SUSANNA… (35-qism)

0

 

 

* * *

 

Vaqt xuftondan oshdi. Ko'chadagi o'tkinchi mashinalar, qo'shni uydagilarning shovqin-suronlari barham topdi. Sukunat xuddi yutib yuborgudek xona keza boshladi.

Men hanuz bo'shashgancha tek o'tirardim. Ahyon-ahyonda Susannaning yo'liga ko'z tikar, qaytishidan umid qilardim. Shu orada alam bilan u qoldirgan bir parcha qog'ozga qo'rqa-pisa ko'z tashlab qo'yardim. Qog'ozchadagi bir enlik xat meni tobora ado etib borardi.

«Men sizga baxt ato eta olmadim. Endi sizning muhabbatingizga arzimayman. Meni qidirib ovora bo'lmang. Yaxshisi, o'zingizga boshqa yor toping. Men baribir siz bilan yashamayman…»

Bu xatni ko'rgan ko'zlarim o'yilib, o'qigan tilim uzilib tushsa bo'lmasmidi… Nega unday qildi? Haqiqatni aytdim-u, vannaxonaga chiqib yetdim. Qaytganimda esa mana bunday vaziyat… Susanna yo'q. Xontaxta ustida qog'ozcha…

Qidirishga tutindim. Lekin qaysar qalbim yo'l bermadi. Qaytishidan umid qilishga, kutishga, sabr bilan ish tutishga undadi.

Men unga ilojsiz quloq tutdim. Chunki o'zim ham vaqt o'tgani sayin o'zimni yaxshi anglab borardim. Yuragimga sevgi, ishrat, oqibat, mehr sig'masligiga ko'zim yeta boshlagandi. Ha, men farzandsiz, ovunchoqsiz hayotni tan ola bilmayman. Demak, ilgarigidek talvasaga tushmasligim aniq.

To'g'ri, yaqin kishingni yo'qotish, usiz umr kechirishni tasavvur etish yengil kechmaydi. Go'yo telba qiyofasiga kirib qolasan. Qaerga borishni, qay ko'chaga kirishni bilmay xunob bo'lasan. Yotishingda, turishingda, yurishingda halovat bo'lmaydi. Yorug' dunyo torlik qila boshlaydi. Ammo na iloj? Yoningda birgina bo'lsin erkatoying chopqillab yurmagandan keyin boshqasi tatirmidi?!.

Derazadan yulduzli osmonga boqdim. Marjon kabi tizilgan yulduzlar menga achinish nazari bilan boqayotgandek tuyuldi. Yuragim siqildi. Qandaydir noma'lum kuch qattiq ezayotgan kabi boshimda kuchli og'riq sezdim. Hoynahoy, bu qattiq asabiylashishdan bo'lsa kerak. O'zimcha javondan dori olib ichmoqchi bo'ldim. Lekin bu fikrimdan ham qaytdim.

«Mayli, og'riyversin. Qattiqroq og'risin, — o'yladim. — Ajabmaski, shu og'riq bahona barcha azoblardan xalos bo'lsam!.. Yo'q, azoblar u dunyoi bu dunyo ado bo'lmaydi. Shunday ekan, o'zimni qo'lga olaman. Xo'sh, Susanna meni tashlab ketgan bo'lsa, osmon uzilib yerga tushdimi? Ana, joyida turibdi!.. Baribir bir kunmas bir kun shunday bo'lishi kerak edi. Sevinganimda, ko'nglim nimadandir og'riganida tizzamga o'tqazib erkalaydigan, sho'xliklari bilan g'amlarimni aritadigan farzand bo'lmagach, bunday muhabbatga ko'nika olarmidim?!. Uning qadriga yeta bilarmidim?!.

Ha, yaxshisi, ertaga qishloqqa jo'nayman. Ishga ham bormayman. Shu tobda ko'ngilga ish sig'armidi?!. Kasallik varaqasini olaman-u, qaytganimdan so'ng kadrlar bo'limiga topshiraman- qo'yaman…»

Shunday xayollar bilan o'zim o'zimga taskin berdim. Yuragimda g'ujg'on o'ynayotgan vahimalar, qo'rquvlar, dardlar, armonlar arigandek hiyla yengil tortdim. Ko'zlarim yumila bordi. Ha, endi uxlasam bo'ladi. Qishlog'im menga albatta tinchlik, xotirjamlik, quvonch baxsh etadi. Bunga ishonaman.

