SUSANNA… (5-qism)

0

 

 

* * *

 

Ajab!.. Shu mahalda Sharifalarning chirog'i o'chmabdi. Kimdir qorong'ilikda piq-piq yig'lamoqda.

Bu… Sharifaning o'zi-ku!.. Nahotki, mijja qoqmay mening ko'yimda kuyib yonayotgan bo'lsa?.. Nega?.. Axir, aza biz ruhlarni bezovta qilishini, chirqillatishini bilardi-ku! Nima sababdan marhum erining tinchini buzishga qaror qildiykin? Buning o'rniga hov anavi o'tinxonaga bittagina sham yoqib qo'ymaydimi? Men o'sha sham tepasiga borib aylanmaymanmi!?.

— Ha-a, — o'yladim yuragim siqilib. — Shuning uchun qalbim bezovta bo'lgan, meni shu yoqqa yetaklagan ekan-da!.. Gap buyoqda ekan. Bezovtalik majbur etibdi meni…

— Sharifa! — ovoz berdim ohista.

Xotinim beixtiyor yig'lashdan to'xtadi-da, o'rnidan turib atrofga alangladi.

— Kim u?.. Kim deyapman?..

— Eshitdimi ovozimni? — so'radim o'zimdan o'zim. — Yo yaqin insonlar ruhlarni ham eshitishlari mumkinmi?

— Men Qodirman! — dedim balandroq tovushda. — Eshitayapsanmi meni?..

Sharifa ovoz kelgan tarafga chopdi…

Indamay turaverdim.

Bilardim, baribir u meni ko'rmaydi. Mayli, tovushimni payqagandir, ammo qiyofamni hech qachon ko'ra olmaydi. Chunki jasadim begona uyda yotibdi…

— Siz?.. Qodir aka, o'zingizmi?..

Afsuski, xotinim meni ko'ra oldi. Ha, u xo'rsina-xo'rsina kelib bo'ynimga osildi.

— Axir… Men o'lganman-ku! — deya oldim arang. — Eshitayapsanmi, sen quchib turgan ruhim xolos.

— Nimalar deyapsiz?.. Siz o'lgan emassiz! Xayolingiz joyidami?.. Menga qarang, tuzalib qoldingizmi? Hech qaeringiz og'rimayaptimi?.. Nega jimsiz? Gapirsangiz-chi, Qodir aka!..

— Qo'yvor meni! — Sharifaning qo'llarini bo'ynimdan olib tashladim-da, ortga tislandim. — Sen xato qilayapsan! Men o'lganman, eshitayapsanmi, o'lganman! Axir, o'z qo'llaringminan yuvgich ayolnikiga olib bording-ku!.. Men… Orqaga qaytishim kerak… Farishtam kutayapti meni!.. Agar yonida yo'qligimni bilsa, ranjiydi. Endi sen… Sabrli bo'l! Hadeb kuyaverma! Hali o'zingga mos yigitni topasan.

— Yo'-o'q!.. — baqirdi Sharifa qaytadan meni quchib.

Uning hayqirig'ini eshitib qaynonam oyoq yalang chopib chiqdi.

— Qodirjon!.. Voy Xudoyimga shukr-ey!.. Iloyim Farzinisa omon bo'lsin!.. Oposh bo'ldingizmi, bolam?..

— Ena, kuyovingiz aqldan ozib qopti! — battarroq qichqirdi Sharifa. — Nuqul o'lganman, arvohman deb meni qo'rqitayapti!

— Qo'ying, bolam, unday qilmang! Yuring, issiq xonaga kiramiz!.. Qaynoq choy damlab beraman! Yura qoling!..

Shu tobda xayollarim chalkashib ketgandi…

Bo'g'zimga nimadir tiqilgan kabi engashib oldim.

O'qchiy boshladim.

Ko'z o'ngimni qorong'ilik bosib, boshim gir-gir aylanayotganini his etdim.

Sharifa orqamdan kelib boshimni mahkam bosib turar va yig'i aralash shivirlardi:

— Qusing, Qodir aka, qusavering!.. Qo'rqmang!..

