ETIMNING YeTTI KO'ChASI…

0

 

 

* * *

 

Ota-onasi avtohalokatga uchrab o'lmasa, o'gay ammasining qo'lida qolmasa, o'n yashar nimjongina Rustam shuncha ko'rguliklarni, og'ir kunlarni ko'rmasdi. Axir, jikkakkina, qachon qarasa, tilidan zahar tomib turadigan Sotqin ammaga bas kelib bo'larmidi?.. Gap qaytarib ko'ring-chi!..

— Hoy, yer yutkur, tag'in shimingni ho'l qildingmi? Paqirni oyog'ingga tekkizmay ko'tarsang beling uzilib qoladimi-a?

Sotqin ammaning qarg'ishini butun Qo'rg'oncha eshitdi-yov. Rustam o'n kilo suv to'la katta paqirni shundog'am tizzalariga urib-urib zo'rg'a opkelayotgandi ariqdan. Ammasining baqir-chaqiridan qo'rqib, shosha-pisha yerga qo'ymoqchi bo'lgandi, aksiga olgandek, paqir ag'anab ketdi.

— Voy yashshamagu-ur!.. — Sotqin amma battar g'azabi oshib Rustam tomon chopib keldi-da, quloqlariga chang soldi. — Voy og'zingdan qoning kelgu-ur… Nima qip qo'yding-a, nima qand yeb qo'yding?.. Hozirgina supurgan hovlimni botqoq qilding-ku!..

— Voy-voy-voy-y!.. Voy qulog'i-im!.. — Rustam og'riqqa bardosh berolmay chinqirib yig'lardi. — Jon amma, ikkinchi qilmayman. Qo'yvori-ing!..

— Ha og'zingdan laxta qon quyilgur!.. Hali tilingam bormi seni. Hozir ko'rsatib qo'yaman. Ha-a, botqoq qilgan qo'llaringni sindirib qo'ya qolaman!..

Ammasining ketidan dikonglagancha tomorqa tomon borayotgan Rustam qo'rqib ketdi. «Yana baqaterakka boylab ursa-ya!..» Ammasi har safar o'sha o'zi yomon ko'radigan baqaterakka bog'lab to'ygunicha savalar, so'ngra qaytadan yechib ko'chaga haydab solardi. Bu gal ham xuddi o'sha kaltaklar yodiga tushib badanlari muzlab-muzlab bordi. Yuragi shuvillab ketdi. Biroq Sotqin amma negadir bu safar narigi burchakdagi taxtadan yasalgan, eshik o'rniga qop tutib qo'yilgan hojatxona tomon burildi.

— Sen yergina yutkur manavi to'p turgan go'nglarni ko'rdingmi? — dedi amma Rustamni bir chetga chiqarib tashlangan go'ng sari itarib. — Qilmishing uchun ana shuni qo'lingminan tashib tomorqaga solasan. Qani, aytganimni qilmagin-chi!..

— Y-yo'q… Jon ammajo-on, yo'q!..

Shunday qilmasa bo'larkan. Butun tanasi bilan siltanib, o'zini orqaga tashlayotgan Rustamning quloq-chakkasi aralash kutilmaganda tarsaki kelib tushdi. Ko'zidan o't chiqib ketgandek bo'ldi.

— Hali sen meni yiqitib qochmoqchimisan-a?.. Go'shtingni titib qo'ya qolaman!..

— Bo'pti-bo'pti… Endi bunday qilmayman. — Rustam yana kaltak yeb qolishdan cho'chib, bir qo'li bilan boshini yashirdi.

— Qani, engash, dedim!..

O'sha onlarda chamasi kun peshindan og'ayozgan edi. Sotqin ammaning kaltaklariga, vajohatli nigohlariga dosh berolmagan bolakay ikki kaftiga hojatxonadan chiqqan badbo'y qoldiqlarni to'ldirib kechgacha tomorqaga tashidi. Har tashiganda oyoqlari uzilib tushgudek og'ridi. Charchoqqa arang dosh berayotgan bola qo'rquv zo'r kelganidan ammasiga ko'rsatmay, yig'lab-yig'lab, qusib-qusib oldi.

 

* * *

 

Sotqin amma Rustamni behuda xo'rlamasdi. Eridan, erning uyidan tug'masligi bois ajrab, sal qursa ko'chada qolayozgan ayolni o'gay uka va kelin o'lgandan so'ng mahalla-ko'y shu hovliga kiritib qo'ygan. Hamma: «Bolaga zor, shu yetimchaning boshini silaydi, farzandsizman deb bag'ri xun bo'lmaydi», deb o'ylagan… Axir, shunday keng-mo'l hovliga kimning ham ega chiqqisi kelmaydi. Dastlabki oylarda Rustamga tuzuk-quruq qaragan Sotqin ammaning yuragiga tuyqusdan vahima tusha boshladi. Borib-borib Rustam katta bo'lgach, uyga egalik qilishidan, ammani haydab solishidan qo'rqdi. Butun o'y-xayoli «nimadir qilsam-u, shu bolaning boshiga yetsam, qo'rquv degan balodan qutulsam»ga o'xshash bo'lmag'ur niyatlarga qo'shildi…

Mana, bugun ham ancha yengil tortgandir… A'zoyi-badani go'ngga botgan, ranglari sarg'ayib ketgan Rustamni shom mahali hovliga qo'ymadi.