Shu ko'yi bir soatcha qimirlamay yotdim. Endi-endi mudray boshlagan ekanman. Iblis miyamga o'rlab, charx ura boshladi.

U avval oromimni o'g'irladi. O'rnimdan turishga, atrofga bezovta alanglashga majbur etdi. So'ngra meni o'z domiga tortib ketdi. Qalbim esa iblisni payqagani hamono arazlab, menga ters o'girilib olgandi.

E'tibor qilmadim. Iblisning sho'x-shodon harakatlariga, imo-ishoralari-yu, muqomlariga mahliyo bo'ldim.

«Jussang, vujuding ezilishlardan, xo'rliklardan charchadi, — uqtirardi u menga. — Tokaygacha yorug' dunyoning sinovlari, masxaralashlariga yon berasan? Sen ham dunyoga kelganingda baxtli bo'lishga, boshqalar kabi osuda umr kechirishga haqli eding. Hozir-chi? Ko'chada dumalab yotgan toshdan farqing yo'q. Xohlashsa, seni qo'llariga olishadi-yu, boshqa tarafga itqitib yuborishadi. Xo'sh, nega hamon jimsan? Dunyodan yaxshilik qidirayapsanmi? Topolmaysan. U senga begona. Hech qachon yaxshilik senga oshno bo'lmaydi. Agar shu taxlit o'tiraversang, kelgusi umring bundan-da battarroq kechadi. Sen itday xor bo'lasan…»

«Xo'sh, nima qilay? — so'radim iblisdan xo'rligim kelib. — Bu og'ir kunlardan qutulishning boshqa yo'li bormi? Bo'lsa ayt!»

Iblis bu savolni eshitiboq a'zoyi badanimni chirmab oldi. Endi uning girdobidan xalos bo'lishning sira imkoni qolmagandi. Umuman, shu lahzalarda men faqat unga hamsuhbat bo'lishni ixtiyor etgandim.

«Sen uch kunga qadar och-nahor kun kechir, — menga maslahat bera boshladi iblis. — Faqat suv ich-u, tamaki chek. Qarabsanki, holing quriydi, lohas bo'lasan. Asta-sekinlik bilan joning sendan bezib, uzoqlashib boradi. Tamoman holdan toygach, katta ko'chaga chiq. Hushingdan ketib yiqilasan. Shundan keyingina orom topasan. Ishon, bu foniy dunyoni tark etishning eng oson yo'li. Faqat shu yo'lni tutsanggina tanangda og'riq sezmaysan, azoblanmaysan. Shoshil, u dunyoda seni barcha ezguliklar, yoqimli lahzalar intiq bo'lib kutayapti. Faqat shoshilishing zarur. Aks holda adoyi tamom bo'lasan…»

Birdan hushyor tortdim. Bu maslahatlar ko'nglimga ma'quldek tuyuldi.

«Ha, iblis haqqa o'xshaydi, — o'yladim boshimni kaftlarim orasiga olgancha. — Yashashning ma'nisi qolmadi hisob. Adashmasam, yaqin o'tmish tag'in ortga qaytadigan ko'rinadi. Hademay, bir sabab bo'ladi-yu, ishdan, kun ko'rib turgan makondan ayrilaman. Qarabsizki, yana katta ko'chada paydo bo'laman. Qarindosh-urug'lar ahvolimdan xabar topishadi-yu, yuz burishadi… Yo'q, kerakmas!.. Ortiq bunday yashashni xohlamayman. Men o'lishni, hammasidan voz kechishni istayman. Mana, his etayapman. Qornim ochib borayapti. Demak, sinov pallasi boshlandi. Men hech narsa tanovul qilmayman. Chidayman. Bilaman, bardoshim yetadi. Tamaki ham yo'q emas. Iblis aytganidek yo'l tutaman. Hayotimga, og'ir lahzalarga, afsus-u nadomatlarga, barcha-barchasiga qo'l siltagancha borsa-kelmas degan yoqlarga bosh olib ketaman. Toki hech kimga malol kelmasin. Hech kim ustimdan kulishga, kamsitishga ulgurmasin. Men… Sop bo'ldim!..»

