Vidolashuv ishorasi bo'lgan darvoza

0

Odamning ko'ngli biror voqea-hodisa ro'y berishini oldindan sezarkan. Faqat biz bunga ko'p e'tibor bermaymiz. Boshqalarni qo'ya turaylik, mana, o'zimdan qiyos. Negadir so'nggi paytlarda sobiq sinfdoshlarimni tez-tez eslaydigan bo'lib qoldim. Albatta, buning ajablanarli joyi yo'q. Bolalik — inson umrining eng beg'ubor damlari. Qani endi, qaytadan bolalikka qaytsak, xumordan chiqquncha koptok tepsak, anhorda cho'milsak, tolxivichdan ot minib, kimo'zarga chillak o'ynasak… Eh, bularning gashtiga nima yetsin?! Afsuski, o'tgan umrni endi ortga qaytarib bo'lmaydi.

Shu desangiz, bir kuni Abduhoshimni tushimda ko'ribman. Qishloq chetidagi yalanglikda futbol o'ynayotgan ekanmiz. Bu sinfdosh o'rtog'imning bo'yi pakana bo'lsayam, o'zi juda chaqqon va epchil edi. To'p oyog'iga tegib qolsa, uni hech kimga bermay, darvozagacha olib borardi. Tushimda raqib jamoa darvozasiga o'n bir metrlik jarima to'pi belgilandi. Bu vazifani Abduhoshim bexato uddalardi. Lekin bu gal negadir gol urolmadi. To'p darvoza to'sini yonidan o'tib ketdi. Norozi ohangdagi baqir-chaqirlar eshitildi. Men Abduhoshimning yoniga yugurib bordim.

— Qo'lingdan kelmasa, nima qilasan chiranib? Tamom, hozir o'yin tugaydi. Biz yutqazdik. Yagona umidimiz sendan edi, ishonchni oqlolmading!

Abduhoshim sekin boshini ko'tarib, menga qaradi. Uning ko'zidan ikki tomchi yosh sizib chiqqandi. «E, men bu bolani landovur desam, qiz bolaning o'zi ekan-ku! Shunga ham yig'laydimi odam? Bor-ey, sadqai o'rtoq ket!» degan fikr o'tdi xayolimdan. Endi ortimga qaytmoqchi bo'lib turgandim, Abduhoshim qo'li bilan darvoza tomonga ishora qildi. Qaradim-u, ko'zlarimdan o't chiqib ketgudek bo'ldi. Darvoza bo'm-bo'sh edi…

Keyin nima bo'lganini eslolmayman. Qattiq baqirig'imdan uyg'onib ketibman. Har qalay, tushim ekan. Abduhoshimning bolalikdagi orzusi futbolchi bo'lish edi. Shunga qaramasdan, pedagogika institutiga hujjat topshirdi, omadi chopmadi. Birmuncha vaqt dalada ishladi. Kuz oylarida harbiy xizmatga ketdi.

Harbiy xizmatdan qaytgach, ota-onasining qistovi bilan shaharlik qarindoshining qiziga uylandi. O'g'illi bo'ldi, alohida uy-joy qilib, ko'chib chiqdi, lekin hayoti bir maromda kechmadi. Arzimagan bir sabab tufayli xotini bilan ajrashdi. Shuning alamiga ichkilikka berildi. Keyin yana uylandi. Ammo ko'p o'tmay ikkinchi xotinini ham haydab yubordi. Nima emish, xotiniga ko'ngli yo'q emish.

«Yo tavba, endi ko'ngilga balo bormi? Tinchgina yashayver! Umr o'tib boryapti. Sinfdoshlarimizning erta uylanganlari hademay qiz chiqarib, o'g'il uylantirishadi. Abduhoshim esa o'n sakkiz yashar yigitchalardek hali ham ko'ngliga quloq solib o'tiribdi. O'zi, aslida, tayini yo'q edi. Yaxshi bo'lganida birinchi xotini tashlab ketmasdi», deb orqavoratdan uni rosa so'kdik.

O'zimga kelsak, hayotdan nolimayman. Xotinim ro'zg'orga jon kiritadi. Uch nafar farzandim bor. Faqat ba'zan shaharning yugur-yugurlaridan horigan paytlarim hammasiga qo'l siltab, qishloqqa ketgim keladi. Yoshimizga yosh qo'shilgani sayin har kim o'z tashvishi bilan bo'lib, sinfdoshlar ham bir-birimizdan uzoqlashib ketdik. To'g'ri, qo'ng'iroqlashib turamiz. Lekin diydor ko'rishish boshqacha-da. Ba'zan qishloqqa borib, sinfdosh, yor-do'stlarimni yo'qlash u yoqda tursin, tug'ishganlarimni ko'rishga ham vaqt topolmay, ortga qaytaman.

Abduhoshimni so'nggi marta qishloqdan shaharga qaytmoqchi bo'lib, bekatda turganimda ko'rdim. Shunda ham uzoqdan. Kayfi taroq, do'kondan chiqayotgan ekan.

— Jo'rangizning yurishiga qarang-a, yana otib olganga o'xshaydi. Xudo insof bermasa, qiyin ekan. Har kuni yotib qolguncha ichadi. Keyin uyiga borib o'tirmaydi, duch kelgan joyda uxlab qolaveradi, — dedi bekatdagi qishloqdoshlardan biri.

Bu gaplarga parvo qilmay, jo'ram tomon ikki qadam tashladim-u, ikkilanib qoldim. «Hozir borib, hol-ahvol so'rasam, Abduhoshim meni qanday qarshi olarkan?» degan xayol o'tdi miyamdan.

— Nima qilasiz og'rimagan boshingizni og'ritib? — dedi kimdir ko'nglimdan o'tganini sezganday. — Baribir, hozir sizni taniydigan ahvolda emas u. Kayfi ming. Tanigan taqdirda ham «Yuz gramm olib ber», deb ta'bingizni xira qiladi. Olib bermasangiz, siz bilan janjallashadi. Shu sizga kerakmi?

Hali bir qarorga kelib ulgurmasimdan avtobus kelib qoldi…

Abduhoshim va bo'm-bo'sh darvoza ko'z o'ngimdan ketmasdi negadir. «E, tushga nimalar kirmaydi?» deb o'shanda qo'l siltab qo'ya qolgandim. Bir kuni ukam telefon qilib, hol-ahvol so'radi. So'ng ginali ohangda dedi:

— Qishloqqa ham kelmay qo'ydingiz. Ishlaringiz shunchalik ko'pmi, aka?

— Ha, endi, o'zing bilasan-ku. Lekin qishloqni esdan chiqarib bo'larkanmi? Nasib qilsa, tez kunda boraman, — dedim-da, ukam shunchaki telefon qilmayotganini sezib so'radim: — Tinchlikmi? Biron zarur gaping bormidi?

— Sizga xabar qilishdimi-yo'qmi, bilmadim. Bugun o'rtog'ingiz Abduhoshim akani tuproqqa qo'yib keldik.

— Nima?! Nega?! Axir soppa-sog' edi-ku?!

— Ichkilik jigarini ishdan chiqaribdi…

Aksiga olib, shu tobda aloqa uzilib qoldi. Beixtiyor yaqinginada ko'rgan tushimni esladim. Abduhoshim ishora qilgan darvoza bo'm-bo'sh edi…

QUVONDIQ

(«Hordiq plyus» gazetasi xazinasidan)

loading...