Qidiruvdagi qarzdorlar: Qonun hamma uchun barobar! 

0

Qonun talabi bo'yicha, qolaversa, ma'nan ham ota o'z farzandini boqishi, uning yeyish-ichishiga mas'ul, voyaga yetgunga qadar to'liq ta'minotini o'z bo'yniga olishga majbur hiosblanadi.
Biroq shunday otalar ham borki qonun bo'yicha sud qarori bo'la turib ham ochiq oshkora aliment pulini to'lamasdan qochib yurishadi. Bunday otalarga nisbatan Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan qonunda belgilangan choralar ko'rib kelinmoqda.
Ayniqsa, koronavirus epidemiyasi tarqalishidan oldin aliment to'lamaslik maqsadida yashash joyidan ishlash uchun ko'chib ketgan qarzdor otalar karantinli kunlarda asta-sekin yashash uyiga qaytib, davlat ijrochisi qo'ygan “qopqon”larga tushmoqda, ya'ni ularni O'zbekiston Respublikasi MJtKning 47-4-moddasida ko'rsatilgan javobgarlik va ma'muriy qamoq jazosi kutib olmoqda.
Xususan, Qo'qon shahar, A.Navoiy mavzesida yashovchi Akbarov Dilshod fuqarolik ishlari bo'yicha Qo'qon tumanlararo sudining 26.08.2016 yildagi sud buyrug'iga asosan otalik burchini to'liq ado etmasdan 2016 yil yanvar oyidan aliment to'lashning oxirgi muddati 2020 yil fevral oyiga qadar bir nafar farzandi uchun 13 mln. 852 ming so'm aliment pulini to'lamaslik maqsadida qochib yurgan.
Respublika bo'yicha karantin tadbirlari kuchaytirilgach, qarzdor D.Akbarov o'z uyiga qaytib kelib, Majburiy ijro byurosi Qo'qon shahar bo'limi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida Qo'qon shahar ma'muriy sudida javob berdi va unga nisbatan O'zbekiston Respublikasi MJtKning 47-4-moddasi 1-qismiga asosan 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Yoki Qo'qon shahar, Fuzulik ko'chasida yashovchi Mirg'aniyev Avaz bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta'minotini to'lashdan qochib 2017 yil fevral oyida yashash uyidan chiqib ketgani holda karantinda uyga qaytganida, sudda nima sababdan 13 mln. 851 ming so'm qarzini to'lamaganligi haqida gapirib berdi. Sud unga ham 15 sutka qamoq jazosini tayinladi.
Shu kabi, Oltiariq tumani, Poloson qishlog'ida yashovchi Turdiyev Ma'ruf ikki nafar farzandi uchun aliment undirish haqida 10.03.2016 yilda sud buyrug'i chiqishi bilan yashash joyidan yashiringan va uni topishni imkoni bo'lmagan bo'lsada, karantinli kunlarda boshqa borar joyi bo'lmaganligi sababli yashash manziliga qaytgan vaqtida ushlangan. M.Turdiyev qariyb 5 yil davomida ikki nafar voyaga yetmagan farzandi uchun 26 mln. 319,5 ming so'm aliment pulini to'lab qo'yishi lozimligi haqida o'ylab ko'rishi uchun sud unga yetarlicha muddat belgilab berdi: 15 sutka.
Uchko'prikda esa qarzdor ota O.Yaxshiboyev 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun 01.07.2020 yil holatiga alimentdan bo'lgan 18 mln. 621 ming so'm qarzdorlikni 15 sutka qamoqda o'tirib o'ylash shart emas deb hiosblab, karantinda “ushlangan” kuniyoq to'lab qo'ya qoldi.

loading...