O'lim oldi ota bo'lgan mo'ysafid

0

— Kechirasiz, Nosir Fozilovich! Sizni qishlog'ingizdan qarindoshingiz so'rab kelibdi.

Nosir Fozilovichga kotibaning bu gapi yoz chillasida qor yoqqanday ta'sir qildi. Ming yillardan buyon qishlog'idan biror kishi uni yo'qlab kelmagandi. Hozir bu xabarni eshitib ko'nglini mung aralash quvonch hissi chulg'adi. Shu barobarda ko'z o'ngidan olis qishlog'i, bolalik xotiralari o'ta boshladi. Nosir Fozilovich hamon intiq qarab turgan kotibaga ko'zi tushib:

— Shuni ham so'rab o'tirasizmi? O'zingiz chiqib kutib oling, — dedi va yana xayolga cho'mdi.

«Kim yo'qlab keldi ekan? Qaysi qarindoshim? Nega endi birdan meni izlab qolishdi?» deya o'yladi u. Qishlog'i va qarindoshlari haqida o'ylarkan, uning dili xufton bo'lardi. Bir payt eshik ochilib shop mo'ylabli, qorachadan kelgan, basavlat kishi salom berdi. Nosir Fozilovich uni ko'rishi bilan o'rnidan turdi-da, quchoqlashib salomlashdi. O'ttiz yildan buyon biror qarindoshiga duch kelmagan Nosir Fozilovich unga xona to'ridan joy ko'rsatdi. Kelgan mehmon ham shoshilmasdan kursiga cho'kdi. So'ng uzoq hol-ahvol so'radi va:

— Men tog'angizning o'g'li Tolib bo'laman. Esingizdami? — dedi.

Nosir Fozilovichning ko'z o'ngiga ozg'in, bo'ychan bola keldi.

— Ey, Tolib qiltiriq, — dedi beixtiyor.

Ikki o'rtada yengil kulgi ko'tarildi. So'ng:

— Nosirboy, qishloqqa bormasangiz bo'lmaydi. Boboning ahvoli og'ir. Shavkat amakini aytyapman… Odam birovga ilhaq bo'lsa, joni uzilolmay qiynalishi rost ekan. Har kuni sizni so'raydi bechora, — dedi Tolib aka jiddiy tortib.

Nosir Fozilovich o'gay otasi haqida gap ketayotganini bilib, tag'in dili xufton bo'ldi. Uning yuzi o'zgarganini ko'rgan Tolib aka:

— Endi, jo'ra, o'tgan gap o'tdi. Bu yog'i boboning ham kuni qisqa. Oradan nima gap o'tgan, sizni qanday ranjitgan, buni o'zlaringiz bilasizlar. Lekin bormasangiz bo'lmaydi, — dedi.

Nosir Fozilovich nima deyishni bilmay, jim qoldi. Keyin og'ir xo'rsinib, o'rnidan turdi-da, deraza tomon yurarkan:

— O'ylab ko'raman. Mayli, borish-bormasligim bir gap bo'lar. Hozir yuring, uyga boraylik, mehmon bo'ling, — dedi.

— Yo'q, jo'ra, vaqt tig'iz. Boradigan bo'lsangiz hozir yo'lga tushamiz. Bo'lmasa, o'zingiz bilasiz. Bizga ruxsat, — dedi Tolib aka qat'iyat bilan.

* * *

Adog'i ko'rinmas tekis va ravon yo'lda o'qdek uchib borayotgan mashinaning old o'rindig'ida Tolib aka, orqada esa Nosir Fozilovich ketib borardi. Tolib aka qarindoshining xayolini bo'lmaslik uchun haydovchi bilan chaqchaqlashar, Nosir Fozilovich esa bolalik dunyosida sayohat qilardi…

