«Kundoshlar mag'ribu mashriq kabidir, biriga yaqinlashsang, ikkinchisidan uzoqlashasan…»

0

Avvaldan eslatmoq lozim: mamlakatimiz qonunlari qo'sh va ko'pxotinlikni man etadi. Ammo jamiyatda amaldagi qonunlarni bilib-bilmay chetlab o'tmoqchi bo'lgan shaxslar ham yo'q emas.

Quyidagi mulohazalarimiz ana shunday kishilar tafakkuriga ziyo olib kirmoq, shar'iy nikohning o'ziga xos talab va hukmlarini eslatib qo'ymoqdan iboratdir.

Oila — bu muqaddas qo'rg'on, majoziy ma'noda ifodalaganda, mo''jaz bir muzofot. Oila sohiblaridan qay birining ma'naviyatdan chekinishi, go'zal axloq mezonlariga darz ketkazishi o'z nomi o'zi bilan xiyonat deb ataladi. Odatda, xiyonat kechirilmaydi.

Afsuski, ayrim yurtdoshlarimiz bugungi to'kin-sochinlik, fayzu-barokat, tinchlik-xotirjamlik hukm surayotgan emin-erkin zamonamizda ko'ngil istaklariga mayl qo'yib, xotin ustiga xotin olishni ixtiyor etmoqni qo'msab qolayaptilar. Aksariyat hollarda bunday erkaklar me'yoriy hujjatlarni yaxshi bilmaganlari va shar'iy hukmlardan ham bexabarligi bois, shunday mulohaza va havoyi orzularga beriladilar.

Aslini olganda, er kishi uchun bir oilani bekamu ko'st ta'minlash, qaramog'idagilarga e'tiborli, mehr-muhabbatli bo'lish, ularning tarbiyasi bilan shug'ullanish va kelajakda o'z mehnatlari hosilini ko'rib, zavqlanishdan ortiq baxt bormikan?

Ana shunday hoyu havaslar aqlu hushini o'g'irlagan zotlar ham xayollarini ro'yobga chiqarmasdan avval tevarak-atrofga, moziy va yaqin tariximizga bir nazar tashlab ko'rishlarini maslahat bergan bo'lardik. O'ylab ko'ring, ulkan sarhadlarni qo'l ostiga olib, yirik saltanat yaratgan bobomiz Amir Temur davlati chok-chokidan so'kilib ketishiga kimlar sabab bo'ldi? Tan olib aytmoq joizki, shunday qudratli yurt jigargo'shalar, o'gay aka-ukalar o'rtasida talashda qoldi, desak yanglishmasmiz.

Endi masalaga yanada yaqinroq manzildan dalil izlaylik. Siz tanish-bilishlar, yor-og'aynilar, zodagonu puldorlar, rahbarlaru tadbirkorlar orasida qo'sh xotinli kishilarni bilasiz yoki uchratgansiz. Ehtimol, siz taniganlarning aytgani — aytgan, degani — degan, pichog'i moy ustidadir. Ammo xulosa chiqarishga shoshilmaylik. Har bir taqdir pirovard natijaga qarab baholangay. Shu choqqacha qo'shxotinlilarni umrining oxiriga qadar shodu xurramlikda, baxtu saodatda, nash'u namoda yashab o'tganini eslash qiyin. Chunki kundoshlar til topishishlari mumkin, ammo o'gay aka-ukalarning bir yoqadan bosh chiqarishlari amri mahol. Chunki o'rtada meros masalasi bor. Shuning uchun ham hazrati Ali «Kundoshlar mag'ribu mashriq kabidir, biriga yaqinlashsang, ikkinchisidan uzoqlashasan», deb nasihat qilgan edi.

Lekin bu hali hammasi emas. Asosiy mezon — bu shar'iy adolatda.

Qutbuddin Iznikiyning «Murshidi Mutaahhiliyn» («Yosh kelin-kuyovlarga maslahatnoma») asarida shunday yoziladi: «Ikki yoki undan ortiq xotini bo'lgan kishi ayollar o'rtasidagi adolat qoidalariga rioya qilmog'i shart. Xotinlardan birovini beva, birovini yosh olganmi, birovini musulmon, birovini ahli kitoblardan, ya'ni xristian yoki yahudiylarning imonlisidan olganmi, buning farqi yo'q: adolat qilishga majbur!

Faqiq Abdullays Samarqandiy aytadi: «Bir kishi xotinlari orasida adolat hukmlariga rioya etishiga haqiqatan ishonsagina ikki xotin olishi mumkin. Erning xotinlari orasidagi adolat esa ushbulardir: nafaqalarini, yashaydigan uylarini ta'minlaydi, barcha masalada tenglik qiladi. Hadisi sharifda bunday deyiladi: «Bir kishining ikki xotini bo'la turib, bittasiga ko'proq mayl etsa, qiyomat kuni bir tomoni o'pirilgan holda tiriladi».

Payg'ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qiladilar: «Itoatli, latif, pokiza va shirinsuxan xotinli erlar boshqa uylanmasligi lozim. Chunki ayollar o'rtasida adolat va musovat (tenglik) o'rnata olmaganlarning joyi jahannam!»

Ayrimlar hayotda qiynalib qolgan bevalarni hifzi-himoyaga olib, ro'zg'origa, farzandlari tarbiyasiga ko'maklashishi savob emasmi, degan savolni ko'ndalang qo'yadilar.

Imomlarimiz bu murojaatlarga «Agar birinchi xotiningiz qarshilik bildirmasa, ya'ni rozi bo'lsa, unda shariat man etmaydi», deya javob beradilar. Lekin xalqimizning «Er bermoq — jon bermoq» naqlini yoddan chiqarmagan holda bir fikrga kelmoq joiz.

Shu o'rinda yana bir rivoyatni yodga olish o'rinlidir. Zamonamizning solih va oqil zotlaridan birining ikki xotini bor ekan. Ittifoqo, ikkalasi ham bir kunda rixlatga chekinibdi. Fozil kishi o'yga tolibdi: adolat yuzasidan endi qay birini eshikdan avval chiqarmoq kerak? Nihoyat yo'lini topibdi. Shartta devorni buzdirib, yana bir darvoza qurdiribdi. Ikkala tobut bir paytda oxirgi manzilga kuzatilibdi.

Dafn marosimidan so'ng, o'zi qo'llagan tadbirdan ko'ngli to'lgan orif kishi kechqurun uyquga ketibdi. Tushiga katta xotini kiribdi, u ancha g'amgin, dilgir so'zlashibdi. «Nega xomushsan?» degan so'rog'iga «Axir nega azoblanmay, yangi ko'zaning suvi toza deganlariday, yosh xotiningizni yangi darvozadan, meni esa siyqasi chiqqan ostonadan kuzatdingiz!» deb javob qaytaribdi.

Ana shunaqa, qo'shxotinlikning o'ziga yarasha hukmlari borki, Allohdan qo'rqqan banda, albatta, oyog'i ostidan ko'ra, yetar manzilini tafakkur qiladi, oila bobida davlat va jamiyat oldidagi burch va mas'uliyatni hech qachon unutmaydi.

Abdumutal ABDULLAYEV

(Internet manbalaridan olindi)

loading...