Ayollar liboslari do'konida xotinini mulzam qilgan erkak haqida o'ylar

0

Ayollar liboslari bilan savdo qiluvchi butik-magazinga borgandik. Xaridorlar borligi uchun chetroqda kutib turgan vaqtimda bir erkak ayoli va qiziga libos xarid qilayotgan ekan.

To'g'rirog'i, liboslarniyam, sharfniyam erkak tanlayapti.

Kassada do'kon boshlig'i bo'lgan ayol va to'rt nafar sotuvchi qizlar bor. Shuncha ayollarning ichida ayoliga qarata shunday dedi:

– Tuzukroq sharp-parp ol, qachon qarasa, oshxonada yotadi narsalaring. Ko'ylakni kiy-chi, ko'ray, sal o'zini eplab kiyadiganidan ol…

Yana ko'p narsa dedi, ammo qulog'imga kirmadi. Shunchalik nafratlandimki… Begona ayollar oldida o'z juftini shunchalik yerga urishi kerakmi?

Erkak go'yo o'zining mardligini ko'rsatayotgandek hisoblayotgan bu ko'rinish ayolning baxtsizligidir. O'n yosh atrofidagi beg'ubor qizchasiga ham tanbeh beryapti…

Ichkariga kirganda, do'kon egasiga: “Juda yomon bo'lib ketdim, shu yerda tarbiyalaydimi, befarosat”, – desam: “Opa, bu holvasi, ba'zi erkaklar kelib, xotiniga ishora qilib: “Shuni odamga o'xshatib kiyintirib beringlar, zora tuzukroq ko'rinsa, basharasini qarang», – kabi gaplarni aytishadi”, – deydi.

“Alloh ba'zilarini ba'zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflagani uchun erkaklar ayollarga rahbardirlar… (Niso surasi. 34-oyat)

Va erkaklar uchun ayollardan ustunlik berilgan “Boshqarishlik, himoya qilishlik va molini ayoliga sarflashlik yuzasidan” (Baqara surasi. 228-oyat)

Boshliq degani esa xushxulq bo'lmaydimi?

“Mo'minlarning eng imoni mukammali go'zal xulqlisidir. Sizlarning eng yaxshingiz ahli ayoliga yaxshi munosabatda bo'ladiganingizdir” (Imom Termiziy rivoyati).

“Ayollar xususida Allohdan qo'rqingiz. Zero, siz ularni Allohdan omonat o'laroq olgansiz” (Imom muslim rivoyati).

Aslida bunaqa mayda narsalar ijtimoiy tarmoq darajasida yozilishi o'rinsizdir, ammo hech bo'lmasa, bu gaplar kimgadir ozgina ibrat bo'lar degan ma'noda yozdim, zero, xushxulqlik iymondandir!

Madina Mo'minova

(«Facebook»dagi sahifasidan)

loading...