 

* * *

 

… Oradan bir kun o'tdi. Hanuz uyda yolg'iz edim. Hech kimni kutmasdim ham. Iblisning maslahatlariga qat'iy amal qilardim. Qornim tatalay boshlaganda, ikki ho'plam sovuq suv ichish bilan kifoyalanib, ketidan tamaki tutatardim.

Tamakining achchiq tutuni vujudimni qamraganda, ko'ksim kuya boshlar, shunda holsiz tanamni yupqa ko'rpacha ustiga tashlagan ko'yi ko'zlarimni yumardim.

Zulmat olam yuziga qaytadan parda tortib, hukmronlikni qo'lga olgach, boshim aylanishdan to'xtab, ko'nglim alag'da bo'la boshlaganini his etdim.

Bardosh qilishga o'zimda kuch topa olmay, bazo'r o'rnimdan qo'zg'aldim va deraza qarshisiga bordim.

Chamasi, mavzedagi uylarning hech birida chiroq yo'qqa o'xshaydi. Markaziy elektr tarmog'idan o'chirishibdi chog'i.

Nursizlana borayotgan nigohlarim zulmatning sovuq bag'riga qadaldi.

Yo'q, u ayni chog'da ko'zlarimga sovuq ko'rinmasdi. Ingichka, rang-barang chiziqchalar bir-biriga navbat bermay jilolanib, ko'zlarimni qamashtirardi.

Ulardan sal nariroqda mahluqsifat sharpalar paydo bo'ldi-da, xuddi sportchilar kabi goh oldinga, goh orqaga aylanib chopa boshladi.

«Hademay shularning barchasi mening hamrohimga aylanadi, — xayolimdan o'tkazdim. — Hoynahoy, anavi jilolanayotgan chiziqchalar qaysidir makonlarga olib o'tuvchi ko'priklar bo'lsa kerak. Qora sharpalar-chi?.. Ular qo'riqchilarmikan?..»

Bir mahal yuragim dukillab, a'zoyi badanimni oyoqqa turg'azdi. Oradan bir necha soniya o'tdimi-yo'qmi, halovatsizlik yo'qolib, qalbim qo'zg'olon qila boshladi.

— Ko'rdingmi, nodon? — so'radi u ko'ksimni turtkilab. — Sen hov o'sha qorong'ilik qa'riga talpinmoqdasan. Unda faqat dahshat, yomonlik, uzlat kezib yuradi. Agar bu yo'ldan qaytmasang, abadul abad o'shalarning girdobida qolib ketasan. Bilib qo'y, zulmat qo'ynida orzu-havas, ezgulik, quvonch, shodlik hech qachon qo'nim topmagan. Zulmat ularni o'zining xavfli dushmani deb biladi. Shuning uchun bag'riga olmaydi. Ko'zingga ko'ringan mahluqsifat sharpalar iblis xizmatkorlaridir. Ular seni kutishmoqda. Azoblashga, masxaralashga shay turishibdi…

«Sen hadeb nasihatgo'ylik qilaverma, — urishib tashladim qalbimni. — O'zing ham nasihat berishdan boshqasiga yaramaysan-ku!.. Qachon og'ir kunimda qaddimni ko'tarding? Hech qachon. Tomoshabinlikdan bo'shamaysan-u, o'zingcha aqllilik qilasan. Meni tinch qo'y! Bir qarorga kelib bo'lganman. Endi bu yo'ldan hech qachon qaytmayman!..»

Vujudimda nafrat kuchliroq alanga ola boshlaganini sezgach, asta ortga tislanib, o'ringa cho'zildim. Ich-ichimni noma'lum titroq zabtiga ola borardi. Boshim qizib, peshonamni sovuq ter bosdi. Ustimga polda yotgan eski choponni yopdim-da, uxlashga urindim. Shu uyqu so'nggisi bo'lishi mumkinligidan umid qildim.

