KALLAKESAR… (9-qism)

0

 

 

TUB BURILISh

 

* * *

Mehmonali haqiqatan juda noqulay ahvolda qolgandi. Na Mo''tabar, na Soli otaga so'z qota olar, ularga ham hayrat, ham nafrat aralash boqish bilan cheklanardi.

Bir ko'ngli «Qichqir, dunyoni buzgudek juda baland ovozda qichqir! O'ldir, noinsoflar, nonko'rlar, haromilarning boshini kes!», deya hayqirardi. Biroq boshqa bir ko'ngli izn bermasdi. Bardoshli bo'lishga undardi. Xotirjam tortishga chaqirardi.

— Hayron bo'lding-a, bratishka, — dedi oradagi birpaslik sukutni buzib Samad. — Bularni nega opkelishdiykin, nima muddaosi bor ekan deb bosh qotira boshlading. Tushunaman, seni, yaxshi tushunaman. To'g'ri, ochig'i boshida seni ko'rganimda, o'ldirib, jasadingni itlarga tashlashni xohlagandim. Ayniqsa, to'pponchani anavi Mo'tashning boshiga tirab turganingni ko'rib, seni ko'rishga ko'zim qolmagandi. Bilasanmi nega? Chunki men hech qachon ayol kishiga qurol tugul, qo'l ham ko'tarmayman. Buni hezalakcha ish deb qabul qilaman. Ana shuning uchunam sen paymonamni to'ldirding. Ammo keyinroq g'amgin hikoyangni tinglab, basharangga yaxshilab nazar solib, senminan ozmi-ko'pmi gaplashib, fikrimni o'zgartirdim. Sen yaxshi yigitga o'xshading. Bunga ishonaman. Sababi, qalbim hech qachon meni aldamaydi. Nima deysan?..

Mehmonali avvaliga ne deb javob qaytarishni bilmay halak bo'ldi. Samadga xuddi ilgarigidek sira ishongisi kela qolmadi. Bu gaplari, tutgan ishlari ko'zbo'yamachilik, o'ldirishdan oldin shunchaki chalg'itish deb xayol qildi. Lekin ko'p eshitgan, kinolarda ko'rgan. Zo'ravonlar, kallakesar, banditlar birovni chalg'itib, behudaga vaqt ketkazib o'tirmaydi. O'ldirib qo'ya qoladi. Samad esa boshqacha yo'l tutyapti. Shuncha gapni gapirgan, hamdardlik bildirgan odam qotillikka qo'l urmasa kerak, axir!?. Tag'in… Xudo biladi. Umuman, nimani o'ylayapti o'zi? O'ylab bu o'ylarning oxiriga yeta oladimi? Yo'q. Hali hech kim o'yining oxiriga yeta olmagan. U ham yeta olmaydi.

— Ochig'i, rostdan hayron bo'ldim, — dedi tavakkal Mehmonali. — Ikkovlarini nega olib kelganingizni haliyam anglab yetganim yo'q, ishoning. Lekin bilamanki, sizday aqlli inson bir narsani o'ylab qo'ygandirki, ularni opkeltirgandir…

— Barakalla, bratishka, — deya unga yaqin kelib ikki yelkasiga qo'llarini qo'ydi Samad. — Adashmabsan. Men haqiqatan ota-bolani atayin opkeltirdim. Boshqacharoq aytganda, senday mard, qo'rqmas, jasur bratishkaga «syurpriz» qilay dedim. Yoqdimi syurprizim?

Mehmonali yana bu savolga jo'yali javob topa olmay xunob bo'ldi. Shuning uchun yelka qisish bilangina javob qaytarishga ahd qildi.

— Xo'sh, qariya, kayfiyat qalay, kayfiyat? — Samad Soli otaga yaqin borib masxaraomuz so'z tashladi. — Nimaga titrayapsiz? Yo «poxmel» bezovta qilyaptimi? Pulingiz yo'qmi bosh og'riq qilishga?

Soli ota qo'rqa-pisa Samadning ko'zlariga bir marta boqdi-yu, qayta yer chizib norozi bosh qimirlatish bilan cheklandi.

