SUSANNA… (53-qism)

0

 

 

* * *

 

Mahalla idorasidan chiqib uy tomon yurib borarkanman, bo'lib o'tgan gap-so'zlarni bir-bir eslab dahshatga tushardim. Qur-qur buyuk ijodkorlardan birining «daraxtning bo'shini qurt yeydi doim» degan jumlasi xayolimda gavdalanar, yorug' dunyoga kelib o'z o'rnimni hanuz topa olmaganimdan afsus chekardim. Yer yuzida yashovchi har bir odam menga nafrat, mensimaslik nazari bilan boqayotgandek tuyulardi.

«Qachon odam bo'laman? — so'radim o'zimdan o'zim. — Ayt, qalbim, nega men shunchalar ojiz-u notavonman. Qay manzilga qadam qo'ymay, qoqilishlardan tiyila olmayman. Qay tomon yuz burmay, taqdirning tikanli to'siqlari ko'z o'ngimda namoyon bo'ladi. Kecha-kunduz tahqirning tumanli darasida sarson kezaman. Lekin qachongacha? Yo'q, yo'q, nimalar deyapman o'zim?.. Nolish, noshukrlik gunoh. Yaratganga beadad shukr, qo'l-oyog'im but, yurak urib turibdi, ko'zlarim ravshan… Mana, quruq tuhmat botqog'iga botishim arafasida Xudoning o'zi bir mo'minni yubordi. U meni shu botqoqdan tortib oldi. Demak, haqman. Endi qaytadan boshimni baland ko'tarib yashashim, faqat oldinga intilishim, ezgulik shamoliga yuz tutgancha qadam tashlashim shart va zarur!..»

So'nggi xayollar ruhimni ko'tardi. O'zimni qaytadan mag'rur his eta boshladim.

Miyamni chulg'ab olgan turli bo'lar-bo'lmas xayollar nari chekinib, dunyo ko'zlarimga go'zal va charog'on ko'rinib ketdi.

O'tgan-ketganga zimdan nazar solish asnosida shular qatorida qadam tashlayotganim, nafas olayotganimdan behad sevindim.

Umrim bino bo'lib esimni taniganimdan beri ko'rgan-kechirgan lahzalarim xayolimdan o'tdi. Qalbimda azoblar, mushkulotlar qoldirgan izlarni his etishga urindim. Ruhim og'riqlarni qayta his etdi. Lekin ular ilgarigidek jonimni og'ritmadi. Vujudimni qamrab olgan shukronalik hissi tufayli bu og'riqlar juda totli tuyuldi. Ularni qanchadir vaqt tanamda ko'tarib yurganimdan xursand bo'ldim…

Quvonch ham xuddi g'amning biri ekan. Tashrif qilishni xohlasa qatorlashib kelarkan.

Uyga kirdim-u, Qobiljonimning qiyqirib kulgancha erkalanayotganini ko'rib bir shodligimga ming shodlik qo'shildi. Azbaroyi jo'shib ketganimdan jondan aziz farzandimni mahkam bag'rimga bosdim-da, Susannaning yelkasiga qo'l tashlab derazadan ko'kka o'ychan boqqancha dardli shivirladim:

— Yaxshiyam sizlar yonimdasiz, jigarlarim!

Qaynoq lahzalarni, kuzning sarg'aygan xazonli kunlarini ortda qoldirib qishga ham yetdik.

Qahratonning ilk kunida gupillab qor yog'ib berdi. Vaqt shomdan oshgan mahal endi-endi tetapoya qadam tashlay boshlagan Qobiljonim deraza tokchasiga tirmashgancha tashqaridagi qorga talpinar, Susanna uni tezlab charchamasdi.

Men bo'lsam, bir burchakda tek o'tirgan ko'yi sukut saqlar, har zamonda ona-bola tarafga hissiz nazar tashlab qo'yardim.

Ba'zan ruhimga quloq tutishga urinar, ko'nglimdan aslida nimalar kechayotganini chuqur anglamoqchi bo'lardim.

Vujudim faqat muzliklardangina iboratdek tuyulardi. Isiy olmasdim. Ich-ichimdan otilishga chog'langan qahraton zahri hovuri borlig'imni chirmab olgandek edi.

Miyamda faqat birgina shaytoniy xayol aylanardi: «Nega u begona erkak bilan sirli jilmayish qilib quyuq salomlashdi?..»

Shu savol miyamni borgan sari chuqurroq kemirardi. O'sha xunuk, sovuqdan-sovuq manzarani ko'z oldimga keltirganim sari xuddi og'ir zarba yeb seltanglagan kimsa kabi o'tirgan yerimda qalqib-qalqib ketardim.

