SUSANNA… (7-qism)

0

 

 

* * *

 

Oradan ikki oy vaqt o'tdi. Men shaharning dalalarga tutashgan yeri — ko'p qavatli uylarning biridagi yerto'lada deyarli o'zim tengi yigitlar bilan birga yashay boshlagandim. Ularning aksariyati o'g'rilik bilan shug'ullanar, barchalari yetimxonada tarbiya topgan bolalar ekan.

Hayotim biroz izga tushgandek edi. Hamma qatori ovqatlanar, yerto'la zax bo'lsa-da, hech kim bezovta qilmasdi.

Faqat Haydar o'g'rining kunlik beradigan haqidan ko'nglim to'lmasdi. To qorong'i kechga qadar ter to'kib tilanchilik qilsam-da, u ikkita, nari borsa, uchta nonga yetadigan pul to'lardi. Nima qilay? Tilim qisiq. Shu odam menga joy berdi, ishga joyladi. Qarshi so'z aytishga ojizman. Xudo ko'rsatmasin, jahlini chiqarsam, meni ko'chaga haydab solishi aniq.

Buning ustiga, Sharifaning meni qidirmayotgani alam qilardi. Shunchalar beqadrligimdan qattiq o'ksirdim.

Mana, ikki oydan beri begona shahardaman. Har kunim sog'inch azobida o'tadi. Kir, yetmish yamoq yostiqqa bosh qo'yishim bilan Sharifa yodimga tushadi. Birga kechirgan tunlarni, lazzatli lahzalarni qo'msayman. Uning esa parvoyi falak. Necha martalab ko'chada militsionerlarni kuzatdim. «Shular balki meni qidirayotgandir?» degan o'yda ko'p bor ularning yonidan o'tib ketdim. E'tibor berishmadi. Agar kimdir qidiruvga bersa, ular meni darrov payqashardi. To'xtatib kimligimni, shaharda nima qilib yurganimni surishtirishardi.

Afsus, hayotda yana omadim yurishmadi. Yarimta bo'lsa-da, ne azobda topgan baxtim ham mendan osongina yuz o'girdi.

Shunday kunlarning birida Sardor degan hamtovoq yigit yaramga tuz sepdi.

U ozg'in bo'lishiga qaramay, juda chayir yigit. Tiqilinch avtobuslarga chiqib, cho'ntak kesadi. Pul o'g'irlayotganda, necha martalab qo'lga tushgan, olomon orasida qolib, tepkilar yegan. Baribir, qaytmaydi. Bir-ikki kun yerto'lada dam olgan bo'ladi-yu, tag'in cho'ntakka tushaveradi. Ishqilib, tegirmonga tushsa, tirik chiqadiganlar xilidan.

— Anchadan beri kuzatayapman, — dedi u tilanib o'tirganimda, sekin yonimga kelib. — Yaxshigina soqqa qilayapsan-u, aka yolchitib haq bermayapti senga. Nimaga indamaysan?

Bu savoldan so'ng yuragimni muz qoplagandek bir muddat tosh qotdim.

— Bilaman, — dedim bo'shashib. — O'zim ham nima qilishni bilmay yuribman.

— Sen sal pishiqroq bo'l!

— Qanaqasiga?

— Topgan pulingning bir qismini imi-jimida cho'ntakka ur!

— Haydar aka bilib qolsa-chi?

— Qaerdan bilardi? Kuni bilan yoningda o'tirmaydi-ku! Bir bahona topasan-da!

— To'g'ri, — dedim jonlanib. — Xayolimga kelmaganini qara-ya, Sardor. Menga qara, sizlar ham olib qolasizlarmi puldan?

— Albatta, olib qolamiz-da. Jinni emasmiz-ku, berganiga sabr qiladigan. Bu yerni shahar deb qo'yibdi, oshna.

Hamtovog'imning bu so'zlari ko'zimni moshdek ochdi. Ha, bugundan e'tiboran tushgan puldan chegirib qolaman. Shunday qilmasam bo'lmaydiganga o'xshaydi!..

Bugun menga omad kulib boqqandek edi. Nolalarimga farishtalar omin dedimi, kechgacha ancha-muncha pul ishlab oldim. Hech qachon bugunchalik ko'p pul tushmagandi.

Shomga yaqinlashganda, bir siqim pulni yaxshilab taxladim-da, cho'ntakka joyladim. Qolganlarini esa Haydar o'g'ri uchun asrab qo'ydim.

Odatiga ko'ra, hamqishlog'im o'z vaqtida qarshimda hozir bo'ldi. Oldiniga hol-ahvol so'radi. Men atayin qovog'imni uyib, norozilandim.

— Bugun ishning mazasi bo'lmadi, — dedim oldini olib. — Sadaqa beradiganlar kam bo'ldi.

