Komil Allamjonov: “Bugungi kunda OAV va blogerlarning «ovozini o'chirishga» urinish hech qanday natija bermaydi”

0

Komil Allamjonov blogerlarning “Telegram” tarmog'idagi akkauntlarini buzishga urinishlar bo'lgani haqida “Facebook” sahifasida shunday yozdi:

“Yaqinda bir necha blogerlarning “Telegram” tarmog'idagi akkauntini buzishga urinishlar bo'lgani haqida yozishdi. Buni kim, nima maqsadda qilgani hozircha aniq emas, lekin buni bevosita OAV va blogerlarga, so'z erkinligiga tahdid sifatida baholash mumkin. Bugungi kunda OAV va blogerlarning «ovozini o'chirishga» urinish hech qanday natija bermasligini tushunish vaqti keldi.

Chunki hozirgi texnologiyalar asrida informatsiyani sun'iy yo'l bilan to'sishning imkoni yo'q. Bu yo'l bilan faqatgina boshqalarga, aniqroq aytganda, xorijdagi bizga do'st bo'lmagan OAVlarga yo'l ochib bergan va ularni qo'llab-quvvatlagan bo'lib qolamiz. O'zimizda informatsion tanqislik yuzaga keladigan bo'lsa, ilojsiz auditoriya aynan xorij manbalaridagi ma'lumot bilan ishlashni boshlaydi. Bu esa vaziyatni faqatgina yomonlashtiradi.

Eng ma'qul yo'l esa, jamiyatga ko'zgu tutib turgan OAV va blogerlar ko'tarib chiqayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish orqali vaziyatni yo'lga solishdir. Bunda jurnalist va blogerlarni dushman bilmasdan, ularni do'stdek qabul qilishga ko'nikishimiz kerak. Do'stlarning “Telegram” akkauntlari esa «vzlom» qilinmaydi.

loading...