— He sasimay o'l, yo'qol!.. — baqirib berdi u, — Bor, zovur bo'yida yotasan bugun! Ajabmas, sen yetim o'lgurdan qutulsam…

Rustam xo'rligi kelib tomorqaga oqib o'tayotgan ariqchada qo'llarini yuvdi-da, Sotqin amma so'ri chetiga qo'ygan bir burda qotgan nonni olib ko'chaga chiqib ketdi…

U yig'idan o'zini to'xtata olmayotgan bo'lsa-da, baribir zovur suvida cho'milib chiqishni ma'qul ko'rdi. Ko'ylak-shimini loy, tuproqlarga ishqalab yoqimsiz hidlarini aritgan bo'ldi. So'ngra ularni qirg'oqdagi ko'm-ko'k maysa ustiga yoyib quritdi.

Qorni tobor tatalab, yuragi to'kilib borardi. O'zi o'ylaganidek qotgan nonga qorni to'ymadi. Bo'lmasa, nonni zovur suviga bo'ktirib-bo'ktirib yedi. Baribir, ochiqaverdi…

Kiyimlarini kiygach, o'rnidan turib qishloqdagi hovlilarga umidvor tikildi. «Bironta kattaroq qo'shni ko'rib qolib, uyiga opkirsaydi, qornimni to'yg'azib qo'ysaydi!..» deb o'yladi. Aksiga olgandek, qishloq ko'chasida bolalardan boshqasi ko'rinavermasdi. «Hamma odamlar ammamga o'xshab yomon ko'rishsa kerak-da meni! — mayda kesaklarni zovurga irg'itib-irg'itib qo'yarkan, xayolidan o'tkazdi Rustam. — Bo'lmasa, ammam qancha baqirib so'ksayam hech qaysisi chiqmadi-ku!.. Ammamni urishib qo'yishmadi-ku!..» Bola-da, shu taxlit xayollar miyasini kemirgani sayin battar cho'kib borardi. Qo'ni-qo'shnilar Sotqin ammaga tenglashib o'tirish befoydaligini, chiqib o'tirmasliklarini, orqavarotdan bo'lsayam unga achinib qo'yishlarini bilmasdi…

— Rustam, hov Rusta-am! Qorang o'chgur, qaydasan?..

Rustam qorong'ulik qa'ridan kelayotgan ammasining tovushini eshitib seskanib ketdi. «Hozir tutvolib yana uradi!» — U shartta o'rnidan turib qochib qolmoqchi bo'ldi. Lekin tomorqada u yoqdan-bu yoqqa chopqillayverib toliqqan oyoqlaridagi og'riqlar, yana… «Balki urmas, uyga opkirib ovqat berar», degan umid yo'l bermadi. Javob berish o'rniga yo'l chetida alanglab turgan Sotqin ammaga yaqinlashdi.

— Ha, daydimay o'lgur sayoq! — Sotqin amma bu gal negadir Rustamning qulog'idan tortmadi, kaltaklamadi. Shunchaki… Qo'lini bigiz qilib uy tomonni ko'rsatdi. — Qani, oldimga tush-chi!.. Naq bo'yningni uzib qo'ya qolaman hozir!..

 

* * *

 

Rustamning o'z uyida ko'rgan kunlari, igna ustida yurgan kabi qadam bosishlari, qo'rqa-pisa nafas olishlari holva edi. Uni maktabda ham o'zi tengi bolalar masxaralashar, sinfga kirib kelgani hamono har tarafdan shivir-shivirlar eshitila boshlar, bolalarning ba'zilari ko'pincha unga ichidagi gaplarini ochiqdan-ochiq aytishardi:

— Rustam, nega qachon qarasa, trinka shim kiyib yurasan-a?..

— Nimaga ko'ylagingni yoqasi kir?

— Qaranglar, shimining hamma yeriga yamoq solvolibdi, hi-hi-hi!..

Ayniqsa, bir kuni sinfdoshi Akmalning qilig'i hammasidan o'tib tushdi.

