SUSANNA… (6-qism)

0

 

 

* * *

 

Anchadan beri ko'chaga chiqmaganim shu lahzalarda ayon bo'ldi. Osmonni to'ldirib yog'du sochayotgan yulduzlar ko'zni qamashtirar, tunning muzdek shabadasi yuzimni siypalashi, allaqaerlardan elas-elas quloqqa chalinayotgan qurbaqalarning qurillashi bahor yaqinlashib qolganidan darak berardi.

— Mana, endi haqiqiy daydiga aylandim, — dedim ovoz chiqarib. Yonimda bir miri yo'q, buning ustiga qornim ham och. Tunashga joyim yo'q. Biroq o'tgan galgi xatomni takrorlash niyatim yo'q. To'g'ri-da, o'lib ketsam kim ham kuyardi?! Hech kim. Hatto Sharifa ham parvoyiga keltirmasa kerak. Kim bilsin boya alamiga chiday olmay javradimi balki. Hozir balki ortimdan odam jo'natar, qayting, deya oyog'imga yotib yalinar…

Yo'q, nima bo'lganda ham endi u uyga qaytmayman. Ichkuyov bo'lib, zahar-zaqqum yutgandan ko'ra tilamchilik qilib ko'cha-ko'yda o'tirganim ma'qulroq. Shunda birovdan dakki eshitmayman. Xohlasa, besh-to'rt so'm sadaqa qiladi, xohlamasa, ters o'giriladi-yu jo'nab ketaveradi…

Shunday xayollar bilan yarim soat deganda tuman markaziga yetib oldim. Ko'chada hech zog' uchmasdi. Qator-qator do'konlarning qorovullari ham uychalariga qamalib olishibdi. Ahyon-ahyonda o'tkinchi mashinalarning uzuq-yuluq signallarigina atrofdagi sukunatni buzardi, xolos.

Qarorim qat'iy. Katta shaharga boraman. Mashina to'xtatganim bilan pulim bo'lmagandan keyin nima foyda. Yaxshisi, piyoda yetib olaman. Baribir, tonggacha hali ancha bor. Asta-asta yurib ketaversam, boraman-da o'sha shaharga! Qochib ketmagan-ku!

Shu ko'yi ikki soatcha yo'l bosdim. Bolaligimdan ochlikka bardosh qila olmasligim yana pand bera boshladi. Oshqozonim tortishib og'riy boshladi. Oyoqlarim holsizlanib, tizzalarim bukilib-bukilib ketayotgandi.

Qaniydi, yo'ldan qotgan non bo'lsayam topib olsam, dedim yuragim orziqib. Harqalay ochlikni yengardim. Buyog'i hech qancha yo'l qolmadi. Agar shu ahvolda ketaversam, yiqilib qolaman. O'tgan-ketganning oldida sharmanda bo'laman…

Xudo asradi meni! Yo'lda ketayotib suvsiz ariqcha ichida ikki-uchta qog'oz pul yotganini ko'rib qoldim. Pullar ko'zimga xuddi yorug' yulduz kabi shu qadar chiroyli ko'rinib ketdiki, yugurgancha borib terib oldim.

Ha, bu pullarga tandirda yopilgan ikkita non beradi. Xudoga beadad shukr! Rahmimni yedi! Ochlikdan sillam qurishini xohlamadi. Endi nonvoyxona topishim kerak. Yaqin orada uchray qolsaydi. Aks holda katta shahargacha yeta olmayman…

Yo'q, holdan toymadim. Garchi nonvoyxona topa olmagan bo'lsam-da, dadil yurib boraverdim. Cho'ntagimdagi pul menga kuch bag'ishlayotgandi go'yo.

Shaharga yaqinlashdim. Ko'p qavatli uylar, rang-barang bo'yoqlardagi do'konlar…

Katta ko'chada ham mashinalar gavjumlashib qoldi. Tezroq bozorni topganimda, darrov non sotib olardim. U yog'iga Xudo poshsho! Qornimni to'ydirganimdan keyin bamaylaxotir ish qidiraversam bo'ladi.