Ammo bu holatimni Susannaga sezdirmasdim. Farzandimning quvonchiga sherik bo'layotganini bepisand kuzatardim-u, nogahon men tomon bosh burib qolsa, darrov yuzimni ters o'girardim. Shu bahonada yovvoyi rashk alangasini uyning o'zga burchagiga yo'llardim…

Ular birgalikda o'ynay-o'ynay, oxiri charchashdi chog'i, Susanna Qobiljonni qo'liga oldi-da, mahkam bag'riga bosib ro'paramdagi ko'rpacha ustiga cho'kdi.

Men bir so'z demay, unga yer ostidan sinchiklab tikildim. Susannaning qop-qora qoshlari kamondek qayrilib tushgan, Kavkaz ayollariga xos katta-katta ko'zlari, uzun kipriklari yurakni kuydirgudek jozibali edi…

«Ha, bu husnga ilk bor ancha yil oldin lol bo'lgandim. O'shanda bu sirli va tarovatli ayolning menga bir umrlik yostiqdosh bo'lishiga sira ishonmasdim. Bu bahorning eng nafis guli yanglig' jamol, go'zallik qarshisida o'zimni juda-juda ojiz sezgandim.

Mana, hanuz o'sha husn ohanrabosini yo'qotmadi. Hali hamon unga tikilib qolsam, yuragim jizillaydi, a'zoyi badanim osha noma'lum hayajon chumoli kabi o'rmalab, meni seskanishga, entikishga majbur etadi. Har unga boqqanimda, dunyoning haqiqiy mo''jizasini ko'rgandek ko'zlarim yonadi.

Lekin… Men Susannaga arziymanmi aslida? Chuqurroq o'ylab qarasam, bisotimda quruq savlatimdan bo'lak hech vaqom yo'q. U bilan tanishib, bir yostiqqa bosh qo'yibmanki, erkak bo'lib osmondagi oyni uzib olib berolmadim. Muhabbat izhorlari, maqtovlar, xushomadlardan charchamadim. Ammo uni zaru kimxoblarga ko'mib tashlay bilmadim. Buning o'rniga dastlabki kunlardanoq uni qiynalishga, azoblanishga, ko'chmanchilar kabi uyoqdan buyoqqa ko'chib yashashga, kech tushdi deguncha ertangi kun tashvishiga ko'milishga mahkum etdim.

Men tufayli kimlarningdir qarshisida aybsiz aybdorga aylandi, bosh egishga, sukut saqlashga majbur bo'ldi. Axir, u badavlat, puldor, so'zlari keskir erkaklarga munosib emasmidi? Hoynahoy, o'zi ham hayot qiynoqlari jonidan o'tganda shu haqda o'ylasa kerak…

Ha, o'ylaydi, faqat o'ylagan o'ylarini menga oshkor etgisi kelmaydi. Biroq… Nega? Atayin shunday qiladimi? Nima uchun? Demak, mendan bo'lak uchrashib yuradigani bor ekan-da! Aks holda o'sha erkak bilan quyuqdan quyuq salom-alik qilmasdi. Ha-a, «Ayolning makri qirq tuyaga yuk bo'ladi» deb bekorga aytishmagan ekan-da! U mening muammolarimdan charchaganda, o'zga erkak bilan uchrashib ko'ngil yozarkan… Qanday dahshat! Qanday razolat! Undan ko'ra, ochiq-oydin hammasini to'kib solsa, menda ko'ngli yo'qligini aytib kulbamni tark etsa yaxshi emasmidi?..»

Miyamni qamrab olgan qarama-qarshi xayollar hushyor tortishga, g'azab otiga minishga undadi.

Susannaga bo'lgan iliq tuyg'ular o'rnini nafrat, alam egalladi. Ilkis boshimni ko'tarib unga tik boqdim.

Susanna xuddi ko'nglimdan kechayotgan kechinmalarni payqagandek, meni masxararalagandek, nuqul o'g'limni erkalatish bahonasida men tomon qarab kulimsirardi.

Toqatim yetmadi. Dast o'rnimdan turdim-u, Susannaning tepasida hozir bo'ldim.

U vajohatimni ko'rib birdan jiddiylashdi va qo'lidagi Qobiljonni ko'rpacha ustiga o'tqazdi.

— Tinchlikmi? — so'radi Susanna bilinar-bilinmas titrab. — Biror gap bo'ldimi? Hozirgina yaxshi o'tirgandingiz-ku!

