«Ayolni urgan erkak – eshak!» Munozarada kimning fikri ustun keldi?..

0

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali feminizm va gender tengligi bo'yicha fleshmoblar targ'iboti avj olgan. Bu esa ko'plab odamlarning o'z qarashlari va shaxsiy fikrlarini bildirishga turtki bo'lmoqda.

«Facebook» ijtimoiy tarmog'idagi «Xalq bilan muloqot» guruhida «AYoLNI URGAN ERKAK – EShAK» sarlavhasi ostida qoldirilgan post ham katta va keskin muhokamalarga sabab bo'ldi. Aniqrog'i, minglab insonlarning izoh bildirishiga sabab bo'ldi.

Guli Yo'ldosheva:

– Hamma ayb ayollardami? Ba'zi bir erkak nomiga noloyiqlar xotinini ko'chada ishlatib, o'zi uyda xotinining kiyimlarini yuvib o'tiribdi. Bunaqalarni nima deb atash mumkin?

Sodiqjon Abdullajonovich:

– To'g'ri, urmaslik kerak. Dinimiz ham taqiqlagan. Lekin ayrim ayollar andishaning otini qo'rqoq qo'yib, erkakni haqorat qiladi yoki kamsitadi. Bu ilmsizlikdan.

Malika Aliyeva:

– Ayolni urish kerak emas. Xato qilsa, yaxshi gap bilan tushuntirish kerak.

Shukrullo O'rmonov:

– Oila muqaddas dargoh. Er-xotin bir-birini tushunishga majbur bo'ladigan holatlar, sabr qiladigan, tezlik qilmasdan, inson taqdirini o'zgartirib yuboradigan harakatdan, so'zdan o'zini tiyib, bosiqlik qilishi kerak.

Mahzuna Noraliyeva:

– Albatta, bozorlarda har xil yomon so'zlar bilan urishadigan, so'kadigan ayollarni ham uchratamiz. Shu ayollarning yonidan o'tib ketib, noqulay ahvolga tushib qolamiz. Juda xunuk vaziyat.

Nargiza Tojiyeva:

– Erkak nima uchun ayolini uradi? Ojiz bo'lgani uchun, so'zini o'tkaza olmagani uchun. Bu erkakning ojizligi uni yashirishga harakat qiladi, lekin hamma ayollar buni biladi.

Oybek Jumaniyozov:

– Akalar, er-xotin urushi – doka ro'mol qurishi. Kimki nima qilsa, o'zi javob beradi.

Mavluda Umarova:

– Ayol ayol bo'lib qolishi uchun erkak erkakligida turishi kerak. Ayolga qo'l ko'tardimi, bu uning ojizligini bildiradi. Ayolini bo'ysundirishga aqli kamlik qilib qolsa, kuchidan foydalanishga urinadi. Aqli yetarli bo'lgan erkak ayol kishiga hech qachon qo'l ko'tarmaydi.

Abduraqib Axmedov:

– Bola-chaqangizni yuvib-tarab, tejab-tergab, charchab kelganingizda charchog'ingizga malham bo'lgan, ko'rpacha solib yonboshingizga bolish qo'ygan ayolni qanday urasiz? Ammo hozirgi kunlarda nafaqat urish, hattoki devorning ostiga o'tqazib, ustiga devor ag'darib yuborishga arziydigan ayollar ham kam emas. Ayollardan uzr so'rayman, ammo bu ayni haqiqat. Hurmatli ayollar, siz bizni izzat-hurmat qilsangiz, biz sizni bolalarimiz qatori, ko'z qorachig'i kabi asraymiz.

Lolaxon Ergasheva:

– Bolam, sal o'ylab yozsangiz bo'lar edi. Shunday xotinlar borki, ularni urib ham tarbiyalab bo'lmaydi.

Bo'riyev Faxriddin:

– O'qishni bilmaydi-da, bilsa, o'zi bilardi nima qilishni. Yaxshi ayol eridan hech qachon tayoq yemaydi. Erkak oqila xotinini urmaydi.

Nargiz Maxmanazarovna:

– Er yarim pir degani, xotin eridan qo'rqishi kerak. Xotin erining bir qarashidan nima qilish kerakligini anglab olishi kerak, eru xotin o'rtasida o'zaro munozaralar bo'lib turadi. Menimcha, ursa qilgan aybi uchun uradi.

* * *

Oila jamiyatning poydevori. Unda bir vatan yashaydi. Oiladagi muqaddas rishtalar mustahkam bo'lsa, yurt ravnaqi shunda. Er bilan xotinning o'rtasidagi har qanday munosabat farzandlar kelajagiga daxl qilishini barcha yaxshi biladi. Shunday ekan, oila boshi – otalarimiz ham, uning yuragi hisoblanmish – onalarimiz ham o'z oldidagi mas'uliyatni teran anglab, vazifalarni to'laqonli ado etishsa, bu kabi postlarni qoldirishga hojat qolmasdi.

Manija BAHRIYEVA,
jurnalist

(O'zA)

loading...