AKROFOBIYa — BALANDLIKDAN QO'RQISh KASALLIGI!

0

Insonning irratsional (mantiqqa to'g'ri kelmaydigan) xavfdan qo'rqishi uning ruhiyatida ham umumiy buzilishni yuzaga keltiradi. SSV Matbuot xizmatining akrofobiya — balandlikdan qo'rqish kasalligi va uni davolash usullari to'g'risidagi savollariga tibbiyot fanlari doktori, professor Ulug'bek Alimov javob berdi.

— Akrofobiya kasalligi haqida batafsilroq ma'lumot bersangiz ?

— Ayrimlar eng baland joylarda ham kiprik qoqmay turaveradi. Boshqalar esa buning aksi. Balandlikdan qo'rqish hissi deyarli barchada bor. Odatda, akrofobiyadan aziyat chekuvchilarda sarosimali qo'rquv kuzatiladi. Ular nafaqat juda baland tog'lardan, balki biroz balandlikka ko'tarilish, narvon yoki ishkomga chiqishdan ham qo'rqishadi. Ularga barcha tog' va tepaliklar bexosiyat va juda qo'rqinchli tuyuladi. Ayrim hollarda qo'rquvdan qotib, kuchli karaxtlanish paydo bo'ladi.

Dastlabki qo'rquv muayyan vaziyatlarda paydo bo'ladi va u miyaga o'rnashib qoladi. Masalan, bemor hamma yoqni ko'rish uchun tomga chiqadi va pastga qaragan zahoti qattiq qo'rqib ketadi, boshi aylanadi, qulab tushayotgandek xavfsiraydi. Fobiyalar paydo bo'lganda bemorning yuzi qizaradi yoki rangi o'chadi, og'zi quriydi, yuragi tez-tez uradi, arterial bosim oshib ketadi, ter bosadi, ko'z qorachiqlari kengayadi va hokazo.

— Akrofobiyaning qanday zararli tomonlari bor?

Bunday qo'rquvning zararli tomonlari bor, albatta. Xususan, nozik nerv tizimiga ega bo'lgan insonlar qo'rquv sabab o'zini tanqidiy baholashga moyilligi kuchli bo'lib qoladi. Ular o'zlarini boshqalar bilan taqqoslay boshlaydi va kichik muammolarni fojiaga mengzashadi. Shu asosda o'zini-o'zi boshqarish tizimi noto'g'ri ishlaydi. Bu, o'z navbatida, jismoniy zo'riqishga ham sabab bo'ladi. Jumladan, fikrlash qobiliyatining pala-partishligi, yurak-qon tomir tizimi va markaziy asab tizimining zo'riqishi oqibatida inson umrining qisqarishiga sabab bo'ladi.

Shuning uchun tepalikdan qo'rqadigan insonlarni yaqinlari, do'stlari qiynoq-qistov bilan baland joyga chiqishga majburlamasligi zarur. Aksincha, bunday insonlarni tepaliklardan uzoq saqlash, ular bemalol xarakatlana oladigan joylarda o'zlariga bo'lgan ishonchni mustahkamlash choralarini ko'rish kerak.

— Balandlikdan qo'rquvdan qanday xalos bo'lish mumkin?

— Muolaja esa uzoq vaqt davom etadi. Davolash jarayoniga bemorning oila a'zolari va yaqinlari ham jalb qilinishi mumkin. Bunda tepaliklarni zabt etishning g'alabali yo'llari tanlanishi kerak. Masalan, parashyut yoki «tarzanka» bilan o'tish, minoradan suvga sho'ng'ishda bemorga dalda va ko'mak berish lozim. Bu mashg'ulotlarni esa quyidagi bosqichlardan boshlash tavsiya etiladi:

Avvalo, past balandlikdagi platformani tanlab, chiqish kerak. Tepalikda esa inson bardoshi etadigan muddatda turishi va ma'lum muddat o'tib, yana tashrif buyurishi kerak. Shu tariqa birinchi cho'qqi zabt etilgach, asta-sekin balandroq marra sari odimlash mumkin bo'ladi. Tepalikda turgan vaqtda esa himoya to'siqlariga ishonch hosil qilish, bosh aylanganda qo'rquv yo'qolmaguncha bironta ob'yektga diqqat bilan qarab turish zarur. Agar bu urinishlar samara bermasa, psixoterapevtga murojaat qilish zarur.

Sog'liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi.

loading...