Shu payt kattakon, hashamatli do'konlardan birining yonida turgan qora kepka, xuddi shunday rangli kurtka kiygan yigitga ko'zim tushib taqqa to'xtadim. Negadir u juda tanish ko'rindi. Qaerda ko'rganman? Poytaxtdaligimdami? Yo'q, bo'lishi mumkinmas. Hayratim oshib yaqinroq bordim.

Ie, axir bu Xonbuvadagi qo'shnimizning o'g'li Haydar o'g'ri-ku! O'smirligida otasi bilan janjallashib qolib, uydan chiqib ketgan-u, qaytmagan. Aytishlaricha, u katta o'g'ri bo'lib ketgan ekan. Eslayman, bolaligimda qishloqqa bir-ikki marta barvasta, bilaklariga igna bilan yozuvlar tushirilgan o'rtoqlarini yetaklab kelgandi. O'shanda hammamiz ularning ortidan qolmagandik. O'rtoqlaridan biri gitara chalib qo'shiq ham kuylab bergandi.

Haydar o'g'ri to yoniga borgunimcha indamay katta yo'lga qaragancha turaverdi…

— Tanimadi, — o'yladim o'zimcha. — Nima qilsam ekan? Otini atab qo'l cho'zsam ham tanimasa-chi? Sharmanda bo'lmasmikanman? Eh, shu ikkilanishlarim qolmadi qolmadi-da! Hech bir ishga tavakkal qo'l ura olmayman. Shu tufayli manavinaqangi ahvolga tushib yuribman.

— Haydar aka, — dedim bir-ikki yo'talib olgach. — Assalomu alaykum!..

Haydar o'g'ri menga xavotirli nigoh tashlab oldi-da, birdan jo'shib ketdi.

— Qodirmisan? Asqar traktorchining jiyani! Topdimmi?

— Topdingiz, — dedim quvonchimni yashira olmay. — Xuddi o'shaman, aka!

— Obbo sen-ey! — yelkamga qoqib nari boshladi Haydar o'g'ri. — Shu mahalda shaharda nima qilib yuribsan, xumpar? Uylangansan deb eshitgandim. Kelin bolani yolg'iz tashlab keldingmi? Nima bo'ldi o'zi? Tinchlikmi, uka?

Haydar o'g'rining masxarali kulishi g'ashimni keltirsa-da, tishimni tishimga qo'yishga majbur edim.

Lab tishlab javob berishga chog'landim.

— Tinchlik emas-da! — dedim zo'rg'a. — Ish qidirib yuribman. Iloji bo'lsa, yotog'i bor ish topsam deyman…

— Shunaqami?.. Menga qara, bir gap eshitib qoldim. Shu rostmi?

— Qanaqa gap?

— Nima desam ekan? Xafa bo'lmagin-u, teshik quloq eshitarkan-da!

— So'rayvering, — dedim qovog'imni uyib. — Xafa bo'lishdan keyin tug'ilganman, aka!

— Kelin bola qiz chiqmaganmishmi?! Yo adashdimmi?

Yalt etib Haydar o'g'riga boqdim.

— Sizga kim aytdi?

— Aytishdi-da qishloqdan kelganlar! Lekin shu rost bo'lsa, g'irt ablah ekan o'sha qiz. Senday yigitni aldagan bo'lsa…

— Bo'lmagan gap, — dedim sir boy bermay. — O'sha aytganlar sizga yolg'on gapirishibdi. Men ahmoq emasman-ku unaqasiga uylanib! Hammasi joyida bo'lgan.

— Shunaqami? — ishonqiramay sovuq tirjaydi Haydar o'g'ri. — Unday bo'lsa yaxshi bo'pti. Mayli, xijolat bo'lma! Undan ko'ra, o'zingdan gapir! Qishloqda nima gaplar?

