«Qabristondan o'tgan o'g'lim telba bo'lib qoldi…»

0

— Yaqinda o'g'lim o'qishni bitirib qaytdi. Uni uylantirish taraddudiga tushdik. Shunda o'g'lim: «Ovora bo'lmanglar, suygan qizim bor! Shaharda o'qib yurganimda tanishganman. Men unga sovchi jo'nataman, deb va'da berib qo'yganman», — dedi.

Bu gap ayolimga yoqmadi. U o'g'lini so'roqqa tutib, qizning shaharlik ekanini eshitdi-yu, battar tutaqib ketdi.

— Bu qanaqasi?! O'g'lim, yaxshilab o'ylab ko'rdingmi? Qiz shaharlik bo'lsa, biz qishloqda tursak. Ertaga ota-onasi qishloqqa beradigan qizimiz yo'q desa, kim degan odam bo'lamiz? — dedi onasi kuyunib. — Bizniyam qishloqda o'zimizga yarasha hurmatimiz bor. Quruq qaytsak, qishloqdagilar: «O'zimizdayam qiz zotiga qiron kelgani yo'q edi. Shaharlikka osilib beli sinibdi», deyishmasin.

O'rtog'imning qizini kelin qilaman, deb yurardim. O'g'limning qat'iyatini ko'rdim-u, shashtimdan tushdim. Yaqin do'stimning oldida beburd bo'lish men uchun og'ir bo'lishiga qaramay, tilab-tilab olgan yakkayu yagona o'g'limni baxtsiz qilishni istamadim va ayolimga shaharga sovchilikka borishga hozirlik ko'rishini tayinladim. O'sha qiznikiga bordik. Nihoyatda hashamatli hovlida turarkan. O'g'limning kelinlikka tanlagani badavlat xonadonning qizi ekanini ostonadayoq fahmladim. Ichkariga qo'rqa-pisa kirgan ayolim jahl bilan qaytib chiqdi. Uygacha lom-mim demay kelgan ayolim mashinadan tushishi bilan o'g'liga qarab:

— Endi bir kamim ko'r qizga uylanishing qoluvdi, — dedi va vajohat bilan so'zlashda davom etdi. — Menga qara, sendan boshqa bolam yo'q. Shunday ekan, men yolg'iz o'g'limga ko'r qizni olib bermayman! Gap tamom, vassalom!

— Men ham o'shandan boshqasiga uylanmayman!

O'sha kun onayu o'g'ilni murosaga keltirib bo'lmadi. Nozim hayhaylashimga qaramay uydan chiqib ketdi. Shu bo'yicha uch kun uyga kelmadi. O'g'lining yo'qolganidan bir ahvol bo'lgan xotinim ancha jahldan tushib, so'qir qizni ham kelin qilishga tayyor edi. Uch kun deganda o'g'limiz uyga kirib keldi. Biroq aft-angorini ko'rib, qo'rqib ketdik. Ust-boshi yirtilgan, soch-soqoli tartibsiz, xuddi telbalarga o'xshardi. Men uni uyga olib kirmoqchi bo'ldim, biroq u kafti bilan boshini changallab yerga o'tirib oldi. O'g'limning bu holatidan qo'rqib ketdim. Onasi esa hushdan ketdi. O'sha kuni o'g'limni kasalxonaga olib bordik. Uni ruhiy xasta bemorlarning oldiga joylashtirishdi. Shifokorlarning muolajalari foyda bermadi. Bir kun bosh shifokor huzuriga chorlab: «O'g'lingiz kasal emas. Biroq uning miyasiga nimadir ta'sir qilgan. Shuning uchun ham o'zini shunday tutyapti. Menimcha, undagi bu holat ma'lum muddatdan keyin o'tib ketadi», dedi.

