi kerak. Mehmon bolam Samatni yo'q qiladi. Ha, xotinini xo'rlagani, nomusini poymol qilgani uchun o'ch oladi undan.

Mehmonali ilgari bunday gaplarga e'tibor qilmagan bo'lsa-da, shu tobda beixtiyor ko'ngli g'ash tortib, o'zidan nari borsa uch-to'rt yosh katta Mo'ydinning qarshisida g'alati ahvolga tushib qoldi. O'zini kamsitilgandek, g'ururi toptalgandek his eta boshladi. Tasavvurida Mo'ydin qariyaning gaplaridan so'ng ustidan kulayotgandek, masxaralayotgandek, qo'li bilan ko'rsatayotgandek tuyulib ketdi. Biroq bu xayollar, uyalish-u, nafratlanishlar, nadomat chekishlar endi unga naf bermasligi tayin edi. Negaki, bo'lar ish bo'lib o'tgan. U fohishaga uylangan. Fohisha xotini keltirgan jirkanch pullar evaziga yashamoqda. Har burda noni o'sha nahs bosgan pullarga kelganini yaxshi anglagan. O'sha non bo'lagini har tishlaganda, biror marta bo'lsin, tavba qilmagan, pushaymon chekmagan. Shunday ekan, qaysi yuz bilan nomus qiladi-yu, mulzam tortadi. Vijdonini allaqachon yeb bitiray dedi-ku!..

«O'lganning ustiga tepgan» qilib yo'lga chiqishgach, Mo'ydin jig'iga tega boshladi.

— Ha, boyvachcha, — dedi mashina ko'zguchasidan orqa o'rindiqda o'tirgan Mehmonaliga tik qarab. — Boboyning jon yerini topdingmi deyman? Qurolgacha topib beribdi? Shuncha yildan beri xizmatini qilib, menga hali qurol tutqazmagandi. Yo krutoylardanmisan? Tag'in yo'lda meniyam tinchitvormagin, hi-hi-hi!!!

Shundoq ham asablari qaqshab borayotgandi. Mo'ydinning qochirimli savollari battar jahdini qo'zg'adi.

«Rostdanam, — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali Mo'ydinga zimdan nazar solarkan. — Yo'l-yo'lakay o'ldirib qochvorsam-chi? Birov bilib o'tiribdimi menligimni. Bahonada manavi inomarkasini ustalarga pullardim-da, cho'ntakni qappaytirib, Rossiyagami ketvorardim…»

— Juda to'g'ri yo'lni tanlayapsan, — deya ayuhannos soldi iblis Mehmonalining ko'ksini qitiqlab. — Qayoqdagi fohishaga erlik qilib, uning dastidan odamlar oldida bosh ko'tarib yura olmay, qisindi kabi omonat hayot kechiryapsan. Sening qimmating shumi? Shu qadar arzon turadimi g'ururing? Erkak degan nomga dog' tushiryapsan, yigit! Tezroq o'ldir manavi nusxani! Esingdami, o'sha kuni u seni molday kaltaklagandi. O'chingni olmaysanmi? Indamay do'st tutinib ketaverasanmi? Agar o'sha Mo''tabaring fohisha bo'lsa, bundan chiqdi uyam tatib ko'rgani aniq…

«Yo'q, — deya bosh qashib oldi Mehmonali. — Shoshilmayman. Qurol baribir yonimda. O'ldirishga ulguraman. Avval Mo''tabarning ko'zlariga boqay, aybini bo'yniga qo'yay. Undan keyin Samadi bilan erkakchasiga gaplashib olay…»

— Ha-a, mum tishlaganmisan, qahramon? — endi ovozini bir parda yuqorilatib so'z qotdi Mo'ydin. — Namuncha o'yga tolmasang? O'zingni bo'sh qo'y!.. Savolimga javob bermading! O'ldirib yubormaysanmi meni ishqilib?

— Hali ajaling yetmayroq turibdiykan, — dedi Mo'ydinning yelkasiga qo'l tashlab Mehmonali. — Xudoyimdan so'rovdim, shoshilmasligimni tayinladi. Shunday ekan, ishtoningni ho'l qilguday bo'lib qo'rqaverma! O'lmaysan!

— Seni ayyor desam, yana g'irt folbinmisan deyman? — dedi jiddiy tortib Mo'ydin. — Xudoyim bilan gaplashganmish… Xotiring jam bo'lsin! Meni hali sen tugul o'sha Samadiyam chertolmagan. Shunaqa «mujik»man men.

Mehmonali tilini tiydi.

Nima desa, manzilga yetgachgina deyishni ma'qul bildi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here