“G'aroyib hodisalar izidan”: “OKEAN TUBIDAGI BAHAYBAT MAHLUQ…”

0

 

Bundan yigirma-o'ttiz yillar burun izsiz yo'qolib qolayotgan g'avvoslar haqida eshitgan avstraliyaliklar dahshatga tushishgandi. Bu to'g'rida deyarli har kuni gazetalar xabar berardi o'shanda…

Masalan, eng so'nggi g'avvos suv ostida o'ziga akula hujum qila boshlaganini yuqoridagilarga aytib ulgurdi. Boshqa g'avvoslar shu zahotiyoq suv ostiga sho'ng'ishdi. Afsuski, sheriklarini topa olishmadi…

— Men suv ostiga tobora sho'ng'ib borardim. — deya hikoya qiladi tasodifan tirik qolgan g'avvoslardan biri. — Necha metr pastga tushdim, bilmayman. Bir mahal ortimdan bahaybat akula kelayotganini payqadim. To'g'risi, qo'rqib ketdim. Lekin akula hujum qilishga negadir shoshilmasdi. Men «qani, okean tubigacha bora olarmikan?» degan xayolda tobora pastlayverdim. Akula ham orqamdan suzib borardi. Nihoyat okean tubiga yaqinlashdim. Akula esa, mengacha besh-o'n metrlar qolganda birdan to'xtadi…

Bu ham mayli. Bir mahal kutilmaganda badanim muzlab ketayotganini his qildim. Haqiqatan suv borgan sari muzlab borardi. Shu payt ko'z o'ngimda ko'zsiz, boshsiz, gavdasining oxiri yo'q bir mahluq paydo bo'ldiki, buni ko'rgandan o'lib ketgan ma'qul edi chamamda. U kulrang edi. Negadir men tomon emas, akula tomonga qarab harakatlanardi. Akula ham mahluqni ko'rib qochishga tutindi. Ammo qocha olmadi. Go'yo muzga aylanib qolgan kabi bir joyda qotib qoldi. Mahluq esa, bir qimirlash bilan akulani yutib yubordi…

Men hamon qimirlashga qo'rqar, mahluqning nima ekanini bilmasdim…

Birozdan so'ng haligi mahluq ko'zdan g'oyib bo'ldi. Ketgani zahoti suv yana ilib badanlarim qiziy boshladi…

Xuddi shunday voqealar Chilida ham sodir bo'lgan ekan. Suvosti ekspeditsiyasi o'tkazayotgan kema a'zolari okean tubida xuddi shunga o'xshash jonzotga ro'baro' bo'lishgan. Uning ham oxiri ko'rinmasdi. O'n qismida qanotga o'xshash a'zolari bo'lib har qimirlaganda ko'tarilib tusharkan…

Mahluq kemaga yaqinlashganda suv muzlabdi. Odamlar ham baravariga qaltiray boshlashibdi. Bu qaltirash albatta ham qo'rquvdan, ham yuqori haroratli sovuqdan edi. Ko'pchilik shu tufayli yurak xurujiga uchrab olamdan o'tibdi…

Mahluqning nima ekani hanuz sirligicha qolmoqda.

Olimjon HAYIT tayyorladi

loading...