Rossiyada koronavirusga qarshi yogurt yoki burunga tomiziladigan tomchilar shaklidagi vaksinalar paydo bo'ladi

0

Rossiyalik olimlar SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi bir necha vaksina ustida ish olib bormoqda. Xususan, yogurt sifatida qabul qilish mumkin bo'lgan vaksina yaratilmoqda. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Vladimir Chexoninga tayanib, «RG.ru» xabar berdi, deb yozmoqda daryo.uz.

Mazkur dori vositasini Eksperimental tibbiyot instituti olimlari yaratmoqda. Vaksina og'iz, aerozol yoki tomchi orqali organizmga kiritiladigan mukozal turga mansub. Odatda bu kabi dori vositalarida antigenlar mikrokapsula ichida bo'lib, u ovqat hazm qilish fermentlaridan himoyalangan bo'ladi.

«Mazkur vaksina sut-qatiq mahsulot turi sifatida yaratilmoqda. Bugungi kunda u dastlabki sinovlardan o'tkazilmoqda», — deydi Chexonin.

Bu Rossiyada yaratilayotgan yagona vaksina emas. Aynan ushbu institutda gripp virusi shtammlaridan biri ishtirokida gen injeneriyasi yordamida koronavirusga qarshi kombinatsiyalashgan vaksina yaratish ustida ish olib borilmoqda. Vaksina ustida ish olib borayotgan olimlardan biri, professor Larisa Rudenkoning so'zlariga ko'ra, bu kabi vaksina burunga tomchi tomizish orqali organizmga kiritiladi va u ham COVID-19’dan, ham grippdan himoya qiladi.

May oxirlarida Rossiya JSSTga koronavirusga qarshi 8 ta vaksinani taklif qilgandi.

Eslatib o'tamiz, AQShning Moderna kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlari birinchi fazasi ijobiy natijalar bilan tugayotganini ma'lum qilgan. Shuningdek, AQShda koronavirusga qarshi DNK-vaksina sinovdan o'tkazildi.

loading...