Nogironligi bo'lgan shaxslar — jamiyatning teng huquqli a'zolari

0

Mamlakatimizda har yili 3 dekabr — Xalqaro nogironlar kuni keng miqyosda nishonlanib kelinadi. Ushbu sanada O'zbekistonda istiqomat qilayotgan 730 ming nafarga yaqin nogironligi bor insonlar holidan xabar olinib, sovg'alar ulashiladi va ijtimoiy-iqtisodiy tomondan qo'llab-quvvatlanadi.

 

Ushbu sana Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992 yil 14 oktyabrdagi 47-sessiyasida hamda “O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida”gi qonunida bayram sifatida belgilab qo'yilgan. An'anaga muvofiq bu yil ham mamlakatimiz bo'ylab ushbu sana munosabati bilan turli xayriya aksiyalari va bayram tadbirlari o'tkazilmoqda. Ta'kidlash joizki, ularning barchasi ayni vaziyat “COVID-19” infeksiyasi tufayli o'rnatilgan karantin tartiblariga rioya qilingan holda tashkil etilmoqda.

 

Aslini olganda yurtimizda keksalar, ijtimoiy muhofazaga muhtoj va nogironligi bo'lgan shaxslarga nafaqat Xalqaro nogironlar kunida e'tibor ko'rsatiladi, balki, ular davlat va jamiyatimizning doimiy g'amxo'rligi ostida umrguzaronlik qiladi. Ayniqsa, keyingi yillarda ularga munosabat tubdan o'zgardi va ijtimoiy muhofazasi yanada mustahkamlandi.

 

Xususan, 2016 yilda ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo'lgan shaxslar va pensionerlarning reabilitatsiya texnik vositalari va protez-ortopediya buyumlari bilan ta'minlanishi 12,0 ming donani tashkil qilgan bo'lsa, 2018 yilda bu ko'rsatgich sal kam 39,0 mingtaga yetib, 3 martaga ko'paydi. 2019 yil davomida ham ushbu ijobiy dinamika saqlanib, qariyb 47,0 mingta reabilitatsiya texnik vositasi va protez-ortopediya buyumlarining muhtoj shaxslarga yetkazilishi ta'minlandi.

 

2016-2018 yillarda bepul tarzda sanatoriyalarda sog'lomlashtirilgan urush va mehnat faxriylari, pensionerlar va nogironligi bo'lgan shaxslarning soni 36,0 mingdan 40,0 mingtaga yetdi, 2019 yilda esa 43,0 ming nafardan ziyod imtiyozga ega fuqarolar bepul sog'lomlashtirildi.

 

— Joriy yilning oktyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyasi talablari va xalqaro standartlar asosida, “nogiron” so'zi o'rniga “nogironligi bo'lgan shaxs” atamasidan foydalanilanishni nazarda tutuvchi O'zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi Qonuni tasdiqlandi, u kelgusi yilning boshida kuchga kiradi, — deydi Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori Alisher INAKOV. — Bu ham imkoniyati cheklangan shaxslarga nisbatan munosabatning yanada yaxshilanayotganini ko'rsatadi.
2020 yilda belgilangan karantin tartiblari va cheklovlar doirasida keksalar va nogironligi bo'lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish davom ettirildi. Jumladan, nogironligi mavjud ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar 25,3 ming dona protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta'minlandi. Shuningdek, 12,8 ming nafar nogironligi bo'lgan shaxslarga reabilitatsiya va protezlash markazlarida tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya yordam choralari ko'rsatildi, 19,8 ming nafar urush va mehnat faxriylari, pensionerlar va nogironligi bo'lgan shaxslar bepul sanator sog'lomlashtirildi.

 

Albatta, bunday chora-tadbirlar xalqimiz orasidagi imkoniyati cheklangan insonlarning o'z hayotidan rozi holda, farovon turmush kechirishlariga zamin yaratmoqda. Ularga ko'rsatilayotgan mehr-muruvvat, ham moddiy, ham ma'naviy tomondan qo'llab-quvvatlashlar xalqimiz va davlatimizning naqadar bag'rikeng, insonparvar ekanligini yana bir bor isbotlamoqda.

Sog'liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi.

loading...