Islomda xotin-qizlarning haq-huquqlari

0

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

«Bir bokira qiz Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, otasi uni yoqtirmasa ham erga berganini zikr qildi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ixtiyorni uning o'ziga berdilar».

Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilganlar.

Sharh: O'sha qiz nikohda qolishni iroda qilsa, nikoh aqdi kuchga kiradi, bo'lmasa yo'q.

Bu ish Islomda xotin-qizlarning erki, haq-huquqlari qanchalik rioya qilinishini ko'rsatadi. Zotan, shu hukmdan boshqasi to'g'ri ham emas. Chunki nikoh – umr savdosi, ko'ngil masalasi. Ko'ngliga yoqmagan odam bilan bir yostiqqa bosh qo'yib, umr bo'yi yashash oson bo'libdimi? Odatda, erkaklar avval o'zlari talabgar bo'lib, rozi bo'lgach, sovchi qo'yganlaridan ularning roziligi haqida rivoyatlar kelmagan. Rozilik borasida asosan xotin-qizlar haqidagi rivoyatlar kelgan. Bu hayotning taqozosidir.

1919. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Qaysi ayol o'z valiylarining iznisiz nikohlansa, bas, nikohi botildir», deb uch marta aytdilar. Va:

«Agar (er) u bilan qovushsa, u(ayol)dan huzurlanganligi uchun unga mahr (beradi). Agar tortishib qolsalar, valiysi yo'qning valiysi sultondir», dedilar».

Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.

Sharh: Jumhuri ulamolar ushbu hadisni dastak qilib, «Valiysiz va uning roziligisiz nikoh joiz emas», deydilar. Bunga qo'shimcha ravishda yana bir necha oyat va hadislarni ham dalil qilib keltiradilar.

Hanafiy mazhabi ulamolari esa «Nikohning to'g'ri bo'lishiga valiyning ishtiroki shart emas», deydilar. Ular ham uchta oyat va bir nechta hadislarni dalil qilib keltiradilar. Ushbu hadisni esa «Komil nikoh haqida», deydilar. Ya'ni ular «Bu «Valiy ishtirok etmasa, komil nikoh bo'lmaydi», deganidir», deyishadi.

Hanafiy ulamolar o'z fikr-ijtihodlarini quvvatlash uchun naqliy dalildan tashqari, aqliy dalil ham keltiradilar. «Shariat, – deyishadi ular, – balog'atga yetgan qiz bolaga o'z molu mulkida o'z ixtiyori bilan tasarruf qilish haqqini bergan. Nafs uning uchun moldan ko'ra yaqinroq va azizroqdir. Qanday qilib ayol kishi o'z nafsida o'z holicha tasarruf qila olmaydi?!»

Lekin bu tortishuv ko'proq ulamolar orasidagi nazariy tortishuvlar doirasidan nariga o'tmaydi. Amalda esa valiy hamma joyda bor. Hanafiylar ham valiy kim, uni ixtiyor qilish qanday bo'ladi va hokazo masalalarni batafsil bayon qiladilar.

Ko'pincha valiy ota bo'lishini, ota yo'qligida uning o'rnini bosuvchi kishi bo'lishini e'tiborga olsak, bu masala yana ham oydinlashadi.

Oila qurayotgan yosh yigit-qizlarning ota-onasini, yaqin qarindoshlarini norozi qilib, nikohdan o'tishlarini hech kim ma'qullamaydi. Chunki ota-ona, yaqin qarindoshlar o'z bolasiga, yaqiniga hech qachon yomonlikni ravo ko'rmaydilar. Ular nikoh, oila, er-xotinlik masalasida katta bilim va hayotiy tajribaga ega bo'lganlari uchun o'z farzandlari va yaqin kishilariga maslahat berish, yaxshi yo'l ko'rsatishga harakat qiladilar.

Yosh yigit-qizlarning esa boshqa turli ishlar kabi, nikoh masalasida ham bilim va tajribalari kam bo'lganligi uchun ota-onalari, yaqin qarindoshlarining nasihatlariga amal qilishlari lozim sanaladi. Hamma ulamolarimizning nasihatlari shu.

«Valiysiz nikoh bo'lmaydi» degan hukmga amal qilinganda, mabodo shu xilda nikoh bo'lib, er ayol bilan qovushmay turib, nikohlari buzilsa, hech gap yo'q. Ammo qovushib qolgan bo'lsalar, nikohi buzilgan taqdirda ham, ayolga er qovushgani sababli mahr beradi.

«Valiysiz nikoh bo'lmaydi», degan hukmga amal qilingan chog'da nasabiy valiylar topilmasa, sulton, ya'ni hokim valiy bo'ladi.

«Hadis va hayot» kitobidan

loading...