Men sal o'zimni bosib olgach, bo'lib o'tgan ishlarni birma-bir gapirib berdim…

Haydar o'g'ri mungli hikoyamni toqat bilan jim turib tingladi. So'zimni tugatganimdan keyin ham anchagacha mushtlarini tuga-tuga bir necha marta uf tortib oldi…

— Senga qanday yordam bersam ekan? — bosh qashib olib tilga kirdi so'ng. — Mardikorchilikka yaramaysan. Bu aniq. Bir hafta ishlasang, cho'zilib qolasan. Buning ustiga mardikorlarga doimiy joy ham berishmaydi. Kunlik ishlarda ishlaganingdayam sarson bo'lib qolishing hech gapmas. Mening ishimni umuman eplay olmaysan. Seni bu yo'lga umuman yaqinlashtira olmayman.

— Nega? — so'radim tushunmay. — Nahotki qiyin bo'lsa?

— Buni shahar deb qo'yibdi, uka, — dedi Haydar o'g'ri. — Shunday odamlar borki, ming azobda topib kelgan pulingni ko'z ochib yumishga ulgurmasingdan «shumo» qip qo'yishadi.

— Unda zavodgami, fabrikagami ishga kirsam-chi?

— «Prapiskang» qishloqda-ku! Busiz uyoqlarga yaqinlasha olmaysan.

— Demak, sira iloji yo'q ekan-da! — Boshimni egib asta ortga tislandim.

— Bitta zo'r ish bor, — kutilmaganda jonlanib yelkamdan tutdi hamqishlog'im. — Agar rozi bo'lsang, yotog'ingam bo'ladi, cho'ntagingdan pul ham uzilmaydi.

— Bo'ldi, roziman! Ko'chada qolmasam bo'ldi.

— Keyin pushaymon bo'lmaysanmi? Mendan xafa bo'lmaysanmi?

— Yo'q. Ish, yashashga joy bo'lsa bas. Qanday ish o'zi, aka?

— Hm-m… Nima desam ekan? Meni qiynab qo'yadigan bo'lding-ku sen bola!

— Sizni uyaltirib qo'ymayman, Haydar aka! — dedim toqatim toq bo'lib. — Ish topib bersangiz bo'ldi. Uddalayman.

— Yaxshi, o'sha ishni senga topshiraman, — dedi Haydar o'g'ri bosh qashib. — Agar uddalasang, oshig'im olchi deyaver!

— Bo'pti, nima ish o'zi?

— Shaharda katta avtovokzal bor. O'sha avtovokzalning burchagida o'tirib tilanchilik qilasan.

— Nima?! Tilanchilik?! Yo'g'-e!

— Nima, or qilasanmi? Senga o'xshab tilanchilik qiladiganlar shaharda tiqilib yotibdi. Bu ish qanaqa serdaromadligini bilasanmi?

— To'g'ri-ku-ya, — dedim tutilib. — Lekin qanday bo'larkan?..

— O'zing bilasan. Yaxshilab o'ylab ko'r. Senga bundan ortiq yordam bera olmayman.

Birpas sukutga toldim. O'zimcha oldimga ro'mol yoki do'ppi qo'yib o'tirishni, o'tgan-ketgandan sadaqa so'rashni tasavvur qilib ko'rdim…

To'xta, kechagina tilanchilik haqida o'ylagandim. Tilanchi bo'lishga-da rozi edim. Hozir nega o'yga toldim? Nahotki, Haydar o'g'rining so'zlari haqiqat bo'lsa? Rostdan ham or qilayapmanmi? Kimman o'zim? Shunchalik g'ururim balandmi? Yo aslzodalardanmanmi? Hozirgi turishimda bir pullik qimmati yo'q bir bechoraman-ku! Yaxshiki, shu o'g'rini uchratdim. Bo'lmasa nima qilardim? Qay devorga bosh urardim. Qora terga tushib beton quyarmidim, yoki g'isht tashirmidim? Shuni ham topa olmaganimda-chi? Kechqurunlari vokzallardagi o'rindiqlarda o'tirib chiqishlar-chi? Bunday azoblarga chiday olarmidim? Albatta yo'q.

