SAROB SAHROSIDAGI SAG'IRGINA SANAM…

0

 

 

***

 

«Men Orif akamni u qanjiqqa berib bo'pman! Hozir boray, ko'rsatib qo'yaman unga! Sochini bittalab yulaman…» O'n olti yillik yosh umrini bolalar uyida o'tkazib, shu maskangagina ko'nikkan Madinaning avzoyi buzildi. Na iloj?.. Hali dunyoni yaxshi tanimay turib, ota-onasi bilan avariyaga uchrab, miyasi qattiq chayqalgan edi. Shundan keyin ancha asabiy bo'lib o'sdi. Buning ustiga, hech kimi yo'qligi yana bir dard. Sal jahlini chiqarishsa, go'yoki jodugar qiyofasiga kiradi-qo'yadi. Bunaqa paytlarda hech kim uni to'xtata olmaydi… Orifni sevib, o'sha yigit bilan ovunardi. Unga ishonardi. Amerikalikni topib olibdi, degan gapni eshitdi-yu… «Yo'q… Men Orif akamni qayoqdagi amerikalik jodugarga berib qo'ymayman! Yo'qolsin o'sha Amerikasiga! Bizni tinch qo'ysin!..» — deya o'yladi fig'oni falakka chiqib…

— Senga kim kerak?.. — Darvoza qiya ochilib, ro'parasida Orifning oyisi Munojot opa paydo bo'lganida, Madinaning ko'zlari battarroq chaqnab ketdi.

— Orif akam… Orif akam qani?.. — so'radi u duduqlanib.

— U yo'q… Mehmoni bor… Hoy, menga qara, namuncha meni o'g'limga yopishib olding-a?.. — u o'g'lini bir-ikki marta Madina bilan ko'rgan. Surishtirib, yetim ekanligini bilgach, «Ikkinchi u bilan uchrasha ko'rma!» deya o'g'liga tanbeh bergandi.

— Mehmoni… anavi amerikalik manjalaqimi?.. Chaqirib bering!.. Gapim bor unda… — jahli chiqib ketdi Madinaning.

— Hoy, tentak, og'zingga qarab gapir! Tentakligingni hov yetimxonangga borib qilasan, tuzukmi?!

— Oyi, kim ekan?.. Kimga baqiryapsiz?.. Madina?.. — Hovliqqancha darvozaxonaga chopib chiqqan Orif Madinani ko'rdi-yu, bir muddat rangi oqardi. Bu orada Munojot opa sekingina ichkariga yo'rg'alarkan, Madinaning yupungina kiyimi, oyog'idagi yoniga qiyshayibgina qolgan kavushiga razm solib qo'yishni ham unutmadi.

— Madina… Jonim, tinchlikmi?.. Nima bo'ldi o'zi? — Orif go'yoki hayron bo'layotgan odamdek Madinaning yelkasidan ushladi.

— Nega amerikalik qanjiqminan yuribsiz?.. Uni qaydan topdingiz?.. Va'dalaringiz yolg'onmidi?.. Meni sevmaysizmi endi?.. — Madinaning telbalarcha so'zlanishlarini eshitib turib, Orif beixtiyor kulib yubordi.

— Nima deganing bu?.. Qanaqa amerikalik, qanaqa sevgi?.. Anjelika, axir, tog'amning qizi-ku!.. Nahotki, shunchadan beri sevishib yurib ham menga ishonmasang?.. Nahotki, boshqasiga seni almashaveradi deb o'ylasang?.. Bilsayding… Seni qanchalik sevishimni… Sendan ayrilgan kunim o'lib qolaman-ku, Madina!.. — Orif Madinani qattiq quchoqlab ehtiros bilan o'pa ketdi. — Senga hech kim teng kela olmaydi, jonim! Men seni shunchalik yaxshi ko'ramanki…

— Rost aytyapsizmi?… Aldamayapsizmi?…

— Yo'q… Menga ishon… Faqat o'zimga ishon. Bo'lar-bo'lmasga asabiylashaverma, kasal bo'p qolasan… Senga mumkin emas…

Madina yigitning aldovlariga chippa-chin ishondi. So'zlaridan, qaynoq bo'salaridan butkul mast bo'ldi. Va yetimxonaga qaytgandan so'ng Orifning so'zlarini eslarkan, Anjelikani o'zining o'rnida sira tasavvur eta olmadi.