Xullas, o'g'limni uyga olib keldik. Ahvol kundan-kunga og'irlashib borardi. U har kun tutqanog'i tutib qoladigan odamday birdan «Mushuk, mushuk!»  deb baqirardi. Xotinim gapimga quloq solmay folbinga jo'nadi. «O'g'lingizga jinu ajinalar ilashgan. U ruhlarni norozi qilgan. Farzandingizdan so'rang, birorta qabriston yonidan o'tmaganmikin? Birorta hodisa sodir bo'lmaganmikin?» debdi. Men folbinlarni firibgar deb bilganim uchun bunday narsalarga ishonmayman. Ayolimning qistovi bilan o'g'limni so'roqqa tutdim. U menga g'alati tikilib: «Mozor yo'lidagi mushuk. Shahar yo'lidagi qabriston oldida… U o'lib yotgan edi. Men nima qildim? Uni chetga uloqtirib, o'sha yerda yotgan mayitlar ruhiga duoi fotiha qilmay o'tib ketdim. Ruhlarning tinchini buzdim. Ular meni jazolashyapti», dedi. Yuragim orqaga tortib ketdi. Bu qabriston haqida eshitgandim. Tunda o'sha yerdan o'tganlar telbaga aylanishi ham qulog'imga chalingandi. Qishlog'imizda o'tgan yili vafot etgan Tolib cholni esladim. U ham tunda shu qabriston yo'lidan o'tgan, deyishardi. Soppa-sog' yurgan odam birdan jinniga aylandi-qoldi. Eng yomoni, u ko'p yashamadi. Odamlar cholni jin chalgan, derdi. Tolib chol nuqul sochlari uzun qiz ta'qib qilishidan nolirdi. Men qabriston qorovuliga uchradim va qora mushuk bilan o'sha sochi uzun qiz haqida surishtirdim. Qabriston qorovuli Zarif ota ko'pni ko'rgan odam, undan jo'yali maslahat chiqishiga ishonib borgandim.

— Ha, bu anchadan beri bor gap. Bu qabriston yonidan duo qilmay o'tib bo'lmaydi. Chunki qabriston burchagida bir g'aribgina qabr bor. Uning holidan hech kim xabar olmaydi. Shuning uchun bo'lsa kerakki, ruhi bezovta. O'sha qabrga bir qiz dafn qilingan. U juda chiroyli qiz edi. Qishloqdan bosh olib ketgan Hayot cho'ponning arzanda qizi. Suluvligi tillarda doston bo'lgan. Unga ko'plar oshiq edi, jumladan, qabohatga botgan raisning o'g'li ham. Bir kun qizni o'g'irlab ketib, uni butun orzularidan ayirgan. O'sha kecha bechoraning ohini hech kim eshitmagan. Qiz esa es-hushini yo'qotdi. Bir muddat qishloq ko'chalarida tentirab yurdi. Odamlar raisning o'g'li qilgan qabih voqeadan xabardor bo'lishsa-da, uni xo'rladi. Bir kun tongda uni o'z kulbasida shiftga osig'liq holda topishdi. Cho'ldan qaytgan ota qizini himoya qilolmagani uchun qishloqdan bosh olib ketdi. Shundan buyon o'sha xo'rlangan suluvning ruhi olamni bezovta kezarmish.

Men bu gapga bir ishondim, bir ishonmadim. Biroq u tufayli o'g'lim jinniga aylangani rost. Anchadan beri uni olib tabibma-tabib, doktorma-doktor yugurdim, biroq hech narsa foyda bermayapti. O'g'limni qanday hayotga qaytarishni bilmayapman. Yordam bering.

* * *

Iqbol ADILOVA, psixolog:

 

— Insu jinslarning borligi haqiqat. Boshqa olamdagi sharpalar odamlarga ziyon yetkazishi bilan bog'liq ko'p hikoyalarni eshitganmiz. Ammo ularni  yolg'on deyishga tilim bormaydi. Farzandingizning tuzalishi ko'nglingizdagi ishonchga bog'liq. Ishonch balolarni daf qiladi.

Shunday ekan, o'g'lingizni hayotga qaytarishni istasangiz, shifokorning oldiga ham, tabibning oldiga ham ishonch bilan olib boring. O'shanda hammasi yaxshi bo'ladi. Ehtimol, o'g'lingizning so'qir qizga uylanishiga to'sqinlik qilganingiz uchun bu uning ruhiyatiga ta'sir ko'rsatgandir. Nima qilganda ham bolangizning sog'ayishi, avvalo, sizga bog'liq.

Bir sog'lig'i yomonlashgan odam juda ko'p tabiblarning oldiga boribdi, biroq shifo topmabdi. Hammasi uni biroz davolab, uyiga qaytarib yuboraveribdi. Oxiri bemor Luqmoni Hakimning oldiga shifo izlab boribdi. Tabib uning ahvolini tekshirib, tuzalmas dardga chalinganini payqabdi.

— Uch oyda oyoqqa turib ketasiz, — debdi Luqmoni Hakim bemorga.

Oradan uch oy o'tibdi. Bemor chindan tuzalibdi va tabibga bergan dori-darmonlari uchun rahmat aytibdi. «Men senga faqat uyqu dori bergandim. Seni oyoqqa turg'azgan dori emas, balki tuzalishingga bo'lgan samimiy ishonching», degan ekan Luqmoni Hakim.

Ishonch har qanday dardning kaliti, shuni unutmang.

Shahnoza RAHMONOVA  yozib oldi.

(«Hordiq plyus» gazetasi xazinasidan)

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here