Nima bo'lsa taqdirimdagini ko'rganim bo'lsin. Men Nurmat qoranikidagi xo'rliklarni, yigitlik nomusim toptalganini, ichkuyovlik mushkulotlarini unutmasligim kerak. Bunga haqqim yo'q. Xo'sh, tilanchi bo'lsam nima o'zgaradi? Hech narsa. Shaharda birov meni tanib o'tiribdimi. Yer chizgancha o'zim bilgan duolarni o'qib tilanaveraman. Har holda hamqishlog'im menga yomonlikni ravo ko'rmas…

— Roziman, — dedim Haydar o'g'riga. — Tilanchilik bo'lsa bo'libdi-da, aka! Pul tushib tursa bo'ldi.

— Mana bu boshqa gap, o'g'il bola! — dedi Haydar o'g'ri chehrasi ochilib. — Unda senminan soat roppa-rosa kunduzgi o'n birlarda avtovokzalda uchrashamiz.

— Xo'p bo'ladi.

— Hozircha shahar aylan, tomosha qil! Aytgancha, bir gapni aytib qo'yay. Hech qachon ayol kishiga sig'inma! Ular do'st bo'lishmaydi.

Shunday dedi-da, Haydar o'g'ri soatiga bir qarab olib, tor ko'chalardan biri tomon keta boshladi.

Men bo'lsam uni to'xtatgim keldi. Picha pul so'ramoqchi bo'ldim. Afsuski, haddim sig'madi.

Boshimni eggancha tavakkal shahar ichkarisiga yo'l oldim.

 

* * *

 

Oradan yarim soatcha vaqt o'tgach, birdan havo aynib, yomg'ir quya boshladi. Avtovokzalga deyarli yetay deb qolgandim. Sersavlat chinorlarni oralab yurishga majbur bo'ldim.

Ochig'i, tuni bilan yo'l yurib, rosa holdan toygandim. Charchoq o'z kuchini ko'rsatib, ko'zlarim yumilib borar, sillam qurib, tizzalarim bukilib-bukilib ketardi.

Bir amallab avtovokzalga yetib oldim-u, bo'sh o'rindiqlardan biriga cho'kib, ko'zlarimni yumdim.

Qalbim bo'm-bo'sh edi. Hech narsani idrok etmasdim.

Qornim ochligidan a'zoyi badanim qaltirardi.

Shu tobda arava to'la non olib o'tib ketayotgan bolakayga ko'zim tushib, beixtiyor o'rnimdan turib ketdim.

— Hoy, bola, to'xta! — baqirib yubordim to'satdan. — Ketib qolma!

Shosha-pisha cho'ntagimni kovlab, qog'oz pullarni chiqardim-da, menga hayron bo'lib qarab qolgan bolaga uzatdim.

— Bu pulingizga ikkita non keladi, — dedi bola sovuqqonlik bilan. — Tanlab olavering, aka!

— Yashavor, uka! — dedim xursand bo'lib, bo'rsildoq nonlarning ikkitasini qo'ynimga urarkanman. — Yaxshiyam, kep qolding! Sen kelmasang, holim xarob bo'lardi…

Non sotuvchi bola gaplarimga tushunmadi, shekilli, bir menga, bir yo'lning narigi chetidagi do'konlarga boqdi-da, yelkasini qisgancha yo'liga ravona bo'ldi.

Dunyoda nondan to'yimli ozuqa bo'lmasa kerak. Obi nonning bittasini tamshana-tamshana yeb bitirgach, darrov ko'zlarim ochilib, yorug' dunyoga boshqacha nigoh bilan qaray boshladim.

Avtovokzalning bir burchagida qo'lida isiriq tutatilgan idish bilan u yoqdan bu yoqqa borib kelayotgan o'rta yashar erkakka ko'zim tushdi. Azbaroyi ochligimdan boya ko'rmagan ekanman. Hayratlanib unga yaqin bordim. Zimdan harakatlarini kuzatdim. Har qalay, yaqin orada o'zim ham shu erkak kabi birovlarga mo'ltirab boqqancha, pul ishlab topish payida bo'laman. Faqat mening qo'limda isiriq tutatilgan idish bo'lmaydi…

Erkak avtovokzalga kirib chiqayotganlarning hech birini ko'zdan qochirmas, tap tortmay ularga yaqinlashib, barchalariga tutun puflab duo o'qirdi.