 

* * *

 

Bugun uchinchi kun o'tib borayapti. Ahvolim tamoman nochorlashib bo'lgan. Qur-qur ko'nglim ag'dariladi. Lekin qusa olmayman. Ichim tortishib og'riydi. Alamimni faqat tamakidan olmoqdaman. So'nggi lahzalarda sovuq suv ham menga zahardek tuyula boshladi. Iblisning maslahati quloqlarim ostida jaranglagani bois majburan bir qultum ichishga urinaman. Shunday qilmasam bo'lmaydigandek tamaki tutab bo'lishi bilan kran tomon sudralaman…

Axir… Hali zamon tun cho'kadi. Shuni bilganim sababli ham xotirjamman. Harqalay, chidadim. Uch kunni amal-taqal bo'lsa-da, o'tkaza oldim…

Faqat… Titroq tanamni tark etmagani yomon bo'ldi. Uning dastidan bemalol oyoqda tik tura olmayman. Barmoqlarim orasida cho'g'lanayotgan sigaret ham titroq ta'sirida tushib ketay deydi. Oxirgi kuchimni barmoqlarimga yig'ib, uni tushib ketishga qo'ymayman. Xudoyim, tezroq tun cho'ka qolsaydi!..

Nihoyat xona ichi nim qorong'ilashganini payqadim. Ko'zlarimni ochib, shiftga termildim. Kuni kecha zulmat qo'ynida charx urib aylangan ingichka, rang-barang chiziqchalar endi shift uzra aylanib, ko'zni qamashtirardi.

Ko'ksimdagi kuchli titroqni bosish ilinjida kaftim bilan uni mahkam bosdim.

Biroz tinchlangandek bo'ldim.

Shu tobda Susannaning ma'yus siymosi xayolimdan o'tib, yuragim yanada g'ash tortdi. Biroq g'ashlikka bo'yin egmoqchi emasdim. Ko'z oldimni to'sishga chog'langan xira pardalarni nari surib chap yonimga yonboshladim.

«Uyam boshqalar singari bemehr ekan, — o'yladim nafratimni jilovlay olmay. — Farzandsizlikni bahona qilib juftakni rostlab qoldi. Demak, meni sevmagan ekan-da! Shunchaki kunini ko'rish, katta shaharda yolg'iz qolmaslik uchun turmushga chiqqan ekan-da!.. Bunchalar tuban bo'lmasa odamlar! Faqat o'zlarining manfaatlarini o'ylashadi. Chora topildimi, tamom, birovning azoblanganiga ham osongina ko'z yumishadi… Mayli, bir jihatdan ketgani yaxshi bo'ldi. Nima bo'lganda ham unga ko'ngil bergandim, aziz ko'rardim, avaylardim. Mensiz albatta baxtini topadi. Balki badavlat kimsalarga duch kelar. Men bilan kechirgan ayanchli lahzalari xayolga aylanar. Endi menga baribir. Hademay oy yuz ko'rsatadi. Oy nuri meni olis-olislarga olib ketadi. Ikkilanishlar, xavotirlar, qayg'u, anduhlar ortda qoladi. Men omonatlikdan butkul xoli bo'laman…»

Shunday xayollar iskanjasida yana tamaki tutatdim. Tomog'im achishdi, dimog'imni yoqimsiz, jirkanch is egalladi. So'nggi soatlarda negadir tamaki tutuni tomog'imni shila boshladimi, bir necha daqiqa to'xtovsiz yo'talishga odatlandim. Kim bilsin? Shunday bo'lishi kerakdir?!.

Xayollarimni bir joyga yig'ib ulgurmay, miyamni tag'in iblis zabt etdi. Bu gal u to's-to'polon, shovqin bilan kirib keldi.

«Sen zimmangga yuklangan vazifani a'lo darajada ado etmoqdasan, — dedi u tani jonimni titratib. — Qiynoqlarga yon bermasliging menga juda ma'qul bo'ldi. Sen va'da qilingan xotirjamliklarga qattiq ishonding. Barakalla! Endigi ishing asta qaddingni ko'tarib, katta ko'chaga chiqishdan iborat bo'ladi. Ko'chada seni ko'z ko'rib quloq eshitmagan sarguzashtlar kutadi…»

«Sen va'da qilgan makonga qachon yetib boraman? — so'radim iblisdan. — Darmonim qolmadi. Sarguzashtlarga bardoshim yetmaydi!..»