— Ko'rdingmi, dadam menga snikers opkeldi bozordan! — yaltiroq qog'ozni ochib, ichidan kattagina shokoladni chiqararkan, Rustamga ko'z-ko'z qildi u. Hech qachon bunaqangi shirinlikni qo'lida ushlab ko'rmagan Rustamning og'zidan so'laklari oqib tushayozdi. Sinfdoshiga havas bilan boqdi. Yarmini berarmikan, deb xayol qildi. Ammo Akmal ko'z ochib yumguncha shirinlikni yeb bitirdi. «Meniyam dadam bo'lsa, oldirardim shunaqasidan! — maktabdan qaytayotib burnini torta-torta o'ziga o'zi so'zlandi Rustam. — Mayli, hali katta bo'lay, ko'rasanlar!..» Bolakay o'sha kuni maktabdan ham, uydan ham sovidi. Ostona hatlab hovlisiga kirgach, ammasining yo'qligini ko'rdi-yu, shosha-pisha oshxonadagi yumshoq nonlardan ikkitasini olib yana o'sha o'zining qadrdon zovur bo'yisi tomon yo'l soldi.

 

* * *

 

Rustamni yana yarim tunda ammasi zovur bo'yidan topib keldi. Urib-urib, boshiga mushtlab-mushtlab ovqat berdi. Kunduzi uydan so'roqsiz non olib chiqib ketgani uchun bir-ikki bor kosov ham yedi. Sotqin ammasining esa, baribir, ko'ngli to'lavermasdi. Rustam tomonga qaradi deguncha jini qo'ziyverardi. Oxiri bo'lmadi. Ovqatdan so'ng asta-sekin ko'zi ilinib borayotgan Rustamni, siltanganiga qaramay, omborxonaga sudrab kirdi.

— Mana shu yerda yotasan! — dedi u tor, zax, aylana atrofi un, yog', yana allambalolar to'la idishlar qalashib ketgan xonaning o'rtasiga uvadasi chiqqan ko'rpachani to'sharkan. — Ustingdan qulflab qo'yaman. Qani, tag'in o'sha zovurga borib ko'r-chi! Ha, aytmoqchi, siyib-netib yurmagin to'shakka!.. Bo'g'izlab qo'ya qolaman naq…

Omborxona zaxligi yetmay, ancha salqin ham edi. Ustini yopishga hech narsa topolmagan bola nima qilsin?.. Tashqariga chiqqisi kelib oynalarni tirmalab ko'rdi. Deraza mixlangan ekan. Bir burchakka o'tib hojat chiqarishga qo'rqdi. Oqibatda uyqu orasida yotgan to'shagini iflos qilib qo'ydi.

— Voy betingdan buzilgu-ur!.. — azonda derazadan mo'ralab, iflos to'shakka ko'zi tushgan Sotqin amma shahd bilan ichkariga kirdi-da, Rustamning orqasiga tepdi. — Xudoyo hojatxonaga tushib ketib bo'kibgina o'lgin!.. Qani, bu yoqqa yur!..

Sotqin amma to hojatxonaga yetaklab borib ichkariga itarib yubormaguncha Rustam hech narsaga tushuna olmagandi. Badbo'y hid hukmron uychaga kirib oyoqlariga allambalolar yopishib ketganini ko'rgandan so'ng nima qilib qo'yganini bildi.

— Bugun sen juvonmarg kechgacha shu yerda o'tirasan! — qichqirdi ammasi jirkangannamo aftini bujmaytirib. — Mabodo, qochib ketsang, yaxshisi, uyga qaytmay qo'yaqol! Boringdan yo'g'ing tuzuk, sen sassiqni…

Rustam ammasining ortidan mung'aygancha qolaverdi. Nima qila oladi?.. O'zini gunohkor sanab barchasiga chidashga majbur-da!..

 

* * *

 

Sotqin ammaning fe'l-atvorini, o'tmishini yaxshi bilgan mahalladagi qiz-juvonlar unga ko'p ham ro'yxushlik beraverishmaydi. Faqat Xosiyat folbingina «keling-keting» qiladi. Yoshi besh-olti yilga ulug'roq bo'lsa-da, Sotqin amma bilan ko'pincha soatlab g'iybatlashadi. Bunga sabab bitta. Xosiyat folbinga ko'pchilik ishonmaydi, ixlos qilmaydi. Biroq Sotqin amma shishada suv, isiriqqa o'xshash narsalarni ko'tarib uning «qabuli»ga qatnayveradi. Tovuq so'raydimi, pul talab qiladimi, darrov yetkazib keladi. Afsuski, shuncha qilgan «ilm-amallar»i aksar hollarda o'ziga urayotganini bilmaydi…

— Opa, anavi Rustam shunaqangi jonimdan to'ydirvordiki, — Sotqin amma bolakayni hojatxonaga qamab qo'ygach, folbinnikiga chiqib, shikoyat qila ketdi. — He-ech odam bo'lay demaydi. O'zini mundoq eplab yurishgayam uquvi yo'q. Tag'in baloday gap qaytarishlari-chi!.. O'zingni bolang bo'lmagandan keyin shunaqa ekan-da!.. Qaniydi, zamon ko'tarsaykan, bo'g'izlabgina qo'ya qolsam…

— Voy, o'rgilay, u bolani gapirmang! — deya ro'molini hafsala bilan to'g'rilab, mijozning yelkasiga qoqdi Xosiyat folbin. — Yetim bola boqib kim maza topibdi?.. O'zingizni kuydirib nima qilasiz?..

