Farg'onadagi soy va kanallarga baliqlar qaerdan kelib qoldi?

0

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg'ona viloyatidagi suv omboridan baliqlar chiqib ketib, aholining ularni ovlayotgani haqida turli xabarlar tarqalmoqda. Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining axborot xizmati bilan bog'lanib, masalaga oydinlik kiritdik.

Farg'ona viloyatida 3 ta suv ombori mavjud bo'lib, mazkur suv omborlarida tadbirkorlarga baliqchilik bilan shug'ullanishlari uchun qonun doirasida imkoniyatlar yaratilgan. 2020 yil 26 may kuni Yozyovon tumanidagi baliqchilik bilan shug'ullanayotgan tadbirkorning baliq saqlash ko'lidagi suvning tashqariga chiqish qismida himoya to'ri texnogen omillar ta'sirida ochilib ketgan. Natijada eskirib yirtilgan sim to'rlar orasidan baliqlarning bir qismi suv ombori atrofidagi soy va kanallarga oqib chiqqan.

Mazkur holat bo'yicha boshqarmaning ekoinspeksiyasi va Yozyovon tuman inspektorlari tomonidan tezkor reydlar tashkil qilinib, tunu kun nazorat qilinmoqda. 27-28 may kunlari Yozyovon suv omboridan chiqqan baliqlarni fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda ov qilayotgan 9 nafar huquqbuzarlarga nisbatan 12 million 320 ming so'm miqdorida jarima va 10 million 813 ming so'm hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar hisoblangan.

Bundan tashqari, 300 metrdan ortiq eskirgan to'rlar yig'ib olinib, belgilangan tartibda yo'q qilindi. Reyd tadbirlari davom etmoqda.

M. Sulaymonov, O'zA

loading...