Nimadir boshimga qattiq urilgandek bo'ldi. Miyam g'uvillab, qandaydir beo'xshov tovushlar quloqlarim ostida shang'illadi va hushimdan ketdim.

Ko'zimni ochganimda tepamda Sharifa mung'aygancha o'tirardi. Bir-ikki chuqur-chuqur nafas olishga urindim. Ko'ksimda og'ir tosh turgan kabi buning uddasidan chiqa olmadim.

Sal o'tmay qornimda qattiq og'riq turib ihlay boshladim.

— Sizga nima bo'ldi? — peshonamga kaftini bosdi Sharifa. — Qaeringiz og'riyapti?

— Q-qornim… — deya oldim zo'rg'a. — Ko'nglim ayniyapti…

— Xudoyim-ey! — Sharifa dast o'rnidan turdi-da tog'oracha keltirdi. — Mana, shuning ichiga qusavering! Men… Men do'xtir chaqiraman!..

Bilmadim… Qanday dardga yo'liqdim-u, oldinda meni qay balolar kutayapti ekan…

Shu tunni og'ir dard iskanjasida o'tkazdim. Vrachlar kelib oshqozonimni yuvishgach, og'riq allamahalgacha pasanda bo'lmadi. Tongga yaqingina alahlay-alahlay ko'zim ilinibdi.

 

* * *

 

Ertasi kuni allakimlarning baralla suhbatidan uyg'onib ketdim. Xona nimqorong'i edi.

Tashqariga quloq tutdim. Tanish ovozlar…

— Biz Qodirjon bilan er-xotinmiz, — derdi bir ayol. — Uning sizda ko'ngli yo'q, bildingizmi?!.. Chaqirib bering erimni!..

Birpasga boshim g'uvillab ketgandek, yuragim bir ko'tarilib tushgandek bo'ldi…

— Farishtam! — deya telbalarcha tashqari eshikni ochib ayvonga chiqdim. — O'zimning farishtam!..

— Ana, ko'rdingizmi?.. — Yuzlarini ajin bosgan, harir durrani boshiga tang'ib boylab olgan o'rta yashar ayol men tomon talpindi. Lekin Sharifa va qaynonam uni yuqoriga chiqarishmadi…

To'xta! Bu ayolni qaerda ko'rganman o'zi?.. Nega meni tap tortmay erim deyapti? Kim o'zi? Qaerda ko'rishganman?..

— Qodir aka, — menga yuzlandi Sharifa. — Manavi nusxani taniysizmi?..

— B-bilmadim… — dedim hafsalam pir bo'lib. — U…

— Voy, kechagina «farishtam» deya bag'ringizdan bo'shatmay o'tirgandingiz-ku! — baqirdi menga ayol. — Endi nega tonayapsiz?..

— Sharifa, — xotinimga yuzlandim men. — Bu kim o'zi?..

— Bumi? — endi qaynonam oldinga chiqdi. — Shu yaramas Farzinisa folbin bo'ladi… Mazangiz qochib, o'zingizni bilmay yotganingizda shunikiga dam solib qo'yar degan umidda olib borgandik… Ha-a, bekorga bu yigitni tashlab ketinglar demagan ekan-da! Oralaringda bir nima bor ekan-da-a?.. Gapiring, kuyov!..

Bu gaplardan so'ng nimalarnidir eslagandek, allambalolarni fahmlagandek bo'ldim…

Ko'z o'ngimda yaqin o'tmish gavdalandi.

— Sharifa, — dedim titrab. — Bu ayol meni o'lgansan, men farishtangman degandi… Es-es bilaman, hushim o'lda-jo'lda yotganimda duolar o'qidi. Keyin… Men o'zimga keldim… Karaxt ekanman chog'i… O'zim ham allaqachon o'lganman deb xayol qildim… Ha, jasadimniyam ko'rdim!.. Keyin… Eslolmayman…

— Ana, ena, ko'rdingizmi?!. — Sharifa jonholatda borib ayolning yoqasidan oldi. — Mana shu erimga ilmi-amal qilgan, ena!.. «Amal» ichirgan unga!.. Do'xtirlar aytdi-ku, yomon narsa ichib qo'ygan deb!.. Hozir buni…

Sharifaning jahdidan azbaroyi qo'rqib ketgan ayol nuqul uning qo'llarini yoqasidan olib tashlashga harakat qilar, lekin kuchi yetmasdi.