— Ana shunaqa bo'ladi, — davom etdi bir Mo''tabarga, bir qariyaga boqarkan Samad. — Tarbiyasizlik oxiri sharmandalikka opkeladi. Sen tarbiyasiz eding, buning kasri manavi fohisha qizingga urgan. Hatto, homiladorlikdan saqlanishniyam bilmaydi buning! Sen bo'lsang, tirik go'dakni, begunoh bolani roddomdan o'g'irlatib chiqib mana shu jirkanch, iflos qo'llaringminan bo'g'ib o'ldirding. Xo'sh, buning ajrini kim to'ladi? Mehmonmi? Kechagina qishloqdan pul topaman deb shaharga kelgan begunoh yigitmi? Nega? Nima uchun bo'g'ib o'ldirishga duxing yetibdi-yu, murdani ko'mishga kelganda, vijdonchang qiynalib qoldimi? E, sendaqalarda vijdon nima qilsin?

— Otamni haqorat qilmang, iltimos, — kutilmaganda Samadning so'zini kesdi Mo''tabar. — U kishi… Shahardagi eng obro'li odamlarning biri.

— Obro'li? Vey, tiling chiqib qoptimi? Qachondan beri?

— Qo'y, qizim, sen aralashma, — dedi Soli ota boshini sarak-sarak qilib. — Biz… O'zimiz kelishvolamiz…

— Demak, gap bunday, — dedi Samad Mehmonali tomon bir qarab qo'yib. — Senlarminan pachakilashib o'tirishga vaqtim yo'q. Qariya, sen hoziroq Mehmon yozgan tilxatni mening qo'limga tutqaz! Qani tilxat?

Soli ota shosha-pisha qo'yniga qo'l solib tilxatni chiqardi-da, Samadga uzatdi.

— Juda yaxshi, — dedi Samad tilxatni erinmay ko'zdan kechirish asnosida. — Endi Mehmonning oyog'iga yiqilib tavba qilasanlar! Yo'q, oldin oyog'ini o'pib, ana undan keyin tavba qilasan. Qani, boshla, qariya!

Soli ota bunday vaziyat yuzaga kelishini kutmagan ekanmi, birpas dovdirab qoldi. Bir Samadga, bir Mehmonaliga qarab javdiradi. So'ngra Samadning jahdga qorishiq qiyofasidan qo'rqa-pisa asta Mehmonalining qarshisiga yaqin bordi-da, tiz cho'kdi.

Mehmonali sezib turardi. Qariya o'ziga yetguncha qaysar, dimog'dor va qo'rs odam. Ammo hozirgi holatda qo'rsligi o'tmasligini biladi. Hoynahoy, Samadni ko'pdan beri tanigani uchun fe'lidan yaxshigina xabardor bo'lsa kerak, astoydil engashdi-da, Mehmonalining oyog'ini o'pib, ketidan poyini ko'zlariga surdi.

— Kechiring, bolam men gumrohni, — dedi qariya beixtiyor yig'lamsirab. — Ahmoqlik qip qo'ydim. Kechiring!..

Samad Mo''tabarni ham tiz cho'kishga, uzr so'rashga majbur etdi. Shundan keyin so'nggi gapini tiliga ko'chirdi.

— Endi, qariya qulog'ingga quyvol, — dedi u yonidagilarga ko'z qisib. — Mehmonga zo'rlik qilganing, mening bolamni o'ldirib, ko'mdirganing, qizingni fohishaga aylantirganing uchun badal to'laysan. Agar to'lamasang, o'lasan!

Soli ota badal so'zini eshitgandayoq ado bo'layozgandi. Buni tizzalaridagi titroq kuchayishi, boshini o'zi bilmagan holda chayqay boshlaganidan ilg'ab olsa bo'lardi.

