Soxta zanjir yoxud hayotning achchiq qasosi!

0

Uzatilganiga bir hafta ham bo'lmagan qizim tongda yig'lab qo'ng'iroq qildi:

– Onajon! Oyijon (qaynonam) menga aytdilarki, go'yoki siz menga sovg'a qilgan zanjiringiz tilla emas, balki arzon taqinchoq (bijuteriya) emish. Siz menga «qimmatbaho sovg'a» deb uydan uzatilgan kunim taqib qo'ygan edingiz-ku. Nahot meni aldagansiz, onajon?

Gap nimada ekanini bilmay hayronu lol qoldim. So'ngra o'zimni qo'lga oldim-u, bo'ynimdagi zanjirni yechib, do'kondan xarajat qilib, o'g'limning qo'liga tutqazdim.

– Tez opangning uyiga borib, uning zanjirini yechib, menga olib kel. Buni taqib olsin.

Oriyat o'limdan kuchli. Ammo men o'zimga savol berishdan to'xtamas edim. Axir qizimga taqib yuborgan zanjirni tilla do'kondan olganman. Qadimgi 583 probali. Naq 30 gramm. Bir necha marta tekshirtirganman. Qanday qilib u soxta bijuteriya bo'ladi?

O'g'limni kelishini kuta boshladim.

Va nihoyat, keldi. Ne ko'z bilan ko'rayki, o'z qo'llarim bilan qizimning bo'yniga taqib qo'ygan zanjirim xuddi o'sha, ammo xaqiqatan soxtasi edi.

«Qanday? Bu ne hol? Zanjir qaerda qanday qilib soxtasiga alishib qoldi?»

Savollar quyilib kelaverar, ammo javob yo'q edi. Dardimni hech kimga aytolmas edim. Kimga, nima deb aytaman?

Oradan kunlar o'tdi. Qizimga asta qo'ng'iroq qilib gap oldim.

– Qizim, kelin bo'lib tushganingdan keyin zanjiringni bo'yningdan yechganmiding?

Bir oz o'ylanib turib:

– Ha, yechganman. Gohida kechasi tillalarimni yechib, shkatulkaga solib uxlayman. Tongda taqib olaman. Nega so'rayapsiz? – dedi.

– Hech o'zim, – tez gapni boshqa mavzuga burdim.

Ko'nglimga shubha-gumon oraladi. Nahot kuyovim tuban ishga qo'l ursa?..

Yo'q, yo'q… Astag'firulloh! Kuyovim unday ish qilmaydi.

Lekin zanjir almashgan. Qanday? Qaerda?

…Oradan oylar, yillar o'tdi. Hamma narsa unut bo'ldi. Ammo saqlab qo'ygan soxta zanjirga qarasam, esga tushar va aytardim:

– Alloh ko'rguvchi va bilguvchi zotdir! Bu dunyoda oshkor qilmasa, qiyomatda ko'rsatadi kim nima qilganini.

Bolalarimni bir ko'z bilan (ham ota, ham ona bo'lib) halol mehnat bilan boqib, uyga harom kirgizmaganman. Hammasi Allohning hukmiga. O'zi Hakamdir!

Oradan yillar o'tib ketdi. Bir nechta nabirali bo'ldim. Qizim oilasi bilan baxtiyor. Bu orada bizning qarindoshlar ham ko'payishdi. Biroq eng kichik ovsinimning 12 yoshli qizini ehtiyotsizlik oqibatida mashina turtib yubordi. Tez kasalxonaga olib ketilgan qizaloqqa qon quyish kerak bo'ldi. Albatta, qizaloqning dadasi (qaynim) qon topshirdi. Shifokorning so'zi barchani hayron qoldirdi:

– Qoningiz qizaloqqa tushmadi. Bola sizniki emas…

Kichik ovsinimiz:

– Qanday qilib? Nega? Bo'lishi mumkin emas. Yaxshilab tekshiringlar», -derdi, xolos…

– Vaqtni o'tkazmaylik. Onasidan qon olinglar, – dedi jarroh.

Barcha sukutda. Hamma o'z-o'ziga savol-javob qilardi.

Nima bo'lsa ham qizaloq sog'ayib ketsin. Ota boshini changallagancha yer chizib xayol surardi.

– Onaning qoni ham qizaloqqa to'g'ri kelmadi!

Jarrohning jahl bilan: “Bolani asrab olgan bo'lsalaring, nega avval boshidan aytmaysizlar, – degan so'zi oshib tushdi. – Bola sizlarniki emas-ku. Asrab olganmisizlar?”

Hamma hayron!

Oylar davomidagi tekshiruvlar natijasida qizaloq tug'ruqxonada almashib qolgani aniqlandi.

Eng ayanchlisi, qizimning sarposiga tayyorlab qo'yilgan tilla zanjirning nusxasini yasattirib kelib, haqiqiysi bilan almashtirganda, kichik ovsinim shu qizaloq bilan almashtirilgan chaqaloqqa homilador ekan.

Alloh o'ta kuchli va o'ta tadbirli zotdir! Allohga hiyla qilganlar o'zlari hiyla qurboniga aylanishi muqarrardir!

Kimnidir sotgan va kimgadir xiyonat qilgan inson – bir kun kelib, albatta, o'zi xiyonat qurboniga aylanadi.

Aldagan inson bir kun o'zi ham juda yomon aldanadi…

Faqat shoshilmang!

Qilmishlaringiz hayotingizning qaysidir burchagida o'zingizni poylab turadi.

Malika Salimovaning

“Facebook”dagi sahifasidan.

loading...