* * *

Nosir otasidan erta yetim qoldi. U onasi bilan birga tog'alarining uyida uch yil yashadi. So'ng onasi qarindoshlarning qistovi bilan yana turmush qurdi. Farzandsizligi bois oilasi buzilib, Nosirning onasiga og'iz solgan Shavkat aka bolakay Nosirni o'z tarbiyasiga oldi. Shavkat aka qanchalik mehribonlik ko'rsatmasin, ulg'aygani sari o'zini mustaqil his etib, katta odam bo'lishni istayotgan Nosirga o'gay otaning oddiy nasihati ham og'ir botardi. Shavkat aka esa imkoni boricha unga yaqin bo'lishni istar, qanday bo'lmasin Nosirning ko'ngliga yo'l axtarardi. Lekin yosh Nosirga o'qigan kitoblari, eshitgan ertaklaridagi o'gay ona obrazi o'zgacha ta'sir qilgandi. Shu sababli u Shavkat akaning munosabatini o'gay onaning nayranglariga qiyos qilardi. Keyin u tog'alarining uyiga ketib qoladigan odat chiqardi. Qattiqqo'l tog'asi o'smir bolaning ikki uyli bo'lishi yaxshi emas, deb unga dakki bergach u yerdan ham bezdi. So'ng qo'shni tumanda yashaydigan amakilarining uyidan panoh izladi. Ammo u yerda ham iliq gap eshitmagan Nosir noiloj o'gay otaning uyida yashashga majbur bo'ldi. Uni qarindoshlar o'zidan nari qilishga yagona sabab onasining yangi turmushidan farzandli bo'lmayotgani edi. Ular Shirin xolani yolg'iz dilbandi Nosirdan ayro yashashini istamaganligi uchun ham shunday yo'l tutishdi.  Boz ustiga Shavkat akani yaxshi inson deb bilishar va uning yana farzandsizligidan qayg'urishardi. Bularni hali bola idroki bilan anglab ulgurmagan Nosir alamzada edi. Shunday kunlarning birida onasi og'ir betob bo'lib qoldi. Shavkat aka xotinini shifokorga olib bordi. Shirin xola bir hafta yotib davolangach, uyiga qaytib keldi. Ammo hamon uning ahvoli og'ir edi. O'g'ay otasi qanchalik onasining boshida parvona bo'lmasin, baribir, shifokorga yana olib borish haqida o'ylab ham ko'rmasdi. Bundan Nosirning battar jahli chiqar, alamini kimdan olishni bilmay, istagan yo'liga yurib, xohlagan ishini qilardi.

Uzoq vaqt og'ir darddan azob chekkan Shirin xola yorug' olamni tark etdi. Endi o'n sakkiz yoshga kirgan Nosirga bu juda qattiq ta'sir qildi. Unga o'gay otasi onasini qayta shifokorga ko'rsatmagani va uning uchun qayg'urmagani alam qilardi. Onasidan ayrilgan Nosir endi bir lahza ham bu uyda qololmasdi. Ammo tog'asi ham, amakilari ham uni Shavkat aka bilan yashashga undashardi. Ularning aytishicha, Shavkat aka hayotdan sovigan va farzand ko'rmasligini bilib, boshqa turmush qurishni istamas emish. Shu bois Nosir unga o'g'il bo'lib birga yashashi, kelajakda mana shu hovliga egalik qilib, Shavkat akani so'nggi manzilga kuzatishi kerak ekan. Nosir bu gaplarga ishonmadi. U o'zini shuncha qavm-qarindosh va yaqinlari orasida yakkalanib qolganday his etardi. Shundanmi, shaharga borib o'qishga kirishni va o'zi bilgancha yashashni orzu qilardi. Kunlarning birida Nosir qarindoshlari bilan qayta ko'rishishni istamasligi haqida bir enlik xat yozib, qishloqdan bosh olib ketdi. U shu shaxt bilan o'qishga kirib, shaharda bir umr qolmoqchi edi…

Izlab kelgan qarindoshlarini esa ko'rishni ham istamay ortiga qaytardi. Bu orada o'gay otasi ham uni uyiga olib ketish uchun keldi. Ammo u Shavkat akani haqorat qildi. Nosir ortiga qaytib ketayotgan Shavkat akani kuzatib turarkan, o'gay otasining yelkasi uchib yig'layotganiga amin bo'lgach, qilgan ishidan o'zicha faxrlanib ham qo'ydi. Shu tariqa uni o'zlariga yaqin olish ilinjida bo'lgan qarindoshlari ham Nosirdan soviy boshladi. Bora-bora Nosirni hech kim yo'qlamaydigan bo'ldi. U shaharda uylanib, to'yni ham yolg'iz o'zi o'tkazdi.