— M-men… Q-qancha?.. — arang o'zini tutib Samadning ko'zlariga boqdi qariya. — Haligi…

— Yuz ming ko'kida opkelasan. Senga ertaga kechqurungacha muhlat. Agar soat kechki sakkizda pullar qo'limga tegmasa, tamomsan! Seniyam, qizingniyam asfalosofinga jo'nattiraman! Endi surlaring meni uyimdan! Ertaning harakatini qil! Aytgancha, Mo'tash, sen qolasan! Senga alohida ish bor!

 

* * *

 

Soli otaning qanday noinsof, toshbag'ir, yengil tabiatliligi shu yerda ham yana bir karra oshkor bo'ldi. Agar boshqa ota bo'lsa, o'zi o'lib ketsa-da, qizini begona erkakning ixtiyoriga tashlab ketmasdi. Ayniqsa, uni olib qolgan odam qanchalar zo'ravon, shafqatsiz va diyonatsizligini bilib turib bunday sharmandalikka yo'l bermasdi. Afsuski, qariya qutulganiga shukr qildi. Qizi tarafga bir marta bo'lsin qarab ham qo'ymadi. Xuddi yumshoq supurgi kabi mayinlashgancha pildirab chiqib ketdi.

Shu tobda Mehmonalining boshi tobora g'uvillab, asablari qaqshagandan qaqshab borar, nimalar bo'layotganini sira idrok etib ulgurmasdi. Go'yo chalkashliklardangina iborat, ammo yoqimsiz bir tush ko'ryapti-yu, qancha chiranmasin, uyg'ona olmayapti. Tushga barham berib qo'ya bilmayapti.

— Mo'tash, — uning xayolini bo'lib bir burchakda qo'l qovushtirgancha tek turgan Mo''tabarga yuzlandi Samad. — Sen, bor, dahlizga kirib tur! O'sha yerda bizni kut!

— Xo'p bo'ladi! — Mo''tabar bir tuki seskanmay, yer ostidan Mehmonaliga sovuq qarab oldi-yu, aytilgan xona tomon yo'l oldi.

— Mehmon, bratishka, — dedi Samad Mehmonalining yelkasiga qo'l tashlab. — Yur, gaplashib olishimiz kerak!

Mehmonalining bu zo'ravonga berishi kerak bo'lgan savollari ko'p edi. Ammo tilini tiydi. Bunday vaziyatda savol tashlash noo'rinligini anglab yetdi. Savollarni gaplashish asnosida berishga ahd qildi.

Samad haydovchiga ketish uchun ruxsat berdi. Yonida faqat Muhsinni olib qoldi xolos. Ikkovlari unga ergashib hovlining boshqa bir chetidagi xonaga kirishdi. Bu xona jihozlardan xoli ekan. To'rga yarqiragan atlas ko'rpacha to'shab qo'yilibdi. Ko'rpachaga birinchi bo'lib Samad o'tirdi va ikkovlarini o'tirishga chorladi.

Mehmonali hanuz Samaddan nigohini uzmasdi. Uning qovoqlari uyilgancha, sira ochilishidan darak yo'qdek edi. Qur-qur jahl bilan barmoqlarini qisirlatib olar, nimadandir bezovta ekani, qattiq asabiylashayotgani ko'z qarashlaridan shundoq ko'rinib turardi.

— Bratishka, — nihoyat boshini ko'tarib Mehmonaliga yuzlandi Samad qarshisidagi Muhsinga ma'noli qarab qo'yib. — Hammasini tushunaman. Xayolingdan shu tobda nimalar kechayotganini ham bilib turibman. Imkon topsang, meniyam bo'g'izlab tashlaging kelyapti. Bunga haqqing bor. Axir, sen aldanding, g'ururing poymol bo'ldi. Buyam yetmaganday, ko'z oldingda xotinchangga ega chiqyapman. Tushunaman… Tushunaman…

— U endi xotinim emas, — dedi Mehmonali asabiy lab tishlab. — Fohishaligini o'z ko'zim bilan ko'rganimdayoq taloq qilganman uni!

