Vyetnam Facebook’ni hukumatga qarshi xabarlarga nisbatan senzurani kuchaytirmasa, bloklab qo'yish bilan qo'rqitdi

0

Vyetnam ma'murlari Facebook hukumat tomonidan o'tkazilayotgan bosimga bo'ysunib, mahalliy siyosiy kontentni ko'proq senzura qilishni boshlamasa, uni mamlakatda yopib qo'yish bilan tahdid qildi, deb yozadi TJournal. Reuters’ga bu haqda Facebook’ning yuqori mansabli xodimi ma'lum qilgan.

Aprelda kompaniya hukumatning «davlatga qarshi» xabarlar senzurasini ahamiyatli ravishda kuchaytirish haqidagi so'rovini bajargan. O'shanda hukumat Facebook’ning mamlakatda joylashgan serverlarini o'chirib qo'ygan, bu foydalanuvchilar uchun servis sifatini juda yomonlashtirgan. Avgustda Vyetnam yana murojaat qilib, tanqidiy gaplarga nisbatan cheklovlarni kuchaytirishni so'ragan.

Reuters agentligi hamsuhbatining aytishicha, kompaniya bunday qilishdan bosh tortgan, shunda muhokamaga hukumat tomonidan tahdidlar aralashgan. Masalan, Facebook’ni mamlakatda to'liq bloklash tilga olingan. Raqamlar bilan tanish bo'lgan ikki manba bergan ma'lumotlarga ko'ra, Vyetnam hozirda kompaniyaning dunyo bo'yicha asosiy bozorlaridan biri bo'lib, u yerda qariyb 1 milliard dollar miqdorida daromad oladi. Facebook Vyetnamda 60 millionga yaqin foydalanuvchiga ega.

Vyetnamda iqtisodiy islohotlar olib borilayotgani va ijtimoiy o'zgarishlarga nisbatan ochiqlik oshayotganiga qaramay, hukmron Kommunistik partiya OAV va ijtimoiy tarmoqlar ustidan qat'iy nazorat olib boradi. Reuters’ning so'roviga javoban, Vyetnam tashqi ishlar vazirligi Facebook mahalliy qonunlarga rioya qilishi hamda «Vyetnamning urf-an'analariga zid bo'lgan va davlat manfaatlarini cheklab qo'yadigan axborotni tarqatish»ni bas qilishi kerakligini bildirdi.

Huquq himoyachilari Facebook’ni hukumatga o'ta osonlik bilan yon bosishi tufayli anchadan buyon tanqid qilib keladi. «Bizning xizmatlarimizdan hamma foydalana olishi va odamlar o'z fikrini ifodalashda davom etishi uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz», — dedi kompaniya matbuot kotibi. Vyetnam hukumati ijtimoiy tarmoqning mahalliy muqobillarini ishga tushirishga harakat qilgan, ammo ular ommalashmagan. Facebook foydalanuvchilarning yoppasiga ijtimoiy tarmoqni tark etishi holati sezilmaganini ma'lum qildi.

2019 yilda Vyetnam dunyodagi eng shafqatsiz senzura amalda bo'lgan mamlakatlar reytingida yuqori o'nlikka kirgan edi.

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here