MIB: Sobiq xodimlarning roziligisiz yoki ulardan majburiy tarzda tilxat olinmaydi! 

0

Yaxshi bilasiz, Majburiy ijro byurosi tashkil etilganidan buyon jamoatchilik fikrini, bu idoraning ish faoliyatini va unga kelayotgan tanqidiy fikrlarni saytimizda ko'p bora yoritganmiz.

Xabaringiz bor, keyingi vaqtlarda, bu idoraning ko'p yillardan buyon “bosh og'riq” bo'lib kelayotgan kommunal yo'nalishidagi vazifalari boshqa muassasalarga o'tkazildi.

To'g'ri, MIB sohani tartibga solish uchun ancha ter to'kdi, ko'plab norozi bo'lgan fuqaroolar-u, qarshilikka uchragan xodimlari haqida ham ko'plab xabarlar tarqaldi. Ammo bugun boshqa holat haqida fikr yuritmoqchimiz.

Bilasiz, prezident qarori bilan MIBning kommunal sohadagi vazifalari boshqa idoraga o'tgach, o'z-o'zidan bu sohaga mas'ul xodimlarning qisqartirilishiga olib keldi. Natijada ijtimoiy tarmoqlarda MIB sobiq xodimlarning “isyoni” haqidagi xabar va e'tirozlar tez-tez quloqqa chalinmoqda.

Mana bugun ham, ijtimoiy tarmoqlar orqali “Ishdan bo'shagan xodimlar 100 foiz ish bilan ta'minlanadi deyilgan edi…” degan mazmunda xabar tarqaldi.

Xabarda, Byuro direktori tomonidan selektorda ishdan bo'shagan xodimlarning barchasi ish bilan ta'minlanishi haqida aytganini, biroq hududiy boshqarmalarda kadrlar bo'limi xodimlardan  “ishga kirishga bosh tortdi” degan mazmunda tilxat olinayotganligi bayon etilgan.

Mazkur masala bo'yicha biz Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo'limi boshlig'i Farrux Toshpo'latov bilan bog'landik.

— Ma'lumki, joriy yilning 18 iyun kuni Davlatimiz rahbarining “Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF-6010-sonli Farmoni bilan Byuroning elektr energiyasi, tabiiy gaz va maishiy chiqindi sohasidagi to'lovlarning o'z vaqtida va to'liq undirilishi bo'yicha vazifalari boshqa idoralarga o'tishi munosabati bilan o'z-o'zidan Byuro organlaridagi sohaga mas'ul 7 mingdan ortiq xodimlarning shtat birliklari sonining qisqarishiga olib kelmoqda.

Dastlab, xodimlarga Mehnat kodeksining 102-moddasiga asosan ish beruvchi bilan o'rtalaridagi kelishuvga binoan yuqoridagi ogohlantirishni — muddatiga muvofiq keladigan pulli kompensatsiya bilan almashtirishlari mumkinligi hamda boshqa ish qidirish uchun haftada 1 kun shu vaqt uchun ish haqi saqlangan holda ishga chiqmaslik huquqlari haqida tushuntirishlar berildi.

Farmon talablaridan kelib chiqib, hududiy boshqarmalar tomonidan qisqartirilgan xodimlar ro'yxati shakllantirilib, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda “Qashqadaryo Hududgaz” MChJlarga taqdim qilindi, hozirda xodimlarni ta'minotchi korxonalar bilan hamkorlikda ish joylari bilan ta'minlash choralari ko'rilmoqda.

— Ayting-chi, sobiq xodimlarga sizlar taklif etayotgan ishlar ma'qul kelmagan holatlar ham kuzatilyaptimi?

— Shuni alohida qayd etish kerakki, ushbu taklif etilgan ish o'rinlarini rad etayotganlar ham yo'q emas.

Shunga qaramasdan, ta'minotchi korxonalar va boshqa idoralar bilan sobiq xodimlarni bo'sh o'rinlarga joylashtirish masalasi to'xtagani yo'q.