— Ha, nimasini aytasiz… Menga bo'ysunmasa. Shuncha kaltak yeganiminan mundoq o'nglanmasa… Shunga… — Sotqin amma ilkis gapirishdan to'xtab, qiya ochiq turgan darvoza orqali ko'cha tomonga o'g'rincha qarab oldi-da, paketchadan bir bog' isiriq chiqarib folbinning ro'parasiga qo'ydi. — O'sha yaramasni uydan bosh olib chiqib ketadigan qilib bermaysizmi?..

Bu gapni eshitib folbinning ko'zlari beixtiyor chaqchaydi.

— Ie… Yo'qolib-netib, yo… Bir yerga borib o'lib qolsa, sho'ringizga sho'rva to'kiladi-ku!..

— E, opa, uyog'idan xavotir olmang! Bir yo'lini qilarman…

— Y-yo'q… Men qo'rqaman… — Xosiyat folbinning rangi kutilmaganda o'zgarib, qarshisidagi isiriqni Sotqin ammaga yaqin surdi. U esa, o'z navbatida paketchadan bir kiyimlik toza yaltiroq mato chiqardi-da, folbinga tutqazdi.

— Mana bu xamir uchidan patir, aylanay!.. Xudo xohlasa, hali ko'-o'p xizmatingizni qilaman…

Folbinlar pulga, matoga o'ch bo'lishadi. Xosiyat folbin ham matoni ko'rgach, yasama tirjayish qilib «haqi»ni yostiq orasiga yashirdi-yu, «band» tugish va isiriqqa afsun o'qishga tushib ketdi.

 

* * *

 

So'ngsiz qiynoqlar, xo'rlashlar Rustamni holdan toydirdi. O'n yoshga kirib qirq yashar odam ko'rmagan kunlarni boshidan kechirayotgan bolakay uchun, ayniqsa, soatlab hojatxona ichkarisida qamalib o'tirish, qalbida ming bir hadik bilan navbatdagi kaltaklarni kutib turish dahshatning o'zi edi.

— Bo'ldi, jonimga tegdi, qochib ketaman, — dedi Rustam o'pkasi to'lib, — Baribir, qochib ketaman… Topib bo'pti meni o'sha Sotqin jinni!..

Rustam xayoliga kelgan tasodifiy fikrdan jonlanib, dast o'rnidan turdi va to'g'nog'ich bilan nomigagina mahkamlab qo'yilgan to'sqichni yirtib tashlab tashqariga chiqdi. Shu tobda folbinnikidan qaytgan Sotqin amma endi-endi ostona hatlab ichkariga qadam qo'ygan edi.

— Hoy, juvonmarg, nimaga chiqding? — turgan yeridan qichqirdi Sotqin amma, — Hozir adabingni beraman, qarab turgin!..

— Mana, berasan, mana, berasan!.. Sotqin jinni!.. — Rustam ovozining boricha so'kinib devor tomon yugurdi.

— Hozir yetib olay, sen yetimchani…

— Yetib bo'psan!.. — Sotqin amma to taraddudlanib qo'liga tayoq olguncha, Rustam ko'chada edi…

U yugura-yugura Qo'rg'onchadan chiqib kimsasiz, aylana atrofi bug'doyzorlar bilan o'ralgan Jov qishlog'i yo'llariga yetib oldi. Issiqda zo'r berib chopganidan a'zoyi-badani suv bo'lib ketgandi. Shoxdor tutlardan birining salqiniga kelib o'tirdi-da, ko'ylagini yechdi. Shu zahoti badaniga muzdek shabada urilib biroz rohat topganday bo'ldi. Lekin, baribir, Qo'rg'oncha tarafdan ko'z uzmadi. Qancha o'zini bosishga urinmasin, xayolida xuddi ammasi shu yergacha yetib keladigandek, boshida yana kaltaklar sinadigandek tuyulaverdi.

