“Nega ular o'g'il tug'ishadi, men esa mudom qiz tug'averaman?.. Ulardan qanday kam joyim bor?..”

0

“To'rt nafar qizim bor, bir-biridan shirin, aqlli, zukko qizaloqlar onasiman. Ulardan nolishga haqim yo'q. Lekin tan olaman, hech bir qizim tug'ilganda xursand bo'lmaganman. “Yana qizmi, nega yana qiz tug'ildi?” deb ho'ngrab yig'laganlarim yodimda. O'g'il tug'ib, kerilib yotgan hamxonalarimga ham havas, ham hasad bilan qaraganlarim esimda. “Nega ular o'g'il tug'ishadi? Mening esa bu borada omadim chopmay, mudom qiz tug'averaman. Ulardan qanday kam joyim bor, nega Alloh menga nisbatan bunaqa nohaqlik qilaveradi?” deb o'ylardim.

Aslida, erim biron marta menga ortiqcha gap aytmagan, nega qiz tug'ding, deb ta'na ham qilmagan. Yeganimiz oldimizda, yemaganimiz ketimizda, biron nimaga zoriqtirmagan, qizlarimga yaxshi qarar, yaxshi kiyintirar, ularga mehr berardi. Hamma gap menda edi, qizlarimga qarab turib, faqat Xudoga nola qilardim: “Ey, Xudo, mengayam o'g'il ber, mayli, u biron nuqsoni bilan tug'ilsin, mayli, uning biron yeri kam bo'lsin, nogiron bo'lsayam mayli, faqat o'g'il bola bo'lsa, bas”, derdim. Hozir bu aytgan gaplarimdan nechog'lik pushaymonligimni bilsangiz edi. O'shanda bu gaplarning mohiyatini anglamagan bo'lsam kerak, shunchaki til uchida aytib qo'yganman, azbaroyi o'g'illi bo'lishni qattiq xohlaganimdan og'zimdan chiqayotgan so'zlarga e'tibor bermaganman, men qiz emas, o'g'illi bo'lishni juda istaganimdan shunday deganman. Lekin niyat qildingmi, uni butun qilish kerakligini o'ylamabman. Bu gapning amalga oshishi mumkinligiga ishonmabman.

O'z vaqtida ayollar ko'rigiga chiqdim, meni hisobga olishdi, bir qator tahlillar topshirdim. Shifokorim skrining markaziga jo'natganda, nimalarnidir bahona qilib, bormadim, u yerga nasha chekadiganlar, spirtli ichimliklar ichadiganlar boraversin, erim ham ichmasa, chekmasa, bizdan nogiron bola tug'ilarmidi, deb o'ylaganman. “Buyam qiz bo'lsa kerak, nima bo'lsa, bo'ldi, endi buyog'i peshonamdan, ko'rikdan ham o'tmayman, qiz bo'lsa, boshqa tug'mayman”, deb o'zimga o'zim va'da berdim. Lekin yuragimda yana umid uyg'ondi, Yaratgan nolalarimni eshitgan bo'lsa kerak, ko'z yoshlarimga rahm qilib, menga o'g'il ato etar, degan o'ydan yiroq emasdim.

Xullas, tezda to'qqiz oy ham o'tib, bola tug'iladigan vaqt keldi. “O'g'il” degan xitobni eshitishim bilan, o'zimda yo'q xursand bo'lib baqirib yubordim. Shunaqayam xursand bo'lganmanki, buni so'z bilan ifodalab bera olmayman. Necha yillik orzuim nihoyat ushaldi, men o'g'illi bo'ldim.

Chaqaloqni dabdaba bilan tug'ruqxonadan olib chiqdik, hamma baxtiyor, hamma xursand.

Bola ikki oylik bo'lguniga qadar hech bir o'zgarish sezganimiz yo'q. Uni ilk tekshiruvga olib chiqqanimda, shifokor o'z shubhalarini aytdi, tekshiruvga jo'natdi.

Eh, bolam tug'ma falaj bo'lib tug'ilgan ekan, uni ko'rsatmagan do'xtirlarimiz, olib bormagan tabib-u shifoxonalarimiz qolmadi, hamma tuzatamiz, qo'ldan kelgancha harakat qilamiz, deydi-yu, biron bir o'zgarish sezilmaydi. Shu tariqa o'g'limiz katta bo'la boshladi. U bilan birga tashvishlarimiz ortdi, yugur-yugurlarimiz ko'paydi.

Unga nogironlar aravachasini olib berib, uzzukun dam qizlarim, dam men parvarishlaymiz, chunki unga mudom e'tibor kerak…

O'g'illi bo'lishni orzu qilgandim, Alloh menga o'g'il berdi, lekin o'zim istagandek, kam-ko'sti, kemtigi bilan berdi. O'z niyatimga yarashasini oldim, endi dardimni kimgayam aytardim? Men o'z baxtsizligimni o'zim so'rab oldim”.

Yaratgan bizga farzand ato etadi, biroq uning jinsini siz yoki biz rejalashtirolmaymiz, hatto u sog'lom tug'iladimi-yo'qmi, buniyam bilish mushkul masala. Atrofga nazar tashlab, butkul soppa-sog' odamlar ham nogiron, biron joyi kemtik farzandlar ko'rishganining guvohi bo'lganmiz. Bunga balki qandaydir sabablarni ro'kach qilib ko'rsatish mumkindir (masalan, yaqin qarindoshlar orasidagi nikoh, tamaki chekish, spirtli ichimliklar ichish va boshqalar), biroq bu ayol misolida bularning hech birini ko'rsata olmayman. Shunchaki boshidan niyatni noto'g'ri qildi, butun so'rash o'rniga kemtik so'radi, Yaratgan ham so'raganini berdi, niyati amalga oshdi…

Niyatni yaxshi qilaylik.

Niginabonu Ahmedova

loading...