Koronavirus sababli Avstraliyada 100dan ortiq gazetani chop etish to'xtatiladi

0

Koronavirus pandemiyasi sababli bosma nashrlardagi reklamalardan keladigan daromad pasayib ketgan.

«News Corp.» mediakorporatsiyasi Avstraliyadagi yuzdan ortiq gazetani chop etishni to'xtatadi. Bu haqda korporatsiyaning Avstraliyadagi bo'linmasi rahbari Maykl Miller ma'lum qildi, deb yozmoqda «kun.uz».

Uning so'zlariga ko'ra, 36 ta gazeta butunlay yopiladi, qolganlari esa 29 iyundan raqamli shaklga o'tadi.

Maykl Miller bu ko'plab ishdan bo'shatishlarga olib kelishini tasdiqladi.

Uning aytishicha, korporatsiyaning raqamli nashrlari auditoriyasi 60 foizga o'sishiga qaramasdan, koronavirus pandemiyasi sababli bosma nashrlardagi reklamalardan keladigan daromad pasayib ketgan.

Millerning qayd etishicha, bo'linma faoliyatini qayta ko'rib chiqish natijasida koronavirus pandemiyasi sababli jabr ko'rgan ko'plab bosma nashrlarni saqlab qolishdan ma'no qolmaganligi ma'lum bo'lgan.

«The Sydney Morning Herald» va «The Age» nashrlarining hisob-kitoblariga ko'ra, kompaniyani restrukturizatsiya qilish oqibatida 500dan ming nafargacha kishi ishini yo'qotishi mumkin.

«The Australian», «The Daily Telegraph» va «The Herald Sun» kabi gazetalarni nashr etuvchi «News Corp.» avvalroq, Buyuk Britaniya va Avstraliyadagi ko'rsatkichlar pasayib ketganligi sababli daromad 7,8 foizga tushib ketganligini bildirgandi.

loading...