 

* * *

 

Ko'z ochib-yumguncha kech ham tushdi. Hov anovi yerda — poyonsiz bug'doyzor oralab nimadir qilib yurgan begona odamlar ham ko'zdan g'oyib bo'lishdi. Rustam esa, hanuz tevarakni quyun kabi qoplab kelayotgan qorong'ulikdan qo'rqa-pisa tut panasida o'tirardi. Xayriyatki, ammasi kelmadi. Nimjongina tanasida yangi-yangi og'riqlar tuymadi. Faqat… Qorni judayam ochqadi. Qorni tatalab borgan sari bezovtalanaverdi. Ustiga-ustak, uyqusi keldi. Biroq bunaqangi qo'rqinchli joylarda uxlab qolishdan, ajina chalib ketishidan cho'chirdi. Axir, qachonlardir mahallasidagi Yo'lchi buva aytgan-da!.. Odam qorong'ida yolg'iz uxlasa, ajina chalib, og'zini qiyshaytirib ketarkan… Keyin og'zi qiyshayib, hammaga kulgi bo'lsinmi?! «Hozir Jovga boraman-da, birontasiga «non bering», deb ko'raman, — ko'nglidan o'tkazdi Rustam. — Undan keyin, qornimni to'yg'azib olsam, odamlar tez-tez o'tib turadigan yerda uxlayman…»

Jovgacha taxminan uch-to'rt chaqirim kelardi. U yo'ldan onda-sonda tarillab o'tadigan ulovlargayam e'tibor bermay oldinga qarab yurdi. Chamasi, bir chaqirimcha yo'l yurdi. Afsuski, ortiq qadam bosishga madori qolmagandi. Miyasida so'lqildoqqina nonlarni betinim aylantirib, qancha o'zini zo'rlamasin, tizzalari qaltirab ketdi va to'satdan ko'ngli aynib o'qchib yubordi. Bosh aylanishi esa, bolakayni shundoqqina yo'l chetiga qulatdi…

Harqalay, dunyoda insofli odamlar ham bor ekan. Mirza traktorchi daladan charchab kelayotgandi. Chiroq yorug'ida uzala tushib yotgan bolani ko'rdi-yu, traktorini to'xtatdi. Shosha-pisha pastga tushib yuragiga quloq tutdi. Tirik ekaniga amin bo'lgach, asta-sekin turta boshladi.

— Hoy bola, ko'zingni och!.. — qimirlayvermaganidan so'ng yuzlariga shapatilab ko'rdi. — Ko'zingni ochsang-chi!.. Nima bo'ldi senga?

Engil tarsaki ta'sir qildi shekilli, Rustam tamshana-tamshana boshini qimirlatdi.

— Suv!.. Non bering!..

— Qani, boshingni ko'tar-chi!.. — Mirza traktorchi baquvvat qo'llari bilan Rustamni suyab o'tqazdi. — Kimning o'g'lisan?.. Uying bormi o'zi?

Rustam hozir javob qaytaradigan holatda emasdi. Begona erkak yelkalari osha qattiq suyab turganiga qaramay, ko'zlari qaytadan ola-kula bo'lib borardi. Mirza traktorchi ham buni tushunib, Rustamni dast ko'tardi-da, traktorga ortib o'z uyiga olib ketdi…

Mirza traktorchining hovlisida enasi, xotini va ikki nafar besh-olti yasharlik qizlari yashashardi. Saksondan sal oshgan enasi Fayzi momo injiqroq edi. O'g'li begona bolani ko'tarib uyga kirganini ko'rgach, rangi-quti o'chdi. Odatiga ko'ra, jahli chiqqanini hammaga bildirish uchun so'rida o'tirgan yerida yonboshidagi yog'och hassasini yerga urib-urib qo'ydi. To o'g'li bu bolani so'riga yotqizib, yuziga suv purkamaguncha indamay turdi.

— Ha-a, tinchlikmi, Mirzavoy?.. — dedi nihoyat bir o'g'liga, bir Rustam tomonga ko'z tashlab. — Bu bola kim? Yo traktoringda urib yubordingmi?

— E, nimaga vahima qilasiz, ena?.. — bir xotini Oysaraga, bir mo'ltirabgina o'tirgan Rustamga qarab baqirib berdi Mirza traktorchi. — Yo'ldan topib oldim bu bolani… Hushidan ketib qopti… Tez bunga ovqat-povqat beringlar!..

Xotini surishtirib o'tirmadi. Tezda qozondan ovqat suzib Rustamning oldiga qo'ydi.

— Ol, bolajon, qorningni to'ydirib ol-chi?..

Rustam hamon majolsiz edi. Hatto, kosani qo'liga olishga holi bo'lmay, ovqatni engashib-engashib yedi. Qornini to'ydirdi. Kosani sekin chetga surish asnosida yeb qo'ygudek qarab qo'yayotgan kampirga yer ostidan tikilib olishni ham unutmadi.

— Xo'sh, bolakay, qaerliksan? Kimning o'g'lisan? — so'radi

Mirza traktorchi Rustamning boshini silab. U esa, aybdorona boshini quyi soldi.

— Voy, nega indamaysan? — Fayzi momo toqatsizlanib gapga aralashdi.

— Ammam doim urardi, — dedi nihoyat Rustam hanuz yerdan boshini ko'tarmay, — Zerikib qochib ketdim uydan…

Mirza traktorchi hayratlanib Rustamningelkasidan tutdi.