 

***

 

Toshkentga chet ellardan kelib turadigan turistlarning son-sanog'i yo'q. Kelaverishadi-ketaverishadi. Ular besh yulduzli, shohona mehmonxonalarda yashashadi, eng zamonaviy mashinalarda, avtobuslarda yurishadi. Ammo Anjelika Toshkentni bir-ikki kun tomosha qilgach, negadir fikrini o'zgartirdi. Bu go'zal diyordan hali-veri voz kechib keta olmasligini tushundi. Shundan so'ng unisi-bunisidan surishtirib ijaraga uy izladi. Niyati, bir o'zi yurt kezish, istagan joylarini erkin ko'rish, shaharning jamoliga to'yish edi. Baxtiga, Oriflarning xonadoni, ko'rkamgina hovli to'g'ri keldi. Unga Orif bilan yonma-yon xonani ajratishdi. Ayniqsa, qiz ora-sirada bu kelishgan yigit o'ziga inglizcha bemalol murojaat qilayotganini eshitgan sari quvonar, ba'zi-ba'zida Orifga yer ostidan ma'noli tikilib qo'yar, uni iloji boricha ko'proq suhbatga tortgisi kelaverardi. Bora-bora bu taxlit tillashishlar ko'paygandan-ko'paydi. Goh bildirib, goh xufiyona… Avvaliga Anjelikaning xonasiga Orif kirib-chiqib turgan bo'lsa, keyinchalik… Xullas, o'rtada sevgi deganlari paydo bo'la boshlagandiki, bundan hamma bir tomon-u, Munojot opaning quvonchi bir tomon edi. U o'g'li shunday badavlat, kelishgan, yana til bilmas qiz bilan bemalol gaplashayotganini, Anjelika unga juda mehribon bo'lib qolganini ko'rgani sari g'ururlanar, ko'nglining bir chetida esa, farzandiga kanaday yopishgan Madinani qanday daf qilishni bilmay garang edi.

— Sen inglizchani yaxshi bilarkansan, — deb qoldi bir kuni Anjelika Orifga, — Ham juda samimiy yigit ekansan… Yoqib qolding menga… Seni Amerikaga olib ketsam, nima deysan?..

O'sha kuni Orif ilk bor qizning sochiga, keyin… Oppoq yuzlariga lab bosdi. Yo'q… U Amerika haqida shu tobda go'yo eshitmadi. Qiz, ana shu yoqimtoy Anjelikani yoqtirib qolganini his etgani, uning bag'riga singib borgani sari tobora entikardi.

— Madina degan qiz orqangdan yurishini aytganding, uni nima qilasan?.. — so'radi u Orifning sochlarini beixtiyor siypalay boshlarkan, — Aytib qo'yay, men bilan ketsang, ortga qaytishing qiyin bo'ladi.

— E… Endi… Qayoqdagi kasal qizni deb umrimni o'tkazib yuboraymi?! Sevmayman uni… O'zi yopishib olgan…

— Ketayotganingni bilsa, to'polon ko'tarmaydimi?..

— To'polon ko'tarmaydi… — Orif qizning ko'zlariga ma'noli tikildi, — Ketayotganimizni umuman bildirmayman. Sekingina jo'navoramiz… Keyin bilgan qandini yesin…

Ular to yarim tungacha gaplashib o'tirishdi. Qachon bilet sotib olish, qanday yo'l tutib jo'nash haqida bosh qotirishdi. Shu kecha Orif Anjelikani xonasiga ketishga qo'ymadi.

 

***

 

Madina kelishgan, bo'yi uzungina, jozibador qiz bo'lgani uchunmi, yetimxonadagi yigitlar holi-joniga qo'yishmaydi. Ayniqsa, burnog'i yili bu yerni bitirib ketgan Malikdan Madina juda qo'rqadi. U tez-tez yetimxonaga kelib qizning yo'lini to'sadi, xiralik qiladi, odam bor-yo'q demay nuqul o'ziga tortadi, qayoqlargadir sudrab olib ketmoqchi bo'ladi, qarshilik qila boshlasa, do'q uradi. Afsuski, bu haqda Madina Orifga ayta olmaydi. Negaki, Malik bezori bo'lib ketgan. O'ziga o'xshagan o'rtoqlari ko'p. Yana kimningdir aytishicha, to'pponchasi ham bor emish… «Uf-f… Go'rso'xta yana yo'limdan chiqdi-ya!..» G'ira-shira qorong'ilikda biron-bir yegulik olish ilinjida do'konga yo'l solgan Madina sigaret chekib mashinasiga suyangancha o'zi tarafga tikilib turgan Malikni ko'rdi-yu, beixtiyor rangi oqardi. Aftidan, Malik aynan uni kutayotgan edi.

