Alisher Aymatli: «Xotinimdan ortiq do'st topolmadim…»

0

Men sizga bir holni hikoyat aylay,
O'zimdan o'zimga shikoyat aylay,
Gar hidoyat bo'lsa, hidoyat aylay,
Jonimni berayin, himoyat aylay,
O'tgan kunimdan kam-ko'st topolmadim,
Xotinimdan ortiq do'st topolmadim.

Kimga osh bermadim, osh ko'tarmadim,
Xasta bo'ldim, ko'zda yosh, ko'tarmadim,
Sakkiz oy yostiqdan bosh ko'tarmadim,
O'ldi dedi, otdi tosh ko'tarmadim,
Termuldim to'rt taraf, rost topolmadim,
Xotinimdan ortiq do'st topolmadim.

Mish-mishlarga parvo qilmadi xotin,
Uvvos solib, sochin yulmadi xotin,
Yonimdan bir nafas jilmadi xotin,
Eh, qanchalar duo qilmadi xotin,
Uning vafosiga so'z topolmadim,
Xotinimdan ortiq do'st topolmadim.

Na yuraman, na-da chopolmay qoldim,
Kirgan eshigimni yopolmay qoldim,
Do'stman deganlarin topolmay qoldim,
Mayli, hammasini Xudoga soldim,
Insult bo'ldim – turfa fikrlar qildim,
To'rt mucham but, shunga shukurlar qildim.

Do'stim Jalol aytgan jononlar qani?
Ko'zi shahlo, qoshi kamonlar qani?
O'ldim-kuydim degan yolg'onlar qani?
Inson shaklidagi shaytonlar qani?
Insult bo'ldim – turfa fikrlar qildim,
To'rt mucham but, shunga shukurlar qildim.

Aytar qo'shiqlarim bitmay qolganda,
Qo'lim to og'zimga yetmay qolganda,
Tomoqdan qultum suv o'tmay qolganda,
Dastim boyliklarni tutmay qolganda,
O'tgan kunimdan kam-ko'st topolmadim,
Xotinimdan ortiq do'st topolmadim.

Bunday paytda yotdir tog'ang, xolang ham,
Hech kimga yetmaydi qilgan nolang ham,
Hatto eshitmaydi tuqqan bolang ham,
Boshingdan tushmasin bitta tolang ham,
Bu yolg'on dunyoda rost topolmadim,
Xotinimdan ortiq do'st topolmadim.

Toshkentda xotinning singillari bor,
Rohila, Mukarram, Saodat, Sayyor,
U uchun jonini berishga tayyor,
Muhabbatni kutar intiq, intizor,
Mayli, omon bo'lsin ularning bari,
Mening xotinimning jon singillari.

Mayli, gap ham ancha cho'zilib ketdi,
Netay, tongda ko'nglim buzilib ketdi,
Ergash Jumanbulbul avlodiman men,
Shu bois umrimni so'z ilib ketdi,
Bu yolg'on dunyoda rost topolmadim,
Xotinimdan ortiq do'st topolmadim.

 

Alisher Aymatli

loading...