Turkiya eronlik olim o'ldirilganidan keyin mintaqada tinchlikni buzmaslikka chaqirdi

0

Turkiya tashqi ishlar vazirligi eronlik yadro fizik Muhsin Faxrizodaning o'ldirilishi tufayli mintaqadagi vaziyatni keskinlashtirmaslikni so'radi, deb yozadi «RBK». Eron yadro dasturi yaratuvchilaridan biri sifatida mashhur bo'lgan olim 27 noyabr kuni suiqasd oqibatida Tehrondagi kasalxonada vafot etgan edi. Turkiya TIVning munosabati idora saytida e'lon qilindi.

«Biz barcha tomonlarni oqilona va vazminlik bilan harakat qilib, mintaqada nizoni kuchaytirishga olib keluvchi ishlarga qo'l urmaslikka chaqiramiz», — deyiladi xabarda.

TIV qotillikni qoralab, marhumning oilasiga va Eron hukumatiga ta'ziya bildirdi.

Eronning Fars va Tasnim agentliklari ma'lum qilishicha, Tehronda suiqasd uyushtirilgan hududda kamida bir marta portlash ovozi eshitilgan, shundan keyin hujum qilgan shaxslar Faxrizodaning mashinasini o'qqa tutgan. Eron Mudofaa vazirligi olimning «xavfsizlik jamoasi va terrorchilar o'rtasidagi to'qnashuvlar chog'ida» og'ir yaralanganini ma'lum qilgan. Olim kasalxonaga yotqizilgan, ammo olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan.

Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif olimning halokatiga Isroil aloqador bo'lishi mumkinligini ma'lum qildi. Eron oliy yetakchisi maslahatchisi Husayn Dehqon qotillikda aybdorlarga qat'iy javob chorasi ko'rilishini aytdi.

Faxrizoda Eron yadro dasturining yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biri edi, 2018 yilda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu olimni Tehronning barcha yadro loyihasining rahbari ekanligini aytgan. OAVlar uni «Eronlik Oppengeymer» va «Eron bombasining otasi» deb atagan. Qayd etish joizki, Eronda yadro quroli hozircha yaratilmagan.

loading...