Toshkentda OIVga chalinganini bila turib, 16 yoshli qiz bilan intim munosabatda bo'lgan maktab o'quvchisiga jinoyat ishi ochildi

0

Toshkent shahrida OITS kasalligi bo'lgan 17 yoshli maktab o'quvchisi o'zining tanish qizi — 16 yoshli maktab o'quvchisi bilan intim munosabatda bo'lgani uchun unga nisbatan jinoiy ish qo'zg'atildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi, deb yozmoqda «daryo.uz».

Tergovoldi tekshiruvlar doirasida aniqlanishicha, 17 yoshli A.K. OIV infeksiyasi bilan kasallanganligidan va OITS dispanserida hisobda turishidan xabardor bo'la turib, tanishi 16 yoshli R.B. bilan himoyalanmagan tarzda intim munosabatda bo'lgan va bu bilan qizni OIV infeksiyasi yuqtirish xavfi ostiga qo'ygan. Qonuniy himoyachisi ishtirokida IIBB xodimlari bilan bo'lib o'tgan suhbatda yigit o'z aybiga to'liq iqrorligini bildirgan.

Yigitning ma'lum qilishicha, u kasalligi sababli 2009 yildan buyon (7 yoshidan) hisobda turib, muntazam ravishda ko'rikdan o'tgan. Yigit R.B. bilan bolalikdan tanish bo'lganligi sababli u bilan anchadan buyon yaxshi munosabatda bo'lib, o'smirlik davridanoq uchrashib yurgan.

«Yigit va qiz munosabatlarni ‘kattalar’ darajasiga o'tkazishni rejalashtirmagan edi, ammo bu holat sodir bo'lganida ularda kontratseptiv himoya vositasi bo'lmagan. Yigit qizni intim munosabat xavfli bo'lishi mumkinligidan ogohlantirgan, ammo o'smirlik sevgisi ularning ko'zini ko'r qilib qo'ygan edi. Keyinchalik yoshlar himoya vositalaridan foydalanib, birinchi holat hech qanday yomon oqibatlarga olib kelmasligidan umidvor bo'lgan», — deyiladi IIBB xabarida.

Ma'lum qilinishicha, biroz vaqt o'tgach o'zini yomon his qila boshlagan qiz shifokorga murojaat qilgan va 5 oylik homilasi borligidan xabardor bo'lgan. Yigitining tashxisini bilgan qiz holatning jiddiyligini tushunib, muammosi haqida tibbiyot mutaxassislariga va yaqinlariga ma'lum qilgan.

Shu tarzda o'rta maktab yuqori sinflar o'quvchisi A.K. o'z harakatlari bilan boshqa shaxsni tanosil kasalligini yuqtirish xavfi ostida qoldirgan. Mazkur holat asosida ichki ishlar idoralari tomonidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 113-moddasi (Tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) bo'yicha jinoiy ish qo'zg'atilgan. Holat bo'yicha to'plangan ma'lumotlar ayblov xulosasi bilan jinoiy ishlar bo'yicha sudga yo'naltirilgan.

loading...