Qo'shni ayolning ig'vosi

0

O'ng tarafiga yangi qo'shni ko'chib keldi-yu, bu ayolning tinchi buzildi. Erkak qo'shni tish do'xtiri, xotini esa uy bekasi ekan. Ayol qo'shni deyarli ko'chaga chiqmas, mehmondorchilik yoki qarindosh-urug'larinikiga borsa ham oilasi, bolalari bilan borib kelardi. Bir-ikki marta kunduzi «Bir g'iybatlashay», deb kirganida, uning Qur'on o'qiyotgani ustidan chiqdi. Ro'parasida bir muddat poylab o'tirdi.

— Uzr, qo'shni, band edim, biror kun bemalol choylasharmiz-a, — dedi qo'shnisi kitobdan bosh ko'tarib.

Ayolning achchig'i chiqdi. Oradan bir-ikki kun o'tkazib, bir nimani bahona qilib kirganida esa suhbatlari qovushmadi. Bir hamsoyasidan shikoyat qilib: «Men uni Xudoga soldim», deya gap boshlagan edi, qo'shni ayol: «Har bandaning hukmi Allohning qo'lida. Birovning aybu nuqsonini muhokama qilib o'tirish siz bilan bizning ishimiz emas, undan ko'ra bolalaringizga yaxshilik, oilangizga baraka so'rab duo qiling. Keng fe'l bo'ling», deya nasihat qildi. «Kechagina mahallamizga ko'chib kelib, bugun menga aql o'rgatyaptimi bu xotin?!» degan o'y ich-etini tirnab, uyiga qaytdi. O'zini bosishga harchand urinmasin, sira eplay olmadi. Ustiga-ustak, «Nega uning ro'zg'ori badastir, nimaga u boy-badavlat kishiga turmushga chiqqan-u, mening erimning ishi yurishmaydi?» degan xayollar, «Ha, hamma narsasi yetarli, boy-da, bu kambag'alga nima desam ham boshini egib o'tiradi, deb o'ylayapti, shekilli», degan o'ylar unga tinchlik bermasdi. To'rtinchi kuni «Bir adabini beray, sira esidan chiqmaydigan saboq bo'lsin, o'z-o'zidan bo'yni qisilib qoladi hali», deya reja tuza boshlagan ham ediki, darvozasi taqillab, qo'shni ayol kirib keldi.

— Assalomu alaykum, opa, yaxshi o'tiribsizlarmi? Qo'y so'ygandik, go'shtidan sizlarga ham ilindik, — dedi u qo'lidagi paketni uzatib.

Shaytoniy bir o'y uning ich-etini tirnab o'tdi: «Endi sadaqamga muhtoj deb o'ylayaptimi?»

— Kerakmas, bekorga ovora bo'libsiz!

— Nega unaqa deysiz? Ko'shni haqi bu, olmasangiz xafa bo'laman.

— Biz qo'y go'shti yemaymiz, — tilidan shu gap uchdi-yu, o'zi ham xursand bo'lib ketdi. — Ha, qo'y go'shti yemaymiz, o'zi shusiz ham qon bosimim oshib turadi. Boshqalarga bera qoling. Buni yeb tag'in «Tez yordam» chaqirib o'tirmaylik…

— Sizga atab olib chiquvdim, o'zingiz yemasangiz, boshqa birovga berarsiz, oling endi shuni, — deya qo'shni ayol qo'lidagi go'shtni ayvondagi muzlatkich ustiga qo'ymoqchi bo'ldi.

— Yo'-yo'-o'q, kerakmas dedim-ku, obketing buni, qo'ymang bu yerga! Bo'lmasa, hidi hamma yoqni tutib ketadi hozir!

U shosha-pisha paketni olib qo'shnining qo'liga tutqazdi. Ayol muztar bir ahvolda qaytib chiqib ketdi. «G'ururim o'lsin, olaversam bo'lmasmidi, bu yoqda erimning ishlari o'lda-jo'lda bo'lib yotibdi. Ro'zg'orimda tishga bosadigan bir bo'lak go'sht ham yo'q, aslida», degan o'yda oshxonasiga kirdi. Yarim kilo kartoshka, ikki dona piyoz, uch-to'rtta bujmaygan sabzidan boshqa hech narsa yo'q. «Ochimdan o'lsam ham bu xotinning qo'lidan narsa olib yemayman», deya yana o'zini-o'zi ovutdi. Piyozni jizillatib, ustidan kartoshkani tashlab apil-tapil qovurdi-da, suv quyib, bir siqim guruch bilan mastava qilib qo'ya qoldi. Shu mahal qo'shnining hovlisidan chiqqan qovurdoq isi dimog'iga urildi. Birdan yana jahli chiqib ketdi. «Qo'y so'ydim deb maqtanishini-chi, hali men ham senlar kabi boy bo'lib qolarman…»

Ertasi kuni mahalla oqsoqoli eshik qoqib keldi.

— Mahalladan yordam puli so'ragandingiz, uning ilojini qilolmadik, lekin oilangiz uchun bir homiy topdik. Faqat kimligini aytishimizni istamayapti, — oqsoqol shunday deya mashinasi yukxonasini ochdi: — Manavilarni tushirib oling. Mahalladan yordam…

Ayolning ro'zg'ori anchadan beri bunchalik but bo'lmagan edi. Qanday badavlat odam ekanki, sabzi-piyoziyu sovunidan tortib, yog'i, lahm go'shtu unigacha unutmabdi. Yana bozordagi eng sarxil meva-sabzavotlardan olganini aytmaysizmi?..

— Rais buva, mana shu arizani bir ko'rsangiz, — dedi u oqsoqolni kuzatayotib.