So'zlashga shoshilmadim. Uning ko'z qarashlari, yuz tuzilishiga yaxshilab razm soldim. Bundan asl qiyofasini ilg'amoqchi bo'ldim.

Susanna qoshlari chimirilgan, kipriklari pirpiragan ko'yi sovuqqon nigohlarini tikkancha mendan javob kutardi.

«Hammasini bilib turibdi, — ko'nglimdan o'tkazdim men mushtlarim tugilib. — O'zini go'llikka solmoqchi. Alamlari bo'g'ziga tiqilgani, sabr kosasi to'lganini ko'zlari aytib turibdi. Na iloj? Men shunday tug'ilganman. Boshqacha bo'la olmayman. Qo'lida jaraq-jaraq pul o'ynaydiganlar xilidan emasman. Afsus, peshonam sho'r ekan. Endi-endi baxt topdim, bu baxtim meni hech qachon tark etmaydi, menga xiyonat qilmaydi deb xayol qilgandim. Adashibman. Yana bir marta xatoga yo'l qo'yibman. Ammo… Bu xato menga yana bir bor qimmatga tushadigan bo'ldi. Xiyonat atalmish og'u yorug' dunyoda faqat menga atalgan shekilli… Xudoyim, nima qilay? Shunday onlarda qanday yo'l tutadilar?..»

O'ylarim oxiriga yetmay qoldi. Susanna shosha-pisha g'ingshiy boshlagan Qobiljonni tinchlantirdi-da, o'rnidan turdi.

— Gapirsangiz-chi, — dedi u beixtiyor yig'lamsirab. — Og'zingizga tolqon solvolganmisiz? «Ichimdagini top» deb shunday o'tiraverasizmi? Birovminan urishdingizmi?

Mana, bu gal yorilmasam, ichimda yig'ilib qolgan zardoblarni to'kmasam, shu yo'l bilan alamdan chiqmasam bo'lmasdi.

Aksiga olgandek so'z qotishga chog'langanim hamono tanam qizib, ko'nglim allanechuk bo'la boshlaganini his etdim. Og'ir xo'rsiniq dardlar tumani tiqilgan bo'g'zimni teshib tashqariga otildi.

O'zim sezmagan holda gavdamni orqaga tashladim-da, jahd aralash tizzamga mushtlab-mushtlab oldim.

Kim bilsin? Vaqt hakam. Sharifadan ko'rgan xiyonat xotiralarim unut bo'libdi chamasi. Hatto o'shanda qay vaziyatda bo'lganim, nimalar deganim, o'zimni qanday tutganim, ko'ngilning qay ko'chasiga chopqillaganim allaqachon nari chekinibdi. Shuning uchun telba qiyofasiga kirib qolganga o'xshayman…

Yo'q, o'zimni darhol qo'lga olishim shart. Aldovlar, shafqatsizliklar, xo'rliklar meni sindirmasligi, qaddimni bukmasligi, boshimni egmasligi zarur. Qo'ynimda asrab kelgan ilonning sovuq turqidan seskanmasligim kerak…

— Sen meni sevmas ekansan, avvalroq rostingni aytsang bo'lmasmidi? — so'radim nihoyat. — Aldab yurish, maynavozchilik qilish shartmidi?

— Nima? Tushunmadim! — yelka qisdi Susanna to'satdan rangi o'zgarib. — Kimni aldabman? Qachon?

— O'zingni go'llikka solma! — dedim unga sirli qarash qilib. — Ko'chaga chiqsang, jilmaytiradiganlar, ovozingni mayinlashtirib salom berdiradiganlar topilarkan… Ko'rdik, ko'rdik!

— Tavba qildi-im! — Susanna kutmaganmidi, qo'rqa-pisa ortga tislandi. Tanasida zohir titroqlar kuchaydi. — Bu gaplarni qaerdan oldingiz? Nimani ko'rdingiz?

Bu savoli jahlimga jahl qo'shdi. O'zimni idora etolmay baqirdim.

— O'tgan kuni kim bilan hiringlashib turganding? Kim edi u iflos?

— Qaysi? Kimni nazarda tutayapsiz o'zi?

— Eh-h! — men tishlarimni g'ijirlatgancha go'yo yovuz mahluq qiyofasiga kirgan holda xonani asabiy aylana boshladim. — Bilib turib-a, bilib turib! Hammasini anglab turib tag'in savol beradi, savol!

— Tushunmaganimdan keyin so'rayman-da! Xo'sh, kim bilan hiringlashibman? Ayting ko'rgan bo'lsangiz!