* * *

Nosir Fozilovich yeldek uchib borayotgan mashinaning yon oynasidan tashqariga tikilib, onasidan ayrilishiga sababchi bo'lgan o'gay otasi haqida o'ylardi. U Tolib akaning gapidan o'gay otasi munkillab, hozir jon talash bo'lib yotganini tasavvur etib og'ir xo'rsindi. «Menga nima der ekan? Shuncha azob berib, endi uzr so'raydimi? Tavba, o'zi ham bolali bo'ldimikin? Ularni boshiga ko'tarib ulg'aytirgan bo'lsa kerak?»

Nosir Fozilovichni shu kabi savollar qiynarkan, beixtiyor Tolib akadan:

— Boboning nechta farzandi bor? — deb so'radi.

— Shavkat bobo boshqa oila qurmadi. Yoshi o'tgandan keyin aka-ukalarining uyida yashab yurdi. Hozir ukasining kichik o'g'li qarab turibdi.

Bu javobdan Nosir Fozilovich bir qalqib tushdi. Bu vaqtda mashina qishloqning tor ko'chasidan burilib, Shavkat akaning darvozasida to'xtadi. Ular tushib uyga kirib borishdi. Nosir Fozilovichning kelganini ko'rgan bobo bor quvvatini yig'ib, boshini ko'tardi. Nosir Fozilovich uni bu ahvolda ko'rib negadir achindi. Avvalgi xusumatidan asar ham qolmadi. U engashib o'gay otasi bilan ko'rishdi. Mo'ysafid uni bag'riga bosib yig'lab yubordi. So'ng uni qo'yib yubormasdan boshini ko'ksiga bosib, ushlab turdi-da, qulog'iga pichirladi:

— Bolam, mendan xafa bo'lma! Onangning tuzalmas dardga chalinganini va uni davolashga kech bo'lganini eshitganimda dunyo ko'zimga qorong'i bo'lib ketgandi. Onang umrimning qolgan qismini kasalxonada emas, oilam davrasida o'tkazay deb hol-jonimga qo'ymadi. Men ham seni uning mehriga, diydoriga to'yib qolishingni istagandim. Lekin sen buni tushunadigan yoshda emasding. O'zingga esa bu haqda aytolmadim. Shu sababli ham onamni davolatmadi, deb meni yomon ko'rsang kerak. Bu haqida senga bir necha marta aytmoqchi bo'ldim, lekin… Bilaman, yaxshi bolasan. Menga nima degan bo'lsang ham, baribir, o'g'lim bo'lib qolaverasan.

Shavkat aka Nosir Fozilovichga dilidagi gaplarni aytib bo'lgach, boshqalarga yuzlanib:

— Uyim ham, boshqa bor bisotim ham Nosirjonga. Ularni sotsa ham, kelib shu yerda yashasa ham o'zi biladi, — dedi.

Bu gapdan so'ng Nosir Fozilovich o'kirib yig'lab yubordi. U shu vaqtgacha o'gay otasini tushunmay, undan xafa bo'lib yurganini va ayniqsa, uni izlab shaharga borganida og'ziga kelgan qo'pol so'zlar bilan haqorat qilganidan afsuslanib, yuragi ezildi. Shundagina butun hayoti xatodan iborat ekanini, eng yaqin va g'amxo'r insonlarini tushunmasdan shu vaqtgacha o'ziga-o'zi azob berib yurganini angladi va otasini ilk bora mehr bilan bag'riga bosdi. Bu paytda farzandli bo'lishdek orzusiga endi erishgan qariyaning zaiflashib qolgan yuragi so'nggi kuchini yig'ib, quvonchdan tez-tez ura boshlagandi…

Quvonchbek

(«Hordiq plyus» gazetasi xazinasidan)

loading...