Evropa: ma'ishat va ozodalik

0

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Cherkovning aybi bilan Yevropa xalqlarning ma'ishat va ozodalik borasidagi vaziyatlari achinarli holga tushib qolgan edi. Bu borada yozilgan aytilgan gap-so'zlar, keltirilgan dalil-hujjatlar nafaqat yevropaning, balki butun insoniyatning shaniga or va nomusdir. Biz ushbu sarlavha ostida yozishni niyat qilgan ma'lumotlarni jamlashda musulmonlar faqat umumiy gaplar bilan chegaralanganini ko'rdik. Ammo yevropaliklar bu mavzuda ayovsiz gaplarni tafsilotlari bilan yozganlar. Hatto yevropaning ko'zga ko'ringan dohiylardan biri bo'lmish Volter «Bu davrning tarixini undan nafratlanish uchun bilish kerak» degan ekan.

Biz baribir tafsilotlarga o'ta olmadik. Tasavvur hosil qilishga yetarli ma'lumotlar bilan chegaralanishga qaror qildik. Istaganlar internetga kirib, «Evropa – o'rta asrlar» ma'nosidagi jumlani yozib qidirsalar to'lib toshgan ma'lumotlar guvohi bo'ladilar. Endi o'sha ma'lumotlardan biz tanlaganlarini «eng yuvoshlarini» e'tiboringizga havola qilishga ijozat bergaysiz.

Tarixchi Dreper o'zining «Din va fan munosabatlarining tarixi» nomli kitobida o'rta asrlardagi Ovrupo aholisining yashash sharoitlari manzarasini juda yorqin vasf qiladi. Ushbu manzaraning asosiy ko'rinishlari bundaydir:

«Past tekisliklar va daryolarning atroflari botqoqliklardan iborat bo'lib, bu manzara ba'zan yuzlab millarga cho'zilib ketgandiki, ular o'zlaridan bezgaklarga sabab bo'luvchi zaharli miazmalarni havoga tarqatib turar edi. Parij va Londondagi uylar yog'ochdan bo'lib, ularga loy surkab qo'yilar, tomlari esa somon yoki qamish bilan yopilgan bo'lardi. Bunday uylarda deraza umuman bo'lmas, va taxta tilish uskunalari paydo bo'lguncha juda ozgina uylardagina taxta pol bo'lar edi. U paytlarda pechkalarning dudburon mo'rilari bo'lmas edi. Yog'ingarchilik paytida bunday maskanlarda deyarli panoh topib bo'lmas edi. Oqava suv uchun yo'l qilinmas va hech kim qayg'urmas, chirib qolayotgan qoldiqlar va axlatlar shundoqqina eshik ortiga tashlanar edi.

Kishilarning taomi no'xat va daraxt po'stlog'i kabi dag'al yemishdan iborat edi. Ba'zi joylardagi aholi non nimaligini bilishmas edi».

Bu borada mulohaza bildirib, davomida mazkur tarixchi shunday deydi: «Shunday holat bo'lgandan keyin, milodiy 1030 yildagi ochlikda odam go'shti qovurilib yeyilishi va sotilishi, yoki milodiy 1258 yilda bo'lgan Londondagi ocharchilikda 15 ming kishi ochlikdan halok bo'lishiga ajablanish kerakmi?»

Ozodalik mutlaqo yot holat edi. Misol uchun, Kenterberr arxiepiskopi kabi yuqori martabali zodagonlar tanasi ustida qurt-qumursqalar g'ij-g'ij qaynab yotardi.

Fransiya qirollari qasri bo'lmish Luvrda bitta ham hojatxona bo'lmagan. Hatto quyida vasfi kelgan teshikli va somonli minorachalar ham. Kishilar shundoqqina hovlida, zinalarda, balkonlarda qazoi hojat qilishar edi. Bunday ehtiyoj paydo bo'lganda mehmonlar, saroy a'yonlari va qirollar ochiq derazaning keng toqiga o'tirib qazoi hojat qilishar, yoki ular uchun «tungi vaza» deb atalmish idishlarni keltirib, ularga qazoi hojat qilishar va ulardagi axlatni ham shundoq qasrning orqa eshigi oldiga to'kib qo'ya qolishar edi.

Ushbu holat Versalda ham kuzatilgan. Misol uchun, Lyudovik XIV davridagi kundalik turmush tafsilotlari gersog de Sen Simonning xotiranomalari tufayli ko'pchilikka ma'lumdir. Versal qasrining saroy ayollari shundoqqina suhbat chog'ida (ba'zan esa kapelladagi yoki katta cherkovdagi messa deyiluvchi qo'shiq ijrosi davomida) o'rinlaridan turib, shundoqqina bir burchakda tortinmasdan kichik (va uncha kichik bo'lmagan) hojatlarini chiqarar edilar.

Versaldagi hozirgi gidlar sayyohlarga aytib berishni xush ko'radigan bir voqea juda ham mashhur. Bir kun qirol oldiga Ispaniya elchisi keladi va podshoning xobxonasiga kira turib (bu ish ertalab bo'lgan), noqulay bir ahvolga tushib qoladi — podshodan taralayotgan «ambar» hididan elchining ko'zlari yoshlanib ketadi. Elchi iltifot ila uchrashuvni boqqa ko'chirishni iltimos qiladi va shu ondayoq podsho xobxonasidan qaynoq suvda kuyib qolgandek otilib chiqadi. Ammo toza havodan bog'da to'yib nafas olishni umid qilgan omadsiz elchi ushbu boqqa chiqqach, anqib turgan qo'lansa hiddan hushidan ketib qoladi. Gap shundaki bog'dagi butalar panasi barcha saroy a'yonlari uchun doimiy hojatxona vazifasini bajarar, xizmatkorlar esa u yerlarga najaslarni ham to'kishar edi.

Qadimgi Rim va Yunon dunyosida shaxsiy poklik va ozodalik ishlarini asosiy ko'ngilochar amallardan biri darajasiga ko'targan edi. Bu borada ulardagi issiq hammomlarni eslash kifoya. Nasorolikning to'liq kirib kelishigacha Rimda mingdan ortiq hammomlar faoliyat ko'rsatardi. Nasorolar hokimiyat boshiga kelishgach, birinchi qilgan ishlari bu hammomlarni yoptirish bo'ldi.

«Aguas!» Meksikada bu ogohlantiruvchi xitob «Ehtiyot bo'ling!» (suv) ma'nosini anglatadi, chunki avallari Ispaniyada tungi hojat tuvagini deraza orqali pastga to'kishdan oldin shuni aytib qichqirilardi.

«Olam va odam, din va ilm» kitobi asosida tayyorlandi

islom.uz

loading...