Buxorodagi tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun harbiylar 2,5 milliard so'm pul yig'ishdi

0

Ma'lumki, shu yilning 27 aprelida qo'shni Turkmaniston hududidan kirib kelgan kuchli shamol mamlakatimizning Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi infratuzilma hamda ijtimoiy ob'yektlarga jiddiy zarar yetkazdi. Tabiiy ofatdan Buxoro viloyatining Olot va Qorako'l tumanlari eng ko'p zarar ko'rdi.

Mamlakatimizda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo'yicha tezkor chora-tadbirlar ko'rilib, bu haqida Prezident farmoyishi qabul qilindi. Shuningdek, turli aksiyalar orqali butun mamlakatimizdan Buxoro viloyatiga yordam ko'rsatish boshlandi.

Jarayonda harbiy xizmatchilar ham faol bo'ldi. Ular aholining uy-joylarini tiklash, kommunikatsiya vositalarini ta'mirlash, zarar yetgan infratuzilma va ijtimoiy ob'yektlar faoliyatini qayta yo'lga qo'yish hamda boshqa ishlarda yurtdoshlarimiz yonida bo'lib, ular bilan yelkama-elka mehnat qilishdi. Fidoyi harbiy xizmatchilar bu bilan to'xtab qolmasdan, xayr-saxovat borasida ham ilg'orlardan bo'lishdi.

Ya'ni Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari tomonidan Buxoro viloyatida ro'y bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga ixtiyoriy ravishda 2,5 milliard so'mdan ortiq pul mablag'lari yig'ib berildi. To'plangan pullar Buxoro viloyati hokimligi hisob raqamiga o'tkazildi.

 

 

loading...