«Sira xavotirlanma, — meni tinchlantirdi iblis. — Sarguzashtni boshdan kechirish uchun darmonning hojati bo'lmaydi. Sen osmonu falakda muallaq turgancha hammasiga guvoh bo'lasan. Ko'ngling yayraydi, sohibjamol qizlarning, huri g'ilmonlarning serjilo raqslari, sho'x kulgilaridan bahra olasan. Yer va ko'kning barcha ishratu-ko'ngilxushligi seniki bo'ladi. Turaqol, mard o'g'lon, turaqol!..»

Iblisning maqtovlaridan ko'nglim osmon qadar ko'tarildi. Afsonaviy hikoyalari oromimni o'g'irladi. Hiyla gandiraklagancha ko'cha bo'ylab ketib borardim-u, birov-yarim ko'rib qolmasligi, ahvolimdan ogoh bo'lmasligi uchun qaddimni iloji boricha tik tutishga urinardim. Qo'limda esa tamaki tutab turibdi. Uni tashlab yuborishga haqli emasdekman. Chunki hali yiqilganimcha yo'q. Shunday ekan, chekaveraman, tamaki zahri to oyog'imdan olmaguncha to'xtamayman.

Yo'l-yo'lakay ko'kka boqishga tutindim. Tiniq osmon yulduzlar bilan liq to'libdi. Ulardan ko'z uzmay telbalarcha so'zlana boshladim.

— Sizlar olisdan husningizni ko'z-ko'z qilishga o'rgangansiz, — dedim siniq ovozda. — Ammo chuchvarani xom sanabsiz. Yaqin orada barchangizni zabt etaman. Sanoqli daqiqalar qoldi. Siz meni ko'rishingiz bilan huriliqolarga aylanasiz. Yorug' dunyoda tortgan azoblarimning badalini to'laysiz. Qarang, oy ham ortimdan qolmayapti. Ta'qib etishdan to'xtamayapti. Hoynahoy, avval uning dargohiga qo'nib o'tsam kerak. Har holda sizlardan ko'ra u yaqinroq. Meni…

So'zim oxiriga yetmay qoldi. Qalin daraxtzor oralab o'tayotib beixtiyor turtinib ketdim-u, yerga yuztuban yiqildim.

Bo'g'zimga nimadir tiqildi. Quruq yo'tal tutdi. Yuzim qattiq buyumga tekkan shekilli tizillab qon oqa boshladi.

Qonni artishga-da majolim yo'q edi. Daraxtzor kimsasizligini ruhan his etib oyoq-qo'limni bemalol uzatgancha ko'zlarimni yumdim.

Sezib turibman. Bu oxirgi bosqich. Qaddim endi qayta tiklanmaydi…

Ana, ichimdan qaynoq hovur chiqa boshladi. Og'zim quruqshayapti. Yuragim tezroq urmoqda. Qo'l-oyoqlarim muzlab borayotgandek tuyulayapti. Ko'zlarim shu qadar toliqqanki, ochishning, so'nggi marotaba tevarakka nazar solishning ilojini topa olmayapman…

Oradan bir necha daqiqa o'tib-o'tmay, beixtiyor harsillashga tushdim. Har harsillaganda ko'ksim tashqariga otilib chiqadigandek ko'tarilib tushdim.

Xayriyat, bu holat ham uzoq davom etmadi. To'satdan jonim tinchib, boshim bir necha marta gir-gir aylandi-yu, yuragim hapriqdi va dunyodan uzilgandek bo'ldim…

Men tashrif buyurgan joy g'ira-shiralikda arang ko'zga tashlanardi. Tik oyoqda yurayotganimni ko'rib negadir hayron edim. Boyagina vujudimni chirmagan ko'ngilsizlik, majolsizliklardan asar ham qolmagandi.