— Qaysi ammang?.. Kimning o'g'lisan?.. Qani menga ayt-chi?..

— E, Mirzavoy, nima qilasan ijikilayverib?.. Bu bola janjalkashroq odamlarning farzandiga o'xshaydi! — Fayzi momo hassasini yerga ura-ura, o'rnidan turib ketdi. — Yaxshisi, qaerdan kelgan bo'lsa, o'sha yoqqa oborib qo'y! Tag'in boshing baloga qolib yurmasin…

Mirza traktorchi enasining gaplariga parvo qilmay, xotini va bolalari tomon yuzlandi.

— Xo'sh, sizlar nima deysizlar, Oysara?.. Axir, yosh bolani qorong'ida ko'chaga haydab chiqara olmayman-ku!..

Oysara o'ttiz beshga kirib paxta paykali-yu, dala shiyponidan boshqasini ko'rmagan bo'lsa-da, mulohazali ayol edi.

— Enam to'g'ri aytyapti, — dedi u eriga javoban. — Bolani tez uyiga tashlab kelmasangiz bo'lmaydi… Yana Xudo biladi, ota-onasi badjahl, tuhmatchi odamlar bo'lishsa…

Rustam bu gaplarning hammasini eshitdi. Agar jimgina o'tiraversa, hozir ammasiga qaytadan ro'baro' bo'lishini ham tushundi. U qadar yosh go'dak emas-ku, shularga bir yalinib ko'rmoqchi bo'ldi.

— Amaki, meni uyimizga oborma-ang!.. — deya Mirza traktorchiga umidvor termuldi u, — Qo'rqaman…

— Xo'p, sen avval qaerlik ekaningni ayt-chi, men bilay!..

— Qo'rg'onchalikman! — eshitilar-eshitilmas shivirladi Rustam.

— Qo'rg'onchalik?.. Juda yaxshi… Qani, o'g'il bola, sekin o'rningdan turgin-chi!.. Hozir boramiz, uyingdagilarminan gaplashamiz. Seni hech kim urmaydi…

— Yo'q, yo'q!!! Bormayman! Bormayman!.. — sira kutilmaganda o'rnidan sapchib turib darvoza tomon chopib ketgan Rustamning ortidan Fayzi momo-yu, Mirza traktorchidan tortib xotin, bola-chaqasigacha angrayib qolishdi. Hech narsaga tushunishmadi. Ular to xayollarini yig'ib olishguncha, Rustam ko'chaga yetib ulgurdi.

— Hoy, otasi, boring orqasidan! — birinchi bo'lib Oysara o'zini qo'lga oldi. — Yomon itlar talab tashlashmasin tag'in…

Mirza traktorchi sarpoychan ko'chaga chopdi. Qorong'ida u yoqdan-bu yoqqa daydib yurdi. Afsuski, Rustamni hech qaerdan topolmadi. Bo'shashgancha hovliga qadam qo'yarkan, Fayzi momo o'z xonasida o'tirib javrayotganini eshitdi.

— Bu bola kasalmand demaganmidim?. Endi kasali bolamga yuqadi-i?.. Xudoyo kasaling o'zingning boshingni yesin, daydi!

 

* * *

 

Rustam katta ko'chaga chiqqach, kuchining boricha Yangiqo'rg'on tarafga qarab yugurib ketdi. U faqat bir narsani bilardi. Holdan toysa toyadiki, traktorchiga yetkazmaydi, ammasining oldiga qaytib bormaydi…

Chamasi, kichik Qo'ng'irotga yetganda harsillay-harsillay, orqasiga qaradi. Hech zog' yo'q. Shundan keyingina sal ko'ngli tinchlanib, yo'l chetini timirskilana-timirskilana katta bir xoda topdi-da, yana yo'lga tushdi. Daraxt shoxlari shitirlasa, yoki boshqa qandaydir begona sharpani eshitsa, yomon it bo'lmasin degan niyatda xodani uyoqdan-buyoqqa aylantirib-aylantirib bordi…

Yangiqo'rg'on — tuman markazi. Bu yerda kechalari ham kimlardir daydib yurishi aniq. Ayniqsa, qishloq yoshlari, ba'zan o'g'rivachchalar aynan tungi sokinlikda izg'ishga tushishadi. Rustam ham markazga yetib borganda, ikki-uch nafar o'smir yigitlarning yo'l chetida o'tirib nimadir ichishayotganini ko'rdi. Avvaliga qo'rqdi. Katta yigitlar-da, to'xtatib urib qolishadi deb o'yladi. Lekin… Shu mahalda kimnikiga kiradi?.. «Balki… Indashmasa, shularning yonida o'tirib tong ottirsammikan?» — deb xayol qildi va sekin yigitlarga yaqinlashdi.

