Onamning yuragimdagi surati

0

Rivoyat qilishlaricha, bir yurtning podshohi o'limi oldidan o'z taxtiga voris etib farzandlaridan birini emas, balki kenja xotinini qoldirgan ekan. Sababi kenja xotin nafaqat husnda, balki aqlu zakovatda ham tengi yo'q ekan. Alqissa, o'sha ayol kuni bilan yurt so'rarkan-u, kechalari esa yolg'iz o'g'liga o'z qo'li bilan non yopib berarkan. Chunki baribir ona ekan-da. Darhaqiqat, dunyoda farzand uchun onadek aziz zot, ona mehri kabi ezgu va laziz tuyg'u yo'q.

* * *

O'rta maktabda o'qirdim. Murg'ak qalblarimiz dunyoni endigina anglayotgan, hali bolalikning beg'ubor soddaliklari, o'yinqaroqliklari bizni tark etib ulgurmagan. Ongu shuurimizda Vatan, Ona yurt kabi muqaddas tushunchalar endi-endi shakllanayotgan payt.

O'qituvchimiz doim o'ziga oro berib yurardi. Hatto dars paytida ham bejirimgina charm sumkachasidan kichkina qutichani olib yuz-ko'zlariga turli upa-eliklarni surtib, dam-badam oynachasiga qarab olardi. Kunora yangi libos kiyib keladigan, ba'zan bizga topshiriqni berib qo'yib, sinf xonasiga kirib kelgan tarix muallimasi bilan paloncha do'konga yangi material kelganligi, pistoncha opaning o'tgan kuni pismadonchaning «vecheri»ga kiyib borgan ko'ylagi haqida suhbatlashib o'tiradigan muallimamizni eslasam yodimga mana bu voqea tushadi.

Bahorning ilk kunlari edi. O'qituvchimiz o'ziga xos tavoze bilan sinfga kirib keldi-da, ertaga 8 mart — xalqaro xotin-qizlar bayrami ekanligi, shuning uchun bugun «Mening onam» mavzusida insho yozishimizni tayinladi. Hammamiz ishga kirishib ketdik. Birozdan so'ng o'qituvchimiz biz yozgan insholarni terib oldi. Shunda ulardan birini qo'lga oldi-da, ko'z yugurtirib chiqdi. Bir oz o'qigach, oldingi partalardan birida o'tirgan sinfdoshimizga qarab: «Shu gaplarni sen yozdingmi? Perashka sotuvchi onangni ja maqtab yuboribsan-ku», — dedi. Keyin sekin: «Tuzukroq kiyinishni ham bilmaydi-yu», — deya labini burishtirdi.

Shunda g'alati voqea sodir bo'ldi. Sinfdoshimiz ko'zi jiqqa yoshga to'lgancha o'qituvchimizga shunday tikilib qaradiki, bu qarashlarga hatto uning bo'yoqlar chaplangan ko'zlari ham bardosh berolmay o'zini olib qochdi. «O'zing… o'zing yomon malimsan». Boshqa gapirolmadi. O'qday otilib sinfdan chiqib ketdi.

Sinfdoshimizning onasini yaxshi tanirdim. Rostdan ham u har kuni tush paytida maktabimiz hovlisiga «perashka» sotgani kelardi. U kelishi bilan atrofini bir to'da bolalar qurshab olib «menga ikkita», «menga to'rtta» degancha qo'llarini cho'zishardi. Albatta, «perashka»ni puli borlar olishardi. Puli bo'lmagan o'quvchilar ularga havas qilgancha, og'zining suvi oqib termilib turardi. Sinfdoshimning onasi esa pul cho'zgan qo'llarga qaramay, ular atrofida turgan «pulsizlar»ga qarab, «Qani, kelinglar sizlaram. Hozir pullaring bo'lmasa, keyin berarsizlar» degancha qaynoq «perashka»lardan ulashib chiqardi. Ammo ertasi kuni o'sha bolakaylardan pul so'ramasdi. Qaytaga «Qani, kel, katta bo'lib pul topar bo'lsang, berarsan» deya qo'liga «perashka» tutardi.

O'sha voqeaning ertasi kuni sinfdoshim maktabga kelmadi. Ammo uchinchi kuni sinf xonamizga avval uning onasi, ketidan tumshaygancha istar-istamas sinfdoshimiz kirib keldi. Rosti, hozir rosa janjal bo'ladi deb o'ylagandik. Yo'q, unday bo'lmadi. Sinfdoshimizning onasi o'qituvchimiz bilan salomlashib, xuddi ayb ish qilib qo'ygandek, yalingansimon:

— Buni qarang, egachi. Uch kundan beri maktabga kelmas emish. Har kuni papkasini qo'liga olib chiqib ketardi. Bugun bilibman. Shu bolalarni otasiz katta qilayapman. Shular zoriqmasin deb «perashka» qilib sotaman. Bularning qilib yurgan ishini qarang. Endi biror ayb ish qilib qo'ygan bo'lsa kerak-da… Kechirib qo'yaqoling. Boshqa bunday qilmaydi.

Keyin o'g'liga qarab:

— Qani, ustozingdan kechirim so'ra-chi,— dedi.

Sinfdoshimiz bir oz jim turdi-da, juda past ovozda bo'g'ilib «Kechirasiz» dedi.

Hammamizning ko'zimiz o'qituvchimizda edi. Ko'zlari baqraygancha bir ayolga, bir o'g'liga qarab:

— Yo'g'-e, o'g'lingiz… o'zi yaxshi bola, — deya oldi, xolos.

