MURDALAR GAPIRMAYDILAR… (14-qism)

1

 

 

* * *

 

«Aytdim-u, qutuldim, jonim foydaga qoldi», deb ko'ngliga xotirjamlik oralayotgan Tursunali pichoqni ko'rib, qo'rqib ketdi.

— Yechin, — deb buyurdi Murik, sovuq ohangda.

— Aytdim-ku! — dedi Tursunali jon holatda.

— Shu gapingga ishonadigan ahmoqqa o'xshaymanmi men?

— Rost aytdim, gapim rost, axir! — Tursunali yig'lamsiradi. — Nega ishonmaysiz?

Ustunning tagida chuqurcha bor. Chuqurchada ikki qavat yog'och qopqoq bor.

— Sen tirik odamning terisini qanday shilishganini ko'rganmisan? — Tursunali bu savolga javoban javdiraganicha bosh chayqadi. — Ko'rmagansan, — dedi Murik pichoqni bukib, cho'ntagiga solgach. — Agar aldasang — ko'rasan. Uch-to'rt kun ichida ko'rasan. Teringni shilib, bi-ir rohatlanaman. Ungacha birovga churq etmaysan. Og'iz ochishing bilan kuragingning tagida shu pichoqni ko'rasan. Bo'ldi endi, bor.

Tursunali qutulgani rostligiga bir ishonib, bir ishonmay iziga qayta boshladi. Uch-to'rt qadam bosgach, orqadan Murikning ovozi keldi:

— Zemlyak, ishtoning ho'l bo'lganga o'xshaydi, almashtirib ol, yana shamollab qolmagin. Sen menga tiriklayin keraksan, — u shunday deb hiringlab kuldi. Tursunali orqasiga qaramadi.

U Murikni aldamagan edi. Chindan ham yerto'ladagi ustun ostida sandiqcha bor edi. Ammo bu sandiqcha bo'sh edi. Aniqroq aytilsa, bu sandiqcha bir necha haftagina asqotdi — boyliklarni bag'rida yashirdi. Lekin Tursunalining ko'ngli to'lmay, to'plaganlarini bosh-qa joyga ko'chirdi. Hozir yerto'lani aytishga aytdi-yu, «buning odamlari uyga borar, sandiqchani topib ochar, so'ng aldanganlarini bilib xotinimni siquvga olishar, bolalarimni qiynashar», deb o'ylamadi.

Uning uchun hozir eng muhimi — o'z jonini qutqarish edi. Niyati amalga oshib, Xudoga shukr qilgan tarzda joyiga qaytdi. Mahbuslar ovqatlanib bo'lishib, ishga tarqalishayotgan edi.

Tursunali javdiragan nigohi bilan Nuriddinni qidirdi. Tushlikdan avval uni Pachoqburun chaqirib ketgan edi, hali ham qaytmabdi.

Tursunalining qo'llari ishda, ko'zlari esa Nuriddinning yo'lida bo'ldi. Murik ikki marta unga yaqinlashib «Horma, zemlyak, charchamayapsanmi?» deb ketdi. Nuriddin ish oxirlay deganida paydo bo'ldi. Barakka qaytar mahallarida Tursunali uning yengidan asta tortib, past ovozda:

— Tengizni tez ko'rishim kerak, — dedi.

— Olib boraymi? — dedi Nuriddin.

— Yo'q, bexit joyda ko'rishim kerak. Anov yangi kelgan odam ishkal chiqaryapti.

Nuriddin «yangi» deganingiz kim?» deb so'ramadi, chunki u gap kim haqida borayotganini darrov anglab yetdi. Nuriddin «qanday ishkal chiqaryapti?» deb ham so'ramadi, chunki Tengiz ogohlantirgandayoq shu odamning bir baloni boshlashini fahmlagan edi. Lekin aynan Tursunali atrofida o'ralashayotgani unga yangilik bo'lsa-da, ortiqcha savolga hojat sezmadi.

Kechki ovqat paytida Tengiz ko'rinmadi. Shu sababli Qo'tosning yonidan o'tayotib «Knyazga zarur gapim bor», deb qo'ydi. Qo'tos unga qaramagan holda «tushundim» deganday bosh irg'adi. O'sha kech «politbyuro»ning yig'ini belgilangan edi. Shu bois Tengiz Nuriddinni yo'qlatmadi.

Pachoqburun uni ertasiga, nonushtadan so'ng chaqirdi.