— Yo'g'-e, — dedi Haydar o'g'ri shoshilmasdan men bergan pullarni sanarkan. — Har kuni tushgan pul bugun kamayibdimi? Bo'lishi mumkinmas, uka!

— Nima qilay? Hammasini qo'lingizga berdim.

— Qani, ko'zoynakni yechib, oldimga tush! — buyurdi Haydar o'g'ri jiddiylashib. — Tezroq bo'l!

Buyruqqa bo'ysundim. Ikkalamiz oldinma-ketin katta ko'prik ostiga bordik.

Bu yer odamlardan butkul xoli edi. Haydar o'g'ri shunda ham ehtiyot shart chor atrofni ko'zdan kechirib oldi-da, menga o'qraydi.

— Cho'ntagingdagilarni chiqar! — o'dag'ayladi u. — Nega ammamning buzog'iga o'xshab baqrayib qolding? Chiqar cho'ntakdagilarni!

Adoyi tamom bo'layozgandim. Hozir meni nimalar kutishi elas-elas xayolimdan o'tar, pullarni chiqarib unga tutqazarkanman, dag'-dag' titray boshlagandim.

— Ko'rnamak ekansan, Qodir! — qo'lini bigiz qilib, ko'zlarimga o'qtaldi Haydar o'g'ri. — Qara, ko'chada qolganingni ko'rib, rahmim kelgandi. Shunday ishni ishonib topshirib qo'ydim. Sen-chi?

— Unda sizam insof qiling-da, — dedim bo'sh kelmay. — Pullarning hammasini olib qo'yaversangiz…

— Xohlaganimda, bir tiyinsiz ishlatardim, — dedi u iyagimni siqib. — Bu mening tochkam, bildingmi? O'zing kimsan-a? Turishingga bir qara, so'tak. Turshaging chiqib yotibdi-ku.

— Turishimga til tekkizmang…

— Ha-a, shuning uchun o'gay otang ham quvib solibdi-da seni. Xudoyam ko'rnamakligingni bilib, senga yurib qo'ygan xotinni duch qilgan.

— Siz kim bo'psiz menga baho beradigan? — beixtiyor baqirib yubordim men. — Nima haqingiz bor?

— Vey, tirrancha! — dedi Haydar o'g'ri iyagimni qattiqroq siqib. — Yaxshiyam, hamqishlog'imsan. Bo'lmasa, abjag'ingni chiqarardim. Yo'qol! Ko'zimga ko'rinma, iflos!

— Ketsam ketaveraman, — deya zarda bilan uning changalidan xalos bo'lishga urindim. — Qo'yvoring!

Haydar o'g'ri iyagimdan qo'lini tortib oldi-da, avtovokzal tomonga ishora qildi.

— Agar shu atrofda yurganingni ko'rib qolsam, mendan xafa bo'lmagin. Yigitlarga aytib, dabdalangni chiqartiraman. Bor endi, daf bo'l!

 

* * *

 

Katta yo'l bo'yiga yetganimda, istar-istamas ko'kka boqdim. Osmon qop-qorong'i, chamasi, yomg'ir yog'ish arafasida edi. Quyuq bulutlar battar dardimni oshirdi.

«Qiziq, — o'yladim o'zimcha. — Boshimga bir tashvish tushdi deguncha yomg'ir yog'adigan bo'libdi. Nahotki xudoning qarg'ishiga uchragan bo'lsam? Qaysi aybim uchun? Haqimni talab qilganim uchunmi? Yo bevatanligim sababmi?»

Shunday xayollar iskanjasida poezd vokzaliga yetib oldim. Bu yerga Haydar o'g'ri qadam bosmasligi aniq. Vokzaldan tunu kun odam arimaydi.

Ana, ichkarida men kabi daydilar ko'p ekan. Aslida, ular daydi emas. Mardikorchilik qilib, tunni shu yerda kechiradiganlar. Faqat ularning mendan bir farqli jihati bor. Ularning zerikkanda, horiganda, betob bo'lganda boradigan manzillari tayin. Uysizlik muammosi yuraklarini ezmaydi. Ishlab-ishlab, cho'ntaklari qappaygach, uy-uylariga tarqalishadi.

Hali vokzal eshigiga yaqin borib ulgurmagandim. Kimningdir «Qodir! Hoy, Qodir!» degan hayqirig'ini eshitib orqaga o'girildim.

Ancha naridan shu shaharda yashaydigan sinfdoshim To'lqin chopib kelardi.

Sevinib ketdim. Sinfdoshimni quchoq ochib qarshi oldim.

— Bormisan, oshna? — dedim To'lqinni bag'rimga bosib. — Seni ko'raman deb sira o'ylamovdim.

To'lqin so'zlarimga e'tibor qilmay, ikki bilagimdan mahkam tutdi.