— Vey, bola, kimsan? — deya savolga tuta ketdi uch birday yigitlarning sal bo'ydorrog'i. — Qaerliksan?..

«Bularniyam turishi yomon ekan, — o'yladi Rustam ularning hammasiga bir-bir ko'z tashlab. — O'g'rilar bo'lishsa-ya!.. Qochib qolsammikan?..»

Afsuski, qochib ketishga kech qolgan edi. Yigitlar allaqachon uni o'rtaga olib ulgurishgan.

— Nega indamaysan? Gapir!.. Yo senam kichik «shpana»lardanmisan-a?.. Hi-hi-hi-hi!..

Yigitlarning yayrab kulishi Rustamni biroz tinchlantirdi. Hatto, o'zi ham ularga qo'shilib kulayotib, qanday javob qilganini sezmay qoldi.

— Ha, g'irt o'g'riman!..

Haligilar tag'in xoxolab kula ketishdi. Rustam bildiki, bular uni urmoqchi emas. Bemalol oralarida o'tirib tong ottiraverishi mumkin. Biroq yigitlardan biri kutilmaganda Rustamning yelkasini mahkam qisdi.

— Menga qara, o'g'rivoy, agar gaping rost bo'lsa, erta tongda bizminan bozorga kirasan. Ish bor. Ungacha mana shu yerda bizminan birga o'tirib chiqasan, uqdingmi, yo boshqachasiga tushuntirib qo'yaymi?..

Rustam yelkasi og'riyotganiga qaramay, xuddi o'zini kulgisi kelayotgandek ko'rsatib, yelkalarini silkitib-silkitib qo'ydi.

— Bu bola chayir ekan, — dedi bittasi, — Foydalansak bo'ladi…

Rustam tun bo'yi o'shalarning suhbatlarini tinglab o'tirdi. Hammalari qaerdan nima o'g'irlash, qaysi bozorchidan pul undirish to'g'risida gapirishardi. Bir-ikki marta Soli degan o'sha bo'ydorrog'i cho'ntagidan ko'-o'pgina pul chiqarib o'rtaga qo'ydi, birpasdan keyin yana cho'ntagiga soldi. Rustam pullarning ko'pligini ko'rib Soliga juda havasi keldi. Nima qilishni bilmay, boshini qashib-qashib qo'yaverdi.

— Bo'ldi, ketdik bozorga! — deya ko'zlari endi-endi ilina boshlagan Rustamni turtishdi yigitlar, — Sen bizga bir ish qilib berasan…

Hammalari oldinma-ketin bo'lishib sabzavot bozoriga kirib kelishdi. Tong hali to'liq yorishib ulgurmagani uchun bo'lsa kerak, bozorda ba'zi sotuvchilargina olib kelgan narsalarining ustini ocha boshlashgan edi. Soli bozorga kiraverishda Rustamni to'xtatdi.

— Hov anavi kartoshkalarni tekislab yurgan xotinni ko'ryapsanmi? — dedi u do'qlagan ohangda.

— Ha, ko'rdim. O'sha semiz xotinmi?

— O'sha semiz xotin… Hozir o'shaning yoniga borasan-da, orqasiga tepasan!

— Yo'-o'q… Qo'rqaman… Uradi… — Rustam vahimaga tushib sekin orqaga tislandi.

— Vey, biz seni bekorga olib keldikmi bu yerga?.. Hozir shu gaping uchun o'zim seni yaxshilab tushiraman… Bo'l, dedim, he tirrancha!..

Rustam umrida o'zidan katta odamni tepmagan edi. Qolaversa, gavdali ayol bo'lsa… U goh kulimsirab, goh xo'mrayib qo'yayotgan uch yigitga birma-bir tikilib chiqqandan so'ng shu ishni qilmasa bo'lmasligini tushundi va «roziman» degandek bosh irg'adi.

— Juda yaxshi, toy bola, — Soli xursand bo'lib Rustamning boshini silab qo'ydi. — Unda quloq sol, borib orqasiga tepganingda, u senga o'giriladi. Shunda sen do'q-po'pisa bilan «Dolyani chiqar!», deb baqirasan… Qo'rqma, biz darrov yetib boramiz oldingga…

Rustam itoatkorona xotin tomon yo'l oldi. Yigitlar tayinlashganidek, yonginasiga kelib turib zarb bilan orqasiga tepdi.

— Voy yaramas-ey! — ayol kutilmagan zarbadan seskanib Rustam tomon o'girildi va shartta qo'lidan tutdi. — Bu nima qilganing-a?.. Qaysi molxonada tarbiya topgansan o'zing?..

— Dolyani cho'z! — deya qichqirdi Rustam qo'llarini siltab, — Cho'z dedim!..

— Ie, sen hali o'g'ri bolamisan?.. Hoy Mirolim, manavini qara, mushtday boshidan…

Ayol sal naridagi mudrab o'tirgan erkakka uqtirib ulgurmadi. Yigitlar ko'z-ochib yumguncha yetib kelib ayolning qo'llarini qayirishdi.