Qor bo'ralab yog'ayotganiga qaramay Tengiz odatini kanda qilmagan — gulxan yaqinidagi o'rnini egallagan edi. Boshiga, yelkalariga qo'ngan qorga qaraganda u jo-yida ko'pdan beri o'tirar edi.

Tengiz Nuriddinning salomiga alik olib, unga qo'l uzatdi. «Kel, Hamzat, o'tir», deb ro'parasidagi to'nkani ko'rsatdi.

— Nima bo'ldi?

— Yangi odam Tursunali akaga ilakishib qolibdi. Bir ishkal chiqarmoqchiga o'xshayotganmish.

— Ha… ilinibdi-da.. — Tengiz shunday deb jilmaydi. — Uzumni yig'ishtiradigan payt kelibdi… Shu qorda ham uzum yig'ishtiriladimi, deb hayron bo'lyapsanmi? Bizda hikmat bor: bir o'rgimchak qarasaki, uzumzorda kapalaklar ko'p emish. Darrov to'rini to'qib, ovga kirishibdi. Uzum pishgan payt ekan. Bog'bon uzum uzishni boshlabdi-yu, o'rgimchakni to'rlariga qo'shib pachoqlab tashlabdi. O'rgimchakda nafs bor edi-yu, aql yo'q edi, tadbir yo'q edi. Cho'michvoy o'sha o'rgimchakka o'xshagan ahmaq. Tursunali akang esa kapalakka o'xshagan ahmaq.

— Cho'michvoy?.. — Nuriddin kulimsiradi. — Laqabi qiziq ekan. Kim o'zi u?

— Kim bo'lardi, bizga o'xshagan bir qul-da… Gapim yoqmadi, a? Xo'p, senga o'xshamagan, menga, hamtovoqlarimga o'xshagan bir qul. Sen esa ozod odamsan. Piching qilayotganim yo'q. Chindan ham hursan. Shuning uchun seni yaxshi ko'raman, senga havasim keladi. Sen Epiktet degan odamni eshitganmisan? Uni ko'pchilik bilmaydi. Dunyoda shunaqa faylasuf o'tgan. Leningradda o'qib yurganimda uning kitobi qo'limga tushib, esimni teskari qilib yuborgan edi. Bitta fikrini aytib beraymi? — Tengiz shunday deb iyagini sila- di — go'yo kalavanig uchini topib olmoqchiday o'ylandi-da, siniq ovozda davom qildi: — «Derlarki, Inson uchun eng ulug' dunyoviy ne'mat — uning ozod va hurligidir. Agar ozodlik ne'mat ekan, ozod insonning baxtsiz bo'lmog'i mumkin emasdir. Agar sen baxtsiz insonga duch kelsang, qayg'u-hasratda yonayotganiga guvoh bo'lsang bilki, u OZOD EMASdir. U shubhasiz, kim yoki nima tomonidan ezilgandir. Agar ozodlik ne'mat ekan, ozod inson ablah bo'la olmaydi. Agar sen bir odamning boshqalar oldida past ketayotganini, laganbardorlik qilayotganini ko'rsang bilki, u ozod emasdir. U bir quldir. U bo'ynini qullik sirtmog'iga tutib, buning evaziga bir tovoq ovqat yoki biron mansab, yoki shunga o'xshash biron nima undirmoq istaydi. Kim ozroq manfaatga erishibdi, demak, ozroq xushomad qilibdi. Zo'rroq xushomad bilan esa kattaroq boylikka erishadi.

Ozod odam hech bir to'siqsiz egalik qilish mumkin bo'lgan narsaga egadir. Hech bir to'siqsiz nimaga egalik qilishi mumkin? Faqat O'Z-O'ZIGA! Agar sen odamning o'z-o'ziga egalik qilmay boshqalarga ham hukm o'tkazmoqqa jazm etganini ko'rsang bilki, u ozod emasdir. U boshqalarga hokimlik qilishni istadimi, demak, u o'z istagi, nafsi qulidir…»

Tengiz shunday deb boshini egdi. Qo'lidagi kosov bilan gulxanni titdi. Olov bag'ridan alam bilan otilib chiqqan hisobsiz uchqunlarni qor zarralari yutdi. Tengiz hozir bir necha daqiqaga o'g'rilik botqog'ini ruhan tark etib, talabalik dunyosiga, faylasuf bo'lib yetishmoq orzusidagi yigitning pokiza olamiga qaytgan edi. Nuriddin uni bu holatda avval ko'rmagani sababli ajablanganicha o'tiraverdi. Unga biron so'z aytish yoki aytmasligini ham bilmadi.

— Bu oddiy gaplarga o'xshaydi, — dedi Tengiz boshini ko'tarib. — Lekin uni tushunish oson emas. Amal qilish esa, mushkul… juda ham mushkul. Biz… o'g'rilar, o'zimizni ozod insonlar deb hisoblaymiz. Bu nisbiy tushuncha. Aslida esa Epiktet haq — biz qullarmiz!.. Ana endi o'ylab ko'r: bu dunyoda ozod inson ko'pmi yoki qulmi? Men Cho'michni ahmaq o'rgimchakka o'xshatdim. Aslida biz ham o'sha ahmaq o'rgimchaklarning birimiz. Faqat qaysi bog'bon qanday yanchib o'ldirishini bilmaymiz. Bizning qismatimiz shu — boshqacha bo'lishi mumkin emas… Shunaqa gaplar ham bor bu dunyoda, oshnam. Akangga aytib qo'y, talvasaga tushmasin. Cho'michni tinchita oladigan aqlimiz bordir.

Nuriddin suhbat yakunlanganini anglab, o'rnidan turdi. Yarim soatdan so'ng Pachoqburun Tursunalini boshlab keldi. U kelguniga qadar Tengiz o'rnidan turib, egniga qo'ngan qorni qoqib, gulxan yaqinida u yoqdan bu yoqqa yurdi. Unga Murikning maqsadi oz bo'lsa-da ayon edi.

Sobiq sovxoz direktoridan nimani istash mumkin? Pul. Balki Gobelyan unga shu ishni topshirgandir? «Uch harf»dan olgan vazifasi-chi? «Bu qanjiq hamma yoqni chigallashtirib tashladi-ku?» deb g'ijindi Tengiz. Kalavaning uchini topa olmay yuragi siqilayotganda Tursunali yaqinlashib, salom berdi.

— Nima gaping bor? — dedi Tengiz salomga alik olay.

Bunday qo'rsliklarga ko'nikib qolgan Tursunali joyida qotib, atrofiga qo'rquv aralash bir alanglab oldi.

— U meni o'ldirmoqchi bo'ldi, — dedi miskinlik bilan.

— Nega o'ldirmadi?

«Nima uchun o'ldirmoqchi edi», degan savolni kutgan Tursunali javobga taraddudlandi.

— U «boylikni qaerga yashirding?» deb zug'um qildi.

— Xo'sh, aytdingmi?

— U yoqda boylik qolmagan o'zi…

— Seni Gobelyan so'roq qilganmi?

— Ha.

— Boyliging qaerdaligini unga aytganmisan?

— Bo'lsa aytaman-da.

— Qanjiq seni nega o'ldirmadi?

— Unga aytdim.

— Demak, bor ekan-da? — Tengiz shunday deb unga g'azabli nigohini qadadi.

— O'zi yo'q, bo'lsa sizga aytmasmidim. Unga aytgan yerimda sariq chaqa ham qolmagan. Meni qutqarish uchun xotinim hammasini sovurib, ado qilgan.

— Boyliging qolmagan bo'lsa, nega qaqshayapsan? Nimadan qo'rqyapsan?

— U meni o'ldirmoqchi.

— O'ldirsa savobga qoladi.

— Nega, axir?.. — najot umidi bilan kelgan Tursunali sovuq tarzda aytilgan bu gapni eshitib bir seskandi. «Shartga binoan siz meni himoya qilishingiz kerak-ku!» demoqchi bo'ldi-yu, da'vo qilishga tili bormadi — qo'rqdi. «Nega, axir…» dan nariga o'ta olmadi. Da'vosini aytolmagan bo'lsa ham, Tengiz uning maqsadini angladi.

— Seni uning changalidan qutqarishim kerakmi? Kallang joyidami?! U sen bilan uchrashish uchun atay bo'ynini sirtmoqqa tutib bergan. Bekordan bekorga qamaladigan bolamas u. Bir narsaning isini sezmasa izingdan tushmas edi. Shu bugundan boshlab shartni bekor qilaman.

To'laydigan solig'ing ham o'zingga siylov. Erta-indin uyingga odam borib, aytgan yeringni titadi. Hech narsa topolmasa xotin, bola-chaqangni o'ldiradi. Keyin o'zing bu yerda it azobida o'lasan. Shunaqa bo'lgani durust. Sen ahmaqni himoya qilganim uchun men o'g'rilar orasida isnodga qolaman. Yo'qol, ko'zimga ko'rinma.

— Nega ishonmaysiz? — Tursunali shunday deb yig'lab yubordi.

Tengiz «o'l bu kuningdan!» deganday aftini burishtirdi-da, burilib nari ketdi. To'rt-besh qadam yurib, gulxan yaqinidagi to'nkaga o'tirdi.

Tursunali nima qilarini bilmay gangigan holda turib qoldi. Yordamga ishongan edi, najotni Yaratgandan emas, shu yigitdan kutgan edi. Hozir ham umidining so'nggi iplarini shu odamga bog'ladi. Agar hozir bir mo''jiza yuz berib, Tangri-taolo aytsaki, «Ey Odam bolasi, men butun olamlarning yaratuvchisiman, sen ham bandasan, u ham bandamdir. Najotni kimdan kutasan?» Nodonlik, jaholat chodiriga tamoman burkalib olgan, ko'z nurlarini, aql-farosatini shayton alayhila'na ixtiyoriga butkul topshirgan bu banda hech ikkilanmay ikkinchi bandani ko'rsatar edi. (Astag'firulloh!)

U asta yurib, ho'ngrab yig'lagan holida Tengizga yaqin keldida, yonida tiz cho'kdi. Shu yoshga kirib biron marta bo'lsin Yaratganiga sajda qilmagan banda xorlik libosiga o'ralib ikkinchi bir banda yonida tiz cho'kdi. Tengiz to'g'ri aytgan edi: erkakning bu qadar xorlanishidan ko'ra o'lib ketavergani ming karra afzalroq.

— Meni qutqaring. O'lguningizcha qulingiz bo'layin.

Tengiz salgina burildi-yu, uning yonog'iga musht tushirdi. Marhamat kutib tiz cho'kkan Tursunali bu zarb-dan chalqanchasiga yiqildi.

— Mishig'ingni art, he xunasa! — Tengiz shunday deb kaftiga qor olib ishqadi. — Qul bo'larmish… Sendaqa erkakni moyagidan osib qo'yish kerak. Erkakman, deb yuribsanmi hali… — Tengiz xumordan chiqqunicha so'kib, unga qarab tupurdi. — Oilangning ehtiyotini qilaman. Ular yemagan somsalariga pul to'lab yurishmasin. Sen bilan ishim yo'q. Yo'qol!

«Hammang bir go'rsanlar! Hammang ablahsanlar! Hammangni qirib tashlash kerak!

Urug'laringni o'ynatib tashlash kerak!» — Tursunalining xayolini shunday hayqiriq to'zitdi, ammo bo'g'zi bu nidoni tilga ko'chishiga yo'l bermadi. Tengizning salgina yon bosgani unga dalda bo'lib, o'rnidan turdi. Rahmat aytib, iziga qayta boshladi. O'n qadamcha bosib to'xtadi-da, najot ko'zlari bilan orqasiga o'girilib, Tengizga qaradi. «Kel, bo'pti, o'zingni ham himoya qilaman», degan gapni kutdi.

Ish joyiga qaytib, qo'liga bolta oldi. Amal kursisini egallab, raykom taxtiga yo'l ko'rsatgan aqli endi jonini saqlab qolish yo'lini aniqlashga ojizlik qilayotgan edi. Yuzlab odamlarning nonini yarimta qila olgan tadbirlari bu yerda o'lumtuk ahvolga tushdi. Aql ham, tadbir ham unga xiyonat qildi. Aql, tadbir deganlari shayton izmida bo'lgach, o'zgacha oqibat kutish mumkinmi?

Beixtiyor ravishda daraxt shoxlariga bolta urar ekan, qutulish choralarini izlaydi. Ammo sonsiz kapalak singari to'zigan fikrlari o'ziga bo'ysunmaydi. Shaytonning burchi uni jar yoqasiga yetaklab kelmoq edi — vazifasini ado qildi. Qadamini bir qarichgina nari tashlasa kifoya. Shu paytgacha shaytonning mehri bulog'idan suv ichib, quvvat olgan aqli uni asrab qola olarmikin?

Bu aql unga yagona najot yo'lini ko'rsata boshladi.

(davomi bor)

Tohir MALIK

loading...

1 TA FIKR

Comments are closed.