Qarshimda tumanli darani, sarg'ayib bitgan maysazorni ko'rdim. Ancha naridagi loyqa suvi pishqirib oqayotgan katta anhor bo'yida to'ng'izlar chiyillab chopardi.

Bu manzara meni ijirg'anishga majbur etdi. Jonholatda yugurib iblisni qidira boshladim. Axir u emasmidi meni osmonu falakda yulduzlar majlisidan bahramand etishga va'da bergan? Qani falak? Qani hurlar, g'ilmonlar? Nega men tashlandiq maskanga, to'ng'iz-u zog'lar makon tutgan joylarga kelib qoldim? Shu niyatda jonimni ozorlaganmidim? Yaxshiliklar, xavotirsiz abadiy umrdan umid qilgandim-ku!..

Jahl otiga minib qichqirmoqqa shaylandim. Afsuski, lablarim qimirlamas, go'yoki bir-biriga chippa yopishib qolgandek edi.

Alamimni anhor sohilidagi to'ng'izlardan olmoqqa urinib qo'limga tosh olish ilinjida pastga egilmoqchi bo'ldim.

Oyoqlarim ostida tosh o'rniga qop-qora balchiq zohir ekan. Ko'nglim allanechuk bo'lib qo'rqa-pisa ortga tislana boshladim. Yalang oyoqlarim ortga yurganim sayin botqoqqa chuqurroq botib boraverdi.

Baxtga qarshi orqamga o'girilib quruq yerga qancha qolganini chamalash ham mumkin emasdi. Jussam o'zimga sira bo'ysunmas, u haykal shakliga kirib qolgandi.

Ana shu onlarda nimalar qilib qo'yganimni anglab yetdim. Men… Qalbimga quloq tutmabman, uni nohaq ranjitibman, ahmoqlik qilibman. Shaytoni lainning yolg'on va'dalariga uchibman. Uning ortidangina ergashib, yosh jonimga qasd qilibman. Muhabbat, mehr, oqibatning qadridan ochiqchasiga yuz o'giribman.

Xudoyim, endi nima bo'ladi? Nahotki, shu balchiq girdobiga g'arq bo'lsam?

Taxminan belimga qadar botgandim. Kimningdir beo'xshov kulgisi quloqlarim ostida jarangladi. Umidlarim so'nib ko'zlarimni-da yumib olgan ekanman. Seskanib oldinga tikilib qaradim. Ne ko'z bilan ko'rayki, mendan o'n besh-yigirma qadam narida shoxdor, gajak dumli pak-pakana odamsifat jonzot irshaygancha botqoqqa botishimni kuzatardi.

— O'la, qo'limga tushdingmi? — chiyillab qichqirdi u. — Men senga yo'l ko'rsatgandim. Seni o'zim to'g'ri yo'ldan toydirgandim.

— Kimsan? — so'radim alamli ohangda. — Ayt, iblis senmisan-a?

— Haqorat qilma! — dedi u beo'xshov lablarini burib. — Men mana shu botqoqlikning yagona hukmdoriman. Sen kabi yo'ldan adashganlarni makonimga olib kelaman-da, g'arq qilaman. Evaziga hov anavi to'ng'izlardan mukofot olaman. Xa-xa-xa-a-a-a!..

Iblisning tosh kabi sharaqlagan kulgisi darani tutdi. Men bu orada deyarli qulog'imgacha botqoqqa botib bo'lgandim. G'arq bo'lishimga sanoqli soniyalar qolgandi…

Ana shunda qaerdandir oppoq turnalar galasi paydo bo'ldi va baravariga yopirilib meni botqoq domidan yuqoriga torta boshladi. Ularning bir qismi iblisni quvlab uchdi…

Garchi juda sekinlik bilan yuqorilayotgan bo'lsam-da, borgan sari yengil tortayotganimni his etdim…

Turnalar meni ko'tarib uchgancha quruq yerga qo'ndi. Yerga yotqizishlari bilan yana ko'nglim behuzur bo'ldi. Hushdan ketib borayotganimni his qildim.

Hushimni yo'qotishdan oldin dimog'imda isiriq hidini eslatib yuboruvchi iforni tuydim.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...