KO'Z MIKROXIRURGIYaSI: ChAQALOQLARDA RANGLARNI FARQLASh XUSUSIYaTI QAChONDAN RIVOJLANANA BOShLAYDI?

0

Oftalmologiyaning zamonaviy yo'nalishi hisoblangan ko'z mikroxirurgiyasi bo'yicha SSV Matubot xizmati savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan ko'z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Azamat Yusupov javob berdi (1-qism).

— Insonning ko'rish tizimi haqida tushuntirish bersangiz…

— Ko'z inson vujudidagi eng muhim sezgi organlaridan biridir. Biz atrofimizdagi olam haqidagi axborotning 70 foizini ko'z orqali olamiz. Ko'z muguz pardasi, qorachiq, gavhar, ko'z to'r pardasi, ko'rish asab tizimi, ko'z olmasi va uning yordamchi tuzilmalari bo'lgan mushaklar, qovoqlar, shilliq parda, ko'z yosh apparati, miya kabi muhim hayotiy a'zolarimiz bizga olamdan bahra olish imkonini beradi.

— Bolalarning ko'rish qobiliyati qanday shakllanadi?

— Bolalarning ko'zi o'ziga xos farqli jihatlarga ega. Misol uchun, yangi tug'ilgan chaqaloqning ko'z olmasi kattalarnikidan farqli ravishda sharsimon ko'rinishga ega bo'ladi. Oqsil pardasi yupqa, sklerada ko'plab elastik tolalar bo'ladi. Go'dak bir oylik bo'lganda predmetni kuzatish, ba'zida nigohni qadash refleksi rivojlanadi. 2-3 oylikka to'lganda ko'z oldiga biron narsani birdaniga yaqinlashtirsangiz, ko'zlarini yumib oladi. Bu xavfni sezish refleksi hosil bo'layotgani belgisidir. 6-8 oyligida esa bola oddiy geometrik shakllarni farqlaydi.

Rangni farqlash qobiliyati ham 2-3 oyligida rivojlanadi. U, eng avvalo, qizil rangni ajratadi. Ranglarni farqlash xususiyati 3-4 yoshigacha shakllanishi kerak. Agar bu jarayonda nuqsonlar bo'lsa, turli ko'z kasalliklaridan darak bo'lishi mumkin. Shu bois, tibbiy ko'rik orqali bolalarning ko'rish a'zolari rivojlanish bosqichlarini muntazam kuzatib borish lozim.

— Bolaning ko'zi tez-tez yoshlanishi biror kasallik belgisimi yoki asta-sekin o'tib ketadigan holatmi?

— Ko'z huda-behuda yoshlanmaydi. Ayniqsa, bolalarda bu muammo bo'lsa, tug'ma ko'z yoshi kanallarining yopilishi yoki torayib qolishi, shamollash alomati bo'lishi mumkin. Bunday vaziyatda vaqtni boy bermay, bolani okulist-shifokor ko'rigidan o'tkazish kerak.

Sog'liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi.

loading...