— Bu to'g'ri qaror, — dedi Samad yana bir karra Muhsinga ma'noli ko'z tashlab olgach. — Sening o'rningda boshqasi bo'lsayam shunday yo'l tutardi. Mayli, bo'lar ish bo'lib o'tdi. Endi buyog'iga mahkam bo'l, ukam, judayam mahkam bo'l! Hayot shunaqangi beshafqat! Ayniqsa, sen bilan bizga o'xshaganlarga har qadamda zug'um o'tkazishga harakat qiladi. Biz esa bo'sh kelmasligimiz kerak. Dushmanlarimizni yer bilan yakson qilaverishimiz zarur. Ana shunda g'alaba bizniki bo'ladi. Nima deysan?

— Haqsiz, — Mehmonali so'nggi lahzalarda azbaroyi asabiylasha boshlaganidan arang o'zini idora etib turardi. Uni Samadning asl niyati xavotirga, shubhaga solar, tezroq maqsadga ko'chishini xohlayotgandi.

«Ey Yaratgan egam, — xitob qilardi qalban. — Sen adolatlisan! Sening adolating qarshisida mendek bandalaring jon fido etsa arziydi. O'zing saqlaguvchisan! O'zing alqaguvchisan! Xatoga yo'l qo'ysam, o'zing jazolaguvchisan! Yomonlarga, ko'ngli qora, ikkiyuzlamachilar, firibgarlar, shafqat neligini bilmagan nodonlarga o'zing tavfiq ber!..»

Ruhan ezilib borayotgan bo'lsa-da, Mehmonali tez fursatda o'zini qo'lga ola bildi.

Ollohni chin ko'ngildan yodga oldi deguncha, ko'ngli yorishib ketgandek, qalbida bahor yashnay boshlagandek, vujudini iliq bir tuyg'u qamrab olgandek yengil tortdi.

— Siz haqsiz, — dedi yana bir bor Samadga tik boqib. — Dushman ta'qibida qolishdan, xasisga qarzdor bo'lishdan, nomardga muhtojlikdan xudoning o'zi asrasin!..

— Barakalla, — Samad bu gaplardan keyin dast o'rnidan turdi. Unga javoban Mehmonali, Muhsin ham tik oyoqqa turishdi.

Samad asta Mehmonaliga yaqinlashdi-da, yelkasiga qo'l tashladi.

— Seni kuchli, jasur desam, juda aqlli ham ekansan. Bu fe'ling menga ma'qul. Endi gapni cho'zmaylik-da, maqsadga o'taylik. Mehmonali, jasurliging, qo'rqmasliging, to'g'riso'zliging bir taraf, Mo'tash-u Soli qariya bir taraf. Ishon, agar islovotxonaga kirib men bilan ochiqchasiga olishishga ahd qilmaganingda, ko'zlarimga tik qarab niyatingni oshkor etmaganingda, manavinaqangi ishlar, gap-so'zlar bo'lmasdi. Seni har qanaqasiga tinchitish qo'limdan kelardi. Biroq sendagi shiddatni ko'rib, o'zim kabi qiynalganingni eshitib fikrimni o'zgartirishga majbur bo'ldim. Endi esa gapimni eshit. Shaharda Qo'ysinboy degan obro'li, puldor bir boyvachcha bor. Juda shinavanda, ko'ngli toza, dangalchi odam. Uyam menga ulush berib turadi. Evaziga men uni mentlardan, soliqchilardan, prokuratura xodimlaridan himoya qilib turaman. Maqtanishmas, judayam boy, ammo mendan o'lguday qo'rqadi. Shu odamning Jahongir degan yolg'iz o'zboshimcha o'g'li Rossiyada narkotikka aralashib qopti. Buyam yetmaganday, qo'lga olish jarayonida melisani o'ldirib qo'yibdi. Otasi yalinib xudoning zorini qilyapti. Agar kim o'g'lining aybini bo'yniga olib turmada o'tirib bersa, og'ziga siqqan pulni berarkan. Nima deysan? Sen boyvachchaning hojatini chiqara olasanmi?

Mehmonali suhbatda bunday keskin burilish yuzaga kelishini kutmagandi.