— Isiriq ming dardga davo! Isiriq-isiriq, Usmon isiriq! Xudo umringizni ziyoda qilsin, azizlar! Balo-qazolardan chivindek joningizni asrasin!..

Tikilib qolganimni ko'rib, isiriqchi o'zini sal chetga olgan bo'ldi.

— Sizgayam isiriq tutatib qo'yaymi? — so'radi so'ng muloyimlik bilan. — Ko'rinishingizdan mazangiz yo'qqa o'xshaydi.

— Mening pulim yo'q-da!.. Men…

Hali so'zimni tugatib ulgurmay, isiriqchi shosha-pisha qo'lidagi pullarni cho'ntakka urdi-da, ketishga chog'landi.

— Mayli, birodar, yaxshi qoling! «Katta» kelayapti!..

Hayron bo'lib, ortimga o'girildim. Yigirma-o'ttiz qadamcha narida Haydar o'g'ri biz tomon yurib kelardi.

«Nahotki shu ham Haydar o'g'rining odami bo'lsa? — o'yladim sal qursa chopqillab qocha boshlagan isiriqchining orqasidan boqib. — Unda nega qochayapti? Haydar o'g'ri shunchalik qo'rqinchlimikin?»

Bu orada hamqishlog'im yonimga keldi-da, yelkamga qoqdi.

— Xo'sh, yaxshimisan endi? — so'radi u tobora uzoqlashib borayotgan isiriqchiga zimdan nazar solib. — Kutdirib qo'ydim-a seni?

— Yo'-o'q, aka, ko'p kutmadim, — javob qildim sal tutilib. — Shu atrofda aylanib…

— Xo'p, yur, biznikiga boramiz! — dedi Haydar o'g'ri birdan qovoq uyib. — Yo hoziroq ish boshlayverasanmi?

— Shunday qilsam, yaxshi bo'lardi. Har holda…

— Yaxshi, unda ketimdan yur-chi!

Hamqishlog'im meni avtovokzalning orqa tarafiga olib o'tdi. Bu yerdan o'tkinchilarning keti uzilmasdi. Hamma qayoqqadir shoshilar, shoshilmaganlari pista chaqqancha xotirjam ketib borardi.

— Mana shu burchak sening tochkang bo'ladi, — uqtirdi Haydar o'g'ri. — Sen qo'rqma, birov mushugingni pisht deyolmaydi. Basharti, birov-yarim kelib po'pisa qilsa, meni aytaver!

— Xo'p, aka, — dedim bo'shashib. — Keyin-chi?

— To'g'ri asfaltning ustiga o'tiraver! Undan keyin-chi… — Haydar o'g'ri sumkachasini ochib, qop-qora ko'zoynak chiqardi-da, menga uzatdi. — Manavini taqib ol! O'zingni so'qir qiyofasiga solasan-da, bilgan duolaringni o'qib tilanaverasan! Zinhor ko'zing ochiqligini sezdirma!

— Nima bo'ladi? — so'radim soddalarcha. — Kaltak yeyishim mumkinmi?

— Qanaqa kaltak? — sovuq jilmaydi hamqishlog'im. — Pul yaxshi tushmay qo'yadi. Daromad yaxshi bo'lishi uchun-chi, uka, odamlarning rahmini keltira olishing kerak. Endi tushundingmi?

— Tushundim, — dedim qat'iy ohangda. — Boshlayveraymi?

Haydar o'g'ri yana sumkachasini ochib, eski bir chit ro'molni qo'limga berdi.

— Bu ro'molni oldingga yoyvolasan. Men shom mahali kelaman. Faqat ishonchimni oqlagin! Aks holda, xafa bo'laman.

— Menga ishonavering, aka. Hammasini siz aytgandek bajaraman.