— Shaharda nima qilib yuribsan, xumpar? — so'radi u kuyinib. — Qishloqda ishlaring rasvo bo'lib yotibdi ekan-ku.

— Nima bo'libdi? Tinchlikmikan?

— Tinchlik emas-da, o'rtoq! — yuzini ters burdi To'lqin. — Boya ukam kelgandi. Gap orasida aytib qoldi.

— E, cho'zmasdan tezroq gapirsang-chi! — siltadim uni. — Birov o'libdimi?

— Yo'q, o'lmagan. Lekin xotining turmushga chiqayotganga o'xshaydi.

— Nima? — bu gapni eshitganim hamono yuragim shuv etib ketdi. — Jinni bo'ldingmi, To'lqin? Xotinim nimaga turmushga chiqadi?

— Men qaydan bilay? — yelka qisdi To'lqin. — Aytdim-ku, ukam gap topib keldi deb. O'sha qishloqqa borgan ekan, qator-qator mashinalar turganini ko'ribdi. Ha, karnay-surnay ham chalinganmish. O'tib ketayotgan bolakaylardan so'rasa, «Sharifa opamlarnikiga ertaga kuyov keladi», debdi.

— Shunaqa degin… — men bo'm-bo'sh qop kabi shalvirab, o'zim sezmagan holda beton to'siq ustiga o'tirib qoldim. — Nahotki Sharifa mendan voz kechgan bo'lsa?

— Vey, bo'shashib o'tiravermay, yo'lga tush! — baqirdi To'lqin o'tkinchilarning hayron bo'lib qarayotganiga ham e'tibor qilmay. — Borib bil! Shaharda pishirib qo'yibdimi senga hozir?

Men dast o'rnimdan turdim.

— To'g'ri aytasan, — dedim mushtlarimni tugib. — Bekorga chiqib kelayotganimda, «Yo'qolib ket! Sendan kechdim!» demagan ekan. Demak, niyati buzilgan. Mendan yaxshirog'ini topgan.

— Qodir, senga maslahatim, tezda qishloqqa jo'na! Masalani hal qil!

— Iltimos, menga picha qarz berib tur! — dedim dadil. — Tez kunda qaytaraman. To'g'risi, hozir yonimda bir miriyam yo'q.

— Gap yo'q, — dedi To'lqin cho'ntagiga qo'l solib. — Mana, shuncha pul yetadimi?

— Yetadi. Bo'pti, ko'rishamiz. Rahmat!

Bu xunuk xabar meni adoyi tamom qilayozgandi. Jonholatda endigina o'rnidan qo'zg'algan taksi ortidan chopdim.

«Erkak uchun bundan ortiq sharmandalik bo'ladimi? — ich-etimni yerdim hamon. — Xotining nikohingda bo'la turib, boshqasiga turmushga chiqishi aqlga sig'maydi-ku! Nahotki bir chaqachalik qadrim bo'lmasa? Yo'q, enasini uchqo'rg'ondan ko'rsatmasam, otimni boshqa qo'yaman! Agar shu gap rost bo'lsa, hammaning oldida sharmanda qilaman! To'yini buzaman! Meni endi hech kim qaytara olmaydi».

Tuman markaziga yetib borganimda, vaqt xuftonga yaqinlashib qolgandi. Bilaman, qishloqdagi to'ylar bu mahalda tugamaydi. Nari borsa, endi kuyovnavkarlar kirib kelgan bo'ladi. Hozir ikki yuz gramm aroq ichaman-u, ana undan keyin taksiga o'tirib, Sharifanikiga jo'nayman.

Och qoringa ichilgan aroq a'zoyi badanimni qizdirib yubordi. Sarxushligim sabablimi, miyam yanada tezroq ishlab ketgandek edi. Boshdan kechirgan azoblarim yig'ilib kelib, bo'g'zimga tiqilar, shu tobda hayqirishdan bazo'r o'zimni tiyib turardim.

Taksi ko'z ochib yumguncha o'zim uchun tanish mahallaga olib bordi. Sharifalarning uyi oldida mashinalar ham, odamlar ham ko'rinmasdi. Bir-ikkita o'smir bolalar ariq yoqasida berilib koptok tepishardi, xolos. Faqat darvozadan sal nariroqqa qo'yilgan qozon va temir o'choqlar, haqiqatan ham, to'y bo'lganligini anglatib turardi.

«Kechikibman, shekilli, — o'yladim o'zimcha. — Lekin farqi yo'q. Hozir kirib olay, ko'rsataman xo'rlashni ularga!»

O'smir yigitlarning salomi ham qulog'imga kirmadi. Darvozadan ichkariga hatladim-u, bor ovozda qichqirdim:

— Sharifa! Qaerdasan, yaramas? Agar yangi eringnikiga ketgan bo'lsang ham, mendan qochib qutula olmaysan! Kim bor? Chiqlaring iflos, uyatsiz, haromilar! Chiq!..