— Madina, bilaman, bu safar ham meni rad qilasan, — sovuq tirjayib qizga yaqin keldi Malik, — Yana o'sha Orifingni pesh qila boshlaysan, shundaymi?..

— Yo'limni to'smang, do'konga kechikyapman!..

— Yo'q, avval meni eshit. Do'koning qochib ketmaydi… Orif odammas… Hozir men bilan bir joyga borasan… Yo'q desang… Orifga qo'shilib… Senam o'lasan…

— Hecham-da!.. — baqirib yubordi Madina o'zi ham sezmagan holda, — Men sizga o'yinchoqmasman, bildingizmi?! Qoching yo'limdan!.. Men faqat Orif akamni sevaman.

— Ha-ha-ha! — Malik xandon otib kulgan ko'yi Madinaning yuzini ohista chimchiladi, — Shunaqa degin… Chiq mashinaga!..

— Yo'q, dedim senga!.. — Madina bu qo'rqinchli mashinaga o'tirish tugul hatto, yaqin yo'lashni istamasdi. Ammo baribir Malikning vajohati, qolaversa, ikki yoniga turib olgan bir-biridan dahshatli erkaklarning sovuq nigohlari bunga yo'l bermadi va noiloj oldingi o'rindiqqa cho'kdi.

— Menga qara, qizaloq, — Malik motorga o't qo'yishdan avval Madinaning bilagini qattiq qisdi, — Sen bekorga mening muhabbatimni inkor qilyapsan. Qochib qaergayam borarding. Senga va'da berib aytamanki, yaqin orada bag'rimda bo'lasan… Hatto… Meni yechintiring, deb o'zing yalinasan…

— Buni hali ko'ramiz… Men siz o'ylagan qizlardanmasman…

Malik Madinaning bu gapiga javoban hech narsa demadi. Mashina katta yo'l bo'ylab yeldek uchib ketdi. Yo'l-yo'lakay Malik kichik oynadan hamtovoqlariga qarab ma'noli tirjayib qo'yar, Madina esa, bu narsalarning fahmiga hadeganda yeta olmasdi.

Mashina O'rda bekatiga yetgach, Malik rulni anhor tarafga burdi va zarb bilan tormoz berdi.

— Ana, ko'rib qo'y, — dedi u anhor bo'yiga ishora qilib, — Anavi yerda Orif akang turibdi…

— Tursa nima qipti… Dam olib o'tiribdi, xolos…

— Yaxshi, yaxshi… Buni menga qizig'i yo'q… Faqat… Bir narsani senga aytib qo'yay… Hozir yo menga o'zingni topshirasan, yo…

— Nima yo?.. O'ldirasanmi?.. O'ldir!.. He… — Madina kutilmaganda lablari titrab yonidagi beo'xshov tirjayib turgan Malikka qichqira ketdi. U esa, qizning sochlaridan g'ijimlab o'ziga qaratdi.

— Vey, menga unaqa sharmandaliging o'tmaydi… Agar ko'nmasang, Orif akangni shu yerning o'zidayoq so'yib suvga irg'itib ketamiz, bilib qo'y!.. Sening ko'z oldingda o'ldiramiz… — Malik shu gaplarni aytib orqa o'rindiqda o'tirganlarga boshi bilan imlab qo'ydi. Madina aniq ko'rdi. Badbashara yigitlardan biri tashqariga chiqqach, cho'ntagidan so'ytoldek pichoq chiqardi va oyoq uchida yurib borib skameykada astoydil kitob o'qiyotgan Orifning orqasida to'xtadi. «Nahotki, hozir o'ldirib qo'yishsa?.. — o'ylab qoldi ko'zlari qinidan chiqayozgan Madina, — Bu yaramaslarga ishonib bo'larmidi?.. Hozir… Shundoq pichoqni sanchadi-yu…»

Afsuski, u xayolini yig'ishtirib, Malikka so'z qotishga ulgurmadi. Orif garchi Madina o'tirgan mashinadan bexabar bo'lsa-da, bezorining harakatlarini sezib, kutilmaganda o'rnidan turdi-da, uning pichoq tutgan qo'lidan ushlab qattiq qayirdi. Pichoq yerga tushib bezori tizzalab qolgach, epchillik bilan tomog'idan bo'g'ib oldi. Keyin… Nima bo'lganini Madina ko'ra olmadi. Orifning kutilmagan qarshiligidan sarosimaga tushib qolgan Malik hamma narsani unutib, mashinasini yeldek uchirib borar, orqada o'tirgan ikkinchi hamtovog'i nuqul so'kinardi.

