Ko'pchilikning hayotini jahannamga aylantirgan xato

0

Bolakaylar Rona va Janet Reymerlar oilasida dunyoga kelgandi. Voqea Kanadada ro'y berdi. Vinnipege shahrida istiqomat qiladigan bu er-xotin kamtarin va ezgu xislatlarga ega yoshlar edi. Janet ofitsiant bo'lib ishlar, Ron esa to'ydan so'ng mahalliy kushxonaga ishga joylashgandi.

Ular to'ydan so'ng egiz farzand ko'rishni orzu qila boshlashdi va ibodat vaqtida ham buni Yaratgandan so'rashni kanda qilishmasdi. Xuddi shunday bo'ldi. Janet turmush o'rtog'iga egiz o'g'illar: Bryus va Brayanni tuhfa qildi.

Bir necha oydan so'ng g'amxo'r ona o'g'illarida peshob chiqarish bilan bog'liq muammo yuzaga kelganini payqab qoldi. Shifokor ularni tekshirib ko'rib, yetarlicha keng tarqalgan fimoz xastaligi tashxisini qo'ydi. Bunday holatlarda, odatda, juda oddiy jarrohlik amali — xatna qilinardi. Buni kasalxona jarrohi o'tkazishi kerak edi. Aytishlaricha, qattiq bo'ron jarrohning ish joyiga yetib borishiga xalal bergan. Shu bois navbatchi shifokor Jan-Mari Guo xatna qilgan. Ammo…

Birinchi bo'lib operatsiya stoliga Bryusni yotqizishgan. Lekin negadir shifokor Guo kichkinagina jarohat o'rnini kuydirish uchun kuchli elektr asbobi — termokauterdan foydalanishga qaror qilgan. Shifokor xatosi tufayli mitti go'dakning jinsiy a'zosi butunlay kuyib ketgan. Albatta, bundan keyin ota-ona ikkinchi farzandiga qo'l tekkizishga ham ruxsat berishmagan. Natijada Bryus tibbiy xato qurboniga aylangan. Brayandagi fimoz esa vaqt o'tib o'z-o'zidan yo'qolib ketgan.

Bechora ayol farzandiga yaxshilik qilaman deb katta xatoga yo'l qo'ygani uchun bir umr aybdorlik hissi bilan yashadi. Reymerlar xonadonidan quvonch aridi. Janetda depressiya boshlandi. Ron imkoni boricha uyda kam bo'lishga intilar, barlarda ichkilikbozlik bilan kun o'tkazardi…

Ammo ko'p o'tmay, taqdir bu oilada g'ayritabiy burilish qildi. Mashhur amerikalik olim, ruhshunos Jon Mani bolalarda tug'ma gender neytrallik nazariyasini ko'p yillardan beri olg'a surib kelardi. Boshqacha qilib aytganda, Mani inson jinsi tug'ilishgacha bo'lgan davrda namoyon bo'lmaydi, aksincha, 5-8 yosh oralig'ida shakllanadi, deb taxmin qilardi. Bola o'zini o'g'il bola deb ham, qiz bola deb ham bilmaydi. Faqat kattalargina ularga kim ekanliklarini uqtiradi. Yosh bolaning xulq-atvori shunga qarab shakllanadi, deb hisoblardi.

«Ehtimol, o'g'il bola qiz bola bo'lib voyaga yetishni istar, ammo unga buni taqiqlashadi. Bizning hayotdagi omadsizligimiz esa xuddi ana shu yerdan boshlanadi», — derdi u.

Bu nazariya bilan Jon Mani hatto televidenieda ham chiqish qildi.

Bu vaqtda Janet Reymer qattiq ruhiy tushkunlik iskanjasida ertalabdan yarim tungacha televizor tomosha qilardi. Pediatriya professori va tibbiy ruhshunosning bu e'lonini eshitishi bilan ayol o'g'lini qutqarish chorasini topgandek bo'ldi.

U Jon Maniga xat yozdi. O'z navbatida professor ham darhol bu hodisaga qiziqish bildirdi. Tez orada oila Kanadadan AQShga uzoq yillar izlagani — «valine'mat va najotkor»i huzuriga borib, butunlay professor g'amxo'rligi ostida bo'lishdi. Jon Mani quyidagilarni tavsiya qildi: Bryusni kastratsiya qilish, uning o'g'il bola bo'lib tug'ilganini yoddan chiqarish va qiz boladek tarbiyalay boshlash kerak. Professor bola bir yoshga to'lguniga qadar jarrohlik amalini o'tkazish kerakligini ta'kidlab, o'ylab ko'rish uchun vaqt bermadi.

