XORIJDAGI O'ZBEK MUHOJIRLARINING AYaNChLI QISMATI… (FOTO)

0

 

«Bizni dalada och-nahor yashayotganimizni hamma bilib bo'lgan. Shunga trassadan qanday mashina o'tsa, bizga non, oziq-ovqat mahsulotlari, meva-chevalargacha ehson qilib ketishyapti» — deydi o'zbekistonlik muhojirlar…

 

NON UChUN YuZLAB ODAMLAR NAVBATDA

 

Rossiya — Qozog'iston chegarasi yaqinidagi yuzlab o'zbekistonliklar o'tgan-ketgan yo'lovchi mashinalar berayotgan yeguliklar bilan kun ko'rmoqda.

Orenburg va Samara viloyatlari hududlarida chegaralar ochilishi yoki O'zbekiston hukumati ularni olib ketishini kutishayotgan muhojirlar orasida keksa yoshlilar, homilador va yosh bolali ayollar bor.

O'zbekistonlikdarning chegara atrofiga yig'ila boshlaganiga deyarli bir oy bo'lib qoldi.

Muhojirlar chegara yaqiniga kelganidan buyon yo'l bo'yidagi ochiq dalada yashashmoqda.

Buyumlaridan to'shak va boshpana yasab kun kechirayotgan o'zbekistonliklar yegulik ilinjida katta yo'ldan o'tgan-ketgan mashinalarni poylashmoqda.

Bi-bi-si o'zbek xizmatiga «Mashtakova» chegara-nazorat punkti yaqinidan yo'llangan videotasvirda yo'l chetida to'xtab turgan «Kamaz» mashinasidan non tarqatilayotgani, uni olish uchun yuzlab odamlar navbatda turganini ko'rish mumkin.

Bu ko'rinishning haqiqatan ham shu kunlarda chegara atrofidagi vaziyat og'ir ekanligini muhojirlar tasdiqladi.

— Bizni dalada och-nahor yashayotganimizni hamma bilib bo'lgan. Shunga trassadan qanday mashina o'tsa, bizga non, oziq-ovqat mahsulotlari, meva-chevalargacha ehson qilib ketishyapti. Asosan, Rossiya-O'zbekistonga yuk tashuvchi katta mashinalar haydovchilari olib kelishyapti. Ular bir-biriga biz haqimizda aytishadi, qolganlari ham u-bu yeguliklarni tarqatib o'tib ketishadi — deydi o'zbekistonlik muhojirlar.

 

BU MUHOJIRLARGA «JAZO»MIDI?

 

 

Bir oy ichida chegara atrofidagi uch hududga mingdan ortiq

odam yig'ilguncha ham hech kim ularga e'tibor qaratmadi.

Muhojirlarning avvalgi to'planganlik holatida O'zbekistonning Qozon shahridagi konsulligi vakillari muhojirlarning yoniga dastlabki kunlardan borgan.

Orenburg va Samara viloyatlari ma'muriyat hisobidan chodirlar, oziq-ovqat, tibbiy yordam bilan ta'minlagan va muhojirlarning xavfsizligi uchun tashkiliy ishlarni yo'lga qo'ygandi.

Qozog'iston esa muhojirlar uchun tranzit koridor ochib berdi. May, iyun oylarida O'zbekiston tomoni tashkillashtirgan avtobuslarda bir yarim mingdan ortiq muhojirlar vatanga qaytishdi.

 

QIYIN, AMMO IMKONLI YO'L

 

 

Rossiyada karantin cheklovlari bekor qilina boshlagani bilan uning asoratlari iyul oyida ham mehnat muhojirlari hayotiga ta'sir o'tkazishda davom etdi. Ish o'rinlaridagi qisqartirishlarga tushganlar yoki ishiga qayta olmaganlar, uy ijarasi uchun to'lov muammosiga duch kelgan va kun kechirishda qiynalgan muhojirlar vatanga qaytishga qaror qilishdi.

O'zbekistonga qaytish uchun ularda ikki yo'l bor: biri charter reys uchun navbatga yozilib, o'z narxidan ikki-uch barobar qimmatga ketish.

Charter reyslar xaftada 2-3 ta, ketish uchun navbatga turganlar soni esa o'n minglab ekani aytiladi.

Qimmat chipta uchun pul topilganda ham (12000 rubldan 30 ming rublgacha), ko'pchilikda reysga ilinish imkoni juda oz.

Ikkinchi yo'l — mashina yoki avtobusda chegara yaqiniga yetib olib, ma'lum bir muddat dalada yashab turilsa, O'zbekiston tomoni fuqarolarini olib ketadi degan ishonch.

Lekin O'zbekiston bir necha bor muhojirlarni bunday yo'l tutmaslikka chaqirgan.