— Qo'y, qizim, — qaynonam ohista yurib bordi-da, Sharifani ayirib oldi. — Qo'shnilarning oldida sharmanda bo'lmaylik! Xudoga solgin-u, qo'ygin! Bundaylarning jazosini Xudo bersin! Endi-chi, Farzinisa, obro'ying borida jo'nab qol! O'g'lim kep qolsa bormi, naq bo'g'izlab qo'ya qoladi… He betingdan buzilgur, jodugar!..

Ayol bir muddat nimadir demoqchidek kalovlanib turgach, rangi paxtadek oqargancha hovlidan chiqib ketdi…

Sharifa esa qo'ltig'imga kirib meni ichkari uyga yetakladi…

Men endi-endi hammasini tushunib yeta boshlagandim.

Demak, o'lmagan ekanman. Jodu ta'sirida alahlabman… Jasad, xotirjamliklar… Hammasiga o'sha karaxtlik, zamonaviy tilda aytganda, gipnoz ta'siri sabab bo'libdi.

Shu jodugar ayol ko'zlarimga farishtadek ko'rinibdi. Uni suyib erkalabman… Qanday qilib?..

Nahotki, yana baloga yo'liqqan bo'lsam?.. Sharifaga xiyonat qildimmi hali? Yoshi qirqqa yaqinlagan ayol bilan-a?.. Qanday yuz bilan uning ko'zlariga qarayapman?..

Qalbim uyg'ongandek, ming pushaymonlar bilan xotinimga zimdan nazar soldim.

Yo'q, Sharifaning ko'zlarida nafrat cho'g'ini ko'rmadim. U hamon menga dardli nigohlar ila boqardi.

Bu holat ko'zlarimni moshdek ochib, yuragim og'ridi, alam va nadomatlar olovida kuyib jufti halolimning tizzalarini quchdim-u, bor ovozda dodlab yubordim:

— Meni kechir, Sharifa!!!

 

* * *

 

Oradan bir oy o'tib, o'zimga kela boshladim. Vujudimni dastlabki kunlardagi behollik butunlay tark etgan, ishtaham yaxshi, boshim ham aylanmayotgandi. Sharifa har kuni atrofimda aylanib-o'rgilar, «uni yeng, buni yeng» deyaverib holi-jonimga qo'ymasdi. Endi chinakam oilaviy baxtga erishayotgandek edim. Ammo baribir yengil nafas ololmasdim. Chunki ichkuyovligim qalbimni ezardi.

Bu uyga begonaligim va tabiatan odamoviligim meni butkul yovvoyiga aylantirib qo'ygandi.

Xotinimning uyiga kelganimga ham bir oydan oshdi. Lekin haligacha hovliga chiqib sayr qilishga-da yuragim dov bermaydi. Tashqariga chiqsam, xuddi bu uydagilar menga ola qaraydigandek, orqavarotdan pichir-pichir qila boshlaydigandek tuyulardi.

Hovliga chiqsam-u, Sharifaning akasi menga baqira boshlasa-chi? deya o'ylardim o'zimcha. Yoki opasi ochiqchasiga lab burib, masxaraomuz tirjayib qo'ysa-yu, bu holatiga ko'zim tushib qolsa, qanday ahvolga tushaman? Adoyi tamom bo'laman-ku! Bundan ko'ra yer yorilsa, yerga kirib ketganim yaxshi emasmi? Xudoyim, yashash, erkin nafas olish buncha mushkul bo'lmasa!?. Qachon shunday kun kelarkanki, hech narsani o'ylamay, hech kimdan hadiksiramay, o'ynab-kulib yasharkanman?! Shunday hayot kechirishga nahotki haqqim bo'lmasa? Axir begona shaharga borib ko'chalarda tentirib yurgan chog'larimda ham bu qadar tushkun kayfiyatga asir bo'lmagandim! Yonimda Sharifa erkalanib o'tiradi-yu, uning sochlarini silashga, emin-erkin bag'rimga olishga qo'rqaman. Go'yoki hozir uyidagilardan biri kirib qolib meni sharmanda qiladigandek, ta'na toshlarini ota boshlaydigandek bezovtaman. Qaniydi, xaroba bo'lsayam kichik bir kulbaning egasi bo'lsam! Hech kimga bo'yin egmasdim, hech narsadan hayiqmasdim. Mayli, toshdek qattiq bo'lsa-da, bir burda nonimni o'zim topib yerdim. Qachon keladi o'sha kunlar? Yo bir umr sig'indilik azobini tortamanmi? Undan ko'ra o'lib ketsam yaxshi emasmi?