Hozirda, sobiq xodimlarning barchasiga kompensatsiya pullari to'lab berilgan, qolgan ish haqi va unga tenglashtirilgan kafolatli to'lovlari to'lab berilishi ta'minlanadi.

Shuni yana bir bor ta'kidlab o'tamanki, bu kabi masalalar bo'yicha murojaatlarga ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam ravishda tushuntirish berib kelinmoqda.

— Balki, sobiq xodimlarga yangi ish o'rinlari haqida tushuntirish berish ishlari yaxshi tashkil etilmagandir...

— Bilasizmi, yuqoridagi kabi tushunmovchiliklar bo'lmasligi uchun sobiq xodimlarning ish o'rinlariga joylashtirilishi, ish haqi va unga tenglashtirilgan mablag'lar haqida tushuntirish berish hamda muloqot olib borish yuzasidan har bir hududiy boshqarmalarda mas'ul xodimlardan iborat tarkibda ishchi guruhlar tashkil etildi.

Xabarda keltirib o'tilgan “ishga kirishga bosh tortdi…” degan mazmunda tilxatlar olinayotgani haqidagi vajlar esa mutlaqo yolg'on!

Bunga bir necha sabablarimiz bor, avvalo, Byuroning markaziy mahkamasida, sobiq xodimlarning murojaatlarini qabul qilish,  mehnat qonunchiligiga amal qilinishi, ish haqi va boshqa to'lovlarning to'lanishi masalalar bo'yicha Ishchi guruhimizning murojaat telefon raqamlarini ma'lum qilganmiz (71-207-11-23, 71-207-11-26, 71-207-11-98).

Haqiqatan ham, kun davomida kelib tushayotgan ko'plab murojaatlarga zudlik bilan javob qaytarish va amaliy yordam ko'rsatish bo'yicha ish olib borilmoqda. Biroq “xodimlardan majburiy tarzda tilxat olingani” to'g'risida hanuzgacha murojaat yoki shikoyatlar kelib tushmadi.

Agar bu tarzda murojaat kelganida, albatta, xizmat tekshiruvi orqali mas'ul xodimlarga qat'iy chora ko'rgan bo'lardik.

Hattoki anonim tarzda berilayotgan xabarlar bo'yicha Ijtimoiy tarmoqlarda muloqot olib borilmoqda va aksariyat hollarda, sobiq xodimlar yakuniy hisob-kitob masalasining hal etilishiga oid murojaatlar bo'yicha savollar berishmoqda, lekin “tilxat olinishi” yoki majburiy xarakterdagi biror-bir faktlarni ma'lum qilishmagan.

Byuro tizimida — kadrlar masalasi markaziy tartibda nazorat qilib boriladi, har qanday hujjat tekshiriladi. Tilxat olingan taqdirda ham, ushbu xodim bilan bog'lanib, hattoki ishdan bo'shash yoki tilxat olinish sababi maxsus tarmoq tomonidan tekshiriladi.

Maxsus tarmoq yo'l qo'yilayotgan qonun buzilish yoki nojo'ya xatti-harakat holatlarining oldini oladi va tegishli chora ko'radi.

Biz shuning uchun Ishchi guruh tarkibiga aynan ushbu tarmoq vakillarini qo'shganmiz.

Ma'lumot o'rnida, ushbu tarmoqning markaziy mahkamasining murojaat uchun telefon raqamini ma'lum qilsam. (71-207-11-96)

Byuro organlarida mehnat qonunchiligiga rioya etilishi doimiy ravishda nazorat qilib boriladi va har qanday qonunbuzilish holatlariga murosasiz munosabatda bo'lamiz, shu bilan birga fuqarolarimiz, qolaversa, sobiq xodimlarimizning murojaatlari albatta, o'z yechimini topishini ta'kidlab o'taman.

loading...