— Vey qishloqi, — Soli Rustamni bir chetga o'tkazdi-da, ayolni qo'llaridan mahkam qisib o'ziga yaqinlashtirdi. — Nega meni ukamni xafa qilding?.. Haddingdan oshib ketibsan o'zingam!.. Qani, aytganini ber-chi!..

Ayol yigitlarni ko'rgan zahoti tosh qotib qolgandi. Chunki, markazdagi bu taxlit o'g'ri-bosqinchilarning jabrini ko'p marotaba tortib ko'rgan. Ayniqsa, Solini otning qashqasiday yaxshi bilardi.

— Bo'pti, ukajon, bo'pti! — dedi u silkinib, — Faqat… Qo'limni qo'yvoring, og'rib ketdi!..

«Tutqun»dan bo'shalgach, ayol shosha-pisha paypog'ining ichidan bir dasta pul chiqarib Soliga tutqazdi. Yigitlar shu zahoti Rustamni yonlariga olishdi-yu, ko'zdan g'oyib bo'lishdi…

— Ma, pullarni mahkam ushlab tur! — Soli bozorning boshqa bir chetidagi guruch rastasiga yetishganda pullarni Rustamga berdi. — Biz hozir chiqamiz… Ketib qolmasliging uchun mana bu akang senminan o'tirib turadi…

Rustam hech qachon shuncha pulni qo'liga ushlab ko'rmagandi. Qanchaligini bilmaydi-ku, ammo juda og'ir edi. «Qaniydi shu pullarning hammasi meniki bo'lsa… — deya ko'nglidan kechirgan bo'ldi Rustam atrofga alanglab, — To'ygunimcha har kuni ovqat yerdim. Ko'-o'pgina go'sht sotib olib yerdim…»

Hayotda tuzuk-quruq ovqat yemagan, ro'shnolik ko'rmagan bolaning fikri buzildi. O'zicha qo'lidagi pulni olib qochib ketishni mo'ljallay boshladi. Sira birovning haqiga ko'z olaytirmagandi. Hatto, qishloqdaligida ba'zan birovlarning velosipedi ko'chada qolib ketsa ham yetaklab egasini topar va qaytarib berardi. Afsuski… Pul o'z kuchini ko'rsatdi. Shunday halol, beozor bola ham shu sassiq pullarning ketidan tushdi…

… Qorovul bo'lib Rustamning yonida o'tirgan bola har zamon bo'shashibgina o'tirgan «hamrohi»ga qarab qo'ygan bo'lardi-da, qolgan vaqt bozorga quyunday kirib kela boshlagan odamlarni kuzatish bilan band edi. Rustam ana shu paytdan foydalandi. Yigitning ko'zini shamg'alat qili-ib turib o'rnidan tura-sola Bachqir yo'liga qarab qochdi.

— Hoy bola, to'xta!.. Tutvolsam, suyagingni sindiraman, to'xta!.. — qaerdan paydo bo'lishdi, Xudo biladi, qolgan ikki sherigi ham unga qo'shilib Rustamning ketidan chopishardi. — To'xtasang-chi, mayli, urmaymiz, senga tegmaymiz, pulimizni qaytib bersang bo'ldi!..

Rustam esa, bu chaqiriqlarning birontasiga quloq tutmasdi. Faqat yugurardi, xolos… Bilmaydi… Kasalxona darvozasi ro'parasiga yetgandi-yov!.. To'satdan toshgami, temirgami qoqilib tushib yuztuban yerga quladi. Shu tobda yigitlar undan o'n-yigirma metrlar narida kelishayotgandi.

— Voy xunasa-ey! — kela solib Rustamni qorni aralash tepdi Soli. — Bu bola g'irt maraz ekan-ku!.. Sen hali bizni tunamoqchi bo'ldingmi, bizni-ya?..

Uch yigit bir necha daqiqa ichida tepa-tepa Rustamni o'lar holatga yetkazishdi va pullarni olib juftakni rostlashdi…

Rustam kasalxonada ko'zini ochdi. Hammayog'ini doka bilan bog'lab tashlashibdi. Badanlari shu qadar qattiq og'rirdiki… Narigi yonboshiga burilmoqchi bo'ldi-yu, chidayolmadi. Sekin ko'zini ochib atrofni kuzata boshladi. Shu payt sal narida kimningdir qarg'anayotganini eshitdi.

— Xudoyo bu kuningdan battar bo'lgin!.. — Rustam bor kuchini to'plab boshini ovoz kelgan tomonga burdi… Ne ko'z bilan ko'rsinki, keyingi karavotda Sotqin ammasi unga yeb qo'ygudek tikilib turardi..

Olimjon HAYIT

loading...