Ne deb javob qaytarishni bilmay garangsib qoldi.

 

* * *

 

Mehmonalining o'y-xayollari tamoman chalkashib ketdi. Qay biri haqiqatga yaqin, qay biri ziyonli ekanini anglay olmay halak bo'ldi.

«Samad g'irt mushtumzo'r, ashaddiy kallakesar, jinoyatchi, insof-u diyonatni unutgan, his-tuyg'ulardan mosuvo bir kimsa bo'lsa, — deya o'ylardi u javob berishga shoshilmay. — Aslida men shu kimsani tinchitish niyatida keldim. Ishlar esa butunlay chappasiga ketdi. Samad meni bir zarba bilan sindirdi-yu, hammasini o'zgartirib yubordi. Nima qilay? Qanday ishonay bu zo'ravonga? Shunaqa deyman-u, o'sha… Islovotxonadagi qo'lga tushishimdan to hozirga qadar menga yomonlik qilmadi. Aksincha, nuqul mening yonimni ola boshladi. Hatto, qariya, Mo''tabarniyam qarshimda tiz cho'ktirdi. Nega? Qaysi ko'rsatgan karomatim uchun bunday qildi? Nahotki, bularning hammasini mana shu turmada o'tirishga rozilik berishim uchun qilgan bo'lsa? Zo'rlik bilan, yoki shantaj qilib ham ko'ndirsa bo'lardi-ku! Xudoyim, menga to'g'ri yo'l ko'rsat! Qachongacha qoqinishda davom etaman? Qachongacha meni sinaysan? Ota-onamning tayini bo'lmadi, tog'am uydan mahrum qilib ko'chaga haydadi. Hammasini ko'rib, bilib, kuzatib turding. Shunda ham shukr qildim o'zingga. Sen bo'lsang, bir itqitding-u, qayoqdagi zinokor, iymonsizlar qo'liga topshirding. Ular keragicha ustimdan kulishdi. G'ururimni, erkaklik sha'nimni o'zlari istagancha toptashdi, oyoqosti qilishdi. Shundan keyin ham rahm qilmading. Mana, anavi go'rso'xtalar, ashaddiy kallakesarlarga ro'baro' qilding. Bu maraz o'zim ko'ngil qo'ygan ayolga ham ko'z o'ngimda egalik qilib turdi. Miq eta olmadim. Nima qilay? Qachongacha sukut saqlaysan? Qalbimga biror belgi yuborsang-chi! O'zing ko'rsatmagin, basharti hozir Samadga tashlanib qolsam, pichoqlabmi, otibmi o'ldirsam, nima qilarding? Qanday yo'l tutarding, xudoyim? Bilaman, sen meni iblis yetagiga kirganlikda ayblay boshlaysan. Demak, bo'rining yesa ham, yemasa ham og'zi qon bo'lganidek, har qanaqasiga aylantirmay, qay yonboshimga ag'darilmay, baribir halovat bermaysan. Xotirjamligimni o'zimga qaytarmaysan. Unda mening oldimda bittagina yo'l qoladi. Samad aytgan taklifga rozi bo'laman-u, o'zingga tavakkal qilaman. Mabodo kun kelib achinsang, rahmimni yersan, bo'lmasa, bundan-da battar kunlarga solarsan…»

— Roziman, — dedi Mehmonali nihoyat boshini ko'tarib. — Ammo hammasini oldindan bilishim kerak. Qancha to'lashidan tortib, qancha muddatda turmadan chiqib ketishimgacha bilishim shart. O'sha odam va'da berishi lozim. Bu… O'zingiz tushunasiz… Hazilakam gapmas bu.

— Haqsan, Mehmon uka, — dedi Samad Mehmonalining ko'zlariga tik boqib. — Hammasini sen xohlaganday hal qilamiz. Rozilik bildirib, juda to'g'ri yo'l tutding. Bir-ikki so'mli bo'p qolasan bahonada. Qani, ketdik unda! Dam olamiz! Nasib bo'lsa, ertaga ertalab Qo'ysin boyvachchanikiga boramiz…

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here