— O'tgan kuni dorixonaga chiqqansan. Men ishdan qaytayotgandim. Dorixona eshigi yonida o'rta yashar bir erkakminan kulishib gaplashib turganingni ko'rdim. To'g'rimi yo bundanam tonasanmi?

Susanna bu gapimni eshitgach, sukutga toldi. Ora-sirada bosh chayqab ham qo'ydi. Aftidan o'z xatosini anglagandek bir necha marta og'ir uf tortdi. Lekin bu holat uzoqqa cho'zilmay, u tag'in boshini ko'tardi-da, menga dardli termildi. Termilgan zahoti uzun kipriklari ostidan ikki tomchi yosh yuzlari osha dumalab tushdi.

— Tuhmat qilayapsiz, — deya titroq aralash so'z qotdi Susanna. — Men hech kimminan hiringlashganim yo'q.

— Yo'g'-e! Unda dorixona eshigi yonidagi erkak kim edi? Harqalay, ko'zim ko'r emas-ku! Ko'rdim!

— Umi? — Susanna zarda aralash ko'z yoshlarini kaftiga artdi-da, davom etdi. — Judayam bilgingiz kelayaptimi-a? Aytaymi?

— Ayt tezroq, iflos! — battar tutoqib qichqirdim mushtlarimni o'qtalgancha unga yaqinlasharkanman. — Bardoshimni, irodamni tekshirib ko'rmoqchimisan? Hozir bir urib…

— Urib? Ura qoling! — menga javoban Susanna ham jazava ichida baqirdi. — Nega qarab turibsiz? Urmaysizmi?

— Sendaqa ifloslarni urib odam baraka topmaydi, — dedim o'zimni bosish niyatida lab tishlab. — Sendaqalar…

— Hali men iflos ham bo'ldimmi? Afsus, iflosligimni bilmagan ekanman. Siz bildirib qo'ydingiz. Mayli, nimayam derdim? Nima bo'lgandayam men begonaman-da! Bu yurtda na qarindosh-urug'im, na himoyachim, na dardkashim bor. Yolg'iz Xudodan bo'lak hech kimim yo'q. Ketaman… Shu uydan chiqib ketaman. Ming afsus!.. Sizning shundayligingizni bilmagan ekanman…

— E, ketsang undan nariga o'tib ket! — qo'l siltadim. — Meni qo'rqitmoqchimisan? Ana, katta ko'cha, xohlagan tarafingga ketaver!

Susanna indamadi. Jonholatda egniga qalin koftasini ildi-da, chopib borib ko'rpacha ustida jimgina o'ynab yotgan Qobiljoning ikki yuzidan qayta-qayta o'pdi va o'zini tashqariga urdi.

 

* * *

 

Shu tobda menga qaysi dunyoda yashash-da baribir edi. O'zim qattiq ishongan, har nafas olganda ming bor faxrlanib zerikmagan ayolning xiyonatga qo'l urishi, shundan keyin ham ko'zlarimga tik boqa olishi, har tun xotirjam bag'rimga kirishi, yonimda bemalol yashab kelishi hali hanuz tasavvurimga sig'masdi.

Bolamni bag'rimga bosgan ko'yi o'tirardim-u, nafas olishim tobora qiyinlasha borayotganini, ko'ngil ko'zlarim qop-qora zulmat qa'rida qola boshlaganini his etardim. Shuncha umrim behuda ketgani, yorug', charog'on, quvonchga yo'g'rilgan lahzalar faqat mengagina abadiy hamroh bo'la olmasligidan nadomatlar chekardim.

Shu taxlit yarim soatcha o'tirib qoldim. Garchi miyamda charx urib charchamayotgan xunuk tasavvurlar, bir-biridan ayanchli o'ylarni nari hayday olmasam-da, go'dagim bilan ovunishga, o'zimni chalg'itishga intildim.

Uddalay olmadim. Endi Susannaning he yo'q be yo'q tashqariga otilib chiqqani yuragimdagi shubhalarni battar alanga oldirdi.

— Ana endi haqiqiy basharasi ochiladi, — deya o'g'limning issiq kiyimlarini qidira boshladim. — Hozir onangni o'sha o'ynashiminan birga tutamiz. O'zidan ko'rsin! Dabdalasini chiqaramiz! Unday bevafo, yuzsiz onadan voz kechib qo'ya qolamiz!

O'g'limni kiyintirardim-u, jonim halqumimga kelgudek hansirar, telbalarcha nimalardir deya so'zlanar, tezroq ko'chaga chiqish ilinjida edim.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...