HOYu-HAVAS MENIKI EMAS…

0

 

 

***

Kimdir menga havas qiladi,

Hasadgo'ylar borimdan xafa.

Deyishar: “Bu nafas oladi”,

Bilmaslarki, bu so'nggi da'fa.

 

***

 

Men dard cheksam, yorim kuyindi,

Ojizligim yovga xush yoqar.

Onam ruhi men deb koyindi,

Tushlarimga kirib har sahar.

 

***

 

To's-to'polon dunyodan bezib,

Uzlat demish xilqatda qoldim.

Xasta qalbim bag'rimni ezib,

Har kunimni xudoga soldim.

 

***

 

Yomo-on og'rib shikasta dilim,

Ofatiga qulluqlar qildim.

Qani deya yo'qotgan yo'lim,

O'z ko'ksimni o'zginam tildim.

 

***

 

Gurros kulib ko'rolmaslarim,

G'iybatchiga xudolar berdi.

Toptamasdan turolmaslarim,

Qo'yib bersa, boshimni yerdi.

 

***

 

Ey, yov, tinchlan, meni deb kuyma,

Hoyu-havas meniki emas.

Ich-etimni yeb bitkur bu dard,

Xayriyatki seniki emas.

 

***

 

Dardli-dardli duolarimda,

Senga to'zim tilab turayin.

O'z-o'zimning ro'yolarimda,

Seni nurga belab turayin.

 

***

 

Faqat… Faqat kuymasang-da, bas,

Hasadingni qaytariblar ol.

Hoyu-havas meniki emas,

Senga kerak bo'lsa, mana, ol.

Olimjon HAYIT

loading...