Muhojirlar uchun ikkinchi yo'l mashaqqatli, ammo charter reysga navbati kelishdan ko'ra, imkonliroq. Yo'lkira narxi ham odatdagidan baland bo'lsa-da, samolyotdan ancha arzon. Shu bois chegara atroflariga bir necha bor muhojirlar yig'ildi.

 

AYBDOR — TAKSIChILARMI?

 

O'tgan xaftada O'zbekistonning Rossiyadagi bosh konsuli Mehriddin Hayriddinov «Sputnik-O'zbekiston» nashriga bergan intervyusida chegara atrofidagi o'zbekistonliklarning to'planishiga oid vaziyat haqida fikr bildirgan.

«Vatandoshlarimiz bizga ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan chegaralar ochilganligi to'g'risidagi yolg'on xabarlarni va ushbu xabarlarga biriktirilgan «grafik»larni, shuningdek taksichilar tarqatgan sms-e'lonlarni ko'rsatishdi. Afsuski, ushbu fuqarolarimiz TIV va elchixonaning rasmiy veb-sayti yoki ijtimoiy tarmoqlari orqali tarqatilgan xabarlarga emas, mana shunday yolg'on xabarlarga ishonib firibgarlar tuzog'iga tushgan. Shuningdek, biz may oyida birinchi bor chegarada odamlar to'planib qolganidan ko'zga ko'rinib qolgan taksi haydovchilari yana o'z faoliyatini davom ettirayotganining guvohi bo'ldik. Vijdonsiz «tashuvchilar» odamlar sog'lig'ini xavf ostiga qo'yib, ularni vaziyat qurboniga aylantirib, chegaragacha olib borib qo'yishni o'ziga xos «biznes»ga aylantirib olgan», — deyiladi intervyuda.

Biz suhbatlashgan o'zbekistonliklarning ko'pchiligi avtobuslarda, o'z tanlovlari bilan chegara yoniga kelishganini ochiq aytishdi.

— Boshqa ilojimiz yo'q. Uyga ketishimiz kerak, charterni kutib o'lib ketgandan ko'ra, bu yerda besh-olti kun qiynalsak ham uyga yetib olamiz deb o'ylagandik. Qirg'izistonliklar to'planishi bilan elchixonasi vakillari kelib 3 kun ichida ularni olib ketishdi. Biz esa yurtimizga kerakmasmizmi, bu ahvolga tushib qoldik, — deydi muhojirlar.

Darvoqe, Bi-bi-si o'zbek xizmatida barcha ma'lumot beruvchi va suhbatdoshlarning to'liq ism-familiyalari bor, ammo ularning iltimosiga ko'ra ochiqlanmayapti.

 

IKKI VILOYaT ORASIDA SARSONLIK

 

O'zbekistonliklarning chegara atrofida to'planishlari 4 hafta oldin boshlangan. Shundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda videotasvirlar tarqalmoqda.

Bu galgi to'planish muhojirlar uchun juda og'ir kechdi. Bir oyga yaqin vaqt davomida muhojirlar ochiq dalada qolib ketdi, pullari tugab, yegulikdan qiynalishdi.

Haftalab qarovsiz yotgan, hech kim yo'qlamagan O'zbekiston fuqarolarini Rossiya tomoni ham o'z holiga tashlab qo'ydigina emas, Orenburg va Samara bir-biriga «uloqtira» boshladi.

O'zbekistonlik muhojirlar politsiya va OMON talabi bilan bir joydan boshqasiga bir necha bor ko'chirildi. Norozilik bildirgan muhojirlar esa kuch ishlatar tizimlar tomonidan kaltaklandi.

Politsiya xodimlari va muhojirlar orasida bir necha bor nizolar yuzaga keldi.

— O'nta odamimiz jarohatlandi. 2 kishini ertalab politsiya olib ketib, kechki payt deport bosib, qo'yib yubordi. Aldab chet joylarga ko'chirmoqchi bo'lishdi. Orenburg va Samara orasida bizni «koptok» qilib yuborishdi, — deydi o'zbekistonlik muhojirlar.

 

NON QADRI

 

Bu hodisani voqea joyida bo'lgan va mahalliy hokimiyat vakillari bilan uchrashgan O'zbekistonliklarning umumrossiya kongressi rahbari tasdiqladi.

Diaspora tashrifidan so'ng, o'zbekistonliklarga chodirlar tikilib, ikki hududdagi migrantlar chodirlarga ko'chirilgan. Ular ichimlik suvi bilan ta'minlangan, ammo yegulik hamon muammo bo'lmoqda.

— Bitta nonni o'z narxidan o'n barobar qimmatga olib kelyapmiz. Oramizda bir rubl puli yo'qlar bor, ular bilan baham ko'rib yeymiz. O'tgan-ketgan mashinalar ehson qilib, non-u meva berib ketishyapti, — deydi muhojirlar.

Astag'firillo!!!

«VVS-O'zbek xizmati»

 

loading...