Dilnoza Kubayeva va Shodiya Abduqodirova «Sabr-u sadoqat» seriali bilan ekranlarga qaytmoqda

0

«O'zbekkino» MA tomonidan O'zbekiston Qahramoni, O'zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad tavalludining 100 yilligiga bag'ishlab besh qismli «Sabr-u sadoqat» nomli serial efir yuzini ko'rish arafasida, deb xabar beradi Daryo.uz «O'zA»ga asoslanib.

Kinoserial joriy yilning 8—12 iyun kunlari respublikaning barcha davlat va nodavlat telekanallari: «O'zbekiston», «Bolajon», «O'zbekiston tarixi», «Oilaviy», «Yoshlar», «Mahalla», «Sevimli », Zo‘r TV, MY5, «Milliy», «Uzbekistan-online.uz»da namoyish etiladi.

«Sabr-u sadoqat» «O'zbekkino» MAning maxsus loyihasi bo'lib, serial yozuvchi va uning rafiqasi Saida Zunnunova hayotiga bag'ishlanadi. Filmda mehr-muhabbat, ulkan bardosh, kuchli matonat, bukilmas iroda, yengilmas g'urur haqida hikoya qilinadi. Kinoserial 1950—1955 yillardagi real voqeliklarga asoslangan. Rejissyor Hamidulla Boboqulov «Sabr-u sadoqat» teleserialini Nozim Abbosovning «Said bilan Saida» filmi asosida suratga olgan.

«Ushbu maxsus loyiha hammamizga qadrdon ‘Said bilan Saida’ filmiga kiritilmay qolgan yangi sahnalar bilan boyitildi. Bu tomoshabinlar uchun Said Ahmadning 100 yillik to'yiga haqiqiy tuhfa bo'ladi. Buyuk yozuvchi haqidagi serialni suratga olish esa Nozim Abbosovning ezgu orzusi edi va bu orzu endilikda ro'yobga chiqadigan bo'ldi»,  – deya ta'kidlanadi «O'zbekkino» axborotida.

Filmda bosh rollarni ancha paytdan beri ekranlarda ko'rinish bermagan aktrisalar Dilnoza Kubayeva, Shodiya Abduqodirova, Shahlo Temirova, Jamila G'ofurovalar ijro etgan.

«Said Ahmadning asarlari kirib bormagan uy, qalb bo'lmasa kerak. Har bir ijodkor, kitobni sevishni bilgan har inson borki, Said Ahmad asarlarini o'qimay katta bo'lmagan. Ayniqsa, yozuvchining pesalari katta shon-sharaf va mashhurlik keltirgani barchamizga ayon. Jumladan, ular ichida ‘Kelinlar qo'zg'oloni’ komediyasi alohida ajralib turadi. Ushbu asar teatrda, kinoda o'z o'rnini topgandan so'ng Said Ahmad nomini o'zbek adabiyoti klassik namoyondalari qatoriga ko'tardi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Binobarin yozuvchining bu komediyasi dunyoning 14 ta mamlakatida sahnalashtirilgan. Va nihoyat bugun shunday unutilmas asarlarni xalqiga meros qoldirgan adib haqida, uning yorqin xotirasiga bag'ishlab «Sabr-u sadoqat» filmi suratga olindi», — deyiladi xabarda.

«Adiblar xiyobonining ochilishida Prezident tomonidan klassik asarlarni o'rganish, kitoblar nashr etish, ijodkorlarning hayoti va ijodiga bag'ishlangan filmlar yaratishning nechog'li ahamiyatli vazifa ekanligiga alohida urg'u berildi», – deya izoh beradi «O'zbekkino» Milliy agentligi matbuot xizmati. «Sabr-u sadoqat» esa yuqoridagi fikrlarning isboti sifatida katta ekranlarga chiqish taraddudida. Tomoshabinlar e'tiboriga teleserial talqinida havola etilayotgan ushbu film kutilgan natijani berishiga umid qilamiz!

Ushbu aksiya doirasida 8—12 iyun kunlari respublika teleekranlarida Said Ahmad ssenariylari asosida suratga olingan «Kelinlar qo'zg'oloni», «To'ylar muborak» va «Muhabbat mojarosi» filmlari sifati yaxshilangan holatda tomoshabinlar e'tiboriga qayta taqdim etiladi.

loading...