“Xudo meni oqpadar farzand bilan jazoladi… Qariganda it azobida umr kechiryapman…”

0
Portrait of elderly senior men

Bu haqda yozish har bir ota-ona uchun juda og'ir bo'lsa kerak….

Ichimdan chiqqan chayonimning zahriga chidab yashash men uchun kundan-kun qiyin bo'lyapti. Ha, mening o'g'lim ana shunaqa. Ota-onasiga azob beradigan farzandlardan biri bo'lib ulg'aydi. Aslida, bolani erkalatib o'stirmaslik kerak ekan. Afsus, men bolalarimni, ayniqsa, katta o'g'limni haddan tashqari erkalatib yuboribman. Bu xatomni endi-endi anglab yetayotgandekman. O'g'lim tug'ilganda shunaqa xursand bo'lgan edimki, hatto qattiq quvonganimdan to'y qilib berganman. Umrim bo'yi turli tashkilotlarda rahbar lavozimlarda ishlaganman, topish-tutishim yaxshi edi. Shu bois ro'zg'orim har doim to'kin-sochin va bolalarimning ham hech narsadan kami bo'lmagan.

O'sha paytlari qanaqa kiyim yoki velosiped urfga kirsa, katta o'g'lim tengdoshlaridan eng birinchi bo'lib shu narsalarga ega bo'lardi. Xullas, farzandlarim baxtli bolalikni boshidan kechirishgan, desam, xato bo'lmaydi. Ammo ularga mehr berib, qancha erkalatib o'stirgan bo'lsak, kampirim ikkalamiz qariganda shuncha jabr ko'rdik. Katta o'g'lim dangasa, ishga bo'yni yor bermaydigan yigit bo'lib ulg'aydi. Topganiga ichadigan odat chiqardi. Uni bu yo'ldan qaytarish uchun nimalar qilmadik, deysiz, ammo hech biri naf bermadi. Uylanib, bola-chaqali bo'lgach ham, tayinli bir ishning boshini tutmas, xotini va farzandlari uchun qayg'urmasdi.

Shuning uchun ikkinchi o'g'limga «Akangning ahvoli bu, ikki dunyoda ham alohida uy qilib chiqolmaydi. Yaxshisi, sen uy-joy qilib ko'chib chiq. Har holda, sen harakatchan yigitsan. Akangga shu uyni vasiyat qilib qoldiramiz. Boshqa ilojim yo'q», dedim.

Kichik o'g'lim ortiqcha gap-so'zsiz uy-joy qilib, chiqib ketdi. Ammo menga tegishli bo'lgan hovli-joy o'ziga qolishini bilib, katta o'g'lim battar yomonlashdi. Endi unga na nasihat va na boshqacha gap-so'z ta'sir qilardi. Har kuni ichib kelib, janjal ko'tarar, agar onasi ikkimiz biror narsa degudek bo'lsak, bizga qo'l ko'tarishdan ham toymasdi. Uning janjallaridan bezor bo'lgan xotinim bir kuni qattiqroq gapirib yuborgandi, o'g'lim o'z onasini urib, qo'lini sindirdi.

Ayolim o'la-o'lguncha bolasidan norozi bo'lib ketdi. O'limi oldidan: «Men-ku, ketyapman, ammo endi sizga qiyin bo'ladi-da», deya mening rahmimni yerdi sho'rlik. Ayolimni bir yil oldin tuproqqa qo'ydik. Haqiqatan ham, u olamdan o'tgach, menga yanada qiyin bo'ldi. O'g'limdan bezor bo'lgan kelinim eriga jahl qilib, uyda ovqat ham pishirmas, bir piyola choy tutish u yoqda tursin, holing nima deb so'ramasdi ham.

Ammo kelinimdan xafa emasman. Chunki o'g'lim meni qadrlamaganidan, hurmat qilmaganidan keyin qanday qilib kelin qadrimga yetsin? Kelinimning niyati, qanday bo'lmasin, o'g'lim bilan ajrashish. Ammo nima bo'lganda ham, bolamning ro'zg'ori buzilishini istamayman. Shu bois yoshim saksonga yetgan bo'lsa-da, choyimni o'zim qaynataman, ust-boshimni ham o'zim yuvaman. Issiq ovqat yegim kelsa, ko'cha-ko'ydagi oshxonalardan birortasiga boraman. Bir kuni kasal bo'lib, isitmam chiqib ketdi. O'g'lim yoki kelinim eshikdan bosh suqarmikin, deya kun bo'yi termilib yotdim. Ammo holimdan xabar oladigan biror inson bo'lmadi. O'g'lim kechki payt ichib kelib, xotini bilan janjallashayotgan paytda uyga “Tez yordam” mashinasi keldi. O'g'lim shunda ham «Otamga nimadir bo'ldimi, nega uyimizga “Tez yordam” mashinasi keldi?» deya xavotir olmadi.

Kunim shu tarzda o'tib tursa-da, u meni sira tinch qo'ymaydi. Bir kuni qo'l telefonimni o'g'irlab olganligini bilib, qaytarib berishini so'ragandim, urib boshimni yordi. Xullas, qariganda mana shunday it azobida umr kechiryapman. Hech kimni Xudo oqpadar farzand bilan jazolamasin ekan. Chunki bu birovga aytib bo'lmaydigan g'am, tuzalmaydigan dard.

Xalqimiz bejizga dasturxon boshida «Oqil farzand ato et», – deya duo qilmas ekan. Nomaqbul farzand yurak dog'i, ko'ngil armoni, deb shuni aytsalar kerak-da!

Ha, azizlar, dunyoning ishlari shunday ekan. Bir unday, bir bunday. Kimdir ota-ona qadriga, yana kimdir komil farzand qadriga yetmas ekan!

Nastarin Karimova

loading...