Karim Bahriyev: “Yoki u asli qo'rqoq, yo biz bilgandan ko'ra ko'proq narsani biladi”

0

❓ So'nggi uch-to'rt yilda o'zbek matbuotida ancha jonlanish sezilayotgan edi. Biroq gazetalarda yana o'sha «ura-ura» materiallar ko'payib qolgani, saytlardan ayrim materiallarni imi-jimida olib qo'yish holatlarini nima bilan izohlaysiz?

‼️ Ko'ryapmizki, so'z erkinligining bor-yo'qligi mamlakatdagi adolatning bor-yo'qligini belgilaydigan omildir. Agar so'z erkinligi bo'lsa, iqtisod ham rivojlanadi, korrupsiya ham jilovlanadi. Lekin haqiqatni yozadigan jurnalistlar, blogerlar yana ta'qibga olina boshlansa, «o'zimizga xos va o'zimizga mos yo'limiz» boshlanadi — korrupsiya, turg'unlik va zulm avj oladi, dunyo yana bizga yovvoyi qabilaga qaragandek qaray boshlaydi, ijobiy jozibamizdan asar ham qolmaydi, reytinglarda yaqindagina oldinga chiqayotgan yerimizga, yana oxirgi saflarga qaytamiz.

Biz boshdan kechirayotgan davrning o'ziga xosligi shundaki, jamiyatda yangi islohotlar tarafdorlari va hammasini avvalgi holiga qaytarish harakatidagi eski kuchlar kurashmoqda. Bu eski kuchlar pastdan to eng yuqorigacha mavjuddir. Gazetalarda yana o'sha «ura-ura» materiallar ko'payib qolgani, saytlardan ayrim materiallarni imi-jimida olib qo'yish holatlari shundan dalolatdir. Saytlardan bu xabarlarning bitta-yarimtasi yo'qolsa, uni qo'ygan biror dadillik qilgan muharrirning qo'rqoqligi bilan izohlasak bo'lardi, lekin ularning birdaniga hammasidan olib tashlanishi masalaning anchayin kuchli shaxslar tomonidan olishga majburlanganini bildiradi. Lekin mamlakat rahbarining siyosati senzura emas, ochiqlikdir.

2020 yil 3 iyun kuni qashshoqlikni kamaytirishga bag'ishlangan videokonferensiyada O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uni mintaqalarda olib borilayotgan islohotlar uchun maqtamaslikni so'radi. 2020 yilga mo'ljallangan davlat byudjetida 410,5 milliard so'm miqdorida mablag' ajratilgan Milliy teleradiokompaniya raisiga murojaat qilib: «Menga «Prezident shunday qildi», — deb maqtashga hojat yo'q. Islohotlar natijasida odamlarning dunyoqarashi o'zgaradi, qiziqish paydo bo'ladi, «er meniki» hissi paydo bo'ladi. Islohotlarni shunchaki maqtov emas, balki amalda namoyish qiling», — dedi. Davlat rahbarining so'zlariga ko'ra, mamlakatda ijobiy o'zgarishlar prezident tufayli emas, balki islohotlar va qonunlarning ishlashi tufayli ro'y beradi: «Sizga bir narsa aytishdan qo'rqaman, siz darhol prezidentni maqtay boshlaysiz. Buning barchasi prezident tomonidan emas, islohotlar, qonun asosida amalga oshirilishini aytdim».

Oradan uch kun o'tib, O'zbekiston Prezidenti 6 iyun kuni Farg'ona shahrida bo'lib o'tgan faollar yig'ilishida «maqtovlar kerak emas»ligini ta'kidladi: «Men qisqa, sizlar ko'proq gapirsalaringiz to'g'ri bo'ladi. Maqtov kerak emas. Prezidentga eng katta maqtov bo'lib bo'lgan — bu xalq ishonchi. Hali endi birinchi qadamlarni qo'yyapmiz. Kelib, qarsak eshitib ketish mengayam oson. Lekin bundan natija bo'lmaydi… Achchiq-achchiq masalalarni qat'iy qo'yinglar».

Shu gaplardan so'ng ham tanqidga, oshkoralikka, haqqoniy muhokama va muloqotlarga yo'l bermaydigan rahbarlarning tafakkurida (agar fikrlasa) shunday xayollar bo'lsa kerak: yo u asli qo'rqoq, yo biz bilgandan ko'ra ko'proq narsani biladi. Qadimgi zamon faylasufi Ksenofont: «Rost gapirganim, tanqid qilganim uchun ko'p balolarga uchradim, lekin maqtaganim uchun hech pushaymon bo'lmadim», — degan. Bu uning kinoyasidir.

Prezident tanqid qilinglar, «achchiq-achchiq masalalarni ko'ndalang qo'yinglar», «maqtov kerak emas» deb turganda, yana maqtashda davom etadigan OAV rahbarlarining qilmishini, fikratini shunday izohlash mumkin:

✅ Birinchidan, u shunday fikrda: «Davlat rahbari bu chiroyli gaplarni gapirgani bilan ich-ichidan oshkoralikni istamaydi, men uning gaplariga emas, ichki istagiga bo'ysunaman va shu tufayli lavozimimda uzoq qolaman!»

​​✅ Ikkinchidan, yoki: «Prezident balkim so'z erkinligini istaydi, biz tanqid qilib ko'rdik, lekin uning atrofida o'tirganlar darhol burnimizni yerga ishqab qo'yishdi, ularning qo'li uzun va ular ko'proq xabardor. Ko'zimga qarab yurishim kerak!» U o'nlab tanqidi tufayli yopilgan gazetalarni, ishidan ayrilgan bosh muharrirlarni, yuzlab haq so'zi uchun qatag'onga uchragan jurnalistlarni va blogerlarni misol qilib keltiradi, yana minglab maqtagani uchun o'rnidan jilmay o'tirgan nashr va ommaviy axborot vositalari rahbarlari va xodimlariga ishora qiladi.

Men bu fikrlarning qay birida jon borligini bilmayman, to'g'risi, bilishni istamayman ham. Men Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Jamoat nazorati va ommaviy axborot vositalari erkinligi masalasida ortga qaytish bo'lmaydi», – degan so'zlariga ishonaman, bir kuni korrupsionerlar va monopolistlar uni egib olishiga va hammasi avvalgi holiga qaytishiga ishonmayman. Bu – romantika emas, balkim, so'nggi imkoniyatdir.

Shu ishonch bilan tanqidiy maqolalarni yozdim, yozyapman va yana yozaman.

Karim Bahriyev

loading...