— Bo'pti, omadingni bersin! Aytgancha, boyagi isiriqchini yoningga yaqinlashtirma! Uniyam o'z tochkasi bor.

Haydar o'g'ri mendan uzoqlashishi bilan ko'rsatilgan yerga cho'kdim-da, eski ro'molni oldimga yoyib, qora ko'zoynakni taqdim.

Tilanishning yo'l-yo'riqlari haqida yo'l-yo'lakay o'ylab olgandim. Allaqachon yodlab olgan to'rt qator she'rni hazin tovushda ayta boshladim:

Birodarlar, yorug' dunyo jamolin ko'rmoqqa zordirman,

Yomonlar oyoq ostinda kuzgi bir xas kabi xordirman.

Muruvvatni darig' tutmang, Yaratgan sizni ham siylaydur,

Netay, zulmatidan kuydim, o'shal zulmatga men yordirman…

Sezdim. Oldiniga o'tkinchilar hayron bo'lishdi. Kimdir yelka qisib oldi, yana kimdir bosh chayqagancha yo'lida davom etdi. Ammo oradan hech qancha vaqt o'tmay, o'tkinchilar qarshimda engashib, eski ro'mol ustiga qog'oz pullarni tashlay boshlashdi. Hatto ulardan ba'zilari: «O'kinma, ukam, xudo senga sabr bersin!» deya yupatib ham ketdi.

Oradan ikki soatcha vaqt o'tgach, ro'mol pulga to'ldi. Odam ko'rinmay qolgan mahalni poyladim-da, jon holatda pullarni cho'ntakka urib, yana she'r o'qishda davom etdim.

 

* * *

 

Tushga yaqin tepamda ozg'indan kelgan, taxminan mendan ikki-uch yosh kichik, yelkasini qisibroq turadigan bir yigit paydo bo'ldi. U avval ro'mol ustida yig'ilib qolgan pullarni taxlab, qo'limga tutqazdi-da, chor-atrofni obdan kuzatib olgach, qulog'imga shivirladi:

— Meni Haydar akam jo'natdi. Agar «tashqari»ga chiqib kelmoqchi bo'lsangiz, men yordamlasharkanman. Faqat odamlarga ko'r emasligingizni sezdirib qo'ymang! Paypaslanib-paypaslanib, asta yelkamdan tuting-da, menga ergashing!

— Shunaqami? — dedim mamnun bo'lib. — O'zim ham qanday yo'l tutishni bilmay turgandim. Buning ustiga, qornim ochdi.

— Xavotir olmang, men ikkita perashka opkelganman. Keyin yeb olasiz…

Men ehtiyot shart o'tkinchilarga razm solib olgach, yigit aytganidek, so'qirlarcha paydar-pay harakatlar bilan uning bilagidan tutib, o'rnimdan turdim.

Odam boshiga ne kun tushsa, barchasiga osongina ko'nikarkan. Men ham bir kunning o'zida tilanchilikni kasb qilib olgandek edim. Ertalabki tortinish, bezovtaliklardan asar ham qolmagandi. O'zimni juda erkin tutar, ba'zan mijozlarning rahmini qo'zg'atish uchun yolg'ondakam yig'lab ham olardim…

Shomga yaqin Haydar o'g'rining o'zi oldimga keldi. Qo'lida qandaydir tugun, ammo negadir bezovta edi. Qo'lidagi sigaretni cho'zib-cho'zib tortgancha qarshimga engashib, ikki yelkamdan tutdi.

— Malades! — dedi u yelim xaltachadagi pullarni qo'liga olarkan. — Vey, artistlar ham senchalik rol o'ynay olmaydi. Hali bunaqasini ko'rmagandim.

— Nima qilay? — bosh egdim beixtiyor yuragim siqilib. — Shu kunlar peshonamga yozilgan ekan-da, aka. Yaxshiyamki, sizni uchratib qoldim. Bo'lmasa, hozirgi o'tirishlar qayoqda edi? Rahmat sizga!