Shu payt xona eshigi g'iyqillab ochilib, xonaga Sharifa kirdi. Uning chehrasi ochiq, yuzlaridan mamnunlik balqib turardi.

Xotinim jilmaygancha keldi-da, yonimga o'tirib boshini yelkamga qo'ydi.

— Zerikmadingizmi? — muloyimlik bilan so'radi so'ng. — Negadir g'amginsiz? Yo tag'in biror yeringiz og'riyaptimi?

— Ko'zlaringizga qarashga botina olmayapman, — dedim yuzimni ters burib. — Xiyonatim uchun o'zimni o'zim kechira olishim qiyin.

— Qo'ysangiz-chi, bunga siz aybdor emassiz. Yomonlar bizni ayirmoqchi bo'lishdi. Men sizni kechirganman. Agar hushyor bo'lsangiz, hushingiz o'zingizda bo'lsa, bu ishga qo'l urmasdingiz. Tushunaman-ku.

Men bosh irg'ib, Sharifaning so'zini ma'qulladim.

— Ko'rdingizmi, — davom etdi Sharifa. — Hayotda shunaqangi iflos ayollar ham bor ekan. Birovning erini tap tortmay o'ziniki qilib olishdan uyalishmaydi ham.

— Bas! — dedim qo'rqa-pisa Sharifaning lablariga kaftimni bosib. — Hadeb eslatavermang! Shundog'am bo'larim bo'lib turibdi.

— Hovliga chiqsangiz bo'lardi, — dedi Sharifa tashqariga ishora qilib. — Enam ikkalamiz mazali manti pishirdik. Birgalashib yerdik.

— Chiqmayman, — dedim qat'iy ohangda. — Tashqaridan begona ayollarning ovozi kelayapti. Sharmanda bo'lishni xohlamayman.

— Voy, nega sharmanda bo'larkansiz? Qo'shnimiz Oynisa xola chiqqan, xolos. Nima qipti? Siz ayb ish qilmadingiz-ku!

— Sharifa! — men xotinimni ikki yelkasidan tutib o'zimga qaratdim. — Ichkuyovlik oson emas ekan. Odamlarning ko'ziga ko'rinishga uyalib ketayapman. Tushunsangiz-chi! Sira ko'nika olmayapman!

— Xo'p, xo'p, — Sharifa ko'ksimga boshini qo'ydi-da, og'ir xo'rsindi. — Unda meni erkalang! Yengil tortasiz. Chiqmayman desangiz, mantini shu yerga olib kelaman. Ikkovlashib mantixo'rlik qilamiz. Yo kim ko'p manti yeyishga musobaqa o'ynaymizmi?

Sezib turibman. Xotinim ko'nglimni ko'tarishga, o'rtadagi dilxiraliklarni unittirishga jon-jahdi bilan urinayapti. Ha, unga ham oson emas. Bir yoqda men, ikkinchi tarafda onasi, yaqinlari… Hammamizning qosh-qavog'imizga qarashi, «Ishqilib arazlamasin, jahl qilmasin, tushkunlikka tushmasin, yomon kayfiyatda bo'lmasin» degan o'ylar miyasini kemirishi aniq. Bunday og'ir yukni ko'tarishning o'zi bo'lmaydi…

Shu tobda xona eshigi taraqlab ochildi-da, ozg'in jussali, yoshi endi o'n oltiga yaqinlashgan kichik qaynsinglim Dilnoza kirib qoldi.