Bu voqea menga juda ta'sir qilgandi. Sinfdoshim onasini maqtagani uchun kechirim so'ragandi. Nazarimda, uning onasi bo'lib o'tgan voqeadan xabardor edi. Biroq negadir u haqda bir og'iz ham gap ochmadi. Ammo u shuning o'zi bilan ham o'qituvchimizni jazolab bo'lgandi. Onaning yuragida tog'dek g'azab ham bir zumda mehrga aylanishi mumkin ekanligiga ana o'shanda ilk bor guvoh bo'lganman.

* * *

Nazarimda, onalarni nimalargadir qiyos qilganda, baribir ko'ngil to'lmaydi. Ular ayolligi, onaligi uchun qanday bo'lsa, shunday go'zal, ardoqli.

Tanamizga zirapcha kirsa, kipriklari bilan sug'urib oladigan, o'z farzandiga tikan dardini ham ravo ko'rmaydigan zotlarni qanday qilib toifaga bo'lib olamiz.

Uning oq suti, allasi bilan birga mittigina jussaga mehr-oqibat, sadoqat, saxovat, ezgulik kabi ulug' ne'matlar joylashadi. Aslida vatan ham onadan boshlanmaydimi? Onalarning qaynoq quchoqlari jannat bog'lari kabi iforli, Vatan sarhadlari kabi keng, osmon qadar beg'ubor.

* * *

Men oilamizda yakka o'g'ilman. Mendan keyin to'rtta qiz bor. Shu boismi, onam ko'proq mening ko'nglimga qaraydi. Hech qachon qattiq urishmagan. Men ham shu muhitga, munosabatga ko'nikib qolgan edim. Ammo bir kuni…

Maktabda 5- yo 6-sinfda o'qirdim. Sinfdoshim bilan mushtlashib qoldik. Oqibatda uning burni qonadi. Mening esa ko'ylagimning yengi yirtildi, xolos. Ammo men bunga parvo qilmasdim. Sinfdoshlarimga maqtangansimon ko'kragimni kerib, papkamni oldim-da, uyga jo'nadim.

Uyimizga yaqinlashsam, boyagi men burnini qonatgan sinfdoshim onasi bilan biznikidan chiqib kelayapti. «Ha, nomard, darrov boshlab kelibdi-da» dedim ichimda. O'zimni panaga olib, ular ko'zdan uzoqlashgach, sekin uyga kirib keldim. Onam meni ko'rdi-da, boshdan oyoq razm solib chiqib, ko'zimga tik qaradi. Men bu qarashga chidolmadim. Yerga qaradim. Hozir urishsa kerak deb o'ylagandim. Yo'q, onam hech narsa demadi. Chuqur bir xo'rsindi-da, oshxona tomonga ketdi. «Har qalay, urishmadilar-ku» dedim o'zimcha va xonamga kirib ketdim.

Erta tongda birdan uyg'onib ketdim. Qarasam, maktabga ketar paytim bo'lib qolibdi. Hayron bo'ldim. Har kuni «Maktabga kech qolasan» deya uyg'otadigan onam negadir meni uyg'otmabdi. Ust-boshimni kiyib, yuvindim-da, oshxonaga o'tdim. Onam kichkina singlimni ovqatlantirib o'tirardi. Sekin salom berdim. Onam esa alik olmadi. Piyolaga choy qo'yib oldimga surib qo'ydi. Angladimki, onam mendan qattiq ranjigan. Choyimni ichdim-da, bir holda maktabga jo'nadim.

Maktabdan kelganimdan keyin ham onam menga bir og'iz so'z aytmadi.

«Kel, o'g'lim. Ochiqqandirsan, ovqatlanib ol» deydigan onam qo'shninikiga chiqib ketdi. Bu hol bir haftagacha takrorlandi. Men go'yo bir narsasini yo'qotib qo'ygan telbaga o'xshardim. Futbolga chaqirib kelgan o'rtoqlarimni jerkib haydardim. Xonamdan chiqmasdim. Hech kimni ko'rgim kelmasdi. Hatto ba'zida o'pkam to'lib, yig'lab olardim. Ochig'i, men onam bilan bir uyda turib, onamni sog'inib yashardim. Uning meni erkalab bag'riga bosishlarini, men bilan suhbatlashishini judayam xohlardim. Biroq onamdan sado chiqmasdi. Yakshanba kuni edi. Oshxonaga kirsam, xontaxtamizning bir oyog'i qiyshayib qolibdi. Xayolimga kelgan fikrdan yayrab ketdim. «Hozir buning oyog'ini to'g'rilab qo'yaman. Onam ko'rib meni kechiradi».

Bolg'a, mix olib keldim. Xontaxtaning oyog'ini to'g'rilab, bolg'a bilan mix qoqa boshladim. Shunda to'satdan bolg'a bilan qo'limni urib oldim. Ko'zimdan o't chaqnab ketdi. «Ay» degancha qo'limni og'zimga tiqdim. Shunda yelkam ortida qandaydir nigohning tikilib turganini his etib ortimga qaradim. Onam yuzi bir holda qarab turardi. Ikkimiz ham bir-birimizga tikilguncha qancha turdik, bilmayman. Qarasam, onamning ko'zlaridan yosh tomayapti. O'zimni tutolmadim, uning quchog'iga otildim. Ikkalamiz ham xuddi yuz yil ko'rishmagandek bir-birimizni qattiq quchoqlagancha tinmay yig'lar edik.

Men nega yig'layotganimni bilmasdim. Qo'limdagi og'riqdanmi yoki onam meni kechirganidan quvonganimdanmi? Bilmadim, hali-hanuz bilmayman…

Jahongir Sharofboyev

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here