— Bo'ldi, rahmatni keyin aytasan. Hozir o'rningdan tur-da, men bilan yur! Biznikiga boramiz!

— Sizning uyingizgami? — so'radim ishonqiramay. — Qanday bo'larkin?

— Qandday bo'ladi, uka, qandday! — yelkamga qoqdi Haydar o'g'ri. — Sen shuncha pul topasan-u, ko'chada qoldirsam, noqulay. Yuraqol!

— Aytgancha… — ikkilanib hamqishlog'imning ko'zlariga umidvor termildim. — Ko'zoynakni…

— E, yech bu matohni! Qara, atrofda it ham qolmabdi. Tez bo'l!

Men shosha-pisha ko'zoynakni yechib, kiyimlar joylangan xaltachaga soldim-da, Haydar o'g'riga ergashdim.

Hamqishlog'im avtovokzaldan chamasi uch yuz-to'rt yuz metrcha narida yashar ekan.

Ko'p qavatli uyning eng yuqori qavatiga liftda ko'tarilarkanman, Haydar o'g'riga zimdan ko'z tashladim. Shu lahzalarda unga juda-juda havasim keldi. «Qara, — dedim ichimda o'z-o'zimga. — Mana shu o'g'ri mendan nari borsa, yetti-sakkiz yosh katta. Buniyam uyidagilari sig'dirmagan. Mana, yo'liniyam, uyiniyam topibdi. Ixtiyorida menga o'xshaganlarning o'n-o'n beshtasi bo'lsa kerak. Hammamiz qo'liga kechgacha ishlab topgan pullarimizni tutqazamiz. Qanday baxtli odam-a! Kuni bilan nima qilsa qilib yuradi-da, kechqurun cho'ntagini qappaytirgancha qadrdon uyiga kirib keladi. Hech narsaning tashvishini chekmaydi. Men-chi? Qachon Haydar o'g'ri darajasiga yetaman? Qachon shunaqangi ajoyib uylarni sotib olib, xotirjam yashayman? Menga boshqalar qachon havas bilan boqadigan bo'ladi?»

— Sen shu yerda tura tur! — Haydar o'g'ri liftdan chiqib, yashil rangga bo'yalgan temir eshik qarshisida to'xtadi-da, asta shivirladi. — Kennoying uyda. Ichkariga kirib, uni ogohlantiray. Keyin o'zim seni chaqiraman.

Hali xayollarimni bir joyga jamlab ulgurmay, ichkaridagi baqir-chaqir qulog'imga chalindi.

— Yo'q! — dedi begona ayol baland ovozda. — Qayoqdagi qalang'i-qasang'ilarni uyimga kiritmayman!

— Axir u hamqishlog'im, — bu Haydar o'g'rining tahdidli tovushi edi. — Bizga bir dunyo pul ishlab beradi. Mana ko'rasan!

— E, puling boshingda qolsin! Shundog'am uyim harom pullarga to'lib ketdi. Yo'qot uningni!

— Senlama meni! — baqirdi Haydar o'g'ri. — Hozir…

— Nima hozir? Nima qilasan? Urasanmi, kelgindi? Hali otam olib bergan uyga kirib olganing yetmay, menga qo'l ham ko'tarmoqchimisan?

— Sekin, eshitib qoladi! Hazillashdim, hazillashdim…

— Hazilingni borib enangga qilasan, bildingmi?

— Xo'p, o'zingni bos! Sharmanda qilma!

Shu zahoti tashqari eshik ochilib, qarshimda Haydar o'g'ri hozir bo'ldi.

Uning ko'zlari g'azabdan chaqnab, qovog'idan qor yog'ardi.

— O'xshamadi, — dedi hamqishlog'im qo'l siltab. — Kennoying ja shallaqi, xafa bo'lmaysan, uka! Yur, seni o'zimizning yigitlarga qo'shib qo'yaman! Ishon, u yerda xor bo'lmaysan. Hamma narsa yetarli.

Men hech narsaga tushunmay, Haydar o'g'rining ketidan yurdim.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...