Juda g'alati bo'larkan. Misoli og'ir gunoh qilib qo'ygan odam kabi Sharifani qo'yib yubordim-da, beixtiyor o'rnimdan turib ketdim. Xotinimning o'zi ham noqulay vaziyatda qolganini qizargan yuzlaridan sezib turardim.

— Dilnoza, eshikni taqillatib kirsang bo'lmasmidi? — shosha-pisha sochlarini to'g'rilarkan, singlisini jerkib berdi Sharifa. — Uyda pochchang bilan o'tirgan bo'lsak, mundoq o'ylamaysanmi?..

Dilnoza bir muddat tek qotib turdi-da, lablarini burdi.

— Nima, o'zimning uyimgayam taqillatib kiraymi? — dedi gezarib. — Ja g'alati ekansiz-ku, opa!..

— Kerak bo'lgandan keyin taqillatasan! — bo'sh kelmadi Sharifa. — Taqillatmay ko'rgin-chi!..

— E, boring-e! Xo'jayinlik qiladigan davringiz o'tgan! Borib qaynsingilchalaringizga xo'jayinlik qiling!

Qizaloqning bu gaplari suyak-suyagimdan o'tib ketdi. Nima demoqchi bu tirmizak? Shu uyda o'tirganimni yuzimga solmoqchimi? Balki «Opa, qanaqa er topgansiz o'zi? Uy-joyi bor, tayinlirog'ini topsangiz bo'lmasmidi» demoqchi bo'layotgandir. Shu kichkinagina qiz ta'na qilishga jazm etgan bo'lsa, qolganlaridan nima kutay?

Ikki og'iz gap meni adoyi tamom qilayozgandi. Sharifaning yupatishlari ham qulog'imga kirmadi. Hissiz bir kimsadek burchakdagi yostiqni quchoqlagancha yuztuban yotib oldim.

Qancha yotganim yodimda yo'q. Vaqt shomga yaqinlashibdi chog'i ayvon chirog'ini yoqib qo'yishibdi.

Tashqarida Sharifaning kimgadir qattiq-qattiq gapirgani qulog'imga chalinib, boshimni ko'tardim. Qop-qora parda ortidan hech kimni ko'rib bo'lmasdi.

Bir mahal qaynonam Zarifa xolaning allakimga gapirayotganini eshitib qoldim.

— Kuyov juda yovvoyi, landovurroqmikan-ey! — derdi zardali ohangda. — Tashqarigayam chiqmaydi. Uzzukun uyga qamalib yotgani-yotgan. Ovqatiniyam qizim sho'rlik oldiga opkirib berayapti-da, Unsinoy!..

— Voy, shunaqasiyam bo'larkanmi? Es-hushi joyidamikan, ishqilib?

— Qaydam. Qizimning peshonasi qursin! Kelib-kelib yetimcha, odamovi, qaysar erga duch keladimi. Ming marta aytdim, shoshmaylik, uyoq-buyoqdan surishtirib ko'raylik deb. Quloq solmadi. O'lsam o'lamanki, shunga tegaman, deb turib oldi.

— Taqdir-da, egachi, — dedi suhbatdoshi. — Qo'yavering, yaxshi bo'p ketar.

— Yaxshi bo'lmay ham qurib ketsin! Mayli, uyimda erkak yo'q. O'g'lim Normatvoy hali yosh, kuyov bo'lsayam o'g'illik qilsa, og'irimni yengil qilar deb o'ylagandim. Men ahmoq o'lar holatda yotsa, jonim chiqquday bo'lib zir yuguribman, yig'labman, qizimni urishibman. Adashibman, o'rgilay, adashibman. Bitta nonxo'r kelib qo'shilishini bilmagan ekanman.

Indamadim. Boshimni devorga tiragancha o'tirib qoldim.

Tag'in buvijonimning shirin so'zlarini qo'msadim. Xafa bo'lganimda tizzasiga bosh qo'yib ovungan chog'larimni sog'ina boshladim.

