UROLOGIK KASALLIKLAR: Hozirda bolalarda buyrak-tosh kasalliklari ko'p uchrayotganining sabablari nimada?

0

Jumanazar BEKNAZAROV,
tibbiyot fanlari doktori, professor:

— Bolalarda uchrayotgan buyrak-tosh kasalliklari ming afsuski, so'nggi yillarda 3-4 barobar ko'paydi. Bunga asosiy sabab esa buyraklarda moddalar almashinuvi jarayonining buzilishidir. Ushbu holatga birinchi navbatda noto'g'ri ovqatlanish oqibatida duch kelinadi.

Odam organizmidagi ba'zi tuzlar nordon muhitda erisa, ba'zilari kislotali (ishqoriy) sharoitda parchalanadi. Agar bola har kuni bir xil ovqat iste'mol qilaversa, buyrakda muhit o'zgarmay qolaveradi. Ya'ni, kislotali muhitda eriydigan tuz va toshlar hadeb nordon muhit tushaversa, muqim qotib qoladi. Yoki aksincha, nordon sharoitda eriydigan toshlar ishqoriy muhitda eriy olmay, kattalashaveradi. Bola turli ovqatlar bilan oziqlantirib turilsa, uning buyrak tizimidagi muhit tez-tez o'zgarib, tuz va toshlar to'planishiga imkon qolmaydi.

— Bolalarning tomog'i og'rishi buyrakka qanday zarar keltirishi mumkin?

— Bolaning tomog'i og'riganda bodomcha bezda paydo bo'ladigan yiringlar qonga so'rilishi natijasida organizmda har xil antigen va antitelalar paydo bo'ladi. Ular buyrak koptokchalarida to'planib qolishi tufayli yallig'lanish yuzaga keladi. Bu tibbiyot tilida glomerulonefrit deyiladi.

Kasallikni davolash uchun ikki yil va undan ko'proq vaqt talab etiladi. Ba'zi hollarda dard bir umr inson sog'lig'iga ta'sir etadi. Buyrak transplantatsiyasi o'tkazilayotgan bemorlarning to'qson foizi bolaligida glomerulonefrit bilan xastalangani buning isbotidir. Demak, bolalarda uchraydigan tomoq og'rig'iga befarq bo'lish keyinchalik oila va hatto jamiyatga ham qimmatga tushishi mumkin.

Sog'liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi.

loading...