Soxta DXX xodimi ushlandi (video)

0

DXX xodimlarining prokuratura va ichki ishlar organlari vakillari bilan Qarshi shahrida o'tkazgan tezkor tadbiri davomida fuqaro Furqat Ochilov firibgarlik yo'li bilan Nishon tumani ichki ishlar bo'limi profilaktika inspektoridan 200 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, F.Ochilov profilaktika inspektoriga qo'ng'iroq qilib, o'zini DXX xodimi deya tanishtiradi va unga nisbatan Nishon tumanidagi dehqon bozori hamda tuman xokimligi oldidagi 2 ta holat bo'yicha videoyozuv borligini aytib, aldaydi. Agarda 200 AQSh dollari bersa go'yoki profilaktika inspektorining noqonuniy xatti-harakatlari tasvirlangan ushbu videoyozuvlar bilan bog'liq muammoni hal qilib berishini bildiradi.

Tezkor tadbir davomida Kitob tumanida tug'ilgan F.Ochilovning yonidan DXX Chegara qo'shinlarining soxta guvohnomasi va bir nechta fuqarolarning pasport nusxalari hamda fotosuratlari topildi. Shuningdek, u vaqtinchalik yashab kelgan Nishon tumani “Ulug'bek” MFYdagi uydan leytenant unvonidagi DXXning harbiy kiyimi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Ta'kidlash lozimki, mazkur shaxs muqaddam firibgarlik bilan bog'liq jinoyat sodir etganligi uchun unga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan jinoyat ishi qo'zg'atilib, qidiruv e'lon qilingan.

Hozirda tergov harakatlari doirasida F.Ochilovga soxta guvohnomani kim tayyorlab bergani va undan jabr ko'rgan yana boshqa fuqarolarni ham aniqlash bo'yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

loading...