«Buvijon», deya hayqirardi qalbim yig'lab. «Shundoq qo'shni qishloqda yashayapman. Sizgacha bir hatlab yetgulik yo'ldaman. Afsuski, yurak yutib yoningizga bora olmayapman. Tog'amning g'azabli nigohlaridan cho'chimasam-da, keksaygan paytingizda sizlarning tinchingizni buzgim kelmaydi. Bilaman, agar borsam, tog'am albatta, yana janjal ko'taradi. Men ham bo'sh kelmayman. Xo'sh, unda nima bo'ladi? Katta mushtlashuv bo'ladi. Sizlar o'rtaga tushasiz. Keyin-chi? Mast holda bobom ikkingizga qo'l ko'tarsa qo'ysa, chiday olmayman. U yaramasni o'ldirib qo'yishdan qo'rqaman. Unda siz ham, bobom ham tamom bo'lasiz. Yo'q, bormayman, buvijon, bora olmayman! Eshitayapsizmi, ta'nalar, qarg'ishlar girdobidan qutula olmayotgan bo'lsam, o'zim aybdorman. Taqdirni ayblashga haqqim yo'q.

Ichkuyovlikning ilk kunlaridanoq men tatib ko'rmagan alamlar qolmadi. Faqat Sharifa qoldi nochorligimni yuzimga solmagan. Agar undan ham shu so'zlarni eshitadigan bo'lsam chiday olmasam kerak. Katta, serqatnov ko'chalarni makon tutsam kerak, buvijon! Vokzallardagi uysiz, qarindosh-urug'siz piyonista daydilarga hamroh bo'lsam kerak…

Beixtiyor ko'zlarim namlandi. O'pkam to'lib, bo'g'zimga nimadir tiqilgandek bo'ldi. Nafas olishim qiyinlashib, hansiray boshladim. Telbalarcha o'rnimdan sakrab turdim-da, kiyim-kechaklarimni yig'ib yelim xaltaga joylay boshladim. Bu ishim xuddi eri uydan haydab solgan xotinning harakatlariga o'xshardi.

«Yo'q», dedim yana o'zimga o'zim yelim xaltani bir chetga irg'itarkanman. «Bu ishim ahmoqlikdan boshqa narsa emas. Yaxshisi, bo'sh qo'l bilan chiqib ketaman. Qachon uy topganimda bu xonadonga qaytaman. Shunda ham xotinimni olib ketish uchun. Ungacha yuraveraman. Balki o'zimga munosib ish topilib qolar. Axir, dunyo keng-ku! Nahotki, bizga atalgan kulba qaerdadir bo'lmasa? Bor o'sha kulba. Faqat izlashim, jonimni jabborga berib qidirishim kerak.

Bir mahal ichkariga Sharifa qovog'ini uygancha kirdi-da, uf tortib ro'paramga o'tirdi.

Bir menga, bir burchakda dumalab yotgan xaltachaga boqdi.

— Anavi xaltachadagilar nima? — so'radi so'ng lab burib. — Tinchlikmi o'zi?

— Umi? Sizga omonat qoldirib ketayapman.

— Omonat?! Q-qanaqa omonat?

— Men ketayapman, Sharifa. Butkul ketayapman.

— Qaerga?! Momongiznikigami? Nimaga ketasiz?..

— Xuddi hech narsadan bexabar odamdek so'raysiz-a?! — dedim asabim qo'zib. — Eshitdim enangizning gaplarini. Dardi ichida ekan. Aytib-aytib oldi. Shuncha gap-so'zlardan keyin bu uyda qololmayman…

Sharifa bir muddat nimadir demoqchidek taraddudlandi. Qoshlarini chimirib, derazadan tashqariga bir-ikki marta qarab oldi.

So'ngra yonimga qaytib, ko'zlarimga boqdi.

— Enamni yomonlamang! — dedi u lablari titrab. — Sizga nima yomonlik qildi? Nima, gapira olmaydimi? Kim bo'libsizki, hammamiz qarshingizda tilimizni tishlasak-a?

— Nima?! — bu gapdan jonim chiqib ketayozdi. O'zim sezmagan holda mushtlarim tugilib, xotinimga xezlandim. — Hali sening bunaqa gaplaring ham bormi?!

