Andijondagi bozorda xaridor qalbaki 100 000 so'mliklar bilan sotuvchini chuv tushirmoqchi bo'ldi

0

Oson yo'l bilan boyib ketish istagi ba'zi odamlarni turli ko'ylarga solib keladi. Qalbaki pul yasash shulardan biri bo'lib, oqibati yaxshilik bilan tugamasa ham hamon davom etib kelmoqda.

Andijondagi bozorlardan birida fuqaro N.N. 5 dona seriya va raqamlari bir xil bo'lgan 100 ming so'mlik kupyuralarni muomalaga kiritmoqchi bo'lgan. Ammo sotuvchi pulning haqiqiyligiga shubha qilgan.

Pullar qalbaki ekanligi shubhaga olinib, ashyoviy dalil sifatida olingan. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ulug'nor tuman bo'limi tomonidan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonidagi ekspertiza natijalari esa bu pullar nusxa ko'chirish yo'li bilan rangli printerda chop etilganligi aniqlangan.

Fuqaro N.N. qalbaki pullarni bozorda notanish ayoldan o'zidagi mayda pullarni yirik kupyuraga aylantirgan vaqtida olganligini bildirgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati xabariga ko'ra, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari o'tkazilmoqda.

Eslatib o'tamiz, qalbaki pul yasash qonunga zid bo'lib, Jinoyat kodeksining 176-moddasiga muvofiq, «Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog'ozlar yasash, ularni o'tkazish» ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Jinoiy harakat toifasiga qarab jazo og'irlashib borishi, ozodlikdan mahrum qilish o'n besh yilgacha bo'lishi mumkin.

Muattar Ro'ziboyeva, O'zA

loading...