Turgan joyida arizaga ko'z yugurtirgan mahalla raisi unga taajjublanib qarardi:

— Esingiz joyidami? Bu qo'shningiz tish do'xtiri bo'lsa, mahallada hammaga yaxshilik qilsa…

Rais birdan jim bo'ldi-da, “E, hayf senga!” degandek qo'l siltadi.

— Boy boyga boqar bo'lmasin, oqsoqol, — dedi ayol. — Agar arizamni e'tiborga olmasangiz, yuqoriga yozaman, yuqoriga… O'z ko'zim bilan ko'rdim: xotini eskicha kitob o'qiydi, meniyam namoz o'qigin, deb da'vat qildi.

— Yomon yo'lga yur demabdi-ku…

— Ho-o-o, ertadan keyin ro'mol o'ra deydi, keyin birorta oqimga ro'para qilib qo'ysa, boshimni qaysi toshga uraman?..

Ko'zlari chaqchayib-chaqchayib gapirayotgan ayolning so'zlarini jimgina eshitgan rais boshini egib, og'ir xo'rsinganicha arizani papkasiga soldi. Uni kuzatgan ayol sergo'sht, seryog' palov, go'shtli somsa pishirdi-da, katta chinni kosaga oshdan bosib hamsoyasining eshigini taqillatdi.

— Bizniyam ro'zg'orimiz butun, qo'shni, mana yog'liqqina palov qildim, sizgayam ilindim, qo'shni haqi! — dedi biroz iddao aralash ohangda.

— Baraka toping, Alloh rozi bo'lsin sizdan. Ro'zg'oringizga baraka bersin.

Qo'shni ayol o'zgacha bir mamnunlik bilan uning qo'lidan kosani oldi. Alqay-alqay idishini bo'shatib, meva-chevalar bilan o'rnini to'ldirdi.

— Bolalarga olib chiqing, qo'shni, biram suyuntirdingiz meni…

«Tavba, uyida hamma narsasi yetarli bo'lsayam, ko'zi och ekanmi buning, bir kosa oshga shuncha suyunadimi odam?!» deb o'yladi ayol…

* * *

— Arizam nima bo'ldi, rais buva, bu qo'shnimning uyini hech kim tekshirmayapti-ku. Mahalla bedarvozami endi? Yoki sizniyam og'zingizni moylab qo'yishdimi bular?

— Baraka topgur, bundan yaxshi qo'shnini topolmaysiz, — dedi oqsoqol. — Kerakli joydan kelishdi, surishtirishdi. Bir yaxshi odamlar ekan. Bekorga tuhmat qilyapsiz qo'shningizga…

Ayolning oqsoqoldan hafsalasi pir bo'ldi. Arizasini ko'tarib tuman markaziga bordi. Viloyatga chiqdi… Bu orada qo'shnisining uyiga besh-olti marta po'rim kiyingan, papka ko'targan kishilar kelishdi. Qo'shni ayolni allaqaysi idoraga suhbatga chaqirishgani haqida mahallada shivir-shivirlar kuchaydi. Ikki marta «Tez yordam» mashinasida uni kasalxonaga olib ketishdi. Buni ko'rib: «Mana shunaqa bo'ladi qo'shnini mensimaslik, hali boyliging ham senlarga yordam berolmaydi», degan o'yda ayolning ko'ngli ko'tarilaverdi…

— Eshitdingizmi, tish do'xtirimiz ko'chib ketayotgan ekan, qo'shni ayol kasalxonadan to'g'ri yangi uyiga ketganmish, — degan gapni qo'shnilaridan eshitganida, ko'ngli yana bir gaz o'sdi.

— Ajab bo'pti, oliftagarchiligini boshqa joyga borib qilsin, o'zi bizning mahallamizga bop odamlar emasdi ular, allambalo eskichami… — dedi tirjayib.

Bu gapdan ko'ngli ko'tarilib, o'z-o'zicha xirgoyi qilib, yog'liqqina osh qilay degan o'yda oshxonasiga kirdi-yu, bir yarim yil ichida birinchi marta go'shti qolmaganini, ro'zg'orining barakasi uchganini ko'rdi. Bir kun poyladi, ikki kun poyladi, har oyda ikki marta xabar oladigan oqsoqolning qorasi ko'rinmadi. Oxiri «Rais buva homiyning menga ajratgan narsalarini o'zi uyiga olib ketgan bo'lmasin tag'in, chiqib bir po'stagini qoqib kelay», degan o'yda vajohat bilan mahalla idorasiga otlandi.

— Sizlarga homiylik qilayotgan odam yon qo'shningiz edi, — dedi oqsoqol. — Baraka topishsin, iymonli-insofli kishilar edi ular. Er-xotin: «Biz yaxshi yeb-ichib, qo'shnimiz yovg'on sho'rva bilan kun ko'rmasin, o'zimga ro'zg'or qilganimda ularga ham qo'shib olaman, faqat biz berayotganimizni aytmang, tag'in ko'ngli o'ksimasin», deb qattiq tayinlashgan edi. Siz esa ularga tinchlik bermadingiz. Qo'shnilar hamma yomonligingizni ko'rib-bilib turib ham sizga yaxshilik ilinaverishdi. G'iybat qilganingiz yetmagandek, tuhmat ham qildingiz. Unday qilmang, degan gapimizga sira quloq solmadingiz. Oxir-oqibat bechora qo'shnilaringiz mahalladan ko'chib qutulishdi… Hayot shunaqa, Alloh bizga kimni vosita qilib rizqu nasiba berayotganini unutib, ba'zida shunday noshukrlik qilamiz…

Ayol oqsoqol yana nimalar deganini eslolmaydi. U karaxt bir ahvolda edi.

Hamroxon MUSURMONOVA

loading...