— Senlamang meni! — ovozini bir parda ko'tardi Sharifa. — Agar bo'limli, kirishimli bo'lganingizda, shu gaplarni eshitmasdingiz. Sizning o'rningizda boshqasi bo'lsa-chi, manavinaqangi uy ichiga qamalib yotavermasdan, kelgan kuniyoq uyimdagi yumushlarni bajargan bo'lardi. Siz-chi? Yastanib yotaverdingiz. Uyalmadingiz ham. To'g'ri-da, enam qachongacha chidasin? Pensioner bo'lsa, o'zini o'zi zo'rg'a boqib o'tirgan bo'lsa. Sizniyam qo'shib boqolmaydi-ku!

— Valdirayverma! Senga uylanganim uchun do'ppingni osmonga otmaysanmi? Yo eslatib qo'yaymi o'tmishingni?

— Hali shunaqami?! — asabiy shivirladi Sharifa. — O'sha kunni tag'in yuzimga solayapsanmi? Bopladim, nima deysan? Boplab yurvoldim senga tekkuncha! Bo'ldimi? Ko'ngling to'ldimi endi?

Sharifa bir muddat gezarib turdi-da, uv tortib yig'lay boshladi. Va yig'i aralash sannashda davom etdi.

— Shuning uchun o'gay otangiz sig'dirmagan-da! O'sha yerdayam bitta cho'pni u yerdan bu yerga olay demadingiz. Qo'lingizni sovuq suvga urgingiz kelmadi. Hech qursa mening hurmatim uchun uy yumushlariga yordam bersangiz bo'lardi-ku! Mengayam osonmi?! Buyoqda siz, uyoqda enam, akam, yaqinlarim… Qay birlaringning qosh-qovog'ingizga qarab mo'ltiray?!..

Ha, xotinimning so'nggi so'zlaridan so'ng tushuna boshlagandim. Noshudligimni, odamoviligimni yanada chuqurroq anglab borardim…

Sharifa to'g'ri aytayapti. Hozirgi zamonda shirin so'z, xushchaqchaq, kirishimli, shinavanda, mehnatkash bo'lmasang, tuqqaninggayam yoqmaysan. Bir kun kelib tuqqaning ham portlaydi. Qara, shu ayolning aqli yetgan narsalarga mening aqlim yetmabdi-ya! Nega qaynonamning o'tidan kirib, suvidan chiqmadim? Qandaydir qiziq-qiziq gaplarni o'ylab topib, ko'nglini olmadim? Qaynonam indamasa ham o'zim erkak qiladigan ishlarni bajarib qoyillatmadim? Nima xalal berdi menga? Shu xonadondagilarning qarshisiga chiqsam, ular meni yeb qo'yishmasdi-ku!..

Qanchalar notavon banda ekanman-a! Xo'sh, endi-chi? Nima qilay? Qanday yo'l tutay? Baribir kech. Xatoimni to'g'rilashga kech qoldim.

— Meni kechir, — dedim ehtiyotkorlik bilan Sharifaning bilagidan tutib. — Bu taraflarini o'ylamagan ekanman. Mayli, yaxshisi, keta qolay. Qachon uy topsam, o'shanda qaytaman oldingga. Senlaganim uchun yana kechirgin! Har holda xotinimsan-ku! Yaqin olganimdan, seni yaxshi ko'rganimdan senlayapman…

— Uy topmasangiz kelmaysizmi?

— Yo'q, kelmayman.

— Mendan osongina voz kechib ketaverasizmi?

— Meni qiynama. Sendan voz kechib ketish oson ekanmi?! Dunyoni ag'dar-to'ntar qilsam qilamanki, ammo ikkalamiz uchun uy topaman. Mana ko'rasan, hali o'zimning kimligimni ko'rsatib qo'yaman hammaga.

— Sizga ishonmayman. Hozir ketsangiz, qaytmaysiz.

Men javob berish o'rniga kiyimlar joylangan yelim xaltani qo'limga oldim-da, eshikni ochib hovliga chiqdim.

Tashqarida hech kim ko'rinmasdi. Ildam qadamlar bilan darvozaxonaga yetdim…

Shunda Sharifaning ichkari xonadan turib bor ovozda qichqirganini eshitdim.

— Yo'qolib ket, maraz! Ketsang undan nariga o'tib ket! Kechdim senday lapashangdan, kechdim! Qaytib qorangni ko'rmay!..

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...