Shu mahal uy eshigi ochilib, oldin Sharifa, ketidan qaynonam, qaynsingillarim chopib chiqishdi.

— Ha-a, nega baqirasiz? Tinchlikmi? — Sharifa bir muddat meni kuzatib turgan bo'ldi-da, alam aralash qichqirdi. — Biror yerga o't tushibdimi?

Javob berish o'rniga unga yaqin bordim-da, boshdan oyoq qarab chiqdim.

— Yangi atlaslar kiyib olibsan, tinchlikmi? — so'radim shubhalarimni yashira olmay. — Rostdanam to'ying bo'layapti ekan-da, a?..

— To'y? — Sharifa negadir hayron bo'lib, menga qattiqroq tikildi. — Qanaqa to'y?

— Erga tegayotgan emishsan-ku! — dedim tutilib. — Shu rostmi?..

Bu gapimdan so'ng Sharifa beixtiyor titrab ketdi.

— Esingiz joyidami? — dedi orqasida turgan yaqinlariga bir nazar tashlab olarkan. — Kim erga tegadi?

— Qizim, eringning esi kirdi-chiqdi bo'lib qolgan ko'rinadi, — luqma tashladi qaynonam lab burib. — Ikki oydan beri, xudo biladi, qaylarda sang'igan ekan. Ajina chalsa chalgandir-da!

Onasining gapidan qaynsingillarim piq-piq kulishdi.

Men esa nima deyishni bilmas, xijolatdan tilim lol bo'lib qolgandi. Nimalar qilib qo'yganimni, kimlarning gapiga ishonib to'polon ko'targanimni anglaganim sari yuzim shuvut bo'lib borar, hozir ortga qaytishni ham, Sharifa bilan ko'rishishni ham bila olmay garang edim.

Bu gal ham xotinim meni qutqardi. Og'zimdan kelayotgan aroq hidini payqadimi, bir seskanib, aftini bujmaytirdi-da, ma'yus jilmaygancha kelib yelkamga boshini qo'ydi va hech kimga eshittirmay pichirladi:

— O'zimning jinnivoyim! Qaysi ahmoq xotin bir er bilan yashab turib, ikkinchisiga tegarkan? Qaynsinglingizni turmushga berayapmiz, Qodir aka…

 

* * *

 

Oylar o'tib, yana qilich yalang'ochlagancha qish keldi. Tashqarida qor gupillab yog'ardi. Achchiq izg'irin naq burningni uzib olgudek pishqirardi. Ammo mening qalbimda yoz bayram qilayapti. Terimga sig'mas darajada mamnunman.

Bugun G'aniobod degan cho'l hududdan o'zim uchun uy topdim. Mo'min degan do'stim topib berdi. U yoqlarga har kim ham yurak yutib boravermas ekan. Uylar bo'm-bo'sh emish. Rostdan yashayman, cho'lda dalaga chiqib javlon uraman degan mard bemalol kelib xohlagan uyga kirib olishi mumkin ekan.

Yaqin do'stim Mo'minning aytishicha, yarim tunlari dala tarafdan chiyabo'rilarning uv tortishi aniq-tiniq quloqqa chalinarkan.

— Agar o'sha bo'rilardan qo'rqmay yashayman, daladagi og'ir mehnatga chidayman desang, — dedi Mo'min. — Biring ikki bo'ladi, oshna. Sholi ekasan, paxta ishida ishlab ozmi-ko'pmi pul topasan. Buyoqda kelin ham qimirlab tursa, qora qozon qaynamay qolmaydi…

Shularni o'ylarkanman, sekin yonimda jim ketib borayotgan Sharifaga razm soldim. Uning qovoqlari uyilgan, homiladorligi sababmi, yuzlari bo'g'riqqan. Boshini eggan ko'yi sukut saqlardi.

— Ha, — o'yladim o'zimcha. — Sharifaga juda og'ir bo'ldi. Homiladorligida bu kabi dilxiraliklar, asabbuzarliklar ketma-ket keldi. Ishqilib, oxiri baxayr bo'lsin-da!.. Qiziq, hozir uyimizga kirib borsak, Sharifa nima derkin? Unga uy yoqib tusharmikan? Albatta yoqadi. Menga ma'qul keldi-ku, ungayam yoqadi-da!.. Uchta hayhotday xona, balkoni keng, deraza, eshiklari mustahkam bo'lsa. Faqat… Pechka masalasi qiyin ekan. Buniyam yo'lini toparman. Bitta pechkaning tadbirini ko'ra olmasam, nima qilib yuribman!?.

Ko'ch-ko'ron ortilgan mashina biz yashashimiz kerak bo'lgan ko'p qavatli uy tomon burilib to'xtagach, hayajonim ortib sakrab pastga tushdim-u, Sharifaga qo'l uzatdim…

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...