Ismingni o'zgartirsang, taqdiring o'zgaradimi?.. (Birinchi maqola)

0

Qadim-qadimdan ism qo'yishning turli rasm-rusum, udumlari saqlanib qolgan. Chunki bolaning sog' bo'lishi, yashab ketishi, kelgusi baxti unga qo'yiladigan ism bilan bog'liq bo'ladi, deb hisoblangan. Kishiga muvaffaqiyatli tanlangan ism uning taqdiri, hayotiga katta ta'sir ko'rsatadi, ism odamning ruhiyatini o'zida mujassam qiladi, kishi o'z ismiga o'xshaydi, deb ishonishgan. Ota-ona va yaqin qarindoshlar tomonidan tanlangan ism ba'zida o'z egasini qoniqtirmaydi va boshqa ism bilan atalishni istaydi. Sehr-jodu, ins-jinsga ishonuvchilar esa tashqi ta'sirlardan himoyalanish uchun o'zlariga boshqa bir ism tanlab, shu nom bilan el orasida yuradi.

«Kemani qanday atasangiz, u xuddi shunday suzadi», deyishadi. Xuddi shunday,  bugungi hayotini yaxshilash ilinjida odamlar ham o'zlariga yangi nom tanlashadi. Ammo bu to'g'rimi? Ism haqiqatan ham taqdirni o'zgartiradimi? Bu savolga kimdir ikkilanmay «Ha», deya javob bersa, boshqasi qat'iyat bilan  inkor etadi. Uchinchi guruhdagi insonlar esa bu savolga o'zlari ham javob izlashayotganlarini aytishadi. Aslida-chi?

Muammoning sababi ikkita!

«Buning sabablari ikkita, ya'ni ichki va tashqi,  — deydi ruhshunos Yelena Shenderova.  — Birinchisida o'ziga ishonmaslik, o'z-o'ziga past baho berish yotadi. Bu inson oldida ko'ndalang turgan muammoni hal etish uchun qo'yilgan qadam emas, aksincha, o'z-o'zidan qochishdir. Bunda atrofdagilarni o'ziga jalb etib, shaxsini ko'z-ko'zlash istagi ham o'rin olgan.

Ism tufayli noqulay ahvolga tushib qolish esa muammoning ikkinchi sababi sanaladi. Shuningdek, ismni o'zgartirishga bo'lgan ehtiyoj inson og'ir hayotiy bosqichdan o'tayotganda tug'iladi va u amalga oshirilgach, oldingi ism bilan butun umrga xayrlashiladi. Ba'zida ota-onalar bolalariga chet yoki uzoq mamlakatlarga xos ism berishadi. Ular kattarib, atrofdagi tengqurlariga mazax bo'lganlarida esa undan qutulish payiga tushib qolishadi».

«Yangi ism muvaffaqiyat keltirdi»

O'z ismini va familiyasini pasport bo'yicha almashtirgan hamda hozirgi kunda mahalliy gazetalardan birida muharrir bo'lib ishlaydigan Aziz Mardiyev ism-sharifli kishi bu borada quyidagicha hikoya qiladi:

— 2005 yilda taxallus tanladim va pasportdagi ism-sharifimni ham o'zgartirdim. To'g'ri, bu haqda uzoq vaqt o'ylab yurdim. Men juda kuchli iztirobni boshdan kechirdim. O'zimga ishonmay qo'ydim. Yangidan hayot boshlashim kerak edi va ilk qadamim ism-sharifimni o'zgartirish bo'ldi.

Qarindoshlarim va yaqinlarim meni to'g'ri tushunishdi. Ishim va hayotiy tajribam tufayli «bunga boshqalar nima deydi?» degan fikrdan yiroq bo'ldim. Hozir meni bilmaganlar biror xorijiy mamlakatdan kelgan, deb o'ylashadi. Chunki ism-sharifimda Yevropa va Sharq mamlakatlariga xoslik mavjud.

Hamkasblarim ilgarigi ismimni bilishsa ham, hozir boshqacha chaqirishadi.

Ismimni o'zgartirganimdan so'ng unga mos bo'lishga harakat qila boshladim. Natijada yangi ism bilan birin-ketin muvaffaqiyat qozondim.

«Sadoqat»ni sog'inaman!»

Feruza ismli 29 yoshli ayolning aytishicha, insonni ism bezamaydi, aksincha, ismga inson ma'no bag'ishlaydi.

— Men besh yil ilgari pasport almashtirayotib, ismimni «Sadoqat»dan «Feruza»ga o'zgartirgandim. Chunki o'z ismim sira yoqmasdi, xuddi almisoqdan qolib ketganga o'xshardi. Yaqinlarim uzoq vaqtgacha yangi ismimni aytishga o'rgana olmay yurishdi. Ammo o'zim dastlabki vaqtlarda qilgan ishimdan xursand bo'lib yurdim. Lekin bu uzoqqa cho'zilmadi. Hayotimda hech qanday o'zgarish bo'lmadi. Ismni o'zgartirgan bilan boshqa odam bo'lib qolmas ekansiz. Xulosam shu bo'ldiki, ism insonni bezamas ekan, aksincha, ismga inson ma'no bag'ishlarkan.

Hozir o'zimni «Feruza» ismi bilan hech qanday bog'liqligim yo'qdek his etyapman. Yoshligim o'tgan «Sadoqat»ni sog'inaman.

BOBURJON tayyorladi.

(«7 Mo''jiza» xazinasidan)

(Keyingi maqolamizda  odamning taqdiri va shaxsiy hayoti ko'proq uning ismiga, ayniqsa, undagi bosh harfga bog'liq ekani to'g'risida olimlarning tadqiqoti bilan tanishasiz.)

loading...