Imomlarning obro'siga tajovuz qilayotgan global quloqlar

0

• Musulmonlar orasida qadimdan alohida guruhlar bor, ular umumiy musulmonlar uchun yaxshilik bo'lishidan har doim g'ashlanadi.

• Ularning nazdida har qanday yaxshilik ostida aslida yaxshilik yo'q!

• Bu guruhlar har zamon ummat orasidagi muammodan ozuqalanadi.

• Shu sababli hech qachon yaxshilikni ko'rmaydi, ko'rsa ham ko'rganini bildirmaydi, boshqaga ko'rsatmaydi ham.

• Bular tarixdagi Madina munofiqlari uslubini, Zul Xuvaysiralik xavorij taktikasini o'zlashtirishgan.

• Imomlarning obro'siga tajovuz qilish orqali o'z atrofidagi bolalarga o'zidan boshqa haqiqatparvar yo'qdek ko'rsatishga urinadi va ha, buni uddalaydi ham.

• Chunki ularning atrofida Ramazon Butiy rohimahulloh ta'riflaganidek, haq qaerda bo'lsa ergashaman, degan bolalar emas, balki haq men aytgan joyda bo'lishi kerak, degan bolalar yig'ilgan, ya'ni ular haqni haqning mezoni bilan emas, o'z shaxsiy mezonlari bilan o'lchab, xulosa qilishadi.

• Ularning ehtiyojini bilgan makkor-hiylakorlar esa o'sha bolalarga yoqadigan gapni har doim topib, gapirib bera oladi.

• Abdulloh ibn Ubay ibn Salul la'natullohi alayh qori va olim sahobalarni kamsitganida, bular jamiyat uchun keraksiz, degandek fitna gap tarqatganida o'sha majlisda o'tirgan Avf ibn Molik roziyallohu anhu unga qarab jim o'tirmagan edi: «Sen munofiqsan!» deya olgandi. Hatto o'sha munofiqni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga aytib berishini ta'kidlagan va hatto bu borada alohida oyat ham tushgandi.

• Alloh taolo imomlarni mana shunday himoya qila oladigan, bu yo'lda malomatchidan qo'rqmaydigan jamoaga nusratini to'kis qilib berdi.

• Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga tik qarab: «Ey Muhammad, adolat qil!» degan bezbet cholga qarshi: «Yo Rasulalloh! Izn bering, bo'yniga qilich bilan uray!» degandi Xolid ibn Valid roziyallohu anhu.

• U zotlar o'z peshvolarining aybini titkilamas, balki ularning himoyasida turish dinning buyrug'i ekanini bilishardi.

• Alloh taolo shuning uchun o'sha jamoaga nusratini to'kis qildi…

• Bugun-chi…

• Bugun nusrat nima uchun kechikmoqda deb o'ylaysiz?!

• Bugun bittasi chiqib: «Qorilar jamiyatda nima ish qilib qo'yibdi?» desa, unga qarshi chiqish u yoqda tursin, unga qo'shilib olib qorilarni «chaynayotgan», qorining tarafini olayotganni esa gurra-gurra «toshbo'ron» qilayotganlar jamoasiga qanday ham nusrat kelsin?!

• Bugun o'zidan haqparvar yasab olgan bittasi Imomlarimizga yordam puli berilganidan ijirg'ansa, oddiy vaziyatdan kir qidirsa: «Bu pulni nima uchun berishyapti, imomlar hech narsa qilmayaptiku?!» deya imomlarni kamsitsa, fasod tarqatishga urinsa, sahyuniy donishmandlarining «Islomni cho'ktirish uchun imomlarni kamsiting!» degan buyrug'ini «Islom g'amidagi shaxs» profili bilan amalga oshirsa, zimdan dushman siyosatiga «quloqlik» qilsa va atrofidagi tarafkashlarini shu tarzda «sehrlasa», uning bu fitnasi Islom ta'limoti uchun zid ekanini aytganga yovqarash qiladigan, bu fitnaga qarshi chiqmagan, balki uni qo'llaydigan jamoaga qanday ham nusrat kelsin?!

• Bugun bolalarning masjidga chiqishi xabari xushxabar ekanida shubha yo'q, ammo shu xushxabardan ham fasod qidirgan, musulmonlar yutug'ini sabotaj qila oladigan va shu sabotajchilarning tarafida turgan jamoaga qanday ham nusrat kelsin?!

• Alloh taolo amallarga yarasha ajr beraveradi, ammo nusrat esa komil dinga keladi.

• Shunday ekan, oramizda bu kabi badgumonlar bor ekan, ularni qo'llovchilar topilar ekan, nusrat kechikishi tabiiy!

• Do'stim, yaxshilab tanib qo'ying, aslida, dushmanga ishlayotgan oramizdagi «global quloq»lar, safimizni parokanda qilish uchun jon kuydirayotganlar mana shu toifalardir.

• Agar hozir Imom Mahdiy chiqsalar, bu toifalar u zotga ham qarshi turishadi va: «Bu bizdan chiqmadi, demak bizdan emas», qabilida ish ko'rishadi.

• Chunki bular haq qaerda bo'lsa ergashaman, degan emas, balki haq men aytgan joyda bo'lishi kerak, hamma menga ergashishi kerak, degan toifalar!

• Yetkazdimmi?

• Safingizni to'g'rilab oling, yelkalar bir-biriga tegib tursin, oramizda bo'sh joylar qolmasin, xolis Alloh uchun:

– ALLOHU AKBAR!

© Abror Muxtor Aliy

(“Facebook”dagi sahifasidan)

loading...