 

***

 

Madina yarim yo'lda mashinani to'xtatib, tushib qoldi. Ishlar bu taxlit o'zgarib ketishini kutmagan Malik shu tobda u bilan tortishib o'tiradigan ahvolda emasdi. Shuning uchunmi, Madinaga bir og'iz so'z demay, eshikni ochib qo'ya qoldi…

Madina yetimxonaga borgisi kelmay, to'g'ri parkka kirdi-da, bo'sh o'rindiqlardan biriga cho'kdi. Yuz-ko'zlarini dastro'molchasi bilan artib, sochlarini biroz to'g'rilagan bo'ldi. Sal narida bir-birlarini astoydil erkalab to'ymayotgan yigit-qizlarga qarab turib beixtiyor ko'zlari yoshlandi. «Mening shu qizlardan qaerim kam?.. — xayolidan shu so'zlarni o'tkazgani sari alami kelardi, — To'g'ri, men bularga o'xshab bekamu ko'st emasman. Yiqilsam suyab qoladiganim yo'q… Lekin hammasini bilib-ko'rib sevgandi-ku Orif akam!.. Nahotki… Yo'q, yo'q, nimalar deyapman?.. U hozir ham sevadi… Nima, shu uyatsizlarga o'xshab o'pishib o'tirishimiz shartmi?..» Madina o'z xayollari bilan o'zini tinchlantirgandek ohista ko'zlarini yumdi. Hozir… Anchadan beri eslamay qo'ygan ilk uchrashuvni yana eslagisi, o'sha quvnoq, totli lahzalarga takror va takror qaytgisi kelardi…

O'shanda Madina oltinchi sinfda o'qirdi. Xuddi hozirgidek o'shanda ham asabiy, shaddod edi. Kunlarning birida O'rmon aka degan bir boyvachcha yetimxonadagilarga xayriya tarqatishga kelib qoldi. Yonidagi o'g'ilchasi shu qadar yoqimtoy, quvnoq ediki, Madinaga Xudo berdi. Ular birpasda do'stlashib qolishdi. Ha, bu o'sha Orif edi. Aytgancha, bir kuni u quvlik qilib, Madinani o'pib ham olgan. Duv qizarib, chopqillagancha yotog'iga kirib ketgandi Madina o'shanda… To'g'ri, yoshlari ulg'ayib, oq-qorani tanishgandan keyin ham Orif bir-ikki bor bo'salar olgan… Lekin baribir, o'sha kungisi boshqacha edi…

— Voy, sen bu yerda nima qilib o'tiribsan?.. — Madina kutilmagan tovushdan cho'chib boshini ko'tardi. Tepasida sinfdoshi Karima istehzoli kulimsirab turardi… Bu erkakshoda qiz unga azaldan yoqmaydi. Aft-angori yoqimsizliginiyam qo'yib tursin. U qachon qarasa, Orifni rashk qilar, har qadamda imkon topdi deguncha, sovuq gaplar topib yurar, Madina qancha ko'p xafa bo'lsa, u shuncha quvonardi. Ayniqsa, Anjelika voqeasidan xabar topgandan beri o'zini qo'yarga joy topolmay qolgan. Faqat sevgisini Orifga ochiq aytolmaydi. Yuragi betlamasmish go'yo. Shularni eslarkan, dugonasiga yer ostidan o'qrayibgina qarab qo'ydi.

— Senga nima kerak?.. Yana qanaqangi gaplar topib kelding meni «xursand» qilishga?.. — sovuq iljaydi Madina.

— Voy, oyimqizning bemalol o'tirishini… Bexabarga o'xshaysanmi deyman yangilikdan?..

— Qanaqa yangilik? — Madina achchig'ini yashirolmay dast o'rnidan turdi.

— Orif Amerikaga ketayotganmish-ku!.. — Karima yangilikni ko'zi chaqnab aytdi.

— Hech qaerga ketmaydi… Jig'imga tegishga boshqa gap topolmadingmi?..

— Ie, anu qizni… Uyiga bor ishonmasang… Hamma o'rtoqlarini chaqirib, xayrlashuv kechasi qilyapti… O'zim ko'rdim… Anavi Anjelikasini yoniga olvolgan…

— Nima?.. Hali shunaqami?.. — ortiq so'z deyishga Madinaning toqati yetmadi. Miyasi xuddi tosh tekkandek qattiq g'uvillar, ko'zlari o'zi chopib ketayotgan yo'lakdan bo'lak hech narsani ko'rmasdi.

 

***

 

Karima bu safar aldamagan ekan. Orif haqiqatan ketishga qaror qilgan, ammo hamma ishni imi-jimida hal qilmoqchi edi. Shuning uchun ham Madinaga bildirib o'tirishni, ortiqcha to's-to'polon chiqarishni istamasdi… Eng yaqin do'stlar davrasida (Albatta, ularning barchasi boy-badavlat, dunyo kezgan odamlarning farzandi) yangi sevgilisi Anjelikaning biqinida o'tirib astoydil xursandchilik qilayotgan yigit hozir misoli yettinchi osmonda parvoz qilayotgan kabi kerilib-kerilib qo'yar, o'zicha Amerikadagi bo'lg'usi hayotini xomcho't qilish bilan band edi. Shu payt darvozani kimdir asabiy tepgandek tuyuldi. Bunaqangi keskin muomalaga sira ko'nikmagan Munojot opa jahl bilan darvoza qabatini ochdi-yu, shu zahoti qaytadan yopib o'zini ichkariga oldi va tashqariga chiqqan yigitlardan biri orqali Orifni chaqirtirdi. Bu orada ko'cha tarafdan eshitilayotgan qichqiriq tobora kuchaya borardi.

— Ochi-ing!.. Orif aka-a!.. Nega yashirinyapsiz?.. Oching!..

— Bor, o'g'lim, anavi jinni yana kepti, — Munojot opa shirakayf Orifni darvoza tomonga qarab turtdi, — Bir baloni boshlab yurmasin tag'in… Sengayam hech tushunmayman-da!.. Qayoqdagi qalang'i-qasang'ilarni ilakishtirib yurasan-a!..

Orif indamay ko'chaga chiqqani hamono sochlari to'zg'ib ketgan Madina uning yoqasiga yopishdi.

— Orif aka!.. Ayting, nega aldadingiz?.. Nega o'sha qanjiqqa qo'shilib ketayotganingizni mendan yashirdingiz?.. Axir, siz meni sevardingiz-ku, gapiring!.. — deya duv-duv ko'zyosh to'kardi.

— Madina, o'zingni bos, iltimos… Hozir hammasini tushuntirib beraman…

— Nimani tushuntirasiz-a?.. O'shanga uylanishingiznimi?

— Qo'ysang-chi bunaqa gaplarni!.. Kim aytdi meni o'shanga uylanadi deb?.. Faqat… sen bilan o'zimning kelajagimni o'ylab ketyapman Amerikaga. — Orif Madinani bag'riga bosib astoydil erkalab, ovutarkan, yolg'on deganini to'qib to'xtamasdi, — Axir bu yerda nimaga erishaman?.. Hech narsaga… U yoqdan bo'lsa, bir talay pul topib qaytish mumkin…

— Yo'q, yo'q… Yana aldayapsiz… Qaytmaysiz!.. Qaytarib bo'pti o'shalar… Ketmaysiz…

— Nega ishonmaysan-a?.. Bo'pti, ketmayman hech qaerga… Istaysanmi, ko'z oldingda o'sha yaramas chiptani yirtib tashlayman… Keyin… Keyin ertagayoq senminan ZAGSga ariza tashlaymiz, istaysanmi?..

— Yirting, yirting… O'shanda ishonaman…

Orif cho'ntagidan endigina qandaydir qog'ozlarni sug'urib bo'laklagan ham ediki, darvoza tirqishidan ularni kuzatib turgan Munojot opa otilib chiqdi.

— Hoy, bebosh bola, nima qilib qo'ydi-ing?.. Shu jinnini deb-a?.. Menga qara jinni, psix, yo'qol meni ostonamdan!.. O'g'lim seni tengingmas, tuzukmi?! Bor, o'zingga o'xshagan jinnini topib tegaver!.. Orifni tinch qo'y! U boradi Amerikaga!.. Qani, qo'lingdan nima kelarkin, ko'raman!.. He, ersiramay o'l, tentak!.. Yur, o'g'lim, yetar shuncha yalinganlaring!..

Madina darvoza yopilgandan keyin ham bir muddat turib qoldi va ona-bolaning o'zaro pichir-pichirini aniq eshitdi.

— Hoy, rostdanam chiptani yirtdingmi-a?..

— Oyi, men jinni bo'libmanmi yirtib?! U tarif qog'oziydi shunchaki…

Madina hayotda qanchalar qattiq aldanganini mana endigina tushunib yetgandi. Nima qilsin?.. Bu yog'iga qasos olishdan bo'lak iloji qolmagan edi.

 

***

 

Madina Orifning ertasi kuni uchib ketayotganini aniq eshitdi. Oyisi o'sha darvoza ortida o'zi gullab qo'ydi bilmay. Endi unga bitta yo'l qoldi. Malikning to'pponchasini o'g'irlash…

Madina erta tongda so'roqlay-so'roqlay Malikning kvartirasini arang topdi. Topishga-topdi-yu… O'ylanib qoldi… Nima deydi kirib?.. Gapni nimadan boshlaydi?.. Yo'q… Ulgurishi kerak… Bu imkonni qo'ldan chiqarishi kerakmas…

Madina titray-titray eshik qo'ng'irog'iga qo'l cho'zdi. Baxtiga, Malik uyda ekan. U ostonada o'sha… O'zi bilgan qaysar qizni ko'rdi-yu, kulib yubordi.

— Madina?.. Nahotki o'zing?.. Ko'zlarimga ishonmayman… Aytgandim-ku, o'z oyog'ing bilan kelasan deb!.. — Malik o'zini kulgidan to'xtatolmay, qizning yelkasidan ushladi. Keyin… Ichkariga tortdi. Madina esa, zarracha qarshilik ko'rsatmas, hatto bu yigit bo'sa ola boshlaganda ham, beixtiyor pishillab yechinayotganda ham go'yoki karaxt qiyofasiga kirgan edi.

— To'xtang!.. — U endigina shimini yechishga o'tgan Malikning bilagidan tutdi. — Orif Amerikaga uchib ketdi… Butunlay… Siz endi murodingizga yetasiz. Men siznikiman… Faqat avval vannada cho'milib chiqing!.. Otga o'xshab ter hidi anqib yotibdi sizdan…

— Bo'pti… Voy-bo'!.. O'lib ketarkanmiz-da endi!.. — Malik norozi uf tortib, vannaxonaga kirib ketishi hamono Madina hammayoqni ag'dar-to'ntar qilishga tushdi. Hech bir burchakni ko'zdan qochirmadi. Hash-pash deguncha bir qancha dollarlar, keyinroq lattaga o'ralgan o'sha… To'pponcha qo'liga kirgach, jonholatda o'zini tashqariga urdi. Malik esa, hanuz hech narsadan bexabar, qandaydir qo'shiqni xirgoyi qilgancha cho'milish bilan band edi.

— Orif aka!.. Men aytgandim-ku!.. Iltimos qilgandim-ku!..

Bir talay kuzatuvchilar orasida turgan Orif o'zidan o'n-o'n besh qadam narida to'pponcha o'qtalgancha betinim titrayotgan Madinani ko'rdi-yu…

— Madina… Bu nima qilganing-a?.. Men ketayotganim yo'q hech yerga… Mana, Anjelikani kuzatgani chiqdim, xolos… Tashlasang-chi qo'lingdagini!.. O'zing aqlli qizsan-ku!.. Mana, boryapman… Bag'rimga bosaman-u, ikkovimiz ZAGSga boramiz…

— Yo'-o'q!.. — to'pponchaning qayta-qayta varanglagan ovozi atrofni tutdi. Kimdir talvasa ichida tashqariga chopgan, yana kimlardir dod solib baqirgan… Madina yerga yuztuban qulagan Orifning jasadiga hech kimni yaqinlashtirmay to'sib olgancha telbalarcha qichqirishdan to'xtamasdi:

— Ol, mana, qanjiq!.. Olmaysanmi?.. Niyatingga yetding-ku!.. O-ol!..

Olimjon HAYIT

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here