Moskva aholisi vaksina qabul qilish uchun ro'yxatdan o'tishni boshladi

0

2 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatda koronavirusga qarshi emlashni boshlashga buyruq bergandi. Unga ko'ra, Rossiyada aholi kelayotgan haftadan ixtiyoriy ravishda vaksina qabul qilishni boshlaydi.

4 dekabr kuni Moskvaning koronavirusni yuqtirib olish xavfi yuqori bo'lgan aholisi, xususan, tibbiyot sohasi vakillari emlanish uchun ro'yxatdan o'tishni boshladilar.

Rossiyalik olimlar tomonidan ishlab chiqilgan va dunyodagi ilk ro'yxatdan o'tkazilgan vaksina Sputnik V odamlarni koronavirusdan himoyalashda 92 foizli natija ko'rsatgan. Ushbu vaksina ikki marta emlash orqali odam organizmiga kiritiladi.

Moskva meri Sergey Sobyaninning shaxsiy veb-sahifasida ma'lum qilinishicha, koronavirus xavfi yuqori bo'lgan kasblarda ishlayotgan va 18 yoshdan 60 yoshgacha bo'lgan moskvaliklar onlayn ro'yxatdan o'tish xizmatidan foydalanishlari mumkin. Ushbu vaksinatsiya bepul amalga oshiriladi.

“Onlayn ro'yxatdan o'tish xizmati ish boshlaganidan uch soat o'tib 5000 dan ziyod odam ro'yxatdan o'tkazilib bo'lindi. Ular o'z hayotlarini xavf ostiga qo'yayotgan o'qituvchilar, shifokorlar va boshqa ijtimoiy soha xodimlaridir. Qolgan Moskva aholisi uchun bepul emlash keyinroq amalga oshiriladi» deyiladi veb-saytda.

Moskvaning jami qariyb 13 million aholisi bor.

Rossiyaning COVID-19 ga qarshi ikkinchi vaksinasi EpiVacCorona ning keng miqyosdagi sinovlari 30 noyabrda boshlangan.

tarjumon.uz

loading...