Uning ishonch bilan aytgan gaplaridan so'ng Reymerlar o'g'li bu ahvolda yashashi juda og'irligini o'ylab,  jarrohlik amaliga rozilik berishdi.

Jinsni o'zgartirish bo'yicha jarrohlik amali 1966 yilning iyulida amalga oshirildi.

Professor Mani go'yo yettinchi osmonda edi. Chunki Bryus o'z nazariyasini tajribada sinab ko'rishi uchun ayni muddao, qolaversa, uning egiz ukasi Brayan bu qo'pol eksperimentni tekshirish uchun xizmat qilardi.

Mani biz o'z genetikamiz merosxo'rlarimi yoki tarbiya mahsuli va tashqi muhitning o'zaro ta'siri mavzusidagi ilmiy bahslarga nuqta qo'yish haqida orzu qila boshladi. U «insonlarga tabiat ko'proq ta'sir ko'rsatadimi yoki jamiyat va tarbiya?» degan jumboqqa yechim topishni maqsad qilgandi. Bryus Brendaga aylantirildi, ota-ona ham bolaga endi qizaloqqa qaragandek qarardi, Brayan ham singlisi borligiga ishonib ulg'aydi.

Avvaliga hammasi yaxshi ketayotgandi. Atrofdagilar Janet va Ron egizaklari: burmalar bilan bezatilgan chiroyli ko'ylak kiyib olgan jingalaksoch Brenda va hamma bolalar kabi daraxt shoxlariga osiladigan hamda plastmassa askarchalar yig'ib yuradigan to'polonchi Brayan bilan sayr qilib yurishganini ko'rib turishardi. Tashqaridan qaraganda hech qanday e'tirozga o'rin yo'q edi. Reymerlar shifokor Mani ko'rsatmalarini aniq bajarardi. Tarbiyaviy suhbatlar o'tkazar, Brendaga keragidan ortiqcha gormon dorilar ichirardi.

Oradan biroz vaqt o'tgach, professor Jon Mani o'z nazariyasining so'zsiz g'alabasi sifatida ilmiy jamoatchilikka «egizaklar hodisasi»ni ma'lum qildi. U o'zi istaganidek obro'-e'tibor qozonib, bir qadar imtiyoz va e'tirofga sazovor bo'ldi. Ilmiy olam ruhshunosning shov-shuvli yangiligidan karaxt edi, hech kim ruhshunosning g'oyasini quvvatlamayotgan yosh olim Milton Daymondga quloq solmasdi.

Daymond Kanzass universitetida ishlardi va dengiz cho'chqalari ustida o'tkazgan tajribasiga ko'ra, hayvonlar jinsi hali u embrion paytidayoq shakllanishini isbotlagandi.

Milton Daymond va uning hamfikrlari bir necha yil davomida hatto o'z tadqiqotlari natijasini e'lon qila olmay yurishdi. Chunki Mani har tomonlama ular uchun yo'lni yopib qo'ygandi.

Bu vaqt davomida Brenda ulg'aydi. Hali maktab yoshidayoq «qizaloq»da o'g'il bolalarga xos xatti-harakatlar, xulq-atvor paydo bo'ldi. Ona Brendani qo'g'irchoqdek kiyintirishda davom etar va hech qachon sochlarini tartibga keltirmasdan uydan tashqariga chiqarmasdi. Ammo ish hamisha bir xil yakun topardi: qizi uyga kiyimlari kir-chir, badani o'g'il bolalar bilan mushtlashuv bois ko'kargan va tirnalgan holda qaytardi. Ulg'ayayotgan Brendada haqiqiy muammo maktabda yuz berdi. Sinfdoshlari uni qabul qilishmadi. Qiz bolalarga uning haddan oshiq erkakshodaligi, o'g'il bolalarga esa, tabiiyki, soch to'g'nag'ichlari va bejirim ko'ylakchasi yoqmasdi. Brendada erkaklarga xos bo'lgan mushaklar shakllana boshladi. Tovushi o'zgardi, qiziqishlari ham qizlarga xos emasdi. U o'yinchoq qurol va ukasining mashinalarini maza qilib o'ynar, otasiga duradgorlik ishlarida sidqidildan qarashardi. Jismoniy jihatdan ham kuchliroq edi. Brendaning «g'ayrioddiy»ligi haqida hamisha mish-mishlar yurardi.

Brendani ochiqchasiga kamsitishib, uning maktab hojatxonasiga borishiga yo'l qo'yishmasdi. Brenda Reymer o'zi bilan nima yuz berayotganin tushunmasdi. Shu bois ota-onalariga savollar bera boshladi…

Bu vaqtda Jon Mani shon-shuhrat daryosiga cho'mgandi. U bergan ma'lumotlar yoritilgan ko'plab ilmiy maqolalardan hamkasb olimlar hayratda qolishardi.

Brenda va Bryus har yili professor huzuriga yo'l olishi, u yerda tekshiruvlardan o'tishi shart edi. Har gal ota-ona ularni borishga ko'ndirishi qiyinlashib borardi. Bolalar professor Manining xonasida o'zlarini noqulay his etishardi. Keyinchalik Brayanning iqror bo'lishicha, agar ruhshunos «to'g'ri» javob ololmasa, ularni qo'rqitar, ba'zida bir-birlari bilan xuddi yaqin munosabatda bo'layotgandek harakatlar qilishga va behayo rasmlarni tomosha qilishga majburlar ekan.

Keyinchalik Manining aytishicha, u bularning barini Brenda ham, Bryusda ham gender tenglik dasturi doirasida qo'llagan.

Jon Mani o'z nazariyasini shu qadar kuchli himoya qilardiki, hech kim unga shubha bilan qaramasdi. Kichkina Reymerlar real hayotda yashashga majbur bo'lishdi. Brenda o'zida nimadir me'yoriy holatda emasligini bilar, Brayan esa ota-onasini «singlisi»dan qizg'anar, «Faqat uni yaxshi ko'rishadi», degan xayolda ulardan qattiq ranjib, boshqarib bo'lmaydigan o'smirga aylandi. Bolakay hatto bir marta do'konni o'marishga harakat qilib ko'rdi, natijada ota-onasi endi unga ham e'tibor qila boshlashdi. Bu ham yetmagandek, Brayanda shizofreniya alomatlari paydo bo'ldi.

Professor Mani Brendaga sun'iy vaginoplastika qilish vaqti yetganini qattiq turib talab qila boshladi. Qiz esa bunga javoban hech qanday jarrohlik amaliga rozi emasligini aytdi. Reymerlar, ilgari ham noxushlikni sezishgandi. Ular Brenda juda ko'p gormonal dori-darmonlar qabul qilganiga qaramay, o'zida erkaklik alomatlari borgan sayin kuchayib borayotganidan o'zini qo'yishga joy topa olmayotganini ko'rib turishardi.

Shunday kunlarning birida ota-ona va farzandlar o'rtasida jiddiy suhbat bo'lib o'tdi. Bolalarga bor haqiqatni aytishdi. Chunki boshqa iloj qolmagandi.

Brenda bilan uzoq suhbatlashishdi. Ma'lum bo'lishicha, u kichkinaligida o'zini yomon tutganligi va quloqsiz bo'lgani uchun onasi uni urib shu ahvolga keltirib qo'ygan, deb hisoblar ekan… Bu gapdan Janet dahshatga tushdi.

Bryus va Brendaga ular kichkinaligida sodir bo'lgan o'sha baxtsiz hodisa haqida gapirib berishdi. O'smirlar avvaliga gap nima haqida ekaniga tushunishmadi. Tushunmaslik ishonchsizlikka aylandi. Ishonchsizlik esa qahrga. Keyin bir muddat ruhan tushkunlikka tushib qolishdi. Brenda butun tun davomida faqat bitta savol berdi: «Mening ismim nima edi?»

Shifokor Mani qabuliga borish to'xtatildi. Nihoyat, Milton Daymondning gaplarini eshitishdi. Bryus yana o'g'il bola bo'lishga qaror qildi. Ammo birinchi galda ismini o'zgartirishi kerak edi. Endi uni hamma pahlavon Goliafni yenggan afsonaviy qahramon sharafiga David deb atay boshladi.

David Reymer juda ko'p miqdorda esterogen iste'mol qilish hisobiga o'sgan sut bezini olib tashlash bilan bog'liq og'riqli jarrohlik amalini boshdan kechirdi. 21 yoshida u jinsiy a'zosini tiklash uchun operatsiya qildirdi.

Ma'lum bo'lishicha, hammasini o'z iziga solish mumkin ekan. Reymerlar oilasi xotirjam nafas oladigan vaqt keldi. Ilmiy xato to'g'rilandi, tabiat g'alaba qozondi.

Reymerlar atrofdagilarga Brenda to'satdan vafot etgani, ammo yaqinda David ismli qarindoshi bilan topishgani va uni asrab olishga qaror qilishganini aytishdi. Bu cho'pchakka juda kam odam ishondi. Brayan uylandi va Davidni xotinining dugonasi — uch bolali yolg'iz ona bilan tanishtirib qo'ydi. Davidni bu tashvishga solmasdi, u shu ayolning eriga aylandi. Bolalarga esa otalik qildi. Ammo og'riqli xotiralar Davidga tinchlik bermasdi.

…U shifokor Guo xonasiga kirdi va unga qurol o'qtalgancha o'zini nimalarga giriftor etganini, aybiga iqror bo'lishini so'radi. Guo qarshisida kim turganini darhol angladi. Ko'rinishidan o'tgan ushbu yillar davomida o'zi ham yo'l qo'ygan xatosi uchun vijdon azobidan qiynalganga o'xshardi. Jarroh yig'ladi. David hech narsa qila olmadi. Kasalxonadan chiqib, qurolni daryoga uloqtirdi.

Mazkur voqeadan so'ng David Reymer anonimlikdan voz kechib, boshqalar ham xuddi shu ahvolga tushib qolmasligi uchun o'zi bilan bog'liq g'amgin voqeani jamoatchilikka oshkor etishga qaror qildi. Yosh yigit televidenie va matbuotda chiqish qildi. Opri Uinfri shousiga taklif qilindi. Ammo eng asosiysi, David Jon Mani ko'ziga tik qarashni juda-juda istagandi. U hatto olimga uchrashishni taklif etib, xat yozdi. Ammo professor javob bermadi. Bundan tashqari, Mani to foniy dunyoga rixlat etguniga qadar bo'lib o'tgan voqeani biror marta izohlab bermadi.

Egizak aka-uka Reymerlar uchun bu hodisa izsiz o'tib ketmadi. Bolalikdagi jarohat balog'at yoshidan so'ng ham ularni ta'qib etishdan tolmadi. Jamoatchilik asosiy e'tiborini Bryus-Brenda-Davidga qaratsa-da, Brayan ham undan kam aziyat chekmadi.

Kutilmaganda singilning ukaga aylanishi, albatta, yigitchaning ruhiyatiga qattiq ta'sir ko'rsatdi. Katta bo'lganidan so'ng, ya'ni Brayanda shizofreniya alomatlari paydo bo'lganidan keyin uni xotini tashlab ketdi. Keyin ishdan bo'shatishdi va uzoq davom etgan depressiya 2002 yili suitsid bilan yakun topdi. Brayanning o'limi Davidni ruhiy larzaga soldi. U har kuni ukasining qabri oldiga kelar va uning o'limida o'zini aybdor his etardi.

David tez orada ukasining taqdiriga sherik bo'ladi. U o'z qobig'iga o'ralib, atrofdagilar uchun fe'l-atvori juda og'ir odamga aylanadi.

Ota-onasini kechira olmaydi, keyin uning xotini ham ketib qoladi, so'ngra moliyaviy inqiroz boshlanadi…

2004 yilning 4 may kuni 38 yoshli David Reymer supermarketga keladi va o'z joniga qasd qiladi.

Xulosa o'rnida aytish mumkinki, shifokorning birgina xatosi tufayli ikki kishining hayoti barbod bo'ldi. Qanchadan-qancha aziyat chekildi. Olim bo'lsa-da odam bo'la olmagan professorning kaltabinligi tufayli inson taqdiri bilan o'ynashildi. Ilohim, Reymerlar oilasi chekkan azob-uqubatlar hech kimning boshiga tushmasin. Ha, bu egizak Reymerlar hayotidagi dunyoni uyatga qoldirgan dahshatli hodisa edi.

Internet materiallari

asosida BARNO tayyorladi.